Soliqchilar taniqli deputatni sudga berdi
Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboevni sudga berdi.
Qo‘mitaning shu haqdagi rasmiy bayonotida bildirilishicha, bunga deputatning «HUMAN UZ» axborot portalidagi “So‘z blogerlarga” ko‘rsatuvining 2021 yil 23 fevraldagi sonida aytgan «haqoratomuz so‘zlari» sabab bo‘lgan.
Ushbu ko‘rsatuvda Rasul Kusherboev aytgan bir necha so‘zlar, xususan, «…soliq organlari… tadbirkorni aybdor deb topishim kerak degan printsipda ishlayapti…”, degan jumlalari haqorat sifatida talqin qilinmoqda.
«U ushbu xatti-harakatlari orqali soliq organlari xodimlarining ishchanlik obro‘siga putur yetkazgan», deyiladi DSQ bayonotida.
Qo‘mita deputat shu gap-so‘zlariga «OAV orqali raddiya berishi va kechirim so‘rashi lozimligi»ni ta'kidlab, bu xatti-harakatlari bilan u soliq organlariga 4,6 mlrd. so‘m miqdorida ma'naviy zarar yetkazganini iddao qiladi.
Qo‘mita ma'naviy zarar undirilgach, mablag‘ “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga o‘tkazilishini ma'lum qilgan.