Asosiy mavzular
4 fevral 2021

Kelinni internetda sazoyi qilgan to‘dadan faqat kuyov jazolandi

1 fevral kuni Urganch shahri fuqarolik sudi kelinga bokira chiqmaganlik aybini qo‘yib, uni videoga olib, internetda sazoyi qilgan bir guruh fuqarolar orasidan faqat kuyovga uch yilu olti oy uy qamog‘i belgiladi. 

Kuyovning kelinga zulm qilgan boshqa qarindoshlari esa jazodan qutulib qoldi. Kelin tomon Urganch shahri fuqarolik sudining bu qaroridan norozi bo‘lib, “Eltuz”ga murojaat qildi.

Yangiariq tumanining Gulobod qishlog‘ida yashovchi Nuriddin Rahimov hali ham qizi va xotini uyga kelmagani, alohida yashayotganini aytdi. Sud ham muammoni to‘g‘ri baholamaganidan nolidi.

To‘y 2020 yilning 7 oktyabrida bo‘lib o‘tgan. Kelinni videoga olish, haqorat qilish, kaltaklash holati ham aynan o‘sha kuni tunda sodir bo‘lgan.

Qizning kelin yanga bo‘lib qolgan onasi va yangasining tilla taqinchoqlari kuyovning yaqinlari tomonidan yechib olinib, ular tonggacha qamab qo‘yilgan. To‘yning barcha xarajatlarini qoplash sharti bilan kelinning otasidan 50 million so‘m talab qilingan kelin yangalar qo‘yib yuborilgan. 

Nuriddin Rahimov ertasiga 20 million so‘m pul keltirib bergan. Kelin tomonning aytishicha, Urganch shahri fuqarolik sudi kelin yangalarning tillo taqinchoqlarini va kuyov tomonga berilgan 20 million so‘m pulni olib berishga amaliy yordam ko‘rsatmagan.

“Biz holatni to‘liq o‘rganib chiqinglar, degan mazmunda ariza bergan edik, –deydi Nuriddin Rahimov. – Arizani rafiqam yozgandi. Ayolimning o‘zi guvoh ham edi bo‘lgan voqealarga. Qizig‘i,sudga ayolimning o‘zi kiritilmadi. 

Sud 11 yanvarda boshlandi. Takror-takror uch marotaba o‘tkazildi. 1 fevralda yakunlandi. Unga ko‘ra, kuyovga 3 yilu 6 oy uy qamog‘i berildi. Holatni videoga olganlarga, kelin yangalarni tahqirlab, tilla taqinchoqlarini olib qo‘yganlarga, qizimni tahqirlaganlarga hech qanday jazo tayinlanmadi. 

Hammasi videoda ko‘rinib turibdi. Ammo isbot sifatida shu videoni ham o‘rganmadi. Ish bosdi-bosdi qilib yuborildi. Men bergan 20 million pulni ham qaytarib olib bermadi.Ularning aytishicha, men o‘z xohishim bilan olib borgan emishman”.

“Bu ish ikki oy davomida o‘rganildi. Fevral oyida ish yakunlandi, – deydi Urganch shahri fuqarolik sudi mulozimi. – Kuyov tomonni ham, kelin tomonni ham tinglashga harakat qildik. Voqeani batafsil o‘rgandik. 

Kelin tomon hukmdan norozi ekanini aytmoqda. 7 oktyabr kuni kelin yangalarning tilla taqinchoqlari kuyov tomonidan majburan olib qo‘yilgani, ular kaltaklangani isbotlanmadi. Bu bo‘yicha bizda dalil yo‘q. 

Kuyov tomonga olib borib berilgan 20 million so‘m pul o‘zaro kelishuv vaqtida, ikki tomon xohishi bilan bo‘lgani uchun bu pulni ham qaytarish bizning vazifamizga kirmaydi”.

Urganch shahri fuqarolik sudi kelinning tahqirlanishi aks etgan videoni tarqatgan kishiga nisbatan jazo ko‘rilishi yuzasidan “Eltuz” muxbiri savoliga javob bermadi. 

Vaholanki, “Eltuz”ga taqdim etilgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda holat yetarlicha aks etgan edi.

“Eltuz” kuyov tomon bilan bog‘langanda, ular hukmdan norozi emasligini, voqea bo‘yicha ma'lumot taqdim etishni xohlamasligini bildirdi.

Tag‘in o‘qing
3 fevral 2017
Toshkentlik taftishchi-senatorlarni kutib olish – tumanlardagi mahalliy amaldorlar uchun ortiqcha dahmaza. Ko‘cha supurish, ko‘chat o‘tqazish, ziyofat tayyorlashdan tashqari, kattalar ...
7 sentyabr 2022
Bugungi maktublar, ishlamayotgan konstitutsiya, buzuq transformator, yordamga muhtoj ikkinchi guruh nogironi, attestatsiyadan yiqilgan o‘qituvchi, o‘quvchi formasi olishga qurbi yetmagan ...
10 may 2021
Xorazmning Xiva tumanida bir kambag‘al beva ayolning o‘g‘li nomiga olingan 30 million so‘m kredit mahalla raisi va o‘qituvchi doxil ...
3 oktyabr 2024
Asqar Bahronov ushbu tizimni korruptsiyaga botirgan. U har oylik “shapka”ni bermagan qo‘l ostidagi rahbarlarni noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatmoqda. U ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...