Asosiy mavzular
7 noyabr 2023

Shamoldan o‘chayotgan chiroq, mashina haridi va sifatsiz un – EP105

Salom qadrli muxlislar, ko‘rsatuvlarimizni Eltuz portaliga kelgan so‘nggi beshta maktubni o‘qish bilan davom ettiramiz. Ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Toshkent, Jizzax, Namangan viloyatlaridan kelgan. Dastlabki shikoyat xati Qashqadaryoning Koson tumanidan, shamol va yomg‘ir kunlari chiroq o‘chmoqda…

“Qashqadaryo viloyati Koson tumani Ravot mahallasidan murojaat qilyapmiz. Bizda 2 kunlab chiroq bo‘lmaydi. Shamol va yomg‘ir kunlari shu muammo kuzatiladi. Chiroq o‘chganidan muzlatkichdagi mahsulotlar aynib qolyapti. Tuman elektr tarmoqlari korxonasida transformatorimizni sozlagani material yo‘qmi yoki mutaxassis yetarli emasmi? Mas'ullardan amaliy ko‘mak so‘raymiz” deya yozadi Eltuz obunachisi.

Keyingi maktubni “Humo hous kar” MChJga uy va mashina bo‘yicha to‘lov qilgan, biroq shirkatning va'dasida turmayotganini iddao qilayotgan poytaxt turg‘uni yozmoqda.

“Toshkent shahridan murojaat qilyapmiz. “Humo hous car” MChJga uy va mashina bo‘yicha to‘lov qilganmiz. Ammo firma shartnoma bo‘yicha vazifasini bajarmadi. So‘nggi marta “20 oktyabrda pulni qaytaramiz” deb tilxat yozib berishgan edi, lekin bu muddat o‘tsa-da, na pul qaytarildi, na shartnomaviy majburiyat bajarildi. Firmaning Olmazor tumanidagi ofisi yopilgan. Firma menejeri “Avto 60 oy” MChJ ishi bo‘yicha qamalib chiqqan J.B. ekan. Holat bo‘yicha mas'ullardan amaliy ko‘mak so‘raymiz” deya yozadi Eltuzga chuv tushganini bildirayotgan toshkentlik.

Keyingi murojaat Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidan. Muddati o‘tgan un maxsuloti sotilayotgani iddao qilinmoqda. Sifatsiz unni qayta ishlab sotish mumkinmi?

“Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidan murojaat qilyapmiz. “Do‘stlik don mahsulotlari” AJ tayyor mahsulotlarni saqlash omborida turib, qotib qolgan va noxush hid chiqarayotgan un mahsuloti 2023 yil 18 oktyabr kuni shu korxonaning tegirmon sexida qayta ishlangan. Sifatsiz unni qayta ishlab sotish mumkinmi? Bu mahsulot iste’molchilar salomatligiga xavf solmaydimi?” deya savol qo‘yadi Do‘stlik turg‘uni.

Navbatdagi maktub Namangandan, dam olish kuni ishlagan soliq xodimlariga qo‘shimcha haq berilmagan, mukofotdan ham darak yo‘q.

“Namangan viloyati soliq xodimlari nomidan murojaat yo‘llamoqdamiz. Hurmatli Sherzod Davlatovich soliq qo‘mitasiga rais bo‘lgach, tizim xodimlari adolatli ravishda mukofotlanmoqda. Ammo bizda unday emas.  3-chorak yakuni bo‘yicha viloyatda 6 ta tuman mukofot olgan, lekin 8 ta tuman olmagan, sababi – reja bajarilmadi. Shu sabab boshqarma boshlig‘ining 23-24 sentyabr shanba va yakshanba, dam olish  kunlari ham ishga jalb qilish haqida buyrug‘i chiqdi. Ishlaganlarga qo‘shimcha haq to‘lab berilishi aytilsa-da, to‘lab berilmadi. Qolaversa, oylik ish haqining  50 foizi miqdorida mukofotga buyruq chiqarib, uni ham berishmayapti. Har yili kuz-qish mavsumida beriladigan oziq-ovqat puli ham yo‘q. Ertalab soat 7:00 dan kech 23:00 gacha 3 mahal ko‘chada ovqatlanamiz, kunlik xarajatimiz 100 ming so‘mdan oshadi. Bunday vaziyatda oylik yetmasligi tabiiy. Soliq qo‘mitasidan amaliy yordam so‘raymiz” deya yozmoqda namanganlik soliqchilar.

Va nihoyat so‘nggi murojaat Qashqadaryodan. 10 yildan beri tomorqamizga oqar suv berilmaydi, deya shikoyat qilmoqda Kosonlik Eltuz obunachisi.

“Men – Zafar Niyozov, Qashqadaryo viloyati Koson tumani Oqsalla MFYdan yashayman. 10 yildan beri tomorqamizga oqar suv berilmaydi. Soliqni esa unumli yerga teng tarzda to‘laymiz. Suvsizlikdan qanchadan-qancha daraxtlar qurib ketdi. Oldimizdan suv o‘tsa-da, suvsiz yashash og‘ir. Qashqadaryo kanalidan suv olishga to‘sqinlik qilayotgan mas'ullarga chora ko‘riladimi? Prezidentimizdan amaliy ko‘mak va adolat so‘raymiz”

Bu sizga bugun o‘qib eshittirganimiz so‘nggi beshta shikoyat edi. Eslatib o‘tamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.  

Tag‘in o‘qing
5 aprel 2019
Joriy yilning 8 fevralida ishdan olinib, ustidan jinoyat ishi ochilgan DXX sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev 4 aprel kuni uy ...
3 may 2020
Janubiy Xorazm shevalari va Xorazm qarluqchasi haqidagi savollarga bergan javoblarim kommentlarda bahslarga sabab bo‘ldi. Shularga biroz aniqlik kiritib ketaman. ...
18 avgust 2018
Hozirda AQSh bo‘ylab sayohat qilayotgan, ko‘pchilikka «Alvido, Jasliq!» kitobi bilan mashhur sobiq siyosiy maxbus Muhammad Bekjon «Eltuz» nashri o‘quvchilari ...
12 may 2023
RT: Siz bilan  yana gurunglashish nasib etganidan ichimga sig‘may sevinib o‘tiribman.  MS: Nichiksizlar jollimisizlar mo‘chchi bika ham xo‘jik birrilar Bormisiz, ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...