Asosiy mavzular
31 may 2022

O‘zbekistonda Xitoy va Rossiyaning “yumshoq kuch” sohasidagi raqobati

O‘zbekistonda Xitoy va Rossiyaning “yumshoq kuch” sohasidagi raqobati 

O‘zbekistonda Xitoy va Rossiyaning “yumshoq kuch” vositasidagi raqobati til va ta'lim dasturlari orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda, deb yozadi The Diplomat nashri.

Rossiya va Xitoyning O‘zbekistondagi “yumshoq kuch” bahsi til va ta'lim imkoniyatlarini olg‘a surishda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Bu siyosatda Rossiya ommaga e'tibor qaratsa, Pekinning nishoni kelajak elitasidir. 

Rossiya 2013 yilgi tashqi siyosat konseptsiyasiga rus tilini targ‘ib qilishni ham o‘z ichiga oladigan “yumshoq kuch” tushunchasi kiritdi. Til va ta'lim Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukmronligi davrida ta'sir o‘tkazish vositasiga aylandi. 

Rossiyaning Markaziy Osiyodagi “yumshoq kuchi”ga sobiq Rossiya imperiyasi va keyinchalik Sovet Ittifoqining mintaqani bosib olishi tufayli rejalashtirilgan strategiya natijasi emas, balki “mavjud voqelik” sifatida qaralmoqda. Biroq “o‘yin”ga Xitoy va Turkiya kabi boshqa o‘yinchilar ham qo‘shilganidan so‘ng Moskva “yumshoq kuch” maydonida beixtiyor ularga raqobatchi bo‘lib qoldi.

Rus tili O‘zbekistonda chuqur ildizlarga ega. Mamlakatning 1989 yilda qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunida rus tiliga “millatlararo muloqot tili” maqomi berilgan. Ammo mustaqillikka erishilgandan keyin, 1995 yilda kiritilgan tuzatishlarga ko‘ra, bu maqom bekor qilindi va millatlararo muloqot uchun til tanlash fuqarolar ixtiyorida qoldi. 

Garchi mustaqillikka erishilganidan so‘ng O‘zbekistondagi etnik ruslar soni kamaygan bo‘lsa-da (1991 yildagi 1593800 nafardan 2017 yilda 750000 nafarga), Rossiyaning MDH ishlari, xorijda yashovchi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentligi (Rossutrudnichetsva) Toshkent bo‘limi ma'lumotlariga ko‘ra, aholining deyarli uchdan bir qismi rus tilida so‘zlashadi. Bu raqam bo‘rttirilgan bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda aksariyat aholi rus tilida gaplasha olishi mumkin, lekin ravon emas, ayniqsa, markaziy shaharlardan tashqarida.

Mustaqillikdan keyingi o‘nlab yillar davomida O‘zbekistonda rus tilini targ‘ib qilishga zarurat bo‘lmadi. Rus tilini o‘rganish har doim mamlakatda majburiy ta'limning bir qismi bo‘lib kelgan. U chet til sifatida boshlang‘ich maktabdan boshlab o‘rta maktabni bitirgunga qadar o‘qitiladi. Bundan tashqari, butun o‘quv dasturi rus tilida olib boriladigan 88 ta maktab (636 463 dan ortiq o‘quvchi) mavjud. Ayrim davlat maktablarida esa ta'lim rus tilida bo‘lgan guruhlar bor. Aksariyat ota-onalar farzandlari rus maktablari yoki guruhlarida o‘qishini istashadi. Ularda ta'lim sifati o‘zbek maktablaridagiga qaraganda yaxshiroq deb hisoblashadi.

Rus tilidagi ta'limga talab yuqori bo‘lishiga qaramay, rus tili keng tarqalishiga mahalliy darajada muayyan qarshilik mavjud. Bu qarshilik, eng muhimi, rus tilini yo‘q qilishdan ko‘ra o‘zbek tilini targ‘ib etishga qaratilgan. 

2018 yilda bu masala yana e'tiborga tushdi. Rossiya ommaviy axborot vositalari ilgari sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan mamlakatlarda “rus tiliga e'tiborni kuchaytirish” haqida ko‘p gapira boshladi. O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi rus tilidagi o‘rta maktablarda o‘qituvchilar yetishmasligini e'tirof etganidan so‘ng Rossiya Fan va oliy ta'lim vazirligi o‘zbek maktablariga malakali rus tili o‘qituvchilarini yuborish va ularning maoshlarini to‘lashni taklif qildi. O‘sha yili O‘zbekistondagi pedagogika oliy o‘quv yurtlarida rus guruhlari uchun kvotalar 30 foizgacha oshirildi.

Rus tiliga bunday e'tibor susaymayapti. 2020 yilda Rossiya Ta'lim vazirligi va rossiyalik o‘zbek aslli tadbirkor Alisher Usmonovning “San'at, fan, sport” xayriya jamg‘armasi O‘zbekistonda rus tilini ommalashtirishga yo‘naltirigan “Klass!” loyihasi uchun 75 million rubl (o‘sha paytda 1 million dollar atrofida) ajratdi. Loyiha doirasida Rossiya O‘zbekistonga 150 nafar rus tili o‘qituvchisi va o‘nlab mutaxassis yubordi. 2030 yilgacha mo‘ljallangan loyiha doirasida rus tili bo‘yicha 100 000 ta darslik nashr etilgan bo‘lib, yana 600 000 tasi chop etishga tayyorlanmoqda. 

Rossiya o‘zbeklarni ko‘proq jalb qilish maqsadida oliy ta'limga ham sarmoya kiritmoqda. Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, o‘zbek maktablari bitiruvchilari ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tasdiqlash kabi odatiy byurokratik to‘siqlarsiz Rossiya oliygohlariga kirishi mumkin. Birgina o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonning 48,7 ming fuqarosi Rossiyadagi oliy ta'lim muassasalarida tahsil oldi. O‘zbekiston fuqarolari uchun Rossiya oliy o‘quv yurtlarida moliyalashtiriladigan o‘rinlar soni ham ortib bormoqda – 2020 yildagi 228 tadan 2021 yilda 430 tagacha ko‘paydi (750 taga oshishi kutilmoqda). O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Rossiya Fan va oliy ta'lim vazirligi o‘rtasida 2018 yilda imzolangan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonda Rossiya universitetlariga soliq imtiyozlari, soddalashtirilgan ro‘yxatdan o‘tish tartibi va boshqalar taqdim etildi. O‘shandan beri Rossiya universitetlari filiallari soni keskin ko‘paydi – bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiyaning 14 ta oliy o‘quv yurtining filiallari mavjud (2018 yilda atigi to‘rtta edi), yana to‘qqiztasini tashkil etish rejalashtirilgan. Rossiya universitetlari mahalliy universitetlar bilan ham yaqin aloqlalarga ega – Rossiya va O‘zbekistonning 115 ta universiteti qo‘shma konferentsiyalar va loyihalarni tashkil etishda hamkorlik qiladi.

Markaziy Osiyodagi til va ta'lim “o‘yini”ga Xitoy biroz kechikib kirdi. Uning strategiyasi boshqa mamlakatlarda ta'lim muassasalari tashkil etish va Xitoy universitetlariga ko‘proq talabalarni jalb qilishga qaratilgan. O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Xitoy Xalq ta'limi vazirligi o‘rtasidagi kelishuvga asosan, 2004 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti bazasida O‘zbekistondagi birinchi Konfutsiy instituti ochilgan. Dastlab xitoy tili va madaniyatini o‘rganish uchun yiliga atigi 30-50 nafar talaba qabul qilinardi. So‘nggi yillarda ularning soni 800 nafarga yetdi. O‘zbekistondagi ikkinchi Konfutsiy instituti oradan o‘n yil o‘tib, 2014 yilda Samarqand davlat chet tillar instituti va Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti hamkorligida tashkil etilgan.

Taqqoslash uchun aytish kerakki, qo‘shni Qirg‘izistonda to‘rtta Konfutsiy instituti va 21 ta Konfutsiy sinfi har yili 4000 ga yaqin qirg‘izistonlikka xitoy tilini o‘rganishga yordam beradi. Qozog‘istonda beshta Konfutsiy instituti bo‘lib, Xitoy universitetlarida 14 mingdan ortiq qozoq tahsil oladi. O‘zbekiston misolida esa bu raqamlar nisbatan kichik – 2019 yilda Xitoyda o‘zbekistonlik 6500 talaba o‘qigan. Ma'lumotlarga ko‘ra, ulardan 30 foizga yaqinining o‘qishi Xitoy universitetlari tomonidan moliyalashtirilgan. O‘zbekistonda Xitoy universitetlari filiallari ham yo‘q, biroq Toshkentda kamida uchta mahalliy universitetda xitoy tili o‘rgatiladi.

2014 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib xitoyshunoslik fakultetini ochdi. U vaqti-vaqti bilan Xitoydan moddiy-texnikaviy ko‘mak olib turadi. Yaqinda Xitoy elchixonasi ham Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universitetida Xitoy tili va madaniyati markazi ochilishini moliyalashtirdi va talabalar almashinuv dasturini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Yosh o‘quvchilar e'tiborini tortish maqsadida 2020 yilda Xitoy O‘zbekistondagi davlat bog‘chalarida xitoy tili mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi. 

O‘zbeklar fikricha, xitoy tilini o‘rganish rus tilini o‘rganishdan ko‘ra qiyinroq va ko‘proq vaqt talab qiladi – ko‘pchilik, ayniqsa, kambag‘allarning bunga qurbi yetmaydi. Biroq xitoy tilida erkin gapirish o‘zini oqlaydi, chunki Xitoy kompaniyalarda ishlash ancha daromadli hisoblanadi. 2022 yil may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi 1984 ta kompaniya ro‘yxatga olingan. Rus tili esa amaliyligi  uchun jozibaliroq. Ofis ishchilari va shaharlardagi xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlaridan, ayniqsa, rus tilini yaxshi bilish talab etiladi. Hatto xalqaro tashkilotlar ofislarida ham rus tilini bilish asosiy mezonlardandir. O‘zbek tilini bilish esa “ustuvorlik beradi” yoki “maqbul” sanaladi, lekin majburiy mezon emas. Mamlakatda Rossiya kapitali ishtirokidagi 2471 korxona va tashkilot bo‘lib, ulardan 210 tasi birgina 2022 yilda ish boshlagan.

Har yili Rossiyada ishlayotgan millionlab o‘zbek mehnat muhojiri uchun rus tili, ayniqsa, foydali. Ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiyadagi har beshinchi o‘zbek muhojiridan faqat biri til biladi. Shu bois, 2020 yilda Rossiyaning beshta shahrida o‘zbek muhojirlari uchun bepul til o‘rganish kurslari (to‘lovi Toshkent tomonidan) ochildi. Rossiya rasmiy statistikasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Rossiyada O‘zbekistonning 4,5 million fuqarosi mehnat qilgan va 31,9 ming o‘zbekistonlik Rossiya fuqaroligini olgan.

Moskvaning asosiy maqsadi mahalliy aholi orasida rus tilining mavjud maqomini saqlab qolishdir. Shu maqsadda Rossiya har bir o‘zbekni potentsial rus tilida so‘zlashuvchi sifatida ko‘radi. Shu bilan birga, Toshkent va Pekin o‘rtasidagi aloqalar kuchaygani sari xitoy tilida erkin muloqot qilish va Xitoy universitetlari diplomiga ega bo‘lishning ahamiyati va nufuzi oshib boraveradi. Rus tilini bilish Rossiyadagi mavsumiy qurilish maydonchalarida yoki xizmat ko‘rsatish sohasida ishlashga yo‘l ochsa, xitoy tiliga sarmoya kiritish keng imkoniyatlar berishini mahalliy aholi yaxshi anglaydi. 

Manba: The Diplomat  

Tag‘in o‘qing
1 dekabr 2023
O‘zbekistonda yagona “vor v zakone” Baxti Tashkentskiy laqabli Baxtiyor Qudratillaevga qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Eltuzning jinoyat olamidagi manbalariga ko‘ra, ...
21 mart 2018
O‘zbekiston prezidenti Mirziyoevning tovuqlarni nega sevishi 20 mart kuni Samarqand viloyatining Oqdaryo tumaniga borganida aniq bo‘ldi. Prezident matbuot xizmati ...
5 sentyabr 2019
Mustaqillik bayrami nishonlangan 1 sentyabr kechasi, Toshkent rasmiylariga ko‘ra, shahar ko‘chalariga o‘rnatilgan bayroqlardan 2000 tadan ortig‘i o‘g‘irlangan. Yetkazilgan zarar ...
6 iyun 2019
Andijon viloyati hokimi o‘tkazgan matbuot anjumanida mahalliy televidenie rahbari xorij ommaviy axborot vositalarini “umumiy dushmanimiz”, deb atadi. Shu kunlarda ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...