Anons
29 oktyabr 2023

Shoir Omon Matjon olamdan o‘tgan kun

Lekin bir xalq mudrab, yotinqirasa,
Har kimga o‘z tinchi yoqinqirasa,
Shoirlari qo‘rqib bosinqirasa,
Xalqni kim uyg‘otar,
Savolim shuldir?!

Ushbu satrlar muallifi, o‘zbek modern she'riyatining taniqli namoyandasi Omon Matjon 2020 yilning 29 oktyabrida 77 yoshida vafot etgan, Toshkentning Yangiobod mavzeidagi qabristonda dafn qilingan.

Shoir Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tug‘ilgan edi. U adabiyot oldidagi xizmatlari uchun Hamza nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shoirning «Ochiq derazalar» (1970), «Karvon qo‘ng‘irog‘i» (1973), «Yonayotgan daraxt» (1977), «Yarador chaqmoq» (1979), «Haqqush qichqirig‘i», «Seni yaxshi ko‘raman» (1983), «Gaplashadigan vaqtlar» (1986) kabi to‘plamlari o‘zbek she'riyatining ustunlari sifatida ko‘riladi.

FYeRUZA

Kelmading.
Qushlar ko‘chib ketdi qoshimdan,
Tushlar cho‘chib ketdi yoshimdan,
Hushlar uchib ketdi boshimdan,
Kelmading.
Xazonlar to‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Osonlar yo‘q bo‘ldi yillab men uchun,
Armonlar ko‘p bo‘ldi yillab men uchun,
Kelmading.
G‘amlarning bariga to‘zdim — chidadim,
Namlarning bahrida suzdim — chidadim,
Damlarning shahdidan o‘zdim — chidadim,
Kelmading.
Kunlarim hijronga o‘qdek yoqqanda,
Ruhim oti qonga cho‘g‘dek botganda,
So‘nggi o‘qni jonga o‘zim otganda,
Sen kelding uzr so‘rab…
Sen kelding nechun?!


Umr o‘tar, vaqt o‘tar,
Xonlar o‘tar, taxt o‘tar,
Omad o‘tar, baxt o‘tar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring, sening kulishlaring.
Bahorda bog‘ na go‘zal,
Qor tushsa tog‘ na go‘zal,
Bu yoshlik chog‘ na go‘zal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
So‘zsiz qarashlaring, holim so‘rashlaring.
Oy chiqar goh zaholi,
Do‘stlar ko‘pdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin so‘zlashlaring, pinhon izlashlaring.
Umr — yo‘l, qayrilish ko‘p,
Uchrashish, ayriliq ko‘p,
Unutish,aytilish ko‘p,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
O‘sha kulishlaring, o‘sha kelishlaring…


Ochil, ey gul, gul vaqting bo‘ldi,
Uyg‘on, ey dil, dil vaqting bo‘ldi.
Yetar ming bir kecha ertaga,
Tong sirlarin bil, vaqting bo‘ldi.
O‘z haqqini bilmagan quldir,
Shukr etgan ham qul, vaqting bo‘ldi.
Noming aziz, o‘zingga bek bo‘l,
El bo‘l endi, el vaqting bo‘ldi.
Ogoh etar soatsiz qismat,
Harakating qil, vaqting bo‘ldi.
Tilni qutqar tillar bandidan,
Tilga kirgin, til vaqting bo‘ldi.
O‘zbekiston, falak burjiga
Yuragingni il, vaqting bo‘ldi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 iyun 2019
Veterinar bilan gurunglashib qoldim. Qo‘ylarga bitta ukol qilaman, ikkita, uchta tug‘adi, dedi. Oxirgi bir-ikki yilda O‘zbekistonda uchta tug‘adiganlar ko‘payib ...
13 iyul 2017
15 iyuldan tabiiy gaz, issiqlik va elektr narxlari qimmatlaydi. 21 iyuldan esa suv narxlari ko‘tariladi. O‘zbekiston moliya vazirligi reestriga ...
5 yanvar 2018
Horijdagi o‘zbek migrantlari va faollari prezident chaqiriqlaridan ruhlanib, vatanga qaytishni o‘ylashmoqda, O‘zbekistondagi real vaziyat esa boshqacha. “Chet ellardagi vatandoshlarimiz ...
28 may 2020
Bosh prokuratura koronavirus tarqalishi silsilasini aniqlash oson bo‘lishi uchun fuqarolardan kundalik tutishni so‘raganida ba'zilar buni kulgiga oldi. Internetda hazil ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...