Catira
6 iyun 2019

Andijon “jurnalistlari”: Bizning umumiy dushmanimiz bitta, u ham bo‘lsa xorijiy matbuot

Andijon viloyati hokimi o‘tkazgan matbuot anjumanida mahalliy televidenie rahbari xorij ommaviy axborot vositalarini “umumiy dushmanimiz”, deb atadi.

Shu kunlarda Andijondagi mahalliy matbuot nashrlari viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 31 may kuni mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun o‘tkazgan matbuot anjumanini zo‘r berib yoritmoqda.

Viloyat hokimligi rasmiy sayti hamda mahalliy nashrlar bergan maqolalarda yozilishicha, ushbu matbuot anjumanini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida aholining muammolarini o‘rganish, ijobiy hal etish, ayniqsa, ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolarning turmush sharoitlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarni OAV xodimlariga yetkazishdan iborat.

Andijon viloyati hokimligi rasmiy saytida berilgan axborotdan parcha keltiramiz:

“…ba'zi bir xorijiy va mahalliy OAV tomonidan jamiyatimizga xolis bo‘lmagan, tekshirilmagan ma'lumotlarning ham chiqishi, ushbu asossiz xabarlardan keyin ularning muhokamasi ham xalqimizning ko‘plab savollariga sabab bo‘lishini aytib o‘tdi. Xususan, kuni kecha xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali go‘yoki Andijon viloyatida Prezident tashrifidan so‘ng taqdim etilgan uylarning qaytarib olingani haqidagi iddao bilan videolavha tarqatildi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Andijonga tashrifi chog‘ida Andijon shahrining “Mustaqillik” mahallasi, Pushkin ko‘chasi, 49-umumiy hovlida yashagan, 1984 yilda tug‘ilgan Xurshida Tillaevaga yangi uy berilgani va buning uchun minnatdorchilik bildirib intervyu berganidan so‘ng uydan chiqarib yuborilgani ko‘rsatilgan”.

Viloyat hokimi mazkur matbuot anjumanini o‘tkazish orqali xorijiy OAV lar orqali berilgan videolavhaga raddiya berib, noxolis, yolg‘on ma'lumotlar berilganini ta'kidlab, xalq va jurnalistlar oldida o‘zini oqlaganday bo‘ldi go‘yo.

Hokimning gaplarini zalni to‘ldirib o‘tirgan jurnalistlar miq etmay eshitdilar, bosh irg‘ab tasdiqladilar, hatto qo‘llab-quvvatladilar ham. Bir-ikkita jurnalistlar balandparvoz, maddohona gaplari bilan hokimga, prezidentga “paxta qo‘ydilar”. Hech bir jurnalist hamma gapni videolavhadagi qahramon gapirganini, uning gaplaridagi ma'lumotlar rost yoki yolg‘onligidan qat'i nazar «Ozodlik» o‘z vazifasini – tezkor axborot yetkazishni uddalaganini aytmadi. Aksincha, yaqinda viloyat teleradiokompaniyasi direktorligiga tayinlangan Boburbek ismli yosh rahbar yigit barcha hamkasblarni birdamlikka chaqirib, “bizning umumiy dushmanimiz bitta, u ham bo‘lsa xorij OAVlari”, deya ta'kidladi.

Aftidan rahbar bo‘lgani bilan yigitchaning tajribasi, bilim saviyasi pand bergan ko‘rinadi. Balkim u raqobatchi demoqchi bo‘lgandir-u, ammo buning o‘rniga «dushman» so‘zini ishlatgandir?! Yoki hokimga o‘zini yaxshi ko‘rsatmoqchi bo‘ldimi?..

Xo‘sh, haqiqiy jurnalist qanday bo‘lishi kerak unda? Xolis OAVlarchi?

Viloyat hokimligi uchun maxsus kamera va alohida muxbir ajratib, hokimning kun tartibini yoritishdan charchamayotgan viloyat televideniesidaymi, yoxud maqola ko‘tarib kelgan kishining qo‘liga qaraydigan mahalliy gazetalar xodimlaridaymi, yoxud mana shunday anjumanlarda boshini likillatib o‘tiradigan qo‘g‘irchoq jurnalistlardaymi?

Agar shunday bo‘lsa, Andijonda pichoqqa sop bo‘ladigan haqiqiy jurnalistlar yo‘q va xalqaro standartlarga javob beradigan jurnalistika qolmabdi-da.

To‘g‘ri, keyingi paytlarda matbuot sohasida ancha erkinlashganimizni tan ola bilishimiz kerak. Biroq haligacha eski qolipdagi maqolalaru shablon gaplardan, ikki gapining birida “hukumatimiz, Prezidentimiz tashabbusi bilan” qabilidagi yaltoqnamo iboralardan qutulolmayotgan jurnalistlar ham ko‘pligidan ko‘z yuma olmaymiz. Axir yutuqlar o‘zimizniki, kamchiliklarni yo‘qotishimiz kerak emasmi?

Rahbarlarga, xususan, prezidentga faqat yaxshi tomonimizni ko‘rsatishga intilamiz, kamchiliklarimiz yuzaga chiqib qolishidan qo‘rqamiz, voqelikni boricha ko‘rsatish o‘rniga bo‘rttiramiz, soxta stsenariylar tuzamiz. Xurshida Tillaeva ijro etgan rol ham ana o‘sha stsenariy asosida sahnalashtirilgan edi. (Bu haqda ham ko‘p ta'kidlandi!)

Pezident Andijonga tashrif buyurgan kuni Xurshida Tillaevaning o‘zi “men gapiraman”, deb tashabbus bilan chiqmagandir?! Uni yasantirishgan, “prezidentga rahmat aytasan”, deb tayinlashgan va u chiqib rolini ijro etgan. Biroq nima uchundir mahalliy ommaviy axborot vositalarida aybdor faqat Xurshida Tillaeva hamda “Ozodlik” radiosi bo‘lib qolmoqda.

Uning bulbulday sayrashini uyushtirganlar esa endi o‘zini har tomonlama oqlashga urinishmoqda.

Birgina savol: uyushtirilgan intervyuning nima keragi bor edi? Shunchalik olamshumul ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa, uni odamlarning o‘zi tayyorgarliksiz ham aytishadi-ku.

O‘zbekiston Milliy axborot agentligida bu mavzuda qator maqolalar e'lon qilindi. “Xurshida TILLAYeVA: «Menga uy berib, Prezidentimiz ketgandan keyin chiqarib yuborishdi, deb internet orqali ovoza tarqatsang, kottej-uyli bo‘lasan, deb aldashgandi», degan uzundan-uzun sarlavhali maqolada muallif Faxriddin Ibaydullaev  hissiyotlarga berilib ketgan ko‘rinadi.

Xususan, 30 yillik jurnalistlik faoliyati davomida bironta ham xatoga yo‘l qo‘ymaganini, yuzlab kitoblarga muharrirlik qilganini ta'kidlaydi. Bu jurnalistning o‘zi faoliyati davomida faqat maddohlik, buyurtma maqolalar yozish bilan shug‘ullangan bo‘lsa, qaydan ham xato qilsin?

Maqola  bunday yakun topadi:

“Yurtimizda yuqoridagi kabi xayrli ishlar olib borilayotgani, qanchadan-qancha uy-joyga muhtoj insonlar uyli bo‘layotgani quvonarli, albatta. Lekin ana shu ishlarning ichidan kir qidirayotgan kishilar “Davlat uni qilib berish kerak, buni qilib berish kerak”, degan iddaolarni to‘xtatsa yaxshi bo‘larmidi, degan o‘y o‘taveradi xayolimdan…

So‘nggi so‘z o‘rnida bir gap aytmoqchiman: Ba'zi «xalqparvar kuyunchak»lar yurtdoshimiz Xurshida Tillaeva haqida yozganlarimizga ishonmasa, Andijonga kelib o‘zi bilan suhbatlashsin. Andijondagi bunyodkorlik ishlarini ko‘rsin. Zora, fisqu fasod tarqatishdan tiyilsa”.

Jurnalist “xalqparvar kuyunchaklar” deganda aynan kimlarni nazarda tutdi? Qaysi xorijiy OAV haqida gap ketayotganini hamma biladi. Shunday ekan, hurmatli hamkasb, chaynalmasdan “falon sayt” deb aytib qo‘yaqolsangiz bo‘lmasmidi?

Xalqimizda “O‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil”, degan maqol bor. (Darvoqe, siz mahalliy jurnalistlar maqolangizda maqol va iboralardan foydalanishni yaxshi ko‘rasizlar-ku). O‘zingizning er ekanligingizni tan olyapsizmi, o‘zganing sher ekanligiga ham ko‘ning. Chunki siz 30 yillik faoliyatingiz davomida qila olmagan ish – shov-shuvli, butun xalq o‘qiydigan materiallarni xorijlik hamkasblaringiz tayyorlay olyapti. Asl jurnalistika esa ana shundan iborat.

«Eltuz»ning Andijondagi muxbiri

Tag‘in o‘qing
27 dekabr 2019
«Sovg‘ang boshingdan qolsin. Kitobdan ham sovg‘a bo‘ladimi? Bir million rubl ber, bitta kottej ham ber!!!» Kechgan yilda rossiyalik milliarder ...
14 may 2023
Buxoro viloyat IIB tarqatgan bildirgida jinoyat tafsiloti ham keltiriladi. Biroq tergovga xalaqit bermasligi uchun jurnalistlardan bu ma'lumotlarni oshkor etmaslik ...
22 fevral 2016
O‘zbek gazetalarining bugungi mavzulari “chig‘atoy adabiyoti va tili” atamasini muomaladan chiqarishga bel bog‘lagan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Buxoroda tadbirkorlar qurgan ...
26 avgust 2020
O‘limidan bir-ikki yil burun ham Karimovning o‘lgani haqida har xil xabarlar tarqalgan. Jumladan, 2015 yili 17 noyabrga o‘tar kechasi ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...