UzPoster
18 may 2021

Shodievlar oilasi O‘zbekistonda prezident Mirziyoevdan ham katta maosh olmoqda

“Eltuz”ga yaqin va bir-biridan mustaqil manbalarning xabar berishicha, O‘zbekistonga go‘yoki yirik investitsiyalarni amalga oshirish uchun kirib kelgan oligarx Fattoh Shodiev va uning yaqinlari rasman investor sifatida kirib borgan korxonalarda o‘zlariga astronomik darajadagi katta maoshlarni yozib, amalda korxonalarga pul kirituvchi emas, ulardan pul “sog‘uvchi» bo‘lib qolishmoqda.

“O‘zbekistonda eng katta maoshni prezident Shavkat Mirziyoev yoki uning yaqinlari oladi, deb o‘ylasangiz, adashasiz. Respublikada rasman eng katta maosh oluvchilar oligarx Fattoh Shodiev va uning yaqinlaridir”, deydi “Eltuz”ning Toshkentdagi manbalaridan biri.

Ismini ochiqlamasligimizni iltimos qilgan ushbu manbaning aytishicha, Shodievlar eng katta maoshni ularga boshqarish uchun ishonib topshirilgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatida (NKMKda) rasmiylashtirib olishmoqda. 2019-2021 yillarda Shodievlar shu yo‘l bilan kombinat kassasidan 7 million dollardan ortiq mablag‘ni “sog‘ib” olishgan.

“Kombinatga investitsiya kiritish, uning moddiy-texnik va ishlab chiqarish bazasini modernizatsiya qilish bahonasida kirib kelgan Shodievlar o‘zlariga 50 ming dollarlab oylik maosh yozib olishmoqda. Vaholanki, ular bu yerga investitsiya ham kiritishmagan. Kombinatning moddiy-texnik va ishlab chiqarish uskunalari eskiligicha qolmoqda”, dedi “Eltuz” hamkori.

Uning aytishicha, Shodievlar o‘zlari bilan olib kelgan kadrlarga kamida 20-25 ming dollardan oylik maosh belgilab, to‘lashmoqda.

Bu gaplarni Navoiy viloyati sud-huquq tizimiga yaqin manbalardan biri tasdiqladi. Uning bildirishicha, Shodievlar o‘zlariga va o‘zining odamlariga juda katta miqdorda oylik maosh belgilab olayotgani butun viloyatga ma'lum bo‘lib ulgurgan.

“Shodievlar shunga ham qanoat qilmay, mana shu maoshlarni pastki pog‘onadagi kadrlariga to‘lamay yurishi oqibatida kombinat rahbariyati va o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari o‘rtasida nizolar kelib chiqdi. Ulardan bir nechasi NKMK ishonchli boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan Olim Shodievni sudga ham berishdi. Da'vo Oliy sudga chiqib ketgan”, dedi Navoiy viloyati sud-huquq idoralariga yaqin manba.

“Eltuz” mana shu xabarni tekshirish maqsadida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Oliy sudiga yaqin manbalariga murojaat qildi. Ular O‘zbekiston Oliy sudida haqiqatan ham NKMKga oid fuqarolik ishi ko‘rib chiqilayotganini tasdiqlashdi.

Oliy sudga yaqin manbaning bildirishicha, bu ishda da'vogar – NKMK negizida tashkil qilingan yangi “Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati” davlat korxonasi loyiha ofisi” korxonasining sobiq rahbari Yelena Xolina, javobgar esa kombinat ishonchli boshqaruvi rahbari Olim Shodiev.

“O‘zini ishdan noqonuniy bo‘shatilgan deb hisoblayotgan da'vogar Yelena Xolina suddan uni ishga tiklashni hamda bir yildan ortiq vaqt davomida to‘lanilishi kerak bo‘lgan maoshlarini va ma'naviy zarar tariqasida 500 ming dollardan ko‘proq mablag‘ undirib berishni talab qilyapti.

“NKMK DK loyiha ofisi”ning sobiq rahbari bu pulni osmondan olib aytayotgani yo‘q. O‘z vaqtida Olim Shodiev Yelena Xolinaga 33 ming dollardan oylik maosh to‘lab kelgan”, deydi O‘zbekiston Oliy sudiga yaqin manba.

Uning aytishicha, NKMK ishonchli boshqaruvi rahbari Olim Shodiev “NKMK DK loyiha ofisi” direktori o‘rinbosari Dmitriy Beginga 25 ming dollar oylik maosh belgilagan.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, respublikada o‘rtacha maosh 280 dollarni tashkil qiladi.

NKMKning yillik daromadi 5 milliard dollar bo‘lsa ham kombinat negizida “NKMK DK loyiha ofisi”ni tashkil etayotganda, aslida esa uning yuridik nomini o‘zgartirayotganda Olim Shodiev yangi korxonaning nizom jamg‘armasini atigi 1,5 milliard AQSh dollari miqdorida qilib belgilagan.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga yaqin manbalarning aytishicha, “Loyiha ofisi” korxonasining nizom jamg‘armasi ataylab kam qilib belgilangan va ko‘rsatilgan.

“Shu yo‘l bilan Shodievlar sulolasi yiliga 5 milliard dollar daromad keltirayotgan, narxi esa kamida 12 milliard dollar turadigan kombinatni arzimagan 1,5 milliard dollarga o‘zlashtirib, keyin haqiqiy investorlarga kamida 12 milliard yoki undan ham ko‘proq dollarga pullashni reja qilayotgan bo‘lishi mumkin”, dedi vazirlikka yaqin mutaxassis.

Navoiy tog‘-kon metallurgiya korxonasi negizidagi “NKMK DK loyiha ofisi” Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, ushbu hujjatga ko‘ra, korxonaga yirik loyihalarni amalga oshirishda katta tajribaga ega yuqori malakali mutaxassis, shu jumladan, xalqaro darajadagi 16 ta ekspert jalb qilinishi ko‘zda tutilgan edi.

Lekin O‘zbekiston hukumatiga katta va'dalarni, ayniqsa, kombinatga katta miqdorda investitsiya kiritishni, uning moddiy-texnika bazasini va ishlab chiqarish uskunalarini modernizatsiya qilishga va'da bergan Shodievlar kombinat ishonchli boshqaruvini o‘z qo‘liga olgach, qarorda belgilangan vazifalarni bajarishmagan.

Masalan, qaror bo‘yicha 16 nafar xalqaro ekspert jalb qilinishi belgilangan bo‘lsa ham Fattoh va Olim Shodievlar atigi 6 nafar xalqaro ekspertni, 94 ta mutaxassisni emas, atigi 56 nafarni jalb qilishgan.

Katta va'dalarni berib, kombinat ishonchli boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan Shodievlar oilasi ikki yilning o‘zida o‘zlariga va yaqinlariga maosh yozish evaziga korxona g‘aznasidan 7 million dollardan ortiq mablag‘ni rasmiylashtirib olishgan.

Vazirlar Mahkamasi qarorida o‘zlariga yuklatilgan ba'zi vazifalarni esa Fattoh va Olim Shodievlar investitsiya kiritmasdan, korxonaning o‘z mablag‘lari va harakatlari evaziga bajarishgan. Buning uchun kombinat g‘aznasidan 11 million 900 ming dollar sarflashgan. Ya'ni kombinatning o‘zinikini o‘ziga kiydirishgan.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga yaqin manbalarning aytishicha, Fattoh va Olim Shodievlar Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinatiga jami 19 million 100 ming dollar miqdorida moliyaviy zarar keltirishgan.

“Eltuz”ning: “Oltin qazib olish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda turadigan mashhur kombinatdan shuncha pulni o‘marish uchun Shodievlar O‘zbekiston hukumatidan kimgadir suyanishayotgan bo‘lsa kerak. Ularning ortida kim turgan bo‘lishi mumkin”, degan savoliga vazirlikka yaqin manba: “Albatta, nufuzli valine'matlarning qo‘llovisiz bunday o‘g‘irliklarni qilib bo‘lmaydi. Shodievlarning ortida O‘zbekistondagi birinchi raqamli oilaga yaqin deb bilingan shaxslardan biri turibdi”, deb javob berdi.

“Eltuz” xuddi shu savol bilan O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yaqin manbaga murojaat qilganida, u ham: “Shodievlarning o‘zini ham, o‘g‘irliklarini ham birinchi oilaga yaqin shaxs “krishevat” qilyapti”, deb javob qaytardi.

Ularning aytishicha, Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinatining ishonchli boshqaruv uchun Shodievlarga berilishi Mirziyoev hukumatining xatosi bo‘lgan.

Sulolaboshi Fattoh Shodiev AQSh Moliya vazirligining “qora ro‘yxati”ga kiritilgan shaxs bo‘lib, dunyo tadbirkorlik olami unga ko‘pdan beri shubhali odam sifatida qarab kelmoqda. Fattoh Shodiev Qozog‘istonda va Yevropaning ba'zi mamlakatlarida “persona non-granta”, ya'ni nomaqbul shaxs hisoblanadi.

Navoiy tog‘-kon metallurgiya korxonasi negizida tashkil etilgan “NKMK DK loyiha ofisi” ishonchli boshqaruvini o‘zi qo‘liga olgan Olim Qosimovich Shodiev korxona kuzatuv kengashining a'zosidir.
“NKMK DK loyiha ofisi” kuzatuv kengashida Olim Shodievdan tashqari O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov, adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Akmalxon Ortiqov, Timur Ishmetov, Bobur Abdinanazarov va boshqalar bor.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 oktyabr 2016
Oldin ham yozgandik, Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaat qilayotganlar o‘z muammolariga tez yechim topayotganidan minnatdor bo‘layotgani haqida so‘nggi vaqtlarda ...
25 may 2018
Markaziy osiyolik bir guruh faollar O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga tegishli, kelib chiqishi korruptsion aktivlarning mazkur ...
6 iyun 2019
Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslet 30 may kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning biznes imperiyasi haqidagi surishtiruvini ...
6 avgust 2021
Tojikiston manfaatlari uchun josuslikda ayblangan surxandaryolik Abdug‘ani Erdonov 9 yildan buyon qamoqda qolmoqda. 63 yoshli Erdonov qamoqqa olingunga qadar kichik ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...