Asosiy mavzular
6 avgust 2021

Tojikiston manfaatiga josuslikda ayblangan mahkum arizasi sud hukmi yo‘qligi uchun ko‘rib chiqilmayapti. Sud hukmi esa unga hech qachon berilmagan.

Tojikiston manfaatlari uchun josuslikda ayblangan surxandaryolik Abdug‘ani Erdonov 9 yildan buyon qamoqda qolmoqda. 63 yoshli Erdonov qamoqqa olingunga qadar kichik qurilish firmasida ishlagan. 

2013 yil dekabrda u josuslik va qo‘poruvchilik kabi jiddiy ayblovlar bilan 16 yilga qamaldi. Ammo ishdagi yagona “dalil” undan qiynoqlar ostida olingan ko‘rsatmalar edi. 

Tergov guruhiga rahbarlik qilgan, o‘sha paytda MXXning Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Nodir To‘raqulov 2018 yilda sudlanib, hozir qamoqda o‘tiribdi. 

Abdug‘ani Erdonov xususiy qurilish firmasida ishlab turib qanday sirlarni bilishi mumkinligini hali ham tushunmaydi. Nodir To‘raqulov nafaqat Erdonovni, balki uning undan ortiq qarindoshini, jumladan, uch o‘g‘lini ham qamadi. O‘g‘illardan biri otasi bilan hamon qamoqda. 

Jasliq turmasida o‘tkazilgan besh yil davomida sog‘lig‘idan ajralgan Erdonov Sheroboddagi manzil koloniyaga o‘tkazildi va hozir ham o‘sha joyda qolmoqda.

U ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Oliy sudiga o‘zining ishini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab besamar harakat qilyapti. 

4 avgust kuni telefon orqali “Eltuz” bilan suhbatlashgan Abdug‘ani Erdonovning aytishicha, Ombudsman ofisiga jo‘natilgan oxirgi shikoyati 2021 yil aprel “sudning va appelyatsiya instantsiyasi tasdiqlangan xujjatlarning tuliq nusxalari ilova qilinmagani” uchun qaytarilgan.

Mantiqsizlik shundaki, Erdonov na tergov, na sud hujjatlarini hech qachon olmagan. 

“Qo‘limizda ayblov hulosasi yo‘q, sud hukmi yo‘q, chunki bu hujjatlar menga hech qachon qo‘limga berilmagan. Shuning uchun shikoyatimiz ko‘rib chiqilmaydi”, dedi Erdonov “Eltuz” bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirziyoev iqtidorga kelganidan so‘ng davlat amaldorlari, jamoatchilik vakillari tez-tez xabar olib, tibbiy yordamlar ko‘rsatilgan edi, biroq uning ozodlikka chiqarilishi masalasi hamon muallaq qolmoqda.

”Biror boshqa o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Tojikiston foydasiga josus qilib tayyorlab jo‘natilgan, 100 ming dollar va'da qilingan, deydilar. Lekin endilikda Tojikiston bilan do‘stlik, bordi-keldi yaxshi. Tojikistonda biror sir bo‘ladigan bo‘lsa, hozir hammasi ochiq bo‘lib qoldi. Nima sir qolganini bilmaymiz, yana qancha o‘tiramiz, uniyam bilmaymiz. Nodir To‘raqulov umrbod (qamoqda) qolib ketdi, qolganlar ham jazosini olyapti. Biz aybimiz qaerdaligini bilmaymiz”, deydi Erdonov.

Erdonov 2020 yil 21 oktyabrda Oliy Majlisi Senatining Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov bilan uchrashganini “Eltuz”ga bildirgan edi.

«Mening yetti yillik orzuim amalga oshdi. Shu paytgacha (hukumatdan) bir inson men bilan gaplashmagan edi. Bir soatcha gaplashdik. Yuragimdagi hamma gaplarimni aytdim”, degan edi Erdonov “Eltuz”ga bergan intervyusida.

Senator Iminov unga Erdonovlar masalasi Senat raisi Tanzila Norboeva nazoratiga olingani, ayni masalani ko‘rish maqsadida u bilan suhbat qilgani kelganini aytgan edi.

2020 yilning fevralida o‘tishi kerak bo‘lgan sud aprelga surildi. Keyin esa koronavirus karantini bois noma'lum muddatga qoldirildi.  

Bu orada Erdonovlar oilasiga qarshi ish qo‘zg‘agan MXX podpolkovnigi Nodir To‘raqulovning o‘zi ham 2018 yili JKning 11 moddasi, jumladan, tamagirlik, o‘zlashtirish, poraxo‘rlik, hujjatlarni qalbakilashtirish, aybsizlarni javobgarlikka tortish, qiynoqlar qo‘llash, hokimiyat vakolatlarini suiiste'mol qilish kabi jinoyatlarda ayblanib 16 yilga qamaldi.

“Tojik qo‘poruvchilari” ishi: Erdonovlar oilasi tarixi

Biz 1997 yilda butun oilamiz, qariyb 40 kishi Tojikistondan Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumaniga ko‘chib o‘tdik, – deydi o‘z oilasining fojeali taqdiridan “Eltuz”ga hikoya qilgan Rahmonali Erdonov. – Hamma ishlardi, kimdir tadbirkorlik, xususiy taksichilik bilan shug‘ullandi, do‘kon ochishdi, erkaklarning bir qismi tirikchilik ilinjida Rossiyaga ketdi. Qarindoshlari bilan aloqalarni saqlab qolishib, Tojikistonga to‘y-ma'rakalarga borib turishdi.

“Biz O‘zbekistonga qaytishdan xursand edik, – hikoyasini davom ettiradi Rahmonali, – chunki biz o‘zbeklarmiz. Garchi bizga “ko‘k pasport” (fuqaroligi yo‘q shaxsning maqomi) berilgan bo‘lsa-da, yaxshi o‘rnashdik”.

Balo kutilmaganda keldi – 2012 yil may oyida ota tomondan qarindoshlar Baxtiyor Allonov va Zokir Do‘salov MXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi xodimlari tomonidan hibsga olindi.

Ular IIB maxsus hibsxonasida (odatda daydilar joylashtiriladi) 5 oy davomida saqlandi. Ulardan viloyatda Tojikiston manfaatlariga xizmat qiladigan qandaydir josuslik tarmog‘i mavjudligi to‘g‘risida ko‘rsatma olishga urinildi.

“Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, ular qiynoqlarga chiday olmay, otamga qarshi ko‘rsatma berganidan keyingina ayblov e'lon qilinmasdan ozod etildi, – deydi Rahmonali. – 2013 yilda MXXning Nodir To‘raqulov boshchiligidagi tergov guruhi otamning akasi Begali Erdonovni hibsga oldi. Bir oydan so‘ng akam Ravshan Erdonov qamaldi. 2013 yil dekabrda otam Abdug‘ani Erdonov, jiyanim Erkin va yana bir qarindoshimiz Qayum Sultonov qamoqqa olindi. Ukam Mo‘minjonni ham qamashdi”.

Hibsga olishlar davom etdi va bundan katta oilaning ayollari ham bebahra qolmadi. Ular qamaldi, so‘roqqa tutildi, kerakli ko‘rsatmalar olinib, ba'zilari qo‘yib yuborildi.

2013 yilda qamalgan Xadicha Xo‘jamurodova hibsga olingandan so‘ng uch farzandi Tojikistonga deportatsiya qilindi.

Rahmonalining aytishicha, uning mazkur josuslik ishi bo‘yicha hibsga olingan uzoq qarindoshlari bo‘lmish uch ayol qamoqda vafot etgan. Uchta farzandi yetim qolgan Dilfuza va Gulchehra turmada o‘lgan. Uch farzandning onasi Mo‘'tabar Eshbekova MXX tergov izolyatorida jon bergan. Uning jasadi shoshilinch ravishda Tojikistonga jo‘natilgan.

Tergov mashinasi Tojikiston foydasiga harakat qilgan josuslar rolini o‘ynashga mahkum etilgan bu oila a'zolarining taqdirini vayron qilishda davom etdi.

Jinoyat ishini yuritishga MXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i Nodir To‘raqulov rahbarlik qildi.

MXX Surxondaryo boshqarmasi xodimlari Baxtiyor Orzuev, Ulug‘bek Shodiev va Baxtiyor (familiyasi noma'lum) hibsga olishlar, tintuvlar, shuningdek, tamagirlik va hibsdagilarni qiynoqqa solishga bevosita rahbarlik qildilar.

“Hibsdagilar qattiq qiynoqqa solingan va ular iqrorlik bildirgan. Ular na qurol va na o‘q, hech narsa topishgani yo‘q. Ular qarindoshlarim harbiy qismlarning manzillarini to‘plashganini aytishdi. Agar bu manzillarni internetda xohlagan odam topa olsa, ularni to‘plashdan maqsad nima”, davom etadi Rahmonali.

2014 yil Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari sudi “guruh”ning barcha a'zolarini 5 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatga qamoq jazosiga hukm qildi. Erkaklar jazoni o‘tagani Jasliqqa jo‘natildi.

Suddan so‘ng milliy televidenieda “tojik qo‘poruvchilari” tarmog‘i fosh etilgani to‘g‘risida tayyorlangan film namoyish etildi.

Erdonovlar oilasi nimada ayblangan edi?

Sud yopiq tarzda o‘tdi, oila advokat topa olmadi. Rahmonalining aytishicha, Nodir To‘raqulovdan qo‘rqqani uchun hech kim ularni himoya qilishga jur'at etmagan.

MXX tergov guruhi qiynoqlar ostida olinganidan tashqari yana qanday dalil-isbot taqdim etgani noma'lumligicha qolmoqda. Tayinlangan advokatlar oila bilan aloqa qilmadi, ayblanuvchilar ham, qarindoshlar ham sud hukmini olgani yo‘q.

Biroq 2014 yil aprelda internetda rus tilida Erdonovlar oilasi ishi haqidagi “Tojikiston: och bo‘lsak-da, 30 kumush tangaga xoinlarni yollaymiz” nomli maqola paydo bo‘ldi. Bu kabi maqolalar MXXning maxsus bo‘limida yoziladi va to‘qima nomlar ostida chop etiladi.

Maqolada Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston hududida terrorchilik harakatlari tayyorlagan tojik diversantlarining keng tarmog‘i haqida hikoya qilinadi va “Dushanbe tomoni hokimlik binosi, Surxondaryodagi harbiy qism, Termizdagi “Bolajon” bog‘i, shuningdek, “Ayritom” xalqaro o‘tish punkti yaqinida terrorchilik aktlari sodir etishni tayyorlash va amalga oshirishni moliyalashtirgani” ta'kidlanadi.

Aytilishicha, ish ishtirokchilari Tojikistonda bo‘lgan vaqtida mazkur mamlakat maxsus xizmatlari tomonidan yollangan va “hamkorlikka jalb etilgan”.

Jinoyat ishida Abdug‘ani Erdonov “josuslik-qo‘poruvchilik guruhi rahbari” sifatida taqdim etiladi.

“Onam bilan uchrashuv chog‘ida otam filmda barcha jinoyatlarga iqrorligini aytishi uchun unga qandaydir ukollar qilingani haqida gapirgan. Ularning tirnoqlari sug‘urib olingan, tirnoqlar o‘sgach esa yana qaytadan sug‘urilgan. Ularga agar iqror bo‘lmasa, xotinlarini ko‘z oldilarida zo‘rlash bilan tahdid qilingan”, deydi Rahmonali.

MXX hibsga olinganlarning barcha mashinalarini musodara qilar ekan, ota-onasiz qolgan o‘nlab bolalarni qashshoqlikka giriftor etayotganini o‘ylab ham o‘tirmagan.

“Otam MXX yerto‘lasida o‘tirganida unga telefon berishib, Tojikistondagi akasi Abdusalomga qo‘ng‘iroq qilishni buyurishgan. Otam akasiga qo‘ng‘iroq qilib, og‘ir ahvolga tushganini aytgan va 100 million so‘m (o‘sha paytda 24 ming dollar) jo‘natishni so‘ragan”, deydi Rahmonali.

“Biz barcha narsalarimizni sotishga va Nodir To‘raqulov uchun pul yig‘ishga majbur bo‘ldik. Mo‘minjon bu pulni olib bordi, sababi, ichkarida akam Abdug‘anini majburlab, “faqat Mo‘minjon pulni olib kelsin”, deb bir oy telefon qildirishdi, majburlikdan biz qarz so‘rab, borimizni yig‘ishtirib Mo‘minjonni jo‘natishga majbur bo‘ldik akam uchun, chunki boshqa ilojimiz yo‘q edi, bizga akamning sog‘ligi zarur, deydi Abdulkarim Erdonov (Abdug‘ani Erdonovning kichik ukasi).

“Ammo bu otamga yordam bermadi. Kichik bolasi bor-yo‘g‘i uch oylik bo‘lishiga qaramay, akam Mo‘minjonning xotini Tojikistonga deportatsiya qilindi. Uch bola O‘zbekistonda otasi bilan qoldi,- davom etadi Rahmonali Erdonov. – Hozir otam kasal, akam silga chalingan. Nodir To‘raqulovning qamoqqa olingani juda to‘g‘ri bo‘libdi. Chunki uning o‘zi xoin. Ammo mening hamon qamoqda qolayotgan qarindoshlarimning taqdiri nima bo‘ladi, ular qo‘yib yuboriladimi, qachon?”.

Shavkat Mirziyoev MXXni “hatto stolbani ham qamashgacha borish”da ayblaganiga qaramay, MXX tomonidan uyushtirilgan jinoyat ishlari qayta ko‘rib chiqilishi, asosiysi, bu ishlar sabab qamoqda qolayotgan mahkumlar qachon ozod etilishi masalasi hamon noma'lum qolmoqda.

Tag‘in o‘qing
8 iyun 2017
Andijon Hususiy avtomobillar bozorida ham narxlar keskin ko‘tarilib ketdi. GM Uzbekistan shirkati 31 may kuni mamlakat ichki bozorida avtomobillarini ...
26 yanvar 2018
O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov Dubayda qiymati 12 million dollar bo‘lgan turar joy inshooti qurdirgani haqidagi ma'lumotni ...
5 aprel 2018
Haydovchilik kamarini taqmaganlik uchun jarima to‘lab bo‘lgan haydovchilardan olti oy o‘tib qaytadan jarima to‘lashlari talab qilinmoqda. Bu haqda «Eltuz» ...
10 iyul 2017
6 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoevning mamlakat sud-huquq tizimini keskin tanqid qilishi ortidan O‘zbekiston sudyalari xalqqa murojaat bilan chiqdi. ...
Bloglar
26 avgust 2022
30 yildirki sargardonlikda, avval Norvegiyada keyin Turkiyada yashayotgan Muhammad Solih yangi kulliyoti – asarlar to‘plami ...
15 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solih suhbatining davomida sevimli ayoli Oydin xonim bilan kechirgan ...
10 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solix bilan may oyida o‘tkazilgan bu suhbat bevosita Eltuz ...