Shoira Gulchehra Nurullaeva olamdan o‘tdi
Taniqli shoira Gulchehra Nurullaeva uzoq xastalikdan so‘ng 83 yoshida olamdan o‘tdi. 16 yanvar kuni u Toshkentdagi Do‘mbirobod qabristoniga dafn etildi.
80-yillar oxiri va 90-yillar boshida O‘zbekistonda shakllangan “Birlik” harakati faollaridan biri bo‘lgan Gulchehra Nurullaeva hukumatga muxolif qarashlari uchun Karimov davrida ta'qibga uchragan.
So‘nggi bor «Eltuz» nashri 2019 yilning oktyabrida Gulchehra Nurullaevaning o‘z faoliyati haqidagi fikrlari va she'rlarini chop qilgan edi.
«Hozirgi yoshlar oldingi davrni ko‘rishmagan. Borigayam, yo‘g‘igayam ko‘nikib ketayotgan bir avlod. Ular ko‘p narsadan mahrum. O‘z adabiyotini, o‘z tarixini o‘qishmaydi. O‘zining buyuklarini bilmaydi. Yarim manqurt avlod yaratildimi, deya katta bir shubhaga tushaman…
Nazarimda, bunga ziyolilar, birinchi navbatda, shoir, yozuvchilar aybdor. Biz qanchalik to‘g‘ri, rostgo‘y, halol bo‘lsak, Xudo bizni bandam deydi. Bu firibgar, aldamchi, yulg‘ich odamlarni Xudo, albatta, qarg‘asa kerak…»
“Eltuz” jamoasi shoira Gulchehra Nurullaevaning yaqinlari va izdoshlariga hamdardlik bildiradi.
Eltuz.com