Asosiy mavzular
5 aprel 2021

Shar'iy nikohdagi xotinini o‘z ukasi bilan baham ko‘rgan er

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro Yaxshigul Jumaeva (ismi o‘zgartirilgan) shar'iy nikohdagi eri o‘z tug‘ishgan ukasi bilan uni jinsiy aloqa qilishga majburlab kelganini bildirdi.

“Effect.uz” ayolning murojaati asosida tayyorlagan materialda ayol 2020 yilda shar'iy nikohdan o‘tgani, ammo turmush o‘rtog‘i va qayin ukasi uni muntazam kaltaklab va zo‘rlab kelgani aytiladi.

“2020 yil 29 avgust, karantin paytida o‘zimga avvaldan tanish bo‘lgan, Jarqo‘rg‘on tumani “Qumqishloq” mahallasida yashovchi Yusuf Ahmedovga (ismi o‘zgartirilgan) turmushga chiqdim. Menga ertasi kuniyoq ayovsiz kaltaklar bilan bosim boshlandi.

Turmush o‘rtog‘im menda ko‘ngli yo‘qligini, ota–onasining qistovi bilan uylanganini, o‘zi yashab yurgan ayoli borligini aytdi. 31 avgust kuni erim va uning 1991 yilda tug‘ilgan ukasi Sodiq Ahmedov (ismi o‘zgartirilgan) xonamga kirib, ikkalasining ham jinsiy ehtiyojini qondirishim kerakligini, bo‘lmasa bu xonadonda yashashga qo‘ymasligimni aytishdi. 

Tabiiyki, men rozi bo‘lmadim, uyga ketmoqchi bo‘lganimda oldin sudlanganligini aytib, dadam va ikki jiyanimni o‘rtaga qo‘shib tahdid qilishdi”, deydi Yaxshigul Jumaeva.

Uning ta'kidlashicha, Xalq bankining Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limida yurist bo‘lib ishlaydigan eri ukasi bilan birga talablariga rozi bo‘lmagan ayolni qattiq kaltaklab kelgan. 

“Qochib ketmoqchi bo‘lganimda qo‘limning vena tomirini kesib tashlashdi. Ular meni muntazam zo‘rlab kelishar edi. Muntazam kaltaklar hamda zo‘ravonliklar oqibatida ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qoldim.

Hatto jismoniy va ruhiy bosimlar ortidan 10 haftalik egizak homilam ham nobud bo‘ldi. Uydan qochmoqchi bo‘lganimda ovsinim Guli Ahmedova (ismi o‘zgartirilgan) meni ushlab berardi. 

Kuniga 3-4 marta jinsiy aloqada bo‘lmasam, kaltaklar tagida qolardim. Buning oqibatida qorachig‘im oqib ketib, bitta ko‘zim ham ko‘rmay qoldi. Qo‘rqqanimdan hech kimga murojaat qila olmadim. Agar murojaat qilsang o‘ldiramiz, deb tahdid qilishardi”, deydi “Effect.uz”ga Yaxshigul Jumaeva.

Uning bildirishicha, qaynotasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining Termiz shahri bo‘limida ishlaydi. Bir safar qayin ukasi uni zo‘rlamoqchi bo‘lganida qarshilik ko‘rsatganidan so‘ng bu voqeadan qaynota-qaynonasi ham xabar topgan.

U turmush o‘rtog‘i va qayin ukasining kaltaklaridan so‘ng hushsiz holda shifoxonaga tushib qolgani haqida gapirar ekan, qayin singillari qasddan “u sirka (uksus) ichdi”, deb shifokorga yolg‘on so‘zlashganini aytadi.

Ammo bu yolg‘on o‘z isbotini topmagan. Ma'lum bo‘lishicha, qayin singillari vrachlarda shubha uyg‘onmasligi uchun uning ustiga atayin sirka sepib qo‘ygan ekan

“To‘yib ketganim tufayli 2021 yil 6 yanvar kuni o‘zimni osish darajasigacha borganman. Buni ko‘rib qolgan qayin ukam meni 3 kun suvsiz, ovqatsiz qamab qo‘ygan. Kun o‘tgani sari menga nisbatan bosimlar davom etardi… 

Itdan battar azoblandim. Ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlarini istayman”, deydi Yaxshigul Jumaeva “Effect.uz”ga qilgan murojaatida. 

“Mazkur holat bo‘yicha tegishli tashkilotlar tezkorlik bilan surishtiruv ishlarini olib borishlari va videomurojaatda keltirilgan iddaolar bo‘yicha xolis va shaffof tekshiruv o‘tkazishlari shart bo‘ladi. 

Aks holda o‘z xotinini ukasiga “turgazib” bergan hamiyati yo‘q erkaklar ertaga bizning yaqinlarimizga ham tashlanib qolishi mumkin. Bu jamiyat esa bunday iflosgarchilikni ko‘tara olmaydi, KO‘TARMAYDI”, deb yakunlanadi maqola.

Tag‘in o‘qing
5 may 2017
Andijonda maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida «dovuchcha biznesi» avj oldi. Shahardagi maktablarning birida o‘qiydigan 7-sinf o‘quvchisi Saidning aytishicha, ularning maktabida ...
10 aprel 2020
Har yili 10 aprel kuni o‘tadigan bu bayramning mohiyati fashizmga, diktaturaga bo‘ycunmaslik, tinch norozilik aktsiyalari, sabotaj, ba'zan esa qurolli ...
10 noyabr 2017
Bu yil O‘zbekistonda majburiy terimchilar – pedagog, tibbiyot xodimlari va boshqa turli kasblardagi byudjet va xo‘jalik korxonalari xizmatchilari paxta ...
6 aprel 2023
Nega bugun? Nega hozir pedofillik haqida gapirilmoqda? Tabiatan fitna nazariyasiga moyil odamlar pedofil mulozimlar qoralanishi ortida ham yomonlik ko‘rishmoqda.  ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...