Asosiy mavzular
12 may 2020

Absattorning kundaligi-3. Musodara qilingan nos

Hayotilla damaschi bilan Madina temir reshyotkaning bu yog‘ida, Absattor esa naryog‘ida turardi. Chapani¸ kambag‘al bo‘sayam uncha-muncha odamga gap bermaydigan Absattorning yarim kunda ruhan sinib, cho‘kib qolganini ko‘rgan Madinaning ichi g‘ussaga to‘ldi. Ko‘ziga yosh keldi.

Mana, Absattor turibdi panjaraning ortida¸ agar unga yo‘l-yo‘l kiyim kiydirsangiz, nemis kontslagerida 10 yil yotgan juhudni o‘zi bo‘lardi-qolardi.

Nihoyat Absattorning tili kalimaga keldi:

– Nosing bormi, Hayotilla?

Hayotilla nos shishasini uzatmoqchi edi, Absattorning tepasida turgan bedapoya pogon:

“Mumkinbas. Nelzya. Byaxga apke”, deb Hayotillaning nos shishasidagi nosni o‘zining shishasiga ag‘dardi. Bir otimni tilining tagiga tashab, bo‘sh shishani Hayotillaga qaytarib berdi.

Boshqa payt bo‘lganida Absattor bu nagliy bedapoya pogonni urib o‘ldirib tashardi. Ammo hozir territoriya uniki. Sekin bo‘ynini qisib, ayanch bir tarzda jilmayib, “Mayli, nachalnik, nelzya bo‘lsa nelzyada”, deb g‘o‘ldiradi. It urishganda yengilgan itlar shunaqa ayanchli bo‘ladi.

Shu payt panjaraning narigi tomonida kimningdir baland bas ovozda qo‘shiq aytgani eshitildi:

“Men sizdan davo topdim, mehribon shifokorlar” .

Bedapoya pogon qo‘rqqanidan ko‘karib ketdi. Darrov besh yuz so‘mlik pulni voronka qilib, og‘zidagi nosni ichiga tupurib, g‘ijimlab otib yubordi. Keyin birdan qo‘lini kozerogga oborib chest berdi.

Panjaraning naryog‘ida nachalnik milisaning o‘zi qo‘shiq aytayotgan edi.

-E, Madina Ibragimovna. Najot farishtasi. Bormisiz, doktor. Shu kunlarda davleniyam ko‘tarilgan. Ë koronavirus bo‘lib qoldimmi va xa-xa-xa.

Boshliq hammani kuldiradigan askiya aytdim, deb kerilib atrofga qaradi. Atrofdagi milisa bollar dumalab kular, bitta leytenant bo‘lsa, «Yashang, xo‘jayin, tashang beshni!» deb boshliqqa qo‘lini uzatdi.

Boshliq uning qo‘lini olmadi. Birdan yuziga vahshiy tus berib:

“Bo‘ldi qilish! Hamma ish joyiga, shagom marsh. Maskang qani, seni buvingdi silay!«

Atrof suv quyganday jiim bo‘lib qoldi.

Boshliq endi jiddiyroq, ammo muloyim ohangda Madinaga qarab:

“Singlim, xonamga kiring, davleniyamni o‘lchab qo‘ying”, dedi. Madina boshliqqa qarab nozli jilmaydi.

Baland poshna tuflisi bois, tashqariga irg‘ib chiqqan dumbalarini to‘rva ichidagi ikkita handalak kabi o‘ynatgan Madina boshliqning ortidan sallonib chiqib ketdi.

Absattor va Hayotilla baqrayib turishardi. Birinchi bo‘lib Hayotilla o‘ziga keldi. Ko‘zini qisib, oltin tishini ko‘rsatib jilmayib, “Madina sening ishingni hal qilishga ketdi”,  deb shipshidi.

Absattorning ichida bir-biriga zid his tuyg‘ular tug‘yon urardi. Bir tarafdan, Madinaning milisa nachalnikning davleniyasini o‘lchagani uning bu yerdagi polojeniyasini yaxshilaganini tushunardi.

Ikkinchi tarafdan, ichini rashkka o‘xshash his kemira boshlagandi.

«Jamiyatda kichkina odam bo‘lishning yaxshi joyi yo‘q. Nosingni olib chekishadi. Telkangni qo‘lingdan olib ezg‘ilashadi. Pomsh piraduxta ham senga kelganda tugab qoladi. Uyga keb serial ko‘rmoqchi bo‘sang, svet o‘chadi. Daje xotining ham seni nazar-pisand qilmaydi. Ko‘chadan tuzukroq mashina o‘tsa, bollaring havas bilan termulib, senda shunday mashina bo‘lmagani uchun jerkib qo‘yishadi. Bola degan otasi kambag‘al qashshoq bo‘sayam hurmat qilishi kerak. Tarbiya nol. Anavi kuni bollardi gapiga quloq solsam, nuqul boy odamlar haqida gaplashib o‘tirishibdi. Ey, buvingdi silaylar. Boylik muhim emas. Manetda insop bo‘lishi kerak. (Absattor qo‘li bilan ko‘kragiga urmoqchi edi, ammo qo‘lidagi kishanni ko‘rib, yana bo‘ynini qisdi). Odam ma'naviy boy bo‘lsin.  Inson bo‘lsin. Exx, hech kim shuni tushunmaydi, itvachchalar!» deya Absattor battar tushkunlikka tushdi.

Nachalnik dag‘dag‘asi

Bedapoya pogon dalshe nima qilishini bilmay qotgan. Kutish holati. Yarim soatcha o‘tadi. Bir payt oldinda nachalnik milisa, ortida esa Madina uzun-qisqa bo‘lib chiqib kelishdi. Nachalnik milisa qornining tagiga tushib ketgan shimini ko‘tarib, pistolet koburasini to‘g‘illab qo‘yadi. Bir qo‘lida popka. Madina to‘zg‘igan sochlarini yo‘l-yo‘lakay tartibga solib kelar edi. Lab bo‘yog‘i ham o‘chib ketibdi Madinaning. Nachalnik milisaning afzoi tushuniksiz edi. Xuddi chala bulutli osmonga o‘xshardi. Ëmg‘ir yog‘adimi, quyosh chiqadimi, bilib bo‘lmaydi.

Nachalnik milisa qo‘lidagi popkani ochib, «Boymirzaev kim u?» deb baqirdi.

Bedapoya pogon Absattorning yelkasidan g‘ijimlab oldinga itarib, «mashi», dedi.  Nachalnik «Chiqar byaxga», dedi hukmfarmon ovoz bilan.

Bedapoya pogon qo‘lidagi kalit bilan panjarani ochib, Absattorni chiqardi. Ag‘ini Absattorni o‘zidan eshitamiz.

«Orqamdan mushuk bola kabi changallagan bedapoya pogon meni tashqariga chiqardi. Yelkamni qisib, sekin ilgari jildim. “Stoyat”, dedi nachalnik. Men nachalnikka sekin qarab, qo‘rqib ketdim. U mening delomni o‘qir edi. Keyin birdan koburasidan Makarov pistoletini chiqarib, peshanamga tiradi. “Menga qara, iplaas. Hozir respublikada favqulloda holat e'lon qilingan. Lyuboy minutda senlarni otib tashash polnomochiyasi bor menda. Sen o‘zi kimsan, it. Nega vlastga qarshilik qilding. Nega soldatga qo‘l ko‘tarding. Buyam yetmaganday, oilang, bolang bo‘lib turib shu og‘ir kunlarda koronavirusga qarshi fidokorona  kurashayotgan tibbiyot xodimiga tegajog‘lik qilgansan. Bu gapni aytayotib, Madinaga bir qarab qo‘ydi. Ma'naviy buzuq odamsan. Qashshoqmisan, haddingni bil, qanjiq, deb qornimga bir musht tushirdi. Og‘riqdan a'zoi badanim qaqshadi. Ichim to‘kilib ketganday bo‘ldi. Mushti qattiq¸ zarb ham shiddatli edi. Rosa trenirovka qilsa kerak grushani mushtlab.  Bir pas jim qoldik. Nachalnik qo‘lidagi popkani keskin yopdi-da, leytenantga berdi. “Madina Ibragimovna, bering anavi qog‘ozni. Imzo chekdingizmi”, dedi nachalnik. Madina bir varaq qog‘ozni nachalnikka uzatdi. Nachalnik ilonday sovuq ko‘zlari bilan qog‘ozga ko‘z yugurtirib, leytenantga uzatdi. Leytanent qog‘ozni avaylab popkani ichiga tiqib qo‘ydi.

Menga afishani chaynamoqchi bo‘lgan echkiday ijirg‘anib qaragan nachalnik  cho‘ntagidan sigaret olib tutatdi. Palmal sigaret. Ëqimli hidi burnimga kirib xumorimni kuchaytirdi».

Amnistiya

Nachalnik milisa temirday qo‘llari bilan Absattorning bo‘ynidan ushadi va «och og‘zingni», dedi. Absattor og‘zini ochgan edi, nachalnik o‘zi chekayotgan sigaretni Abdattorning og‘ziga sop qo‘ydi. «Ma, bir- ikki tort».

Absattor palmal sigaretni yutoqib tortdi. Ichida huzur-halovat his qila boshladi.

Nachalnik esa otashin nutqini davom ettirdi:

«Bilasanmi, hozir avvalgi zamon emas. Yangi rahbarimiz rahmdil. Qotil¸ seriyniy ubiytsa¸ pedofil va o‘g‘rilarni qamoqda ushab o‘tirmay, amnistiyaga tushirib chiqarvoryapmiz. Milliard dollar o‘marganni ham kechirib, jazoni uslovniyga almashtirdik. Mana,  Turkiyadayam 90 ming zekni uyiga qo‘yvorishibdi. Gumanizm deydi buni. Xudoga shukr qil. Ëki Madina Ibragimovnaga rahmat de. Koronavirus paytida doktorlarning aytganini hatto prezident bajaradi. Madina Ibragimova seni kafillikka olib tilxat yozib berdi».

Shundan keyin nachalnik Absattorning og‘zidagi sigaretni olib,  bedapoya pogonning og‘ziga tiqdi va «Yech kishanni», dedi.

Bedapoya pogon sigaretni qattiq tortib, tutunni burnidan pag‘a-pag‘a chiqardi-da, kalitni olib,  kishanni yecha boshladi.

Mana, kishan yechildi. Absattor uvishib qolgan qo‘llarini uqaladi. Shu paytgacha qo‘rqib turgan Hayotilla ham jonlanib, Absattor tarafga qadam tashladi. Nachalnik bo‘lsa belkurakday katta  qo‘lini Absattor oldida paxsa qilib gapirardi:

«Kishan yechilganni esla. Kishan taqilganni emas. Mening mushtim emas, mehrim yodingda qolsin. Madina Ibragimovnaga rahmat deyishni unutma. Shu hamshira kafillikka olmasa, seni umring qamoqda chirirdi. Hey damaschi, byaxga kel. Sening oshnang 15 sutkani uyida o‘tirib o‘tkazadi, tushundingmi. Mas'uliyat sening bo‘yningda. Bo‘ldi, ketish. Ruxsat hammaga».

Nachalnik tezda chiqib ketdi. Leytenant eshikni ko‘rsatdi. Absattor¸ Madina va Hayotilla tashqariga chiqishdi. Yashasin ozodlik!

Davomi bor. G‘oya, rasm va matnlar muallifi

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
22 may 2018
Prezident kelib ketgach, andijonliklar yengil nafas olishdi. Bugun menimcha rahbarlar ham to‘yib uxlashgan bo‘lishsa kerak. Xalqimiz mehmondo‘st, mehmon kutib ...
14 dekabr 2020
Vazifasidan vaqtincha chetlatilgan Buxoro shahri prokurori Jasur Fozilov ijtimoiy mediada chiqish qilib, bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshevni korruptsiyada aybladi. Bosh ...
8 may 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar O‘zbekistonning Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari va ...
29 may 2018
Bir necha o‘zbek faollari 23 may kuni Shveytsariya hukumatiga O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimovning qiziga tegishli aktivlarni qaytarish uchun ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...