Eltuzga maktub: Namangandagi soliq amaldorlarining korruptsion jinoyatlari haqida
Namangandagi soliq amaldorlarining korruptsion jinoyatlari haqida mamlakatning eng oliy idoralari rahbarlaridan biri dalil keltirganiga qaramay, ular o‘z faoliyatlarini bamaylixotir davom ettirmoqda.
Namangan shahri davlat soliq inspektsiyasining o‘z ismini oshkor etilishini istamagan xodimi “Eltuz”ga jo‘natgan maktub mazmunidan aynan shunday xulosa kelib chiqmoqda.
Maktubdan ma'lum bo‘lishicha, bundan ikki oy avval O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov tor doirada Namanganda soliq idoralari kollegiya yig‘ilishini o‘tkazgan.
U yig‘ilish davomida bir qator soliq idoralari rahbarlari, xususan, Namangan shahri DSI boshlig‘i Ayubxon G‘aybullaevning korruptsion faoliyati haqida dalillar bilan gapirgan. O‘sha yig‘ilishda G‘aybullaev go‘yoki kasalligini bahona qilib qatnashmagan.
Shundan so‘ng Ayubxon G‘aybullaev Davlat soliq qo‘mitasi rahbari (DSQ) Sherzod Kudbiev o‘tkazgan kollegiyadan chiqarib yuborilgani uning ishdan ketishi masalasi hal bo‘lganini ko‘rsatganiga qaramay, barchasi tomoman teskari tus olgan.
“Namangan viloyati davlat soliq boshqarmasi (DSB) boshlig‘i Adham Tilavoldiev G‘aybullaevdan quyi lavozimga ishga o‘tish to‘g‘risida ariza yozib berishni so‘radi. Lekin u bosh tortdi.
Boshqarma boshlig‘ining G‘aybullaev faoliyatini tekshirish uchun katta guruh jo‘natish bilan qo‘rqitganidan u yanada g‘azablandi. Biz xodimlarni yig‘ib, agar ishdan ketsa, viloyat boshqarmasidagi 20 nafar, shu yil DSQdan Namangan viloyati soliq idoralarini kompleks tekshirish uchun kelgan o‘ndan ortiq xodim hisoblanmasdan qolingan milliardlab so‘m soliqni aniqlab, aktga yozmasdan ketgani uchun javob berishiga to‘g‘ri kelishini aytdi.
Bular hammasi katta miqdordagi berilgan pora evaziga ekani, bunga bevosita viloyat DSB boshliqlari hamda bo‘lim boshliqlari bog‘liqligi bildirdi”, deydi “Eltuz”ga kelgan maktub egasi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, DSI xodimlari orasida G‘aybullaev o‘z lavozimiga tayinlanish uchun DSB boshg‘lig‘i Tilavoldievga juda katta miqdorda pora bergani, ishdan ketadigan bo‘lsa, bu summani ikki barobar qaytarishni talab qilayotgani haqida gap-so‘zlar tarqagan.
Gap-so‘z ko‘payganidan so‘ng garchi G‘aybullaev qatnashmagan avvalgi yig‘ilishlarda uni qattiq so‘kayotganiga qaramay, keyin “Yeb qo‘ygan bo‘lsak, qaytarib beramiz-da”, deb ochiq-oydin aytadigan bo‘lgan.
Shu tariqa boshqarma boshlig‘iga G‘aybullaev tomonidan berilgan poralar va ko‘rsatilgan xizmatlarning “isi” chiqa boshlagan. Masalan, Tilavoldiev o‘zi tug‘ilib o‘sgan Farg‘onada ishlab chiqarish sexi va bog‘ida juda katta molxona qurdirgani, bunda Namangan shahrida ro‘yxatdan o‘tgan qurilish tashkilotlari G‘aybullaevning topshirig‘i asosida barcha ishni tekin bajarib bergani o‘rtaga chiqqan.
Namangan shahri DSIning “Eltuz”ga maktub yo‘llagan xodimi DSB boshlig‘i Tilavoldiev aslida ilgari Andijon viloyatida G‘aybullaev bilan birga ishlagani, pora olish va berish qobiliyatini hurmat qilib kelganini bildirgan.
Shuningdek, u G‘aybullaev “juda qo‘rs, muomala madaniyatiga ega bo‘lmagan, xodimlarga qo‘l ko‘taradigan yaramas shaxs ekani”, ular rahbarning g‘azabiga uchramaslik uchun barcha aytganlarini qilish va pora olishga majburligini yozgan.
Ma'lum bo‘lishicha, fevral oyida DSQdan tumanga tekshirish yuborilib, Ayubxon G‘aybullaev ishdan olingan. Lekin tekshiruvda uni ishdan oladigan darajadagi birorta kamchilik ko‘rsatilmagan. Ya'ni u silliqqina chiqib ketgan.
“Umuman, viloyat DSB rahbarlarining o‘zlari eng katta poraxo‘r bo‘la turib, pora olma, halol ishla, desa odamning g‘ashi keladigan bo‘lib qoldi. Ular hatto korruptsiyani markazlashtirishgacha borib yetdi.
Ya'ni porani faqat rahbarlar oladigan tizim yaratishdi. Masalan, qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni qaytarishga mas'ul xodimlar 2021 yil 31 dekabrga qadar pora olmaslik haqida Qur'onga qasam ichtirildi.
Lekin eng ashaddiy poraxo‘rlar – QQS va kameral soliq tekshiruvi bo‘limlari bo‘lim boshliqlari, boshqarma boshlig‘i va o‘rinbosarlar qasam ichishmadi.
Hammasi shundan keyin boshlandi. Boshliqlar qaytarish mumkin bo‘lmagan milliardlab QQSni qaytarib berish uchun firmalarga o‘z stavkasini qo‘ymoqda. Bu stavka oldin 10 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozir 15-20 foizga chiqdi. Buning sababi esa, yuqorida aytilganidek, pora olishning markazlashgani.
Bular shu darajada tubanlashib ketdiki, pora miqdorini ko‘paytirish uchun hatto Allohning kalomini o‘rtaga qo‘yib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanyapti”, deyiladi maktubda.
“Eltuz”ga maktub yo‘llagan DSI xodimi yuqorida keltirilgan ma'lumotlar viloyat soliq idoralarida ro‘y berayotgan ishlarning mingdan biri ekani, bu holat ichki xavfsizlik bo‘limi xodimlariga ham ma'lum ekani, ammo DSB boshlig‘i Adham Tilavoldievning bosimi ostida ular ham jim o‘tirganini qo‘shimcha qiladi.
U rahbariyatning bunday “qabih ishlari oddiy xodimlar faoliyatiga va obro‘siga ham ta'sir ko‘rsatayotgani”ni ta'kidlab: “Soliq tizimidan o‘z manfaati yo‘lida biznes sifatida foydalanadigan rahbarlar prezident siyosatiga qarshi borayotgan davlat xoinlari emasmi”, deya ritorik savol qo‘yadi.
“Eltuz”
PS: Agar soliq idoralari ushbu maqolada keltirilgan ma'lumotlar yuzasidan fikr bildirishni istasa, “Eltuz” buning uchun minbar berishga tayyor.