Asosiy mavzular
4 fevral 2021

Kelinni internetda sazoyi qilgan to‘dadan faqat kuyov jazolandi

1 fevral kuni Urganch shahri fuqarolik sudi kelinga bokira chiqmaganlik aybini qo‘yib, uni videoga olib, internetda sazoyi qilgan bir guruh fuqarolar orasidan faqat kuyovga uch yilu olti oy uy qamog‘i belgiladi. 

Kuyovning kelinga zulm qilgan boshqa qarindoshlari esa jazodan qutulib qoldi. Kelin tomon Urganch shahri fuqarolik sudining bu qaroridan norozi bo‘lib, “Eltuz”ga murojaat qildi.

Yangiariq tumanining Gulobod qishlog‘ida yashovchi Nuriddin Rahimov hali ham qizi va xotini uyga kelmagani, alohida yashayotganini aytdi. Sud ham muammoni to‘g‘ri baholamaganidan nolidi.

To‘y 2020 yilning 7 oktyabrida bo‘lib o‘tgan. Kelinni videoga olish, haqorat qilish, kaltaklash holati ham aynan o‘sha kuni tunda sodir bo‘lgan.

Qizning kelin yanga bo‘lib qolgan onasi va yangasining tilla taqinchoqlari kuyovning yaqinlari tomonidan yechib olinib, ular tonggacha qamab qo‘yilgan. To‘yning barcha xarajatlarini qoplash sharti bilan kelinning otasidan 50 million so‘m talab qilingan kelin yangalar qo‘yib yuborilgan. 

Nuriddin Rahimov ertasiga 20 million so‘m pul keltirib bergan. Kelin tomonning aytishicha, Urganch shahri fuqarolik sudi kelin yangalarning tillo taqinchoqlarini va kuyov tomonga berilgan 20 million so‘m pulni olib berishga amaliy yordam ko‘rsatmagan.

“Biz holatni to‘liq o‘rganib chiqinglar, degan mazmunda ariza bergan edik, –deydi Nuriddin Rahimov. – Arizani rafiqam yozgandi. Ayolimning o‘zi guvoh ham edi bo‘lgan voqealarga. Qizig‘i,sudga ayolimning o‘zi kiritilmadi. 

Sud 11 yanvarda boshlandi. Takror-takror uch marotaba o‘tkazildi. 1 fevralda yakunlandi. Unga ko‘ra, kuyovga 3 yilu 6 oy uy qamog‘i berildi. Holatni videoga olganlarga, kelin yangalarni tahqirlab, tilla taqinchoqlarini olib qo‘yganlarga, qizimni tahqirlaganlarga hech qanday jazo tayinlanmadi. 

Hammasi videoda ko‘rinib turibdi. Ammo isbot sifatida shu videoni ham o‘rganmadi. Ish bosdi-bosdi qilib yuborildi. Men bergan 20 million pulni ham qaytarib olib bermadi.Ularning aytishicha, men o‘z xohishim bilan olib borgan emishman”.

“Bu ish ikki oy davomida o‘rganildi. Fevral oyida ish yakunlandi, – deydi Urganch shahri fuqarolik sudi mulozimi. – Kuyov tomonni ham, kelin tomonni ham tinglashga harakat qildik. Voqeani batafsil o‘rgandik. 

Kelin tomon hukmdan norozi ekanini aytmoqda. 7 oktyabr kuni kelin yangalarning tilla taqinchoqlari kuyov tomonidan majburan olib qo‘yilgani, ular kaltaklangani isbotlanmadi. Bu bo‘yicha bizda dalil yo‘q. 

Kuyov tomonga olib borib berilgan 20 million so‘m pul o‘zaro kelishuv vaqtida, ikki tomon xohishi bilan bo‘lgani uchun bu pulni ham qaytarish bizning vazifamizga kirmaydi”.

Urganch shahri fuqarolik sudi kelinning tahqirlanishi aks etgan videoni tarqatgan kishiga nisbatan jazo ko‘rilishi yuzasidan “Eltuz” muxbiri savoliga javob bermadi. 

Vaholanki, “Eltuz”ga taqdim etilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda holat yetarlicha aks etgan edi.

“Eltuz” kuyov tomon bilan bog‘langanda, ular hukmdan norozi emasligini, voqea bo‘yicha ma'lumot taqdim etishni xohlamasligini bildirdi.

Tag‘in o‘qing
5 avgust 2020
O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan diniy soha vakillariga 150 milliard so‘m pul ajratildi. Farmonda aytilishicha, bundan maqsad «diniy sohada xizmat ...
16 avgust 2019
Mana, hayit ham o‘tdi. Bor tovog‘im – kel tovog‘im tugab, kundalik tashvishlarga qaytdik. Hayot tabrik otkritkalaridagi kabi rang-barang emas.  ...
22 aprel 2024
Eltuz portali №141: So‘nggi 5 ta maktub O‘zbekistonning Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon va Samarqand viloyatlaridan kelgan. Dastlabki shikoyat Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanidan. Chiqindilarni yo‘q qilish muammosi: ...
25 oktyabr 2023
O‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi talab qilingan bu kadrlarni mening aziz do‘stim marhum Abdulaziz aka Mahmudov suratga olganida men ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...