Asosiy mavzular
11 mart 2021

Imperativ-12. Rauf Parfi haqida hikoyam

(Muhammad Solih audiokitobining davomi)

1970 yillarning o‘rtalarigacha biz kandakor rassom Omon Aziz ustaxonasida ulfatchilik qildik…Kamina ilk bora Turkiya qo‘shiqchilarini o‘sha yerda tingladim. Xususan, Tonju O‘qon sharqilari, uning modern tarkidunyochiligi, sharob apologiyasi bizni maftun qilganini eslayman.

Rauf Parfi ko‘pgina she'rlarini o‘sha yerto‘lada o‘qidi. She'rni xuddi hazillashayotganday o‘qirdi. Bu undagi kamtarlik tazohuri edi.

Rauf Parfida bahs etganimiz «gerdayish kompleksi» yo‘q edi. «Boshda do‘ppi»si ham yo‘qdi. Ammo millatini sevardi. O‘ziga yarasha turkchi edi, butun turklarning birlashuvi tarafdori edi.

Nozim Hikmatni sevardi. Nozim uning uchun bir kommunist emas, buyuk turk shoiri edi. «Inson manzaralari»ni ish bo‘lsin deb va yoki pul uchun emas, sevarak tarjima qildi ona tiliga.

Rus adabiyotini yaxshi bilardi, rus madaniyatiga katta hurmat bilan qarardi. Ammo Turkistonning Chor-Sovet Rusiyasi tarafidan ishg‘olini tengdoshlari kabi qismat o‘laroq qabul etmagandi.

Tanishligimizning ilk bosqichida milliy ruhdagi suhbatlar qilmasdik. Suhbatlar asosan she'r va yangi kitoblar haqida bo‘lardi. 70-yillar o‘rtalariga borib suhbatlarimiz milliy tus ola boshladi.

Adabiyot qatorida siyosat ham tilga olina boshladi:

RO‘Yo

Bugun mening uyqum buzildi, bevaqt

Devorda soyalar lopillar ulkan

Ko‘zim qamashtirib yuborar nogoh

Olis mintaqada yongan bir gulxan –

Charsillab ketadi olov damo-dam,

chirildoq chirillar nolon,

Gulxan tegrasida yettita odam

Soqollari o‘sgan yetti qo‘zg‘olon.

Ular suhbat qurar jimgina… ammo

Ularning dunyoga tushgandir ishi

Gulxanni quchoqlab olgandir go‘yo

Chordona qurgan bu yettita kishi.

Olov uzra parvoz etar bezavol,

Qanotin kuydirmay uchadi shu tob

Mening qo‘rquvimga o‘xshagan savol

Sening umidingga o‘xshagan javob…

Mana, tun ham darrov yarmidan og‘di,

Suhbat davom etar, gulxan yosharar,

O‘ynar yettovining yuzida yog‘du

O‘t bilan o‘ynaydi yetti bashara…

(1983)

«Olis tabassum soyasi» (1986)

Bu utopik she'r qahramonlarining prototiplari rassom Omon Aziz yerto‘lasida to‘plangan shoir va rassomlar edi. Ammo ular she'rda tasvirlangani kabi hali «O‘t bilan o‘ynay» boshlamagan edilar.

Faqat mening xayolimda bu o‘yinni boshlab yuborgandilar.

Xayoliy gulxan atrofida o‘tirgan o‘zbek oydinlari men uchun «etti qo‘zg‘olon» shamoyilida ko‘rina boshlagan edi. (Gulxanni mavzu olgan Rauf Parfining she'ri va bu she'r asosida Omon Aziz yaratgan bir asar ham bor edi. Faqat ularda siyosiy motiv yo‘q edi).

«Ro‘yo» she'ri yozilgandan besh yil so‘ngra, 1988 yilga kelib ro‘yo ro‘yobga chiqdi: milliy tushunchalarimiz yerto‘ladan chiqib, maydonlarda toshdi. Ammo 1980 yillar o‘rtasida rus mustamlakasidan qutulib, mustaqil davlat qurish orzusi hanuz ochiq deklaratsiya shaklini olmagandi, hali ham she'r formatida yashar edi.

Masalan, shu shaklda:

YaNGI JUMLA AXTARIB

So‘zlar biri-biriga boqsin erkinroq,

Yashasin mustaqil Jumhuriyatday,

Bir-birin to‘ldirsin, bo‘lsin Ittifoq,

Har joyda tug‘ilgan bir xil niyatday.

Jipslashsin, jips etsa zamona zayli,

Ammo oliy Belgi etgan hukm-la

O‘rtada had bo‘lsin… Shundan so‘ng, mayli

Jumlai jahonga aylansin jumla!

(1985)

«Valfajr» (1986)

Ammo jumlamiz «jumlai jahonga» aylanguncha biz o‘z she'rlarimizga «paranji» kiydirishga majbur edik. Zamonaviy «She'riyat san'ati» bizdan shuni talab qilardi:

ShYe'RIYaT SAN'ATI

Ayollar yuzidan buyuk inqilob

Sidirib tashlagan paranjilarni,

Afu eting, o‘zimcha ishlatdim shu tob

Yupun so‘zlarimga kiydirdim barin.

«She'ring mavhum», deya qilmangiz piching,

She'r nozik paranji ichida yashar

Uni ham sidirib tashlamoq uchun

Balki lozim bo‘lar yana bir Hashar

(Inqilob)!

1985

Biz kutayotgan «Hashar»ni manglayida qora xoli bor Gorbachyov boshlab berdi va biz she'rlarimizning yuzidan paranjilarni sekin-asta sidirib ola boshladik.

Rauf Parfiga kelsak, u maydonlarda nutq otmasa ham doim biz bilan birga bo‘ldi.

Toshkentdan ayrilgunimcha u bilan aloqamiz kesilmadi.

Kaminani siyosiy rejim «xalq dushmani» deb e'lon qilganida bu «dushman»ni tark etmaslikka jur'at etgan uch-to‘rt do‘stning bittasi edi Rauf Parfi.

Bu «dushman» haqda gapirish tahlikali bo‘lgan yillarda g‘urbatda yurgan bu do‘stini ochiqcha qo‘llab, uni u munosib bo‘lmagan yuksakliklarga ko‘tarishdan qo‘rqmagan mard inson edi.

Rauf Parfi umrining so‘nggigacha romantik bo‘lib qoldi. U bundan uyalmadi, g‘ururlanmadi ham. O‘z tabiatini tashqi sharoitga qarab o‘zgartirishga tirishmadi. O‘ziga bino qo‘ygan jiddiylik unga kulguli ko‘rinardi va ko‘rishi to‘g‘ri edi.

Jadidlardan so‘ng paydo bo‘lgan milliy adabiyot sahrosida rus mustamlakasidan mustaqil bo‘y ko‘rsatgan ilk bitki Rauf Parfi edi. Alloh ruhiga g‘aniy-g‘aniy rahmat aylasin.

(Davomi bor. Imperativ, 2020 yil, Istanbul)

Tag‘in o‘qing
2 sentyabr 2016
Ta'ziyani TRT davlat telekanali namoyish etdi. «O‘zbek Prezidenti Islom Karimov olamdan o‘tdi. Alloh uni rahmatiga olsin. Turkiya Respublikasi o‘zbek ...
9 dekabr 2019
Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi. Muhammad Solih hayoti haqida ...
14 fevral 2018
Turkmaniston prezidentining kuyovi, 28 yoshli Ibabekir Bekdurdiev (Guga) 1 million dollardan ortiq narxdagi qo‘l soatlari taqadi. Ularni taqib, o‘zining ...
16 mart 2022
Namangandagi soliq amaldorlarining korruptsion jinoyatlari haqida mamlakatning eng oliy idoralari rahbarlaridan biri dalil keltirganiga qaramay, ular o‘z faoliyatlarini bamaylixotir ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...