Asosiy mavzular
4 fevral 2021

Kelinni internetda sazoyi qilgan to‘dadan faqat kuyov jazolandi

1 fevral kuni Urganch shahri fuqarolik sudi kelinga bokira chiqmaganlik aybini qo‘yib, uni videoga olib, internetda sazoyi qilgan bir guruh fuqarolar orasidan faqat kuyovga uch yilu olti oy uy qamog‘i belgiladi. 

Kuyovning kelinga zulm qilgan boshqa qarindoshlari esa jazodan qutulib qoldi. Kelin tomon Urganch shahri fuqarolik sudining bu qaroridan norozi bo‘lib, “Eltuz”ga murojaat qildi.

Yangiariq tumanining Gulobod qishlog‘ida yashovchi Nuriddin Rahimov hali ham qizi va xotini uyga kelmagani, alohida yashayotganini aytdi. Sud ham muammoni to‘g‘ri baholamaganidan nolidi.

To‘y 2020 yilning 7 oktyabrida bo‘lib o‘tgan. Kelinni videoga olish, haqorat qilish, kaltaklash holati ham aynan o‘sha kuni tunda sodir bo‘lgan.

Qizning kelin yanga bo‘lib qolgan onasi va yangasining tilla taqinchoqlari kuyovning yaqinlari tomonidan yechib olinib, ular tonggacha qamab qo‘yilgan. To‘yning barcha xarajatlarini qoplash sharti bilan kelinning otasidan 50 million so‘m talab qilingan kelin yangalar qo‘yib yuborilgan. 

Nuriddin Rahimov ertasiga 20 million so‘m pul keltirib bergan. Kelin tomonning aytishicha, Urganch shahri fuqarolik sudi kelin yangalarning tillo taqinchoqlarini va kuyov tomonga berilgan 20 million so‘m pulni olib berishga amaliy yordam ko‘rsatmagan.

“Biz holatni to‘liq o‘rganib chiqinglar, degan mazmunda ariza bergan edik, –deydi Nuriddin Rahimov. – Arizani rafiqam yozgandi. Ayolimning o‘zi guvoh ham edi bo‘lgan voqealarga. Qizig‘i,sudga ayolimning o‘zi kiritilmadi. 

Sud 11 yanvarda boshlandi. Takror-takror uch marotaba o‘tkazildi. 1 fevralda yakunlandi. Unga ko‘ra, kuyovga 3 yilu 6 oy uy qamog‘i berildi. Holatni videoga olganlarga, kelin yangalarni tahqirlab, tilla taqinchoqlarini olib qo‘yganlarga, qizimni tahqirlaganlarga hech qanday jazo tayinlanmadi. 

Hammasi videoda ko‘rinib turibdi. Ammo isbot sifatida shu videoni ham o‘rganmadi. Ish bosdi-bosdi qilib yuborildi. Men bergan 20 million pulni ham qaytarib olib bermadi.Ularning aytishicha, men o‘z xohishim bilan olib borgan emishman”.

“Bu ish ikki oy davomida o‘rganildi. Fevral oyida ish yakunlandi, – deydi Urganch shahri fuqarolik sudi mulozimi. – Kuyov tomonni ham, kelin tomonni ham tinglashga harakat qildik. Voqeani batafsil o‘rgandik. 

Kelin tomon hukmdan norozi ekanini aytmoqda. 7 oktyabr kuni kelin yangalarning tilla taqinchoqlari kuyov tomonidan majburan olib qo‘yilgani, ular kaltaklangani isbotlanmadi. Bu bo‘yicha bizda dalil yo‘q. 

Kuyov tomonga olib borib berilgan 20 million so‘m pul o‘zaro kelishuv vaqtida, ikki tomon xohishi bilan bo‘lgani uchun bu pulni ham qaytarish bizning vazifamizga kirmaydi”.

Urganch shahri fuqarolik sudi kelinning tahqirlanishi aks etgan videoni tarqatgan kishiga nisbatan jazo ko‘rilishi yuzasidan “Eltuz” muxbiri savoliga javob bermadi. 

Vaholanki, “Eltuz”ga taqdim etilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda holat yetarlicha aks etgan edi.

“Eltuz” kuyov tomon bilan bog‘langanda, ular hukmdan norozi emasligini, voqea bo‘yicha ma'lumot taqdim etishni xohlamasligini bildirdi.

Tag‘in o‘qing
7 iyul 2019
Xayrullo Fayz 1970 yilda Ho‘jandda tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini bitkazgan. Bi Bi Si radiosining o‘zbek xizmatida ishlaydi. Ochilgan ko‘zdan ...
23 may 2023
Din ishlari qo‘mitasi “hajga yuboraman” degan «aprslar» gapiga ishonmanglar, deb, “lo‘xlar”ni ogoxlantirdi. Ammo lo‘x va aksar qashshoqlar to‘g‘ri gapga ...
1 iyul 2019
Shu kunlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning respublika darajasidagi rahbarlardan tortib mahalliy amaldorlargacha shaltag‘ini chiqarib so‘kkani mojarosi OAVlaru ijtimoiy ...
16 fevral 2022
Inson Huquqlari Bo‘yicha Xalqaro Hamkorlik Tashkiloti (IPHR) Xotin-qizlarga nisbatan Kamsitishlarga Barham Berish bo‘yicha (CEDAW) Qo‘mitaning 2022 yil 15 va ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...