Multimedia
4 aprel 2021

Qo‘yli-4. Mushuk panjasidagi sichqon kabi

Muhtaram o‘quvchi, siz bilan O‘zbekiston g‘arbining olis Drujba shahridagi qozonxona go‘laxi bo‘lgan Qo‘ylining Pokistondagi Peshavor shahrigacha bo‘lgan sargardonligini kuzatdik.

Mana, Qo‘yli Islomobodga ketayotgan tirband avtobus ichida mudrayapti. Mardanda 10 daqiqa to‘xtab olgan avtobus Pokiston poytaxti Islomobodga kirib kelyapti. Pomir va Hindikush tog‘laridan esgan sarin havo Qoraqum jazirasi bilan qo‘shilib subtropik iqlim xosil qilgan bu shahar yam-yashil daraxtlarga burkangan edi.

Nimasi bilandir Vashingtonga o‘xshab ketadigan zamonaviy shahar. Sharq shaharlaridagi kabi qing‘ir-qiyshiq ko‘chalar emas, balki olti qatorli keng asfalt ko‘chalar shaharni shaxmat doskasiga mengzatgan.

Qo‘yli tushgan jiblajibon kabi rang-barang avtobus nomi chiqqan Saidpur kulollari qishlog‘idan o‘tib, chiroqlari charog‘on katta shaharga kirib bordi. Baland binolarda arabcha yozuvlar bilan birgalikda inglizcha reklamalar ham yonib-o‘chib turar edi.

Binolarning birinchi qavatidagi restoranlarning ochiq terrasalarida biryoniy, shomiy kabob yoki karri sousi solingan sog‘ go‘sht tanovul qilayotgan bashang shaharliklar ko‘zga tashlanadi. Yam-yashil maysa va kiparislar bilan qoplangan xiyobonlarda marmar fontanlar otilib turibdi. Odamlar muzqaymoq yoki holva yeb, shahar kezmoqda. Umrida hatto Toshkentga ham bormagan Qo‘yli uchun oq va pushti marmardan yasalgan gulzor shahar o‘ziga xos madaniy shok bo‘ldi.

Qo‘ylining o‘zidan eshitamiz:

“Bir hafta ilgari Panjsher darasidagi ovloq qishloqda mahbusi sho‘ravi edim. Ko‘rganim «kalashnikov» ko‘targan jangarilar bo‘lgandi. Ko‘rganim xo‘rlik, yeganim kaltak edi. Birdan nur kabi oq shaharning musaffo osmoni ostida bemalol muzqaymoq yeyayotgan odamlarni avtobus oynasidan ko‘rib, shok bo‘ldim.

Urushsiz hayotni miyamga sig‘dira olmas edim. Umrimda ilk bor ko‘rayotganim yangi, yaltiroq mashinalar, «Fanta», Koka-kola» reklamalari. Avtobusimiz Islomoboddagi eng katta qassoblik do‘koni oldidagi avtovokzalda to‘xtadi. Hamrohim tushamiz, dedi.

Tushib, taksi olib, muhandislik institutining orqasidagi mehmonxonaga joylashdik. Men umrimda ilk bor xonasida hojatxonasi va dushi bor mehmonxonada tunadim. Peshavordagi mehmonxonada dush yo‘q, hojatxona tashqarida edi. Yana meni hayron qilgan narsa ertalabki nonushta bo‘ldi. Istagancha yeb-ichsa bo‘larkan”.

Qo‘yli yashayotgan “Jasmin” mehmonxonasida Afg‘oniston qo‘mondonlari asirligidan qutqarilgan yana ikki o‘zbek bor edi. Biri asli qashqadaryolik Ibrohim degan hushmuomala yigit, yana birisining ismi G‘ayrat edi. Chorshanba kuni bu uch sobiq asir mehmonxonaning birinchi qavatida to‘planishdi. Ularni pokistonlik yuzi tirtiq odam to‘pladi.

Sobiq asirlar o‘zbek bo‘lsa ham yotsirab, bir-biri bilan gaplashishmasdi. Yuzi tirtiq esa Qo‘yli bilan tojik tilida, Ibrohim bilan pushtun, G‘ayrat bilan esa chala rus tilida gaplashardi. Gaplashish deb ham bo‘lmaydi buni. Shunchaki qisqa buyruqlar berardi. Yana Qo‘ylidan eshitamiz:

“Sohib (yuzi tirtiq pokistonlik) bizni mehmonxona pastida yig‘di. Ro‘zi Nazar og‘a ko‘rinmay qolganidan yuragim g‘ash edi. Sohib bizni mashinaga solib, Germaniyaning Islomoboddagi elchixonasiga olib ketdi.

Sahar bordik. Odamlar navbatga turganini ko‘rdim. Sohib bizga mashinadan tushmanglar, deb tayinladi. O‘zi borib nomer olib keldi. Bir soatlarda navbatimiz yetib, ichkari kirdik. Sohib biz bilan kirdi. Barmoq izlarimizni oldi. Uch varaqli formani to‘ldirdik. Sohib to‘ldirdi, men imzo chekdim. Elchixona binosi ichida umrimda ilk bor nemisning tirigini ko‘rdim.

Nemischa gaplar qulog‘imga chalinib, urush kinolari esimga tushdi. Keyin tashqariga chiqdik. Soat 11 lar edi. Ertalabdan tuz totmagandik. Sohib bu mahallada ovqat qimmat, deb bizni mehmonxonamizga qaytarib olib keldi. O‘sha yerdagi “Parvoz” degan kafeda tovuq bilan guruch edik. Ovqatlarning achchiqligiga o‘rganib qolgandim. Tovuq ustiga kariy deb atalgan sariq qayla solingan edi. Ovqat menyusi ichida non yo‘q edi. Qo‘shimcha chapati non oldim.

Ovqatni non bilan yerdim doimo. Ënimda qashqadaryolik Ibrohim va termizlik G‘ayrat. Indashmaydi. Asli bir millat bo‘lsak ham yot edik bir-birimizga. Yaqindagi olislar edik. Ovqat yeb xonamga chiqdim.

Darvoqe, xonamda televizor bor edi. Televizorni uzoqdan boshqaradigan pultni ilk bor ko‘rgandim. Televizorda kanallar ko‘p bo‘lishini ham endi ko‘rgandim. Shorlovuqdagi televizorimizda 3 ta kanal bor edi. Urganch¸ Toshkent va Moskva.

Zerikib pastga tushdim. Mehmonxonaning birinchi qavatida gazeta o‘qib o‘tirgan yuzi tirtiq sohibni ko‘rib kayfiyatim tushdi. U gazeta o‘qiyotgan bo‘lsa ham tanamda uning sovuq nigohini sezardim. Shisha ko‘zlari bilan hammasini ko‘rib turganini bilardim. Sohib menga hali ham erksiz va asirligimni eslatar edi”.

Hurmatli o‘quvchim, Qo‘ylining Afg‘onistondagi urush zonasidan Pokistonga olib o‘tilishi va uchinchi mamlakatga sayohat qilishi huquqiy jihatdan o‘ta murakkab jarayon. Rasman bu harakat 1949 yil qabul qilingan xarbiy asirlar haqidagi konventsiya asosida, Qizil oy jamiyati tarafidan olib borilgan bo‘lsa ham amalda o‘ta qiyin kechgan.

Bilishimizcha, asirlarni qo‘mondonlardan sotib olishdan tashqari, Afg‘oniston va Pokistondagi o‘nlab mulozimlarga “baxshish” berilgan. Shundan keyin ham bu jarayon silliq ketmagan. Qo‘yliga quloq solamiz:

“Payshanba peshindan keyin Islomobodda idoralar o‘z ishini to‘xtatadi. Juma esa ta'til. Pokiston tashqaridan qaraganda islomiy davlat bo‘lsa ham Afg‘onistondan farq qilar ekan. Mehmonxonaning birinchi qavatida pivo ichgan odamni ham ko‘rdim. Sohibning aytishicha, bu mamlakatda faqat musulmonlar piva ichsa jazolanar ekan.

Xristianlarga bemalol ekan. Jumani mehmonxona orqasidagi machitda o‘qidim. Muhandislik instituti talaba va domlalari edi ko‘pchilik. Domlaga iqtido qilib, el qatori o‘tirib-turib qaytdim. Shanba kuni Qizil oy jamiyatidan uch-to‘rt kishi kelib, mehmonxona ayvonida hujjat to‘ldirtirdi. Bir sidra kiyim olib kelishibdi. Ularning o‘zaro gap so‘zini eshitib, xonqalilarga o‘xshatdim. Keyin bilsam turk ekan bular.

Turklarning xonqalilar kabi gaplashgani men uchun qiziq edi. Shu payt osma patnis ko‘targan choychi bola kelib qoldi. U bola otelning birinchi qavatida yurib tekin choy tarqatadi. Piyola emas, kichik shisha stakanda ichishar ekan. Bu choychilar odamlarni choyning ichishiga qarab qaerdanligini aniqlay olarkan.

Agar kimdir qandni choyga emas, og‘ziga solsa, keyin ustidan choy ichsa, bilingki, u Qarachi portidan. Qizil oy jamiyatidagi yoshullilardan biri kichik taqsimchasiga ikki chaqmoq qand qo‘yilgan bir stakan choyni menga uzatib, “Ol, ich, zavolli qardashim. Iching rohatlansin”, dedi. Top xonqali miratning o‘zi (Xonqali manzirati). Men bunday insoniy munosabatga hanuz o‘rgana olmayotgan edim. Meni ham odam o‘rnida ko‘rib choy taklif qilishlarini hazm qila olmayotgan edim.

 Taraddudda turganimni ko‘rib, orqamdagi shisha ko‘z sohib stakandagi choyni turkning qo‘lidan tez olib, menga tutqazdi. “Vaqte ki shumo medihed, onro gired. Choy xub ast. Ammo vay garm ast”, dedi shishako‘z sohib. Bu gapda «haddingni bil, qul», degan dakki hidi kelardi. Sohibning aytishicha, Bonn shahridan faks kelsa, elchixona viza urib berar ekan. Yaqinda bir hafta bo‘ladi, vizadan darak yo‘q”.

Muhtaram o‘quvchi, Qo‘ylining Islomoboddagi mehmonxonada viza kutib, 10 kundan ziyod  vaqt qolib ketgani bilan bog‘liq tafsilotlarni tashlab ketamiz. Xullas, umrida kukuruz samalyotga ham minmagan Qo‘yli ustiga “Lyuftganza” deb yozilgan yaltiroq uchoq chiptasini qo‘liga oldi:

“Payshanba kuni sohib uchalamizni ham pastga chaqirdi. Pastda esa shuncha kun bo‘ldi ko‘rmaganim Ro‘zi Nazar og‘a turardi. Yana ham salobatli, to‘q ko‘k yaltiroq kostyum-shim. Loklangan tufli. Oltin nuqtalari bor galstuk. Qo‘lidagi qimmat soatlari yaltiraydi. Ëshulli bizlarga qarab, “Sabr qilsangiz, g‘o‘radan halvo bitar. Endi sizlarni men o‘zim bilan Olmoniyaga olib ketaman, ukalar”, deb uchta chipta turgan qo‘lini osmonga ko‘tardi.

Gapning to‘g‘risi, biz uchalamiz ham xo‘mraygancha margimush bo‘lib turaverdik. Urra deb boshimizdagi afg‘on qalpoqni osmonga otib sakramadik. Yugurib borib, Ro‘zi Nazar yoshullini borib quchoqlamadik. Turaverdik shumshayib.

Zotan bo‘layotgan voqealar bizning irodamizdan tashqarida edi. Masalan, men asirlikdan qochishni o‘ylaganim ham yo‘q. Agar Ro‘zi Nazar bo‘lmaganida umr bo‘yi tosh tashib yuraverardim. Yuzi tirtiq sohib, “Sizlar “Lyuftganza”da ucharkansizlar, deb havaslanganini ham tushunmadim. Nima u “Lyuftganza”? Shuur karaxt edi. Faqat Ro‘zi Nazar yoshulli yuzidagi sevinchni ko‘rib, har holda yomonlik yo‘q bo‘lsa kerak, deb o‘yladim”.

1984 yili G‘arbiy Berlinga Islomoboddan to‘g‘ri samolyot uchmasdi. Istanbulgacha uchib, keyin Berlinga uchilardi. Berlin to‘rt tarafi kommunistik rejimlar bilan o‘ralgan orol edi. Islomobod bilan Berlin orasi 6 ming kilometr. Hozir uni samolyot 6 soatda bosib o‘tadi. Ammo u vaqtda vaziyat bir oz qiyin edi. Qo‘ylining qanday qilib Islomobod aeroportiga olib borilgani¸ chegarada bir oz ushlanib, ozgina muammo bo‘lgani kabi tafsilotlarni sakrab o‘tamiz.

Demak, Islomobod aeroportidan fil xartumi kabi uzangan yo‘lakdan Qo‘yli ketyapti «Boing» samolyotiga qarab. Drujbada ekanida u paxtaning bargini to‘kish uchun defoliatsiya qiladigan «AN» degan samolyotni uzoqdan ko‘rgandi.

Drujba, Hazorasp, Termiz, Panjsher, Peshavor va Islomobod yo‘llarida sarson-sargardon yurgan Qo‘ylini bu uchoq boshqa bir dunyoga olib ketayotgandi. Aeroport bilan samolyotni bog‘lagan xartum misli arosat ustiga qurilgan pulisirot kabi edi. Undan o‘tsangiz sizni rafoq, tinchlik va huzur-halovat kutadi. Qo‘ylini eshitaylik:

“Samolyotning ichiga kirayotganda styuardessalar tabassum qildi. Bittasi qo‘lida la'li tutib turibdi. Ichi to‘la so‘roq konfet. Kichkina vaqtimda Hazorasp bozoriga borganda onam so‘roq konfet olib berar edi. Yaxshi ko‘raman so‘roq konfetni. Birinchi marta ichimda sevinish hissi bor edi.

Bir dona so‘roq konfetni olsam, ko‘proq olavering, deganday nigohni ko‘rdim. Samolyot uchganida quloq tiqilarkan. Shunda yutinsang, qulog‘ing ochilar ekan. Samolyotning ichiga kirdim. Oynaning yonidagi joyga joylashib o‘tirdim. Eshiklar yopildi. Motor guvillagani eshitildi. Lekin samolyot o‘rnidan qo‘zg‘almadi. Oynadan qarasam, bir zirhli harbiy mashina katta tezlikda bizga qarab kelar edi. Bunday mashinada «spetsnaz» bo‘lishini bilaman. Aeroport bilan samolyotni ulagan xartum ajralgan edi.

Harbiy jip samolyotning yoniga kelib to‘xtadi. Zina mashina keltirishdi. Samolyotning motori o‘chdi. Eshik ochildi. Tish-tirnog‘igacha qurollangan niqobli «spetsnaz» askarlar samolyot saloniga yopirilib kirib, hammaning yuziga bir-bir qarayo boshlashdi.

Ularning qo‘lida bir fotosurat bor edi. So‘roq konfet olganimda qanday sevingan bo‘lsam, bu askarlarni ko‘rib shuncha qo‘rqdim. Niqobli askar qo‘li bilan boshimni tutib o‘ziga qaratdi va baland ovoz bilan pushtun tilida boshqa bir harbiyni chaqirdi. Men mushuk qo‘lidagi sichqon kabi mute va nochor qiyofada o‘tirardim…

(Boshi oldingi sahifalarda. Davomi bor)

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
16 noyabr 2023
14 noyabr kuni Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tizimda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan nuqt ...
8 iyun 2016
O‘zbek telekanallaridan ko‘rib bildikki, sportda ham yutuqlarimizning son-sanog‘i yo‘q ekan. Telekanallarning bu sohaga e'tibori ham zo‘r. Axir sportimiz erishayotgan ...
7 avgust 2020
Uzoq ko‘rmagan va siz uchun aziz bo‘lgan yaqiningiz eshikni qoqmasdan ochib kirib, qarshingizdagi stulga kelib o‘tirdi. Siz unga qaraysiz, ...
21 dekabr 2022
Yuqoridagi Sardordan, albattaki, O‘zbekistondagi boshqaruvni qasd etdik. O‘zbek ham, turkman ham – asli avtoritar davlatlar.Masalan, amerikaliklar uchun hamma “-iston” ...
Bloglar
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...