Asosiy mavzular
28 mart 2021

Sattoriyning ishi: Sakkiz mulozim va bitta bloger

Muzrabot mahkamasi sud qilayotgan termizlik 41 yoshli Otabek Sattoriy Mirziyov boshqaruvi davrda qamalgan ilk blogeridir. Sattoriyga qo‘yilgan ayblar jiddiy. Bu ayblar asosida sud uni uzoq yil qamoq jazosiga hukm qilishi mumkin.

Sattoriy joriy yilning 30 yanvarida o‘z uyi darvozasi oldida ushlangan edi. Bu vaqtda u Sherobod dehqon bozori direktori Lochin To‘raev olib kelgan yangi mobil telefonni olib uyiga kirayotgan edi. Bu telefon uchta jinoyatda ayblanayotgan Sattoriy ishida yagona daliliy ashyo sifatida qolmoqda. Sattoriy ta'magirlik¸ haqorat va tuhmat qilishda ayblanmoqda.

Otabek Sattoriy ishidan ko‘zlangan maqsad boshqa blogerlarning ovozini o‘chirish bo‘lishi mumkin. Bu haqda ikki oyga yaqin hibsxonada qolayotgan blogerga tergovchining o‘zi aytgan.

So‘nggi kunlarda Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha o‘tayotgan sud jarayoni jamoatchilikning diqqat markazida turibdi va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Tergov departamentining ma'lum qilishicha, jinoyat ishi tergovi jarayonida Otabek Sattoriy sakkiz mulozimni ularning ishidagi negativ holatni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, bu orqali moddiy manfaat ko‘rib kelganlikda, fuqarolarga Telegram, Facebook, YouTube orqali tuhmat qilish, haqorat qilish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan. 

Avvalo, shov-shuvga sabab bo‘lgan «bozor voqeasi» haqida to‘xtalsak. Otabek Sattoriy chindan ham 2020 yilning dekabr oxirlarida tumandagi barcha bozorlarni Farhod ismli tanishi bilan o‘rganishga chiqqan. 

Prezident Shavkat Mirziyoev 2020 yil 16  oktyabr kungi chiqishida bozordagi narx-navo barqarorligi va xavfsizligi masalasini Bosh prokuratura huzuridagi departamentga topshirgani ortidan blogerning ijro qay darajada ta'minlanayotganini tekshirish istagi bo‘lgan. 

Kuzatish jarayonida yarmarkalar chindan ham barpo etilmagan hamda ularni tashkil etish 2-3 kundan keyin amalga oshirilishi bozor mutasaddilari tomonidan blogerlarga tushuntirilgan. 

Ushbu nizo mushtlashuvga aylanib ketgach, nizoga hokim ham aralashgan hamda ish blogerga buzilgan telefoni o‘rniga yangi telefon olib berishga kelishuv bilan yakunlangan. 

«Chinora gul baraka» MChJ (ya'ni o‘sha bozor) rahbari Lochin To‘raev bu kelishuvga avval rozi bo‘lgan, keyin esa go‘yo qattiq qo‘rqib, uning ustidan ichki ishlar xodimlariga xabar bergan. 

Sud jarayonida esa ushbu bozor oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan emas, balki kiyim-kechak bozori ekani oydinlashgan, biroq unda nega bozor rahbariyatining bu darajada qo‘rqib ketgani no'malum. 

Otabek Sattoriyga qo‘yilayotgan yana bir ayblov uy-joy bilan bog‘liq. Sattoriy Termiz shahridagi Istiqlol ko‘chasida yashagan. Bu hudud 2018 yilda hokim qarori bilan yangi uylar qurilishi sababli buzilishga tushgan. 

«Termiz eko ekspress loyiha» MChJ tomonidan ushbu hududda 4 va 5 qavatli uylar qurilib, 2020 yilning may oyidan sotuvga qo‘yilgan. 

Otabek Sattoriy tomonidan uylar buzilishiga ko‘p qarshiliklar bo‘lgani uchun tuman hokimi Isroil Xudoyberdiev bloger bilan unga 234.835.000 so‘m kompensatsiya to‘lanishi hamda 4-qavatdan 2 ta xonadon berilishiga kelishgan. 

Keyinchalik Otabek fikridan aynib, ikkinchi qavatdan uy olish payiga tushib qoladi, butun muammo esa shundan boshlanadi. Bu iltimosni avvaliga e'tiborsiz qoldirgan hokim blogerning internetdagi tinimsiz chiqishlaridan hadiksirab, ushbu uyni olib bersa, boshqa internetga chiqarmaslik va'dasini olgach, homiylik puli orqali blogerning iltimosini qondiradi. 

Uylar bitib, topshirilishi lozim bo‘lgan vaqtda esa «Termiz eko ekspress loyiha» MChJ rahbari To‘lqin Shopo‘latov Sattoriy tomonidan to‘langan pulning kamligi, biroq blogerdan qo‘rqqani uchungina uyni berishga rozi bo‘lganini iddao qilgan. 

Tadbirkorning blogerdan bunchalik hadiksirashi sababi ham noma'lumligicha qolmoqda. 

Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filialida xodimlar bilan ishlash mutaxassisi lavozimida ishlab kelayotgan Mastona Ahmedova Sattoriyning u bilan yomon aloqada bo‘luvchi hamkasbi Sabohat Ravshanova bilan noxolis intervyu uyushtirgani, nima uchun ikkinchi tomonni eshitmay, bir yoqlama ish olib borganini so‘raganida, blogerdan «u ayol menga pul to‘ladi, gapiga o‘zi javob beradi» qabilida javob olganini va ushbu tahqirli videorolik uning obro‘siga salbiy ta'sir qilganini bildirgan.

FHDYo sohasida faoliyat yuritib kelayotgan Nasiba Norboeva esa Sattoriyning unga nisbatan qilgan tuhmati va internetda yolg‘on ma'lumotlar tarqatishi tufayli ish joyini yo‘qotganini iddao qilgan. 

«Hududgaz» Surxondaryo filialida ishlovchi O‘tkir Turdiev Sattoriy gaz bilan bog‘liq muammolarni tasvirga olib internetga qo‘yib yuborish bilan tahdid qilgani, faqatgina rahbarlarning unga «ataganini» yoki 10.000$ bergandagina bu videolarni chiqarmasligini aytgan.

Xuddi shunday holat Denov tumani gaz ta'minoti bo‘limida ishlovchi haydovchilar Ashur Xudoyqulov va Zokirjon Xursanov ko‘rsatmalarida ham ta'kidlanib, bloger ulardan internetda videolarni chiqarmaslik evaziga 200$ so‘ragani haqida aytishgan. 

Ushbu jinoiy harakatlar bloger tomonidan turli vaqtlarda va bir-biriga yondosh bo‘lmagan soha vakillari bilan sodir bo‘lgan esa-da, endilikda ularning barchasi to‘planishi va Otabek Sattoriyga qarshi birgalikda harakat qilishi hamda blogerning javobgarligini og‘irlashtiruvchi holatlar ko‘payishi shubhali. 

Ayblov xulosasida blogerning avvalgi qilmishlari jazosiz qolib ketgani ta'kidlangan. Biroq nomi yuqorida keltirib o‘tilgan mutasaddilar nega o‘sha vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmagani ochiq qolmoqda. 

Otabek Sattoriy xato va kamchiliklar, qonunbuzarliklar yoritilgan videolavhalari uchun pul talab qilgan bo‘lsa, ulardagi ma'lumotlar chindan ham quruq tuhmat va yolg‘ondan iborat bo‘lsa, nega mulozimlar uning tarqalib ketishidan bunchalik qo‘rqishdi? 

Bloger ko‘targan muammolar yuzasidan asosli dalillar bilan raddiya berish imkoni yo‘qligidanmi yoki bloger tasvirga olgan hodisalar haqiqat ekanidanmi? 

Tuman hamda shahar hokimi ushbu videolar internetga chiqib qolsa, o‘zi egallab turgan lavozimdan ozod qilinishidan qo‘rqqanliklarini bildirgan. 

Hokimning lavozimidan haydalishiga olib keladigan ma'lumotlar internetga joylangan ekan, nega tegishli tashkilotlar ishning bu jihatiga ham e'tibor bermadi? 

Sud jarayonida Otabek Sattoriyga turli bosimlar o‘tkazilgani, uni yupun ahvolda va yuqimli kasallar bilan bir xonada saqlashgani, otasi tomonidan berilgan issiq kiyimlar kiritilmagani haqidagi ma'lumotlar ham ayon bo‘ldi. 

Sattoriyning sudda bildirishicha, tergovchilardan biri unga: «Senlarga katta erk berib yuborishdi. Indamasa, o‘zlaringdan ketib qolyapsanlar. Senlarni so‘z erkinligingdan mahrum qilamiz. Yo‘lingdan qaytmasang, yomon bo‘ladi. Seni deb hamma blogerlarning ovozi o‘chadi», deya dag‘dag‘a qilgan. 

Otabek Sattoriyga nisbatan bunday tazyiqlar o‘tkazishdan maqsad nima? Unga qarshi jinoyat ishi kim tomonidan tashkil qilindi? 

Yuzaga kelayotgan savollar blogerning qamalishi kimlarningdir manfaatiga xizmat qilmasmikin, degan shubhani keltirib chiqarmoqda. 

Tag‘in o‘qing
1 aprel 2024
«Me'morlar keraksiz deb uloqtirgan tosh saroy peshtoqidan o‘rin oldi». Bu gap bir vaqtlar Urganchda yashab o‘tgan rassom Sapo Do‘schon ijodi ...
25 dekabr 2017
Prezidentning parlamentga murojaatini tahlil qilganda, u shu vaqtgacha saroy ichi va atrofida kechgan hokimiyat o‘yinlari haqida to‘liqroq tasavvurga ega ...
30 avgust 2019
Co‘nggi yillarda muzey va galereyalardagi saroy san'atiga muxolif ko‘cha tasviriy san'ati ancha rivoj topdi. Bu san'atni tijoratga aylantirish va ...
14 avgust 2018
«Shifti va devorlari mog‘orlab ketgani bu hujraning qishda zax va sovuq bo‘lganligidan dalolat berib turibdi. Yaxshiyamki, poli yog‘och va ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...