Asosiy mavzular
11 mart 2021

Ota: “Qizimga tibbiyot xodimlari OIV yuqtirgan”

Andijon shahrida yashovchi B.B. qizida OIV (odam immun tanqisligi virusi) aniqlangani bo‘yicha “Eltuz”ga murojaat qildi. 

Unga ko‘ra, hozir 17 yoshga to‘lgan qiziga 2006 yilda, ya'ni 2 yoshli vaqtida Andijon viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida zotiljam (pnevmoniya)dan davolanayotgan vaqtida tibbiyot xodimlari harakatlari oqibatida OIV yuqtirilgan. Qizning ota-onasi buni oradan 13 yil o‘tib bilgan. 

– Qizim 2006 yilda Andijon shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida davolangani yotganida ushbu infektsiyani yuqtirib olgan, – deydi fuqaro. – Biz buni 2018 yil iyun oyida aynan yana o‘sha shifoxonada davolangani yotganida bilib qoldik. Shu vaqtdan buyon tinimsiz qizimni davolatib kelyapman. Bu vaqt davomida esa bu yerdagi barcha faktlar yo‘q qilinib kelinmoqda. Kasallik varaqalari, bemorlarning sog‘lig‘i aks etgan hujjatlar hammasi yo‘q qilindi.

2 yasharli qizcha haqiqatda ham shifoxonada xavfli infektsiya yuqtirgani va shunga oid tibbiy hujjatlar yo‘q qilinganini Andijon viloyati prokuraturasi tasdiqlagan. 

2020 yil 19 iyunda B.B.ga prokuraturadan yuborilgan xatda R.B.da (qizning ismi sir tutiladi – tah.) aniqlangan OIV infektsiyasi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi pulmonologiya bo‘limida “invaziv muolajalar davrida parenteral yo‘l bilan yuqtirilgani haqida xulosa qilingani, biroq tibbiy hujjatlar muddati tugagani va yo‘q qilingani sababli bo‘limning o‘sha vaqtdagi sanitariya-epidemiologik holatini baholab bo‘lmagani” aytiladi.

“Eltuz”ga taqdim etilgan IIB hujjatiga ko‘ra, dastlabki tergov harakati olib borilib, so‘ng Jinoyat kodeksining 84-moddasi 1-qismi birinchi bandiga asosan, ya'ni shaxsni javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi bois jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rad etilgan.

Davlat oilaga hech qanday tovon puli to‘lamagan, qizdagi barcha yondosh kasalliklarni davolash xarajatlarini ota-onaning o‘zi barcha mulkini sarflab qoplab kelmoqda. Oila faqat virusning kuchayishini to‘sadigan dorilarni tekin olmoqda, xolos. 

– Hozir qizimda o‘pka gipertenziyasi, yurak va qalqonsimon bez bilan bog‘liq kasalliklar bor, zotiljam bilan qayta og‘ridi, uning tishlari qiyshayib, tushib ketmoqda”, – deydi qayg‘udan qaddi dol bo‘lgan ota.

Qizining og‘ir dardga chalinganini bilgach, ota-onasi bolalar uchun alohida shifoxona ajratilishi bo‘yicha murojaat qilmagan joyi qolmagan. OITSga chalingan bemorlar uchun maxsus jarrohlik markazi, stomatologiya bo‘limi ajratilishini so‘rashgan. 

Ammo, ularning aytishicha, hududda hamon bemorlar aralash davolanmoqda. Hudud aholisining maxsus jamg‘arma ochish iltimoslari ham rad etilgan. Kasallik aholi orasida tarqab ketmasligini xohlayotgan ota-onaning hech bir murojaati o‘z yechimini topmagan.

“Prezidentning qizlariga, Bosh prokuraturaga, DXXga yordam so‘rab yozdim, – deydi B.B. – Tayinli javob berilgani yo‘q. Viloyatga yo‘naltiradi. Viloyat hokimi esa yana ishni bosdi-bosdi qilish chorasini ko‘radi. 

Viloyat televideniesiga borib, vaziyat haqida ma'lum qilaman, mendan intervyu olinglar, dedim. Xo‘p, telefon qilamiz, o‘zimiz chaqiramiz, deb chaqirishmadi. 

Oxiri pichoq borib suyakka yetdi. 2021 yil 13 fevral kuni o‘zimni o‘ldirishga qaror qildim. Qizimni o‘yladim. Xor bo‘lib o‘lib ketishidan qo‘rqdim. 

Qizimning o‘qishlari yaxshi. Maktabda a'lo baholarga o‘qiydi. Dunyoqarashi keng, oqila qiz. Musiqaga qiziqadi, gitara chaladi. Katta bo‘lsam, arxitektor bo‘laman, deydi. 

Maktabida sanoqli kishi biladi. Hech kim yomon munosabatda bo‘lmaydi. Ruhan o‘zim ham qo‘llab turaman. Uni har qanday vaziyatga tayyorlayman”.

“Eltuz”ning Andijon viloyatida OIV/OITS bilan kasallanganlar soniga aniqlik kiritish haqidagi murojaatiga Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanaev respublikada OITSga oid ma'lumotlar sir tutiladi, deya javob berdi. 

Furqat Sanaevning so‘zlariga ko‘ra, ularning sog‘lig‘i va holati bo‘yicha yaqinlari bilan doimiy aloqa o‘rnatiladi. Moddiy rag‘batlantirilib turiladi, maxsus davolash choralari ko‘riladi. 

Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori Qahramon Yo‘ldoshevning bildirishicha, 2020 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda OIV bilan zararlanish bilan bog‘liq 43 581 ta holat kuzatilgan. 

Ma'lumot uchun: OIV – bu insonning immun tizimini zararlaydigan virusdir.

Tag‘in o‘qing
27 oktyabr 2015
Hech televizor ko‘rmayman. Lekin qanday qilib bugun ishdan kelib televizor pultini qo‘limga olib, O‘zbekiston telekanallari bo‘ylab “o‘tlab” ketganimni bilmay ...
31 avgust 2016
1995 yilning 26 iyunidan beri O‘zbekiston MXX raisi lavozimini egallab kelayotgan 72 yashar Rustam Inoyatov Karimov o‘rtadan ketishi bilan ...
5 dekabr 2016
2 dekabr kuni Urganch Suvratlar galereyasi bosh muxofizi Shirin Tosheva galereyada O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) tomonidan tekshirishlar bo‘lgani ...
12 fevral 2018
Toshkentdagi «Minor» masjidi imomi noibi 42 yoshli Abror Muxtor Aliga 10 fevral kuni ishdan bo‘shash uchun ariza yozdirildi. «Eltuz» ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...