Asosiy mavzular
16 iyun 2022

O‘zbekiston jurnalistlari: “Tsenzura ongimiz va qalbimizda”

Telefon qo‘ng‘iroqlari, tuhmat kampaniyalari va shaxsiy tashriflar: Davlat xavfsizlik xizmati o‘zbekistonlik jurnalistlarni qanday qo‘rqitmoqda?

Bu O‘zbekiston jurnalistlariga nisbatan DXX tomonidan kuchaytirilgan bosimlarga oid makolaning ikkinchi qismidir. Birinchi qism bu yerda mavjud.

O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bo‘yicha 11 haftalik o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, jurnalistlar va blogerlar duch kelayotgan eng katta muammolardan biri Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) tomonidan bo‘ladigan bosimdir.

Jurnalist va blogerlarning ta'kidlashicha, DXX ularga va oilalariga tahdid qiladi, qo‘rqitadi, materiallarini o‘chirishga majburlaydi. DXX hukumat darajasidagi korruptsiya, boy tadbirkorlarning tijoriy kelishuvlari, nozik diniy masalalar, prezident va uning oilasiga hurmatsizlik ko‘rsatish kabi muayyan mavzularni yoritmaslikni talab qiladi.

O‘zbekistonda DXX, asosan, yashirin ishlaydi. Ularning tahdid va qo‘rqitishlari jurnalistlarni korruptsiya, islohotlarni amalga oshirish uchun yangi saylangan prezident bilishi kerak bo‘lgan muammolar haqida yozishdan to‘xtatadi. Natijada qo‘rqoq va o‘z-o‘zini tsenzura qiladigan ommaviy axborot vositalari, gapirishdan qo‘rqadigan aholi va erkin matbuot fasadi ortida aslida targ‘ibot bilan shug‘ullanadigan davlat ko‘z oldingizda gavdalanadi.

“Rost 24” tahdid ostida

14 aprel kuni “Rost 24” muharriri Anora Sodiqova o‘zbekistonlik tadbirkor Jahongir Usmonov haqidagi maqola va videoni o‘chirmasa, o‘zi va hamkasblariga zarar bo‘lishidan ogohlantirilganini ma'lum qildi. Tadbirkorning ismi “Pandora hujjatlari” deb nomlanuvchi katta ma'lumotlar sizib chiqishi ortidan Sodiqovaning e'tiboriga tushgan. Usmonov ofshor shirkat egasi sifatida ro‘yxatga olingan, deyiladi maqolada. Unda Usmonovning ushbu ofshor hisob orqali katta miqdorda pul o‘tkazgani aytilayotgan xayriya jamg‘armasiga aloqadorligi ko‘rsatilgan.

Sodiqova unga kim tahdid qilayotganini hatto uni qo‘llab-quvvatlayotgan O‘zbekistondagi yagona mustaqil ro‘yxatdan o‘tgan inson huquqlari tashkiloti –  “Ezgulik”ka ham ochiq aytishdan bosh tortdi. Ammo u tahdidlar DXX tomonidan bo‘layotganini aytdi.

“Agar men bu xavfsizlik kuchlari edi, desam muammo bo‘ladi, – dedi u. – Qolaversa, buni qanday isbotlay olaman?”.

Bu DXXning maqolani olib tashlash uchun Sodiqovaga uchinchi marta bosim o‘tkazishi. Birinchi marta u tahdidlarga e'tibor bermadi. Ikkinchi marta 2020 yil may oyida DXX xodimi unga qo‘ng‘iroq qildi. O‘shanda u maqolani saytdan olib tashladi.

Keyinroq Sodiqova uning atrofidagi voqealarga O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi e'tibor qaratganidan xabar topdi.

Ilgari O‘zbekiston Oliy sudi matbuot kotibi bo‘lib ishlagan Olimjon O‘sarov “ittifoq rahbari sifatida bu ishga beparvo bo‘la olmasligi”ni aytdi: “Men prokurordan ishni tekshirishni iltimos qildim. Jurnalistga tahdid qilish noqonuniy va jinoyatdir. Agar unga tahdid qilgan shaxs haqiqatan ham mavjud bo‘lsa, u topiladi”.

O‘sarovning aytishicha, militsiya Sodiqova va hamkasblarining telefon yozuvlarini olgan. Uyi va idorasi yaqinidagi kuzatuv kamerasi tasvirlarini ham olib, restoranda uning oldiga kelgan va gaplarini yozib olishni so‘ragan odamni topishga harakat qilgan. Politsiya uning eri bilan ham gaplashmoqchi bo‘lgan.

“Anora bizdan ishni qaytarib olishni so‘radi, – dedi O‘sarov. – Bu men uchun qiziq bo‘ldi”.

Sodiqova uyushmaning ishtirokini olqishlamadi. Aksincha, hukumat unga tuzoq qo‘yishidan xavotir bildirdi. Shuning uchun u surishtiruvni to‘xtatishni so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rost 24”dagi muxbirlarini ishdan bo‘shatgan. Chunki ular DXXga ishlayotgan bo‘lishi mumkinligini gumon qilgan.

“Ular meni bu ishni o‘z mediakompaniyasi piari uchun qildi, demoqchi bo‘lishyapti”, dedi Sodiqova.

OAVning mazkur surishtiruvga yaqin, ismi sir qolishini so‘ragan amaldori menga “bu voqeani Anora o‘ylab topgan”, deb o‘ylaganini aytdi.

“Tekshiruv ko‘rsatdiki, bunday odamlarning qaydlari va qo‘ng‘iroqlari yo‘q, – dedi u. – Hech qanday tahdid yo‘q edi. Biz aslida nega bunday bo‘lgani, Anora nima uchun bunday da'vo qilganiga va bularning barchasi ortida nima turganiga hayron bo‘lamiz”.

Mulozimning bildirishicha, tez orada tekshiruv natijalari haqida e'lon qilinib, matbuot anjumani o‘tkaziladi.

Quturgan itlar

Prezident Shavkat Mirziyoevning DXXdan jirkanishi yaxshi ma'lum. Prezident ularni “quturgan itlar” va “formadagi tuturuqsiz odamlar”, deb atagan. U hech bir xavfsizlik xodimiga ishonmasligini va “lozim bo‘lsa, pogonlarini yulib olishi”ni aytgan.

2018 yilning fevralida Mirziyoev Buxoro viloyatida DXX hibsga olgan ikki mahalliy tadbirkor qiynoqqa solingani haqida dalillarni qo‘lga kiritganini bildirib, zobitlarni javobgarlikka tortishga va'da bergan edi.

Prezident Dilfuza Ibodovaning ukalari, DXX qo‘lida 2015 yildan buyon hibsda bo‘lgan Ilhom va Rahim Ibodovlarga qiynoq qo‘llanilgani haqida gapirgan edi. Ilhom DXX xodimlari va boshqa mahbuslar tomonidan kaltaklanib o‘ldirilgan. Rahim sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Hatto Dilfuza va onasi davlat amaldorlariga ukalarning ishini tekshirishni yolvorib so‘rab yozganida ham DXX unga bu mavzuni muhokama qilishdan tiyilish zarurligini aytib tahdid qilgan.

Lekin Dilfuza fikridan qaytmadi.

“Men hech narsadan qo‘rqmadim, chunki yo‘qotadigan hech narsam yo‘q edi”, dedi u.

Davlat rahbari Ibodovlar ishiga shaxsan e'tibor qaratganidan so‘ng aybdorlar javobgarlikka tortildi: AQSh hukumatining inson huquqlari bo‘yicha hisobotlariga ko‘ra, olti zobit va to‘rt mahbus 18 yilgacha bo‘lgan muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilindi, yana ikki zobit o‘z vakolatlari doirasidan chiqishda aybdor deb topildi. Sud jarayoni yopiq bo‘lib, qarorlar jamoatchilikka e'lon qilinmadi.

Sobiq bog‘cha tarbiyachisi, jurnalistika bo‘yicha hech qanday ma'lumoti bo‘lmasa-da, o‘zi prezidentning shaxsiy himoyasi ostida ekanini his qilgan Dilfuza blog yurita boshladi. 2020 yilda u o‘z mediaplatformasini Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ro‘yxatdan o‘tkazdi. U blogning yagona muxbiri. Yangiliklar, dolzarb voqealar haqida xabar beradi va ayblanuvchilarning aybdorligini aniqlash uchun jinoyat ishlarini pul evaziga o‘rganadi. U hukumat amaldorlari haqida yozishdan qo‘rqmasligini aytdi.

“Davlat xavfsizlik kuchlari mendan cho‘chishadi, – dedi u menga. – Ulardan sakkiz nafari qamoqda o‘tirganidan keyin yana nima kutasiz? Men hamma narsa haqida yozishim mumkin”.

Lekin Dilfuza shunday deb o‘ylaydigan kam sonli bloger va jurnalistlardan biri.

Shuhrat Shokirjonov “Kun.o‘z”ning Samarqanddagi bo‘limi boshlig‘i. Shuningdek, u telegram, feysbuk, tvitter va tiktokda blog yuritadi. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, asosan, turli ijtimoiy muammolar haqida fikrlarini joylashtiradi, so‘ng “Kun.o‘z” saytidagi maqolalariga havolalar beradi.

Shokirjonov DXX ayrim paytlarda u bilan bog‘lanib, maqolani o‘chirishni so‘rashini aytadi. Ikki yil oldin u ilgari G‘alaba kuni hisoblangan, hozir Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanadigan 9 mayda hukumat parad o‘tkazganini tanqid qilgan.

“DXX mendan maqolani o‘chirishni so‘radi. Ular paradni tanqid qilish postsovet davlatlar o‘rtasida tushunmovchilik keltirib chiqarganini aytishdi. Men fikrimni o‘zgartirmadim, lekin o‘chirib tashladim”, dedi Shokirjonov.

Shokirjonov DXX haqida yozishdan qochadi, chunki yozsa, bosimga duch kelishini biladi. Boshqa holatlarda u hukumatni tanqid qilishda o‘zini erkin his qiladi, chunki u doimo asos va isbotlarga ega.

Shunday bo‘lsa-da, u “xavfsizlik xizmatlari o‘zini hech qanday sababsiz ayblashdan qo‘rqishi”ni bildirdi. U ommaviy axborot vositalarida so‘z erkinligiga xuddi Rossiyadagi kabi chek qo‘yilishidan cho‘chiydi. Zero, Rossiyada prezident Putin Ukrainadagi urush borasida erkin fikr bildirgan har qanday OAVni qonundan tashqari deb e'lon qilgandi.

Bloger Farrux To‘ramurodovning yaqinda Samarqanddan Toshkentga ko‘chib kelishiga sabablardan biri ham o‘z shahrida DXX va militsiya nazorati ostida qolgani bilan bog‘liq.

Internetda “Samarqandlik” taxallusi bilan chiqish qiladigan Farrux To‘ramurodov urush boshida feysbukdagi sahifasiga orqa oynasiga Z belgisi tushirilgan mashina suratini joylashtirdi. Bu ramz Ukrainadagi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlash dalolati edi. Bir soat o‘tgach, DXX u bilan bog‘lanib, suratni o‘chirishni so‘radi.

2020 yilda DXX unga hukumat amaldorlari, prezident va oilasi, politsiya va DXX kabi idoralarni tanqid qilmasligi kerakligini aytdi.

Farrux prezidentning ismini ko‘rsatmagan, ammo u “qora kostyum kiygan odam” deb atalgan post yozgan. DXX u bilan bog‘lanib, postni olib tashlashni talab qildi, chunki buni davlat rahbariga hurmatsizlik sifatida baholadi.

O‘tgan yil noyabr oyida Farrux hukumatning internetdagi ishlamayotgan ilovasi haqida yozganidan so‘ng uni militsiyaga chaqirishdi. Keyinroq bildiki, o‘sha kuni yana ikki bloger ham chaqirilgan. Shundan so‘ng u Samarqandni tark etishga qaror qildi.

O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi blogerlar ham ularni DXX kuzatayotgani va tez-tez so‘roqqa chaqirib turishi haqida xabarlar berishadi. Farg‘ona viloyatiga safar qilganimda, men suhbatlashgan jurnalistlar va men turgan mehmonxona rahbari bilan DXX xodimlari bog‘lanib, nima qilganim, qaerga borganim, kimlar bilan gaplashganim haqida savollar berishdi.

“Xavfsizlik xizmatlari bosimi tobora kuchayib bormoqda, – dedi farg‘onalik bloger-jurnalist Bahodirxon Eliboev. – Hukumatning josusligi va monitoringi jurnalistlarga ham, fuqarolarga ham sovuq ta'sir ko‘rsatdi.

Xavfsizlik xizmatlari ayrim jurnalistni sotib olishi mumkin. Agar rasmiylar buyursa, jurnalistlar amaldorlar xohlagan hamma narsani yozadi. Bu jurnalistika emas, tashviqotdir. Tsenzura endi bizning ongimiz va qalbimizda”.

2018 yilning 24 iyulida Mirziyoevning tug‘ilgan kunida Eliboev o‘z blogida uni tabriklab, Rossiya va boshqa mamlakatlardagi millionlab o‘zbekistonlik mehnat muhojiri o‘z vatanida ro‘zg‘or tebrata olmayotganini unutmaslikni so‘ragandi.

O‘sha kuni tushdan keyin u garajdagi xonadonida mizg‘ib yotganida, DXXning to‘rtta zobiti eshigini taqillatdi.

“Ular garajda yashayotganimni ko‘rib, “Uyingiz yo‘qmi?” deb so‘rashdi, – deydi Eliboev. – Men jurnalist bo‘lib ishlay olmasam, xo‘sh, qaerda yashashim mumkin? Qo‘limdan keladigan ishni qilmasam, yaxshi pul topa olmayman”.

Uni agar keskin mavzular haqida yozishni davom ettirsa, qamoqqa tushishi haqida ogohlantirishdi.

U ularga bunday dedi: “Men xohlagan narsani yozaman, chunki qamoqxonangiz garajimga o‘xshaydi. Lekin qamoqxonangiz qulayroq, chunki o‘zim non topishimga hojat qolmaydi. Nonni o‘zlaring berasizlar. Qamog‘ingiz men uchun ozodlikdir”.

Suhbatimizdan ikki soat o‘tgach, Eliboev menga xabar jo‘natdi. Hozirgina DXX xodimi u bilan bog‘langani, men bilan nimalarni gaplashganini so‘raganini yozgandi.

Tsenzor bilan bevosita muloqot tajribasi

Mart oyida Toshkentga kelganimda, turli mustaqil nashrlar muharrirlari va egalari, jumladan, “Qalampir.o‘z” mediaplatformasi egalaridan biri Qamariddin Shayxov bilan uchrashdim.

Uning xonasi devorlariga inson huquqlariga oid, masalan, oilaviy zo‘ravonlik, hukumat qatag‘onlari aks etgan fotosuratlar va illyustratsiyalar ilib tashlangandi.

Shayxovning so‘zlariga ko‘ra, uning saytiga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligidan xabarlarni yoki sharhlarni olib tashlash haqida xat va ogohlantirishlar muntazam kelib turadi.

“Agentlikdan xat olganimiz ortidan 2-3 soatdan keyin maqolalarimizda o‘z-o‘zini tsenzura qilish 3-4 barobar kuchayadi, – dedi u. – Psixologik jihatdan olib qaraganda, mantiqiy fikr yuritishimiz uchun bir necha soat kerak bo‘ladi. Siz o‘z-o‘zini tsenzura qilishga qarshi kurashishingiz yoki ko‘karishlar bilan ketishingiz kerak”.

Uchrashuvimizdan so‘ng mustaqil OAV uchun maqola yozish va, ayniqsa, Shayxov ta'kidlaganidek, “so‘z erkinligi uchun kurashish”dan qanday natija chiqishini ko‘rish haqida o‘ylab qoldim.

O‘zbekiston jurnalistlaridan olgan intervyularim asosida “Qalampir” sayti uchun mehmon rukni ostida haftada bir maqola yozib berish taklifini bildirdim. Hukumat tadqiqotimni ma'qullagani uchun Shayxov ham rozi bo‘ldi.

Farg‘ona vodiysidagi jurnalistlar, jumladan, o‘zim ham duch kelgan DXX bosimi haqidagi ikkinchi maqolani jo‘natganimda meni “Qalampir” ofisiga chaqirishdi va MXX haqida maqola e'lon qila olmasliklarini aytishdi.

Shayxov va “bosiqqina” biznes sherigi (hujjatlarga ko‘ra, uning mashhur qo‘shiqchi rafiqasi “Qalampir”ning 75 foiziga egalik qiladi) ikki soat davomida DXX harakatlarini himoya qildi.

“Xavfsizlik xizmati xodimlari faqat sizni himoya qilmoqchi bo‘lmaganini qaerdan bilasiz? Ularning niyatlari yomon ekanini qaerdan bilasiz?” deb so‘radi ikkalasi ham.

Bular “Qalampir”dan oxirgi eshitganlarim bo‘ldi.

Xolis bo‘lishga urinib, bir necha bor DXXdan men bilan suhbatlashishni so‘radim. Tashqi ishlar vazirligi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga xatlar yubordim.

Agentlik mutasaddisi Dilshod Saidjonov mening sa'y-harakatlarimni “go‘llik” deb baholadi.

“Ular shunchalik sirliki, hatto veb sayti ham yo‘q, – dedi u. – Siz xavfsizlik xizmatlaridan intervyu olgan taqdiringizda ham O‘zbekiston ommaviy axborot vositalaridagi muammolar – takomillashish istagi yo‘qligi, zaif ta'lim va tahlil ko‘nikmalari yetishmasligi saqlanib qolaveradi”.

Shunga qaramay, qaysarligimni qo‘ymadim. Men DXX zobitlarini taniydigan jurnalistlar orqali men bilan intervyu uyushtirishni so‘rayverdim. Hatto veb saytimda DXX bilan intervyu olish istagim haqida post yozdim. Uni o‘zbek tiliga tarjima qildim va DXX nishonidagi bir nechta blogerdan buni o‘z bloglarida e'lon qilishni so‘radim. Men hali ham so‘rovlarimga javob olganim yo‘q…

Cheryl L.Reed.

Maqola ingliz tilida The Diplomat nashrida chop etilgan

“Eltuz” tarjimasi

Tag‘in o‘qing
14 fevral 2022
Bu hikoya Qoraqalpog‘istondagi turkman qishlog‘ida tug‘ilgan jamoatchilik faoli va bloger Jumasafar Dadaboev haqida. 2016 yilda, hali u jamoatchilik faoliyati ...
7 noyabr 2023
Salom qadrli muxlislar, ko‘rsatuvlarimizni Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta maktubni o‘qish bilan davom ettiramiz. Ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Toshkent, Jizzax, ...
4 mart 2022
Bugun @eltuz O‘zbekiston Davlat Bojxona Qo‘mitasi rahbariyati ishi yuzasidan surishtiruv olib borilayotgani haqida xabar bergan edi. Surishtiruvlar  nihoyalab qolgan ...
4 noyabr 2022
Rassom Tuz: Aziz og‘a-ini, opa-singil, qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman. Matchon Suqilish: Nichiksizlar! mo‘chchi oybika ham xo‘jik ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...