Asosiy mavzular
20 oktyabr 2023

«Keyingi bekat Pekin…» – RTdan va'z

Bu ne kundir, atrofingga boqsang sekin,

U ham kerak, sen ham kerak, men ham kerak.

Barchamizni davrasiga to‘plab, lekin

Bir o‘tirib o‘ylaydigan odam kerak.

MS: Og‘o, sheer o‘qidingizmi. Avtori kim.

RT: Avtori Abdulla Aripov

MS: Ibi, onovi birtlas Bosh vazir shoirmi xali.

RT: Yo‘q Abdulla Oripov O‘zbekistonda tug‘ilib Amerikada o‘lgan ulug‘ shoir.

MS: Ha, shunnin dang oxir. Manam Sarapoyanda do‘g‘ildim. Xoynaxoy Meksikada o‘lsam garak. Krokodil yep. Lekin manam timmittin sherlani yozaman.

RT: Qani o‘qichi, Matchon Suqilish.

MS: Labingdan bo‘lsa olsom, olo kishtak rotoollo.

RT: Matchonvoy bo‘lsa emas bo‘sa deyiladi. Sen bunday bo‘lsa bo‘lmasa gaplarni qo‘yib tuzukroq she'r yoz.

MS: Ina asa. Uchak uchaka boqadi. Aldinnan solmo oqodi. Goz idorodo bir qiz bo. Boy boy jonimni yoqodi.

RT: Matchonboy, bu she'ring Tarozdagi tilanchilarning nolishiga o‘xshar ekan.                                

Kecha Mang‘itdan Taroz (Qozog‘iston)ga borib taksichilik qilayotgan amaki bilan gaplashdim. Taroz O‘zbekistondan yaxshi dedi. Nega yaxshi desam Tarozdagi soliqchi va politsiya bu amakini nazariga ilib, dolya so‘ramas ekan. «O‘zbekistonda tilanchidan ham soliq bilan milisa dolya oladi» deydi.

Mana Toshkent aeroport tamojniysidagi piplas bittasi qanaqa qib eldoshlarini qaqshatishini oshnasiga maqtanib yozyapti. Sergeli sudi ham bu qaqshatish jarayonida sherik ekan bu pplosga. Dunyoda bo‘ri bo‘rini tishlamaydi, ilon ilonni chaqmaydi, lekigin o‘zbek-o‘zbekni qaqshatadi. Qaqshatib pulini oldim deb oshnasiga maqtanib yozadi. Qurilishdan mix uxlatdim deb maqtanadi. Palonchini kiydirdim deb xotiniga gapirib o‘tiradi. Bir bechora kirakashning uloviga o‘tirib pul  bermay survoradi. Oylik ogan kuning qarz so‘rab keladi. Qarzzi qaytar desang, senga bolasini urushda o‘ldirgan nemisday qaraydi. Gapning qisqasi gadoning dushmani gado emas, balki o‘zbekning dushmani o‘zbek bo‘pqopti. Lekin farqi nima? Yozib qo‘yibdiyu pasportiga qashshaq, gaday, fuqaro deb.

MS: Ishitdingizmi, Toshkentda yashiydo‘nlani soni uch millionnan oshibdi.

RT: Bu yaxshi! Ismi tosh bo‘lsa ham bu shaxarning bag‘ri tosh emas.

Odam sotsial maxluq. Asotsial emas.

Odamga odam kerak. Hech bo‘lmaganda achchiq qahva ichish uchun bitta finjondan.

Odamga odam kerak.

Xol ahvol so‘rash uchun yelkasiga qoqib.

Shunchaki tabassum qilib qarash uchun.

Odamga odam kerak.

Zerikkanda  qo‘ng‘iroq qilib gaplashish uchun.

«Mehmon kech bo‘ldi, biznikida yotib qoling» deya oladigan odam. Odamga odam kerak.

Qo‘shni, yor-do‘st yoki shunchaki tanish.

«Yo‘talayapsiz¸ shamolladingizmi, menda limon bor ortiqcha, zanjafilli choy bor issiqqina termosda» deb aytganda, jilmayish uchun.

Odamga odam kerak.

«Ko‘chada yomg‘ir yog‘yapti, shu zontikni oling, qaytarish shartmas» deb aytmoq uchun.

O‘choqda bir dona o‘tinning yonishi qiyin. Ikki o‘tin yaxshi yonadi. Odamga odam kerakligini, yolg‘iz odam baxti qaro ekanligini Jumavoyni ko‘rib sevingan Robin o‘g‘lidan so‘ra.

Shunchaki sasini eshitish uchun odamga odam kerak.

Baxt uchun.

MS: Lekin toshkentlilara odam garak emas. Vulo viloyatlilani odam o‘nninda go‘rmiydi.

Lost Generation

Diplomli zamondoshlardan biri «xolokost» nima deb so‘rabdi. Bu savolni ichim zirqirab o‘qidim. O‘zbek oliy o‘quv yurtlarini bitirganlarning afsonaviy darajada savodsiz va tamaddun tarixidan mutlaqo bexabar ekanligidan yana bir bora o‘kindim.

Karimov davrida Karimov kitoblarini o‘qib diplomli bo‘lgan «yo‘qotilgan avlod» bu.

Yo‘qotilgan avlod (Lost Generation) termini 1890 yildan 1918 yilgacha yashagan va urush bois ilmu irfonsiz qolganlarga aytilgich edi.

Ammo O‘zbekistonda urush bo‘lmadiku. Bu qadar savodsizlik sababi nima.

Nega «Olim olma ol» deb yoza olmaydigan, sanashni bilmaydigan joxillar galasi diplom ko‘tarib yuribdi?

Bularga ta'lim berish yana Rassom Tuz zimmasiga tushdi.

Xolokost qadim yunon so‘zi bo‘lib «yoppasiga qirib tashash» degan  ma'noni beradi.

Bugungi O‘zbekiston zaminiga qadimda kelgan, arab va mo‘g‘ul bosqinchilari axolini yoppasiga qirgan. Kutubxonalarni yoqib, bilimi borlarni o‘ldirishgan.

Siyosiy lug‘atda xolokost kalimasi asosan yahudiylarga nisbatan ishlatiladi. Lekin lo‘lilar ham xolokost va genotsid qurboni deya rasman aytiladi. 

Tor ma'noda xolokost Germaniyada yashagan yaxudiylarni  1933 yildan to 1945 yilgacha ommaviy qirg‘in qilinganligini anglatadi.

Oriylik ideyasi, ya'ni biz boshqa millatdan ustunmiz, degan g‘oya bois nemis fashistlari o‘z nazarida «past» bo‘lgan yaxudiylarni qirib tashashgan. (Forslarda va Tojikistondagi ultramillatchilar orasida oriylik iddaosi bugun ham uchraydi)

Irqchilik, etnik tozalash  va antisemitizm aybi bilan Adolf Gitler, German Gering va boshqalar ayblangan.

Aynan Gitlerning irqchiligi bois kamida olti million yaxudiy va bir yarim million lo‘li o‘choqlarda yoqilgan.

Buni inkor qilish va irqchilikni oshkora qo‘llash aksar dunyoda ta'qib qilinib jinoyat deya malakalanadi. 

Tarmoqda Gitlerni maqtab, xolokostni oqlab o‘tirgan dindorlar ham monitoring qilinayotganini aytib qo‘yishim zarur.

 (Monitoring barcha tillar bo‘yicha olib borilmoqda. O‘zbekcha yozdim, hech kim tushunmaydi degan davr o‘tib ketgan)

Allaqachon, Germaniyada o‘qiyotgan o‘zbek studentlaridan ba'zilari bunday chiqishlari uchun maxsus idora nazoratiga olingan.

Rasmdagi qiz Leyptsigdagi lo‘li Yoxanna Shmidt.

Uni faqat lo‘li bo‘lgani uchun irqchi doktor Yozef Mengel qiynoqqa solgan.

Xo‘sh «taqvosi oshib ketganlar» javob beringchi, Yohanna Shmidtning nima aybi bor edi? Fashist Germaniyasi tuprog‘ida lo‘li bo‘lib tug‘ilganimi?

Paradoks

Agar O‘zbekistondagi eng katta bozorga to‘plangan odamlar fikrini kollektiv ong o‘laroq bir yerga jamlasak mana bunday yagona manzara xosil bo‘ladi.

1. SSSR davri yaxshi bo‘lgan. Mo‘l ko‘lchilik bo‘lgan. (Xolbuki aynan SSSR davrida millionlab odamlar ochlikdan o‘lgan)

2. Mustaqillik yomon.

3. Karimov yaxshi. Chunki u mustaqillik uchun kurashgan va qattiqqo‘l bo‘lgan.

4. Putin yaxshi. Chunki u SSSRni qayta tiklamoqchi.

5. Rossiya bo‘lmasa o‘zbeklar ochdan o‘ladi.

6. Ukraina yomon. Zelenskiy xoin.

7. NATO yomon.

8. AQShda geylar yashaydi va u yomon.

9. Bayden yomon.

10. Zelenskiy yomon.

11. Gitler yaxshi.

12. Yaxudiylar yosh bolalarni o‘ldirib qonini ichadi.

13. XAMAS terrorchilari  yaxshi.

14.  Tolibon yaxshi

15. IShID yaxshi.

16. Grinkard yaxshi

17. Salim o‘g‘ri yaxshi

18. Palonchi imom yaxshi

19. Gulnora yaxshi. Nima qipti o‘g‘irlagan bo‘lsa. Menam o‘g‘irlardim o‘rnida bo‘lsam.

(Qolganini siz yozing)

MS: Hammasinnan rassom Tuzni yozg‘onlari yoxshi. Xoto yozsa o‘zina yomon, man yozmosomom bo‘lavaradi Duz og‘a.

RT: Endi bu olomonning katta yoshdagilari kirillda mingta xato bilan yozadi. Ëshroqlari esa lotinda xato yozadi. Bir varaq matnda to‘rtta xato qilinsa, ikki qo‘yish sistemasidan kelib chiqib ular diktantdan minus bir oladi. Fizika, biologiya, ximiya va oddiy maktabning to‘rtinchi sinf o‘quvchisi hech bo‘lmaganda uchga bilishi kerak bo‘lgan darajada bilimga ega emas.

O‘zi o‘rischa bilmasa ham, sal narsaga shallaqilik qilib «Yeban» «Pedarast» kabi o‘rischa so‘kishlarni yoki buvingni (regioniga qarab, onangni, momongni, singlingni, opachangni) so‘kay deb har gapni orasida so‘kishni odat qilgan. Toshkenliklar uchun «Jalab» so‘z yasovchi va bog‘lovchi birikmaga aylangan.

Fitna nazariyasi. Bo‘lmagan gaplarni aytish va ularga ishonishga moyillik. Er o‘z xotinini, xotin esa erini va barcha bir-birining gapini yashirincha yozib olib, skrin qilib yuradi. Chunki ular nazarida barcha ikki oyoqlilar dushman.

Siyosiy jihatdan Rossiya propagandasi va Yaqin Sharqdagi diniy terror markazlari targ‘iboti bois ularning miyasi yuz foiz falajlangan.

Shu bois x minutda yo «Shariat o‘rnatish uchun» yoki «SSSRni tiklash» uchun «o‘zini fido qilishga» ruxan xozir.

Ayni paytda maksimum qo‘rqoq. Pogonli yoki lavozimli odamning yuziga tik qaray olmaydi.

Har kuni ikki narsa haqida o‘ylaydi.

1. Grin kardga yutuq chiqadimi?  2. Uyimni (mashina yoki oltin isirg‘a) sotsam cherez Meksika AQShga bora olamanmi?

Xullas plyus minus shu manzara. Paradoks shuki, mabodo bozorni emas O‘zbekiston  Fanlar akademiyasi majlislar zaliga to‘planganlar kollektiv aqlini analiz qilsangiz ham taxminan shunga yaqin manzara xosil bo‘ladi.

Ko‘proq yeyish, tualetda uzoqroq o‘tirish va uxlash, seks, ishlamasdan tekin pul kelishini o‘ylash, xasad va absolyut savodsizlik.

Ximiya zavodi chiqindilaridan tarkib topgan tuproqda hech narsa o‘smagani kabi bu zaminga tashlangan har qanday urug‘ chirib ketadi.

Paradoks shu!

Yaqinda o‘nta kitob chiqargan shairka bilan gaplashganimda «avantyura» degan so‘zni ishlatgandim. O‘shanda bu shairka «avantyura nima» deb so‘rovdi. Bu shairka bu tekstni o‘qib «paradoks nima» deb so‘rashi tayin.

Paradoks bu umum avomning mushtarak fikridan tom farq qiladigan fikr.

Nega jurnalist yo‘q?

Eltuz ochilganidan beri o‘tkan 8 yil mobaynida «ishga olay» deb jurnalist qidiraman.

Jurnalist yo‘q. Jurfakni tugatib, diplom olganlar bor.

Ularni «proba» rejimida bir oy ishlatib ko‘rganimdan keyin arqon olib o‘zimni osgim keladi.

Matn yozish, jumla tuzishni bilishmaydi. Sarlavha nima, lid nima, habari yo‘q.

«Fakt cheking» desam «astofurullo» deya «ox chekadi».

Jurfakda nimani o‘qiding desam. «Abu Muslim sohibi qironning gurziyu muboragi necha botmon ekanini o‘qidim» deydi. «Besh yil tasbeh o‘girib, soqol sunnatligi va g‘ar xotinlarning rajm qilishlikda qo‘llaniladigan tosh razmerini o‘rgandim» deydi.

RT: Idlibda beliga bomba baylab, o‘zini o‘ldirgan ham Shomdagi sallotlarga seks xizmat ko‘rsatgan ham o‘zbek jurfagi yoki filfagini bitirgan.

Al Ahzardan ham buncha qadimchi rijol jangari chiqmagan.

Toshkendagi  jurfakni xatm qilgan mardum zoti yo mulla, yo shig‘irchi bo‘lishi davno vojib amalga aylangan.

Ba'zan ham shig‘irchi, ham mulla yoki otin oyi chiqadi bu fakultetdan. Lekin zinxor jurnalist chiqmaydi. Ehson uxlatuvchi, shantajchi, tuxmat yoki peshindan keyin barmog‘iga qarab «maqola yozadurg‘on» bemaza bo‘bik so‘biklar chig‘adi xolos.

Odam avtobusga chiqayotganida nomeriga qaraydi. Bu avtobus Oqtepaga boradimi yoki Labzakkami? Beshariqqami yoki Oltiariqami?

Oddiy yo‘lovchi ham qaerga ketayotganini o‘ylaydi. Ammo bular jurfakka kirib «nega ibn taymiyani o‘qitmaysan, nega mallimlar ro‘mol o‘ramaydi» deb prava kachat qiladi.

Ey mardak. Sen mulla bo‘moqchi bo‘lsang bor ana, Hayraton ko‘prigidan o‘tib, bir ostanovka yursang soqoli bir metrlik eshonbovo seni tagiga bosib, ustingda ishlab, mulla mingan eshshakdek qilib qo‘yadi. Erkak bo‘sangam ikkqat qiladi seni.

Nima qilasan davlatning resursini sarflab.

O‘zi jurfak bilan filfak «qoriya kelin bozori»ga ham aylangan.

Universitet otdel kadri allaqachon sovchilik firmasiga aylangan.

Tiktirgan bo‘lsayam ro‘moli bor qizlar savdoga qo‘yiladigan ot bozori.

Bitta zulpiyachi qizni bo‘lg‘usi rassom deb ko‘tar-ko‘tar qilishdi. Davlat granti berilib rassomlikka o‘qidi. Institutning beshinchi kursiga kelganida bu qiz «rassomlik xorom ekan. Men qoriya» bo‘laman deb, cherez Misr qilib ashag‘larga ketib qoldi.

Yaxshiyam «Mexr» operatsiyasi bor ekan, qolg‘an qutgan seks jixodchi xotin xalajga qo‘shib uchoqda «apkeb qo‘yishdi»

Mayli nima go‘r bo‘lsang bo‘laver. Ammo davlatning resurslarini uvol qima. Bitta jurfakni bitirgan rijol alfons muxa Pragadagi salafiy majsidida o‘tirardi tasbex o‘girib, yaxudiylarning go‘riga g‘isht qalab

Go‘rga g‘isht qalash uchun illo jurnalistika fakultetini bitirish kerak, deb kim aytdi?

Shu o‘rinda Toshkentdagi jurnalistika fakulteti rahbari Sherzodbekdan iltimosli rijomiz bor.

Shu fakultetda tasbex o‘girib, qarg‘anib o‘tirgan rijol va qoriyalarni bir avtobus qilib Hayratondan o‘tkazib tashab kelsin.

Ko‘piga qo‘shilsin ular.

Bu dargohda jurnalist bo‘lishni istaganlar qolsin. Chunki jamiyatga jurnalist kerak. Imomberdiyu, mullabachcha nomli parazitlar to‘dasi emas.

Allamjonov nega aybdor emas?

Jinoyatchini himoya qilmagani uchun Allamjonovga malomat qila olmaymiz!!!

Eltuz mualliflaridan biri «Nega Allamjonov qamalgan blogerlarni himoya qilmadi» deya ritorik savol qo‘ydi.

Bu savolni jurnalistlarni himoya qiladigan xalqaro tashkilotlar nega bu «blogerlarni» himoya qilmadi deb ham qo‘ysa ham bo‘ladi.

Chunki pul evaziga atay deza maqola yozish, shantaj, tuxmat va toqatsizlik targ‘ibotini jurnalistikaga aloqasi yo‘qligini xalqaro tashkilotlar ko‘rib bilib turibdi.

Bu xolatning jurnalistika va so‘z erkinligini cheklash emasligini Komil Allamjonov chet el tashkilotlaridan ham yaxshiroq va detalli biladi.

Nima uchun «Chikotillani» himoya qilmading degan savol doimo ritorik bo‘lib qolaveradi.

Men Daliev komandasi yaratgan shantaj zavodining «Stop tarif» degan elevatori qanday ishlaganini birma-bir o‘qib chiqdim.

Bu shantaj. Tuxmat. Qaroqchilik va talonchilik. Zinxor jurnalistika emas.

«Yetmish ming dollar emas, ellik ming bering» deb o‘z qaxramoni yoqasidan olgan Abduqodirning ishi ham shantaj.

Ular bu ishni AQShda qilsa balki o‘n marta ko‘proq srok olgan bo‘lardi.

Eltuzdagi turfa fikrlilikni hurmat qilgan holda shuni aytamanki, Allamjonov sud tarafidan jinoyatchi deb topilgan va jurnalistikani chayqovchilik va tujjorlikka aylantirib so‘z erkinligi tushunchasini bulg‘agan kaslarni himoya qilmay, juda to‘g‘ri qilgan.

Qora mushukni yuvsangiz ham oqarmaydi.

Terak haqida

Shamol bo‘lmasa ham terakning uchi qimirlaydi.

Kichikroq terakni kesib tuvakka o‘tkazib shamol esmaydigan joyga, masalan bino ichiga qo‘yib kuzating. Kamera qo‘ysangiz ham bo‘ladi.

Terakning uchi  taxminan bir necha santimetrga borib kelib turadi.

Har qanday baland jism, bino, ko‘prik yoki minorada qimirlab turish apmlitudasi bo‘ladi.

Shuni hisobga olib bu inshootlarga elastik unsurlar o‘rnatiladi.

Bu endi ilm. Cho‘pchak yoki qahva quyqasiga qarab pol ochish emas.

Agar ko‘prik quruvchi injenerlar aniq hisob kitob va o‘lchov o‘rniga konspirologiya, fitna nazariyasi, gumon va fobiyalar bilan ishlasa bu ko‘prik allaqachon ontarilib ketgan bo‘lardi.

Afsuski, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari aniq fakt va isbotlar qolib faraz, gumon va taxminlardan iborat matnlarni ham yozishadi.

Asosan uchinchi dunyoning cheap mediasiga xos qusur bu.

Hatto Al Jazira ham allaqachon Bi Bi Si tamoyilida ishlab, ishonch reputatsiyasi bayroqdoriga aylandi.

Ishonchli reputatsiya o‘z-o‘zidan shakllanmaydi. Bu uzoq muddat mobaynidagi mashaqqatli mehnat samarasi.

Bu reputatsiyaga ega nashrlar (masalan Bi Bi Si) har bir yozgan jumlasi uchun kamida bir vagon isbot, dalil, foto yoki hujjatlar keltira oladi.

«Tushimda ko‘rdim», «Oysha xola aytdi», «Ichimdan sezyapman» degan fintlarni o‘ziga ep ko‘rmaydi bunday nashrlar.

Nafaqat obro‘li nashrlar balki mundayroq matbuot ham isbot dalil bilan ishlaydi.

Jek Londonning «Uch qalb» romanida bir personaj bor. Uning nomi «Sir sotuvchi». Aslida u sirni emas isbot va dalillarni sotadi. Isbot va dalilsiz gap bu shunchaki diydiyo.

Kimdir «Allamjonov prezident bo‘laman deb aytdi» deb yozishi mumkin. Lekin bunga isbot ham ilova qilish kerak.

Audio va video degandek….

Afsus qilinadigan yana bir joyi shuki, keyingi 30 yilda prezidentlik lavozimi sakral (oddiy odam nazar solib suqlanishi taqiqlangan) qudsollik kasb qildi.

Faqat amaldagi odam umrbod bu lavozimda qolishi kerak degan maxfiy kod joriy qilinganday go‘yo.

Agar kimdir «prezident bo‘laman» desa uni dushman sifatida ko‘rib ur kaltak qilinadi. Qo‘shiqchi Jahongir misolida ko‘rdik buni. Oldinroq Karimov davrida bankir Rustam Usmonov «prezident ambitsiyasi borligi uchun» o‘ta uzoq muddatga qamalgan edi.

Hozir yana shu usul ish beradi «Kursiga ko‘z tikkan ayag‘idan osiladi» degan umidda «palonchi prezident bo‘laman» degan so‘zni ishlatdi deb strelka ko‘rsatilmoqda.

Ammo mo‘ljalda adashildi.

Birinchidan, O‘zbekiston qonunlarida yoshi to‘g‘ri keladigan va mamlakatda muqim yashagan vatandoshlarning prezident bo‘lishi kafolatlangan.

Ikkinchidan amalga intilish ambitsiyasi sizlar o‘ylagan kabi yomon narsa emas. Moshinani haydash uchun rulga o‘tirish joiz.

Shu ikki omilning o‘zi va mamlakatdagi Karimov davridan farqli nisbatan erkinlik fazosi kimningdir oyog‘i osmondan kelishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Ana «prezident bo‘laman» degan xopz Jaxongir shu kunlarda O‘zbekistondagi to‘ylar va kontsert maydonlarining eng yorqin yulduzi bo‘lib, porlab «talalanglang» deb qo‘shiq aytmoqda.

Odamlar uning qo‘shig‘iga jo‘r bo‘lishdan qo‘rqmayapti.

Endi konkret Allamjonov masalasida tagini chizmoqchi bo‘lganim bir necha jihat bor.

1. Allamjonov Karimov davrining salbiy oqibatlari haqida tanqidiy fikrga ega bo‘lgan sanoqli mulozimlardan biri. (Arstlarni «Biz Karimov davrida ezildik» deb ayttirgan birat bu) Demak uni dodachi karimovchi naftalinlar yomon ko‘radi.

2. Putin Rossiyasining karnaylari Allamjonovni dushman deb bilishadi va buni yozibam chiqishdi. Demak uni mustaqillik dushmanlari bo‘lgan o‘risparastlar yomon ko‘radi.

3. Allamjonov G‘arb maorif tizimining ilg‘or uslubi bo‘lgan fin o‘qitish tizimini joriy qilib shu kungacha saqlanib qolayotgan sovetcha ta'lim tizimini o‘zgartirmoqchi. Demak yana o‘sha naftalin aksil g‘arb konservator chollar uni yomon ko‘radi.

4. Kecha bitta katta lavozimdagi akaxon chiqib, «Allamjonovni FSB va uning O‘zbekiston maxsus xizmatlaridagi dvoynoy agentlari yomon ko‘radi» dedi. Demak uni FSB yomon ko‘radi.

5. Allamjonov jadidchilikni eng samarali tarzda qo‘llab quvvatlab keladi. Buxorodagi jadid muzeyi va eng so‘nggi jadidning o‘g‘li Temur Xo‘ja arxivini chet eldan O‘zbekistonga keltirish bosh qoshlaridan biri aynan u kishi. Allamjonov xalifalik quraman degan ko‘konorhayollarni emas, ilmu irfon deya jon fido qilgan  taraqqiychi jadidlarni ehtirom qilishiga oid o‘nlab misollar menda bor. Demak Allamjonovni qadimchilar yomon ko‘radi.

Shu besh omilning o‘zi bu mulozimni qarg‘ab yerdan yerga urmaslik uchun asos bo‘la oladi.

Uni qarg‘aganim uchun oladiganim layklarning menga keragi yo‘q.

Chunki men Putin rejimini mustaqilligimiz uchun xatar manbai sifatida ko‘raman.

Putinparastlardan keladigan laykdan alxazar.

Aynan Karimov davrida «Sharqda mash'al O‘zbekiston qoloq bir diktatura o‘lkasiga aylanib qolgan deb hisoblayman.

Karimovchi dodochilar do‘stligimdan chiqib ketsa, faqat sevinaman.

G‘arb xususan Fin ta'lim tizimni qo‘llayman, o‘qitish ishiga cherkov, masjid yoki kanisoning aralashuvini qoralayman.

Aksil g‘arb shotirlari  qo‘llovi kerak emas menga.

NKVD. GPU. KGB, FSB tizimi millat taraqqiyoti uchun kushanda deb bilaman.

Jadidizmni Turkiston tarixidagi demokratik va o‘ta ijobiy xodisa deb bilaman.Radikalizm targ‘ibotchilari va qadimchilarni qoralayman.

Qadimchilar nafaqat mendan balki barchadan uzoqlashsa yaxshi bo‘ladi.

Matn boshida yozganim terakning uchi shamoldan qimirladi ham deylik. Bu shamol shimol tarafdagilar parragidan chiqqan bo‘lsa munosabat ham shunga yarasha bo‘ladi.

O‘zbekistonda bolalar mehnati AQSh va Germaniyadagi inson huquqlari tashkilotining o‘n yillik kurashi ortidan qisman tugatildi. Bu tashkilotlar kurash olib borgan paytda oybolta ko‘tarib bolalarni paxtaga quvlagan bosh vazirlar majburiy mehnat haqida og‘iz ochishga ham qo‘rqishgan. O‘sha paytdagi Iqbol Mirzoga o‘xshash shig‘irchilar esa xalqaro tashkilotlarni qofiyali qilib qarg‘ab sannab turgan. «AQSh seni nima ishing bor. Hashar elga yarashar» degan qaytariqlardan iborat edi bu shig‘irlar. Nega AQSh bolalar mehnatiga qarshi. Chunki bu davlatning o‘zi bolalar mehnati qanday musibat keltirishini yashab ko‘rgan. Suratda 1912 yil fevral oyida Aqshning Janubiy Karolina shtatidagi Port Royal shahrida bugungi kunda ham faoliyat yuritayotgan Maggioni Canning Co kompaniyasida  konserva sanoatida ishlayotgan uchta qizni ko‘ramiz. Bu qizaloqlar jajji qo‘llari bilan ustritsa va baqachanoqlar ichidagi shilimshiqni sug‘urib olish kabi og‘ir ishni qilishgan.

Chapdagi birinchi qiz  Jozi, u bu fotosuratda atigi olti yoshda, keyin qiz Sofi ham olti yoshda va oxirgi Berta esa o‘n yoshda.

Ularning vazifasi ustritsalarni ochish va go‘shtni olib tashlash edi, bu takrorlanadigan va xavfli ish, chunki bu ishda  qo‘llar kesilib yara chaqa bo‘ladi va infektsiya tushib og‘ir xasta bo‘lish  mumkin. Bundan tashqari, bu qizlar ishni juda ertalab soat 4 da boshlardilar.

Ushbu fotosurat 1912 yil fevral oyida taniqli sotsiolog va fotograf Lyuis Uiks Xayn tomonidan olingan  bo‘lib, Kongress kutubxonasi (AQSh) arxividp saqlanadi.

Xayn fotosuratlari AQSh bolalar mehnati qonunlarini isloh qilishda muhim rol o‘ynadi.

Bolalar mehnati ustidan gizlilik  pardasini ko‘tarish, o‘z ishini hujjatlashtirish uchun Xayn turli xil qiyofalarga kirdi. Injil sotuvchisi va postkarta sotuvchisi sifatida kiyindi.

MS: Shungo akandon Duz doyini har xil allambalo qiyofalara girib Allamjonov atrofinda yurishi. Gazikma gazik dunyo bi. O‘tgan guni Germaniyadan chiqib Rossiyaga borg‘on Mirziyoev, bugun Pekina getibdi.

RT: Va'zni Abdulla Oripov she'ri bilan boshlagan edim, shunga o‘xshatma parodiya tarzidagi to‘rtlik.

Boramiz sekin sekin,

Keyingi bekat Pekin.

Avtobus chiptasi tekin,

Putinam ashag‘da lekin…

MS: Uring potyani.

RT: Assalom O‘zbekiston Juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
1 avgust 2019
O‘zbekiston ham sharmandali ravishda uyg‘ur qardoshlarimizga bo‘layotgan Xitoy hukumati zulmini qo‘llab chiqqan 50 ta davlat qatoriga qo‘shildi. Adolatdan, o‘z ...
19 oktyabr 2015
Qudrat Bobojon, Eltuz.com Paxtada urushdagidek odamlar o‘limiga ko‘nikishgan. Shuning uchun 2 oktyabr kuni o‘zini paxta dalasidagi daraxtga osgan litsey ...
19 aprel 2018
O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan «Damas» avtomobilining narxi oxirgi uch yilda ikki baravar oshib, 50 mln so‘mga yetgan bo‘lsa-da, hali-hamon ochiq ...
16 iyul 2018
Prezident Shavkat Mirziyoevning o‘z o‘tmishdoshi Islom Karimov davrida ishdan urilgan rahbarlarni qayta lavozimlarga tayinlash siyosatiga darz ketdi. Bu siyosatning ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...