Azimjon Asqarovning bevaqt o‘limi uchun qirg‘iz rasmiylari javob berishi kerak
25 iyul kuni qirg‘izistonlik huquq himoyachisi Azimjon Asqarov pnevmoniya bilan kasallanishi oqibatida qamoqxonada vafot etdi, ammo o‘lim sababi aslida unga nisbatan inson huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi edi, deb yozadi “Hyuman rayts uotch” xodimi Mira Rittman “Vashington post” gazetasida e'lon qilingan maqolasida.
– Qamoqxona ma'murlari o‘lim sababini tasdiqlashdi, ammo biz aniq tushunib olishimiz kerak: Asqarov Qirg‘iziston hukumatining qo‘rqoqligi, shafqatsizligi va beparvoligi tufayli kuchaygan 10 yillik inson huquqlari buzilishi natijasida o‘ldi.
Qirg‘izistonda ozchilikni tashkil etadigan o‘zbeklar vakili Asqarov 69 yoshda edi. Qamoqqa olinishidan oldin u Qirg‘izistonning o‘zi tug‘ilib Bozorqo‘rg‘onida militsiya tomonidan mahbuslarga qilingan zo‘ravonlik va qamoqxonadagi huquqbuzarliklarni hujjatlashtirgan va bu haqda xabar tarqatgan. U, shuningdek, jurnalist, iste'dodli rassom, turmush o‘rtoq, ota va bobo edi.
Asqarov vafot etgan kuniga qadar o‘zining aybsiz ekanini ta'kidladi.
Militsiya Asqarovni 2010 yil iyun oyida Bozorqo‘rg‘onda militsionerning o‘ldirilishiga aloqadorlikda ayblab hibsga olgandi. O‘zbeklarga qarshi nomutanosib ravishda qo‘llanilgan etnik zo‘ravonlikda yuzlab odamlar o‘lgan va Qirg‘iziston janubida minglab odamlar ko‘chirilgan. Uni hibsda qiynoqqa solishgan. Sud jarayonida ko‘pchilik uning advokati va sheriklariga ham zo‘ravonlarcha hujum qildi. Adolatli sud qarori o‘qilmay, u umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning qiynoqqa solingani to‘g‘risidagi da'volarning haqqoniyligiga qaramay, rasmiylar hatto tergov qilishdan bosh tortishgan.
Qamoqxonada uning sog‘lig‘i sezilarli darajada yomonlashdi.
2016 yilda BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi Asqarov asossiz hibsga olingani, qiynoqqa solingani va adolatli sud jarayoni rad etilganini aniqladi. Ammo so‘nggi to‘rt yil ichida Qirg‘iziston rasmiylari inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga amal qilmasdan, qo‘mitaning qarorini o‘yin qildi. Qirg‘iz hukumati na o‘z qilmishlarini tan oldi, na to‘g‘ri ish yuritdi va na Asqarovni ozod qildi, ehtimol qirg‘iz millatchilarining qarshi turishidan qo‘rqishmoqda. Bunday qo‘rqoqlik esa qamoqda uning sog‘lig‘i va hayotiga xavf tug‘dirilishiga imkon yaratilganini anglatadi.
Hatto joriy yilda Qirg‘izistonda COVID-19 ning birinchi holatlari qayd etilganidan keyin ham COVID-19 va pnevmoniya bilan bog‘liq kasalliklar ko‘payishiga qaramay, rasmiylar Asqarovni gumanitar sabablarga ko‘ra ozod etishdan bosh tortdilar. Ular Asqarovni qamoqda yuzaga kelgan xavf-xatarlardan himoya qilish uchun choralar ko‘rishdan bosh tortib, vafotidan bir kun oldin ham uyalmasdan uning sog‘lig‘i yaxshi holatda ekanligini bildirishdi. Shunga qaramay, u yura olmaydigan darajada nimjon ekanini aytishdi. Pandemiya sababli Asqarovning o‘limidan bir necha oy oldin xotini uning oldiga bora olmadi.
Endi Asqarov nabiralari bilan ko‘rishish uchun hech qachon O‘zbekistonga borolmaydi, Xitoyda buyuk ustalar qo‘li ostida san'atni o‘rganolmaydi, yoxud boshqa portret chizolmaydi. Agar uni ozod qilishsa, bularning barchasini qilishni xohlashini aytgan edi menga u yaqinda bergan intervyusida. So‘nggi o‘n yil davomida Asqarov uchun tinimsiz kurashgan uning bevasi Xadicha Asqarova endi hech qachon o‘z erini qucha olmaydi.
Ammo Qirg‘izistonda inson huquqlari va qonun ustuvorligi haqida qayg‘urayotganlarga biz Asqarovning ismini eslatishda davom etishimiz, uning nohaq qamalgani va o‘limi uchun javob berishlarini talab qilishimiz shart.
Qirg‘izistonning diplomatik hamkorlari bu masalani hukumat bilan kun tartibiga kiritishlari kerak. Yevropa Ittifoqi shu yil oxirida Qirg‘iziston bilan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyor, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Qirg‘izistonga, jumladan, jinoiy sudlov tizimini isloh qilishga yordam bermoqda. Ushbu institutlar, ayniqsa, inson huquqlari va qonun ustuvorligi masalalarida javobgarlikni kuchaytirish maqsadida siyosiy va moliyaviy majburiyatlardan foydalanish uchun juda mos keladi.
Asqarovning o‘limi har bir qirg‘iz amaldorining ko‘z-qulog‘iga aylanishi kerak, toki uning o‘limi bo‘yicha mustaqil tergov yakunlanmaguncha, aybdorlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmaguncha va inson huquqlari majburiyatlariga binoan bunday o‘limlar bo‘lgan taqdirda yaqin qarindoshlariga tovon puli to‘lanmaguncha.
Bu shafqatsiz va bevaqt o‘lim uchun qirg‘iz rasmiylari javob beradigan vaqt keldi.
Mira Rittman, The Washington Post