Asosiy mavzular
25 fevral 2021

Imperativ-8. Milliyatchi

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

Askarlikdan qaytganimda bir milliyatchi edim. Ammo ikki yil davomida o‘qiganim butun adabiyotlar rus tilida edi. Rus tili, mubolag‘asiz, ikkinchi tilimga aylangan edi. Hatto shuni dahshat ichida kuzata boshladimki, fikrlash tarzim ham rus tilida jarayon etardi.

Bundan qutulish uchun mislsiz bir qaysarlik bilan o‘z tilimda yozishga va fikrlashga davom etdim.

Yozish bir til voqeasidir.

Agar siz tushingizda gapiradigan tilda yozmasangiz, yozgan matningizning ta'siri kuchli bo‘lmaydi. Inson tushida refleksga aylangan bir tilda gaplashadi. Ta'bir bilan aytganda, «qon-qoniga singib ketgan» tilda.

Eski filmlarda josuslarni uyqularida alahsirashlaridan bilib olishardi. Ular ona tillarida alahsirar va o‘zlarini ifsho etardilar.

70-yillarda tilimda rus tili hukmronligi, dilimda esa rus shovinizmiga qarshi nafrat zehnimda buyuk bir tazod, bir ziddiyat yaratgan edi.

Rus shovinizmidan nafrat etardim, ammo rus tili men uchun nafaqat rus, balki dunyo adabiyotiga ochilgan bir darvoza edi.

Bugun uchta tilni bilaman, deb ayta olaman: o‘zbek tili, rus tili, turk tili (garchand turk tili ham o‘zimizning til).

Ammo bularning hech birini mukammal bilaman, deb ayta olmayman. Bu uch tilda yoza olaman, ammo ularning hech birida yozganim kabi ravon so‘zlay olmayman.

Masalan, turkchada gapirar ekan, ravon gapirmaganim uchun tinglayotganlardan doim uzr so‘rayman. Ular menga dalda berib, «Bu tabiiy, siz boshqa lahjada gapiryapsiz», deya tasalli berishadi. Men ularga «O‘zbekchada ham ravon gapira olmayman», desam, hazillashyapti deb jilmayishadi.

Bu tillarning bittasida yozarkan, tilini qo‘llanganim xalq zehni meni ta'qib qiladi va yozish uslubimni yo‘naltiradi. Deylik, ruschada yozar ekan, o‘zbekchada bemalol qo‘llashim mumkin bo‘lgan biror hazilni qo‘llay olmayman.

Chunki o‘zbekchadagi hazil ruschada qo‘pol ko‘rinishi mumkin. Yoki aksincha, ruschada parvosizlik bilan qo‘llashim mumkin bo‘lgan bir tasvirni o‘zbekchada juda ehtiyotkorlik bilan qo‘llayman.

Yozilgan har matn u yozilgan til saviyasida bo‘lishi kerak, degan qanoatdaman.

Yozilayotgan tillar o‘zgarar ekan, yozilgan matnlar saviyasi ham shu nisbatda o‘zgaradi, deb o‘ylayman.

Jimjimador shevani hech sevmadim. Qul Nasimiyning «Arabiy, forsiy bilmam, tilga minnat aylamam» satrini takrorlasam, yolg‘on so‘ylagan bo‘lmayman.

Ammo til borasida bugun bir milliyatchiligim yo‘q. Mening qarashim bo‘yicha butun tillarni Alloh yaratgan va har bir til o‘ziga yarasha qutlug‘dir.

Shunday ekan, men Sharq tillaridan shu arabiy, forsiy, G‘arb tillaridan esa frantsuz, ingliz tillarini bilmak istardim. Afsus, bu imkonni topolmadim ola-tasir hayotimda.

Hech kachon lug‘atim boy bo‘lmadi. Bilganim har uch tilda ham. Yoshligimda do‘stlarga hazil qilib: «Lug‘atim boy emas, shul sabab har so‘zimni tejab ishlatishga majburman», derdim. Aslida bu hazil emasdi.

O‘zbekchamda iloji boricha turk ildizli so‘zlarni qo‘llashga intildim o‘sha yillari. Bu o‘ziga xos «til tozaligi uchun shaxsiy kurashim» edi go‘yo.

TURKIY TILDA SO‘ZLAMOQ

Turkiy tilda so‘zlamoq oson.

Turkiy tilda so‘zlamoq naqadar qiyin.

Naqadar lazzatli bu tilda so‘zlamoq, naqadar achchiq.

Agar kayfing chog‘ bo‘lsa, ertalab o‘ng yonboshdan turgan bo‘lsang,

O‘tgan kundan pushaymoning bo‘lmasa,

Sobit ishonch bo‘lsa kelajakka – turkiyda gapir.

Kimnidir sevsang, ko‘ksingga sig‘masa muhabbat – turkiyda gapir.

Kimnidir yomon ko‘rsang, bo‘g‘zingga tikilsa nafrat – turkiyda gapir. (1982)

(«Valfajr», 1983)

Ammo bugun «til tozaligi uchun» kurashdan ham voz kechdim, chunki til tabiati bu kurashni mendan yaxshiroq olib borayotganini angladim. Til o‘zida hazm bo‘lmagan hech bir so‘zni qabul etmaydi…

Ha, rus armiyasidagi rus shovinizmi meni milliyatchiga aylantirdi.

Ammo jamiyatda «milliyatchi sinfi» degan bir sinf yo‘q edi.

Milliy shuurimga sayqal bergan rus armiyasi imtihonidan so‘ng ham o‘zining haqiqiy kimligiga yetisha olmagan bir kimsa edim. Ichimda rus bosqinchilariga nafrat bor edi, ammo bosqinchiga qarshi kurashda o‘rnak bo‘ladigan bir qahramonni hali ham topolmagandim.

Ertaklarda emas, shu yerda – Toshkentda bu qahramonni ko‘rmak istardim:

…Bir bor ekan, bir yo‘q ekan,

Qadim zamonlarning birida

Bahodir o‘tgan ekan…

Qora o‘rmonlarning bag‘rida

Arslon yashar ekan bahaybat…

Ena!

Nega bahodirlar hammasi

Faqat qadim zamonlarda o‘taveradi?

Arslon-chi, qani, o‘sha arslon, enajon!?

Nega u yarim tunda, g‘aflatda yotgan

Meni uyg‘otmaydi

Na'ra tortmaydi?!

(1976)

(«Quduqdagi oy», 1980)

Ammo 70-yillar o‘rtasida universitetdan keyingi bosqich hali ham ko‘proq rassom va shoirlarning mahdud doirasida kechar va suhbatlarimiz she'r, tasviriy san'at mavzusidan tashqariga chiqmas edi.

Sovet armiyasida olganim milliy dars meni birdan ulg‘aytirgan edi.

Shuningdek, adabiyotga qarashim ham tengdoshlarnikidan bir oz farqli edi.

Bu farqlilik tengdoshlarning g‘iybatiga sabab bo‘layotganini bilsam-da, ular bilan aloqani uzmadim. «Bizning avlod» degan iborani xush ko‘rmasdim, ammo bu terminga muxolifat ham qilmadim.

Tengdoshlarim qarshisida o‘zimni keksa his etardim. Balki shuning uchun ham suhbatdoshlarim ko‘proq Cho‘lpon Ergash, Rauf Parfi va ularning «avlodi»dan bo‘lardi.

Bunday suhbatlar 1979 yilda Rauf Parfi tufayli Ibrohim Haqqul bilan boshlandi, yanglishmasam. Biz o‘zbek tilining ayanchli ahvoli va Toshkentdagi rus maktablarining naqadar yaxshi jihozlanganini muhokama qilardik. Bu vaziyat bizning milliy tomirlarimizni qabartirar edi, tabiiy.

Ammo biz hech qachon rus shovinistlari kabi o‘zimizdan bo‘lmagan etnik guruhlarga nisbatan nafrat oqimiga qo‘shilib ketmadik.

Muhammad Solih

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
26 aprel 2018
Andijon shahridagi 18-umumta'lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi 22 aprel kuni o‘smirlar o‘rtasidagi o‘zaro janjalda pichoqbozlik qurboni bo‘ldi. Maktab joylashgan mahalla ...
26 fevral 2021
26 fevral kuni kuch ishlatar tizimlar mavjud qonun-qoidalarga zid tarzda siyosiy partiya tashabbuskori, professor Xidirnazar Allaqulovni kuch ishlatib uyidan ...
2 fevral 2021
1 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat ichida turib faoliyat yuritadigan polshalik jurnalist Agneshka Pikulitskaning akkreditatsiya muddatini uzaytirishni ...
31 avgust 2020
Respublikaning bugungi rahbarlari qonunni, dehqonlarning huquqini umuman mensimayapti, 50 foiz fermerlarning yerlari tortib olib qo‘yilayapti, deydi Navoiy viloyatining Konimex ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...