Multimedia
4 mart 2021

Imperativ-10. Sovet timsollariga qarshi

Til mavzusi bizni 70-80-yillardan boshlab qiynab kelayotgan mavzu edi.

Albatta, u paytda o‘zbek tili davlat tili sifatida emas, balki uning maktablarda o‘qitilishi masalasi birinchi planda edi biz uchun.

1982 yilda «Yoshlik» jurnalida Ibrohim Haqqul bilan «Poklanayotgan umid» degan nom bilan bosilgan suhbatda til suhbatning markaziy masalasi bo‘lgan. Uning bosilishiga umidimiz yo‘q edi. Chunki suhbat mundarijasi umumiyat-la antisovet edi.

Shu bois, suhbatdagi o‘zbek tilining ahvoli va o‘zbek maktablariga bo‘layotgan o‘gay muomala haqidagi passajlar olib tashlanganidan keyingina bu maqola yoyinlanishga haq qozondi.

Suhbatning matbuotga «moslashtirilgan» versiyasida eng ozidan sotsrealizm haqidagi tanqidiy qarashimizni «o‘tkazdik» deb quvonganimiz esimda.

Tabiiy, bizning siyosiy rejimga qarshi «sokin isyon»imiz sovet timsollariga qarshi asosan «cho‘ntakdan musht ko‘rsatish» shaklida bo‘lgan.

Bu «sokin isyon» shaxsan menda sovet rejimi timsollariga qarshi allergiyadan boshlangan. Rahmatli otam Madaminbek Bekjonbek o‘g‘lining Ikkinchi jahon urushida olgan besh-oltita nishoni bor edi. Ulardan ikkitasi katta kumush tanga shaklidagi «Za otvagu» medalini besh yoshimda ko‘ksimga taqib o‘ynaganim esimda. Bu mening sovet nishonlariga bo‘lgan so‘nggi hurmatim edi.

Keyin boshlang‘ich maktabda pionerlar taqadigan qizil galstuk hayotimga kirdi. Bu qizil matohni bo‘ynimga taqar ekan, undan chiqqan «shitirdi»dan tuygan g‘alati hisni hali ham xotirlayman.

Sovet nishonlariga ochiqcha nafrat VLKSM (komsomol) nishonidan boshlandi. Uni bir necha marta yo‘qotib qo‘yib, muallimdan dakki eshitganimni eslayman. Sovet armiyasida xizmatim davrida ham meni har xil nishonlar ta'qib etdi. Ammo ularning hech biriga loyiq hurmatni ko‘rsatmadim: ularni taqmadim.

Askarlikdan so‘ng, 1970 yil Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetiga kirdim. Nishonlar ta'qibi bir oz to‘xtadi.

Talabalik yillarim sovet nishon-tisollariga qarshi ma'naviy jihodimning eng intensiv yillari edi.

1975 yil Toshkent universitetini bitirdim.

Diplom bilan nishon ham berishdi.

Moviy-oq qorishiq bir romb edi, yanglishmasam.

Diplomni olgan kunim xorazmlik shoir, rahmatli Qadam Saidmurodning uyiga ziyofatga bordim. U yerda universitetdan olgan nishonimni Qadamning kichik o‘g‘liga hadya etdim.

Bu mustamlaka nishonlariga qarshi so‘zda emas, amalda munosabatim edi.

U paytlarda O‘zbekistonda qrim (tatar) turklari guruhidan boshqa bir dissident harakati yo‘q edi.

Biz ularga havas bilan qarar edik. 70-yillar o‘rtalarida Mustafo Jamil va general Grigorenkoning dissidentlik mujodalasini ta'qib etardik.

Rahmatli Rauf Parfi bilan Olmazordagi bir eski uyda qrimlik qardoshlarimizning «gizli suhbat»larini tinglardik. Ularning ko‘ksidagi millat sevgisi biz uchun eng go‘zal nishon edi. Biz ana shu nishonga havas qilardik. U paytda Mustafo Jamil og‘amiz Yangiyo‘lda yashardi, ammo harakatning yuragi yana u edi.

Qrim turklarini vatanidan judo kilib, oyni etak bilan yopayotgan sovet rejimiga bir igna:

TARAQQIYoT VA MAQOL
Qrimlik qardoshlarimga

Mana, taraqqiyot quyoshi balqdi,
Bizlar har narsaga qodirmiz bu kun.
Agarda istasak, butun bir xalqni
Boshqa sayyoraga ko‘chirish mumkin.
Taraqqiyot yonida ojizdir maqol:

El og‘ziga elak topish ham mumkin,
Agar biz istasak bugun, bemalol
Oyni etak bilan yopish ham mumkin.
(1976)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

70-yil o‘rtalariga kelib, sovet rejimining hur fikrga qarshi siyosiy tazyiqi bizdagi ma'naviy qiymatlar mezonini radikal o‘zgartirdi.

«Birorta urushda qatnashmay turib,
Hech kimni o‘ldirmay,
Asirga tushmay ham
Oltmishga kirishi mumkin odamzod.

Hech qachon harbiyga bormagan,
«Til» tutib kelmagan bobo bilan ham
Faxrlanishi mumkin nabira.

Bayroqni o‘pmay ham,
Qasam ichmay ham
Vatanni sotmaslik mumkindir!»

(1981)

«Olis tabassum soyasi» – 1986

Yanglishmasam, 1976 yil edi, bir oshnomiz (hozir deputat)ning Talabalar shaharchasiga yaqin hovlisida Rauf Parfi, Ibrohim Haqqul, Ahmad A'zam, Erkin A'zam va yana yoshi kichikroq bir necha qalamkash «istilochi sovet rejimidan va uning vassali O‘zbekiston ma'muriyatidan hech qanday nishon, mukofot olmaymiz», deb ont ichdik. Go‘yo sovet rejimi bizga nishon taqish uchun oshiqib turganday!..

Lekin shunday bir ehtimol yo‘q emas edi.

Hatto bu tahlikaning oyoq saslarini eshitib, 1979 yil yozganim bir maqolada tengdoshlarni ogohlantirgan edim go‘yo: «Har bir iqtidorli shoirni “mashhur bo‘lib ketish” xavfi ta'qib etib yuradi. Ta'qib uning adabiyotdagi birinchi qadamlaridanoq boshlanadi. Bu xavfdan eng talantli shoirlargina qutulib ketishi mumkin, ammo ular ham bir kuni qo‘lga tushadi: 60-yillar o‘zbek she'riyatini tahlil etgan tanqidchi yosh shoirlar qatorida “R. Parfi” degan ismsiz sharifni e'tirof qilgan edi. 70-yillarning munaqqidi esa bu tahlilni rivojlantirdi. U shoirning bir she'rini keltirdi, maqtaganday bo‘ldi va… oxirida “bir oz mavhum”, degan gapni aytdi-da, butun tanqidchilikning og‘ziga saqich solib qo‘ydi…» («Ikki shoir haqida bir og‘iz so‘z», 1979)

Haqiqatan ham, zikr etilgan uyda to‘plangan o‘sha guruh a'zolaridan bittasi (Erkin A'zam) 1980 yillarga kelib o‘z so‘zini tuta olmadi. Qaysidir asari uchun «Lenin komsomoli» nishonini oldi. Uni o‘zaro «do‘stona sazoyi» qilgan bo‘ldik. Ammo bu «kor qilmadi».

O‘sha uyida to‘planganlarning aksariyati (Rauf Parfi xorij) navbatma-navbat bu shirin tuzoqqa, sevinarak tusha boshladilar:

«O‘zgarar zaminning jamoli,

Odam qiyofasi o‘zgarar.

Muhabbat ham boshqacha:

Kechagi ko‘ylagin bugun kiymaydi.

Mardlik ham o‘zgardi,

Kechagi mardlar

Bugun iste'foda, qarasalarki,

Bu xislat mazmuni kengayib,

Chuqurlashib borar xotira kabi!…

Bu-ku turaversin,

Tuzoq-chi, u ham

Voz kechdi o‘zining siyqa shaklidan:

Endi tepasida shabnamlar yonar,

Bulbullar sayraydi uning boshida,

Qoshida tovuslar kerishadi jim…

Uning o‘zi esa mutlaq tilladan!

Faqat tahrir qilish kerak ismini. (1979)

«Valfajr» (1985)

Rus ishg‘olchilari bergan ordenlarga nafratning eng achchiq va ochiq e'loni shu «hazil» edi yanglishmasam:

ShOIRNING HAZILI

(Bolalarga)

Otasi taqqan nishon

Qiziqtirar go‘dakni:

– Bu yumaloq, dadajon,

Qopqog‘imi choynakning?

– Axir, tushunmaysan-ku

Tushuntirsam, oppog‘im…

Choynakniki emas bu,

O‘z og‘zimning qopqog‘i! (1984)

«Tun tashbehlari» (1988)

Butun sovet nishonlari – tasvirlaganimiz tuzoqning tahrir qilingan ismlari edi.

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
19 may 2021
Toshkent shahrida bunyod etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar 9 may arafasida bog‘ hududini tozalash ...
18 fevral 2019
Tillar o‘rtasidagi chegaralar aniq emas. Qo‘yingki, hatto “til” tushunchasi o‘ta bahsli. Kim tilga aniq ta'rif bera oladi? Uning aniq ...
26 mart 2018
Prezident Mirziyoev 23 mart kungi yig‘ilishda matbuotni maqtamaslikka, bor haqiqatni ko‘rsatishga chaqirdi. «Maqtamanglar. Maqtaydigan davrlar o‘tib bo‘lgan. Raislar bilan ...
25 iyul 2016
Shu tariqa yigirmanchi asrda boshlanib yigirma birinchi asrda ham 15 yil yashagan video-vasvasaga nuqta qo‘yiladigan bo‘ldi. Yaponiyaning Sony shirkati ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...