«Kechir, amma!» 5-qism. Telefon
(Rassom Tuz hikoyalari. Davomi, boshi o‘tgan sonlarda)
Xolli uyga kelib, divanga yonboshladi. Moyka egasi bo‘lib boyish orzusi uning hayolini band qilgan edi. Xollining ko‘zi burchakdagi qora ebonit telefonga tushdi. Qandaydir ta'ma va tushunarsiz ishtiyoq bilan telefonga boqdi. Bu telefon o‘rnatilishi bilan bog‘liq tafsilotlarni Xollining sulolasidagi barcha yod biladi.
1986 yili To‘lg‘onoydan Chexoslavakiyadagi «Hudebni rozhledy» jurnali muxbiri telefonda intervyu olmoqchi bo‘ladi. Ammo, To‘lg‘onoyning uyida telefon yo‘q edi. U paytda telefon o‘tkazish uchun kamida 10 yil navbatda turilar edi. SSSR madaniyat ministri Petr Demichev o‘sha paytda komfirqa kotibasi bo‘lgan Ra'no Habibovnaga telefon qilib, chexoslavaklar qiziqayotgan toshkentlik fortepiano muallimasining uyiga telefon o‘tkazishni iltimos qiladi. O‘sha kuni O‘z SSR aloqa ministri Komiljon Rahimovning o‘zi qo‘lida telefon solingan korobka bilan kelib, telefon o‘tkazib ketadi. Ilk telefon qilgan odam Petr Demichev bo‘ldi. Komil og‘ani o‘zi trubkani olib «Zdravstvuyte, Pyotr Nilovich. Skazano. Sdelano,» deb raport berdi. Besh minut o‘tib, qo‘mfirqa kotibasi Ra'no Abdullaeva telefon qilib, To‘lg‘onoy bilan gaplashdi. Ra'no Abdullaeva onalarcha g‘amxo‘rlik bilan To‘lg‘onoyning institutdagi faoliyatidan tortib Deqonoboddagi yaqinlarigacha so‘rab surishtirdi.
Beherovka likeri
Shundan keyin Chexoslavakiyadan muxbir telefon qilib, To‘lg‘onoy bilan suhbat qildi. Rus tilida bo‘lib o‘tgan suhbat Vivaldi musiqasi haqida edi. Oradan bir oy o‘tib, Chexoslavakiyaning Moskvadagi elchixonasi xodimi suhbat e'lon qilingan jurnaldan bir necha nusxa, Vivaldi asarlaridan tarkib topgan gramplastinkalar to‘plami va bir shisha Beherovka likeri olib keladi. Beherovka likerini Xollining otasi Quvondiq aka ichib ko‘rib, kompotga o‘xshash narsa ekan deya, ortidan yana 50 ta aroq quyib ichgandi. Xullas, o‘sha tarixiy telefon apparati. Xolli roppa-rosa bir oy oldin 9 fevral kuni bu telefon «tilga kirganini» esladi:
«Ha bir oy bo‘ldi. Koshki yana ammam tushimga kirib. Eh Xollijon, o‘sha orzu qilgan moykangni senga obersam, xursand bo‘lasanmi, deb so‘rasa.»
Xolli o‘zining ta'magirligidan uyaldi.
«Yigit moli – yo‘lda. O‘zim ishlab topaman. Ammamni ruhini bezovta qilmay.»
Erta gullagan o‘rik
Shu payt telefon jiringladi. O‘sha qadim zamondan qolgan yumaloq gardishli qop-qora telefon. Xolli qo‘rqib ketdi. «O‘z orzularingizdan qo‘rqing. Bu orzular ijobat bo‘lishi mumkin,» degan gapni esladi. «Nahotki, ammam telefon qilyapti? Narigi dunyoda ham aloqa sistemasi bor ekanmi?» Xolli borib, trubkani ko‘tardi. Trubkada Vivaldi bastalagan «yil fasllari» turkumidagi «Ëz» kompozitsiyasi chalinardi. Bir ozdan so‘ng «Chekeyte prosim» («kuting») degan chex tilida sas keldi. Xuddi oldingi safardagiday. Keyin yana savol javob. Bu safargi savollar ham xuddi avvalgiday boshlandi. Ism. Familiya. Ammo keyingi savollar sal boshqacha edi. Ammaga o‘tkazilgan telefon raqami qanday edi, deb so‘raldi. Xolli bu raqamni aniq eslaydi. 55 146 40 86. Ammani intervyu qilgan chex muxbirning ismi. «Ehh ismi nima edi?» Xolli kalovlanib qoldi va uning ko‘zi devordagi romkaga tushdi. Romkalangan shisha ostida «Hudebni rozhledy» jurnalida bosilgan maqola turardi. Muxbirning ism sharifi ham bor edi. «Vashek», dedi Xolli. Shundan keyin telefondagi odam xuddi oldingi kabi trubkani qo‘yib zarur bo‘lgan summani dollar ekvivalentida tering, dedi. Xolli trubkani qo‘yib qayta ko‘tardi. Telefon gardishidagi 5 raqami yozilgan teshikka barmog‘ini suqib aylantirib qo‘yib yubordi. Keyin xuddi shu tarzda to‘rt marta nol raqamini terdi. Vivaldining «Ëz» degan kompozitsiyasi yangradi. Keyin robotga o‘xshash ovoz nima qilish haqida batafsil instruktsiya berdi.
Maktub
Xolli bu instruktsiyani qo‘l telefoniga yozib oldi. Bu instruktsiyaga ko‘ra Xoli Turkiyadagi ATV telekanali sahifasiga kirib Kenan İmirzalıoğlu degan o‘rtakashga xat yozishi kerak edi. Xolli oldin maxsus formani to‘ldirdi.
Ism¸ familiya, adres va kontakt uchun telefon. Keyin Xolli o‘zbek tilida maktub yozdi. Mana Maktub. «Muhtaram Kenanbey, ammam tushimga kirib, Kenanbeyga maktub yoz, dedi. Aslida, Ammam bir oy oldin tushimga kirgan edi. Bugun ammam menga sizga maktub yozishimni ishorat qildi. Mana yozib o‘tiribman. Ëzayotib derazadan qarasam, o‘rik gullabdi. Bu yil o‘rik erta gulladi. Sovuq urib ketmasa bo‘ldi. Ammam rahmatli musiqaga o‘qiyman deb, Moskva sovuqlarida o‘pkasini shamollatgan edi.
Oqibat tuzalmay o‘lib ketdi. Ammam bizning sulolada yagona o‘qimishli ayol edi. Fortepiano muallimi edi. Klassik muzikani sevardi. Ammam haqida soatlab gapirishim mumkin. O‘zim haqda hech narsa deyolmayman. O‘ldirgan qurbaqam yo‘q. Svet idorasida oddiy klerkman. Tirikchilik uchun ertadan kechgacha baranka aylantiradigan kirakash. Kenanbey, sizga aytadiganlarim shu. Xatimga javob qilsangiz, ammamning ruhi shod bo‘lardi. Xolli Berdiev. Toshkent shahri. 9 mart.»
Xatni yozib bo‘lgan Xolli tugmani bosib, maktubni jo‘natib yubordi. Xollining qalbini chuqur xuzun va sog‘inish qoplagan edi. Xolli endi moykaga ega bo‘lib boyib ketish haqida o‘ylamas, balki behudaga sovrilayotgan umridan afsuslanardi. Zotan Xollida tovushlarni bir biridan ajratish qobiliyati bor. Yaxshigina musiqiy hofizasi bor. Xolli uni o‘qitmagan otasi Quvondiq akadan ranjidi.
Davomi bor
Rassom Tuz