Asosiy mavzular
22 noyabr 2023

Zimiston ko‘chada tutayotgan ko‘mir… va namunali uy narxlari – EP109

Eltuz portaliga yo‘llangan navbatdagi beshta maktubni o‘qiymiz. Ular O‘zbekistonning Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridan kelgan. Dastlabki shikoyat Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridan. Navo MFYda yashovchi tadbirkor ayol Fazilat Ashurova videomurojaatida banklar tomonidan qallobliklarga yo‘l qo‘yilayotganini iddao qilmoqda:

«Banklar xalqni talamoqda…»

«O‘zbekistondagi bank siyosatining rivojlanishi uchun qilinayotgan va aholiga xizmat ko‘rsatish va kambag‘al qatlamni kamaytirish uchun berilayotgan va davlatimiz raxbari tomonidan ajratilayotgan mablag‘ e'tiborni sarobga aylantirayotgan ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar, Qarshi shahar Kapital banki qoshida vositachilik bahonasida ochiqdan-ochiq xalqni talamoqdalar.

Xalqimizning avtomashinaga bo‘lgan talabi va extiyoji uchun yemay ichmay yig‘gan pulini moshinpurushlaridan keyin bu tekintamoq firmalar hech qanaqa qilmagan ishi uchun 5-6 foizdan xizmat to‘lovi olgani yetmaganday, avtomashina baholashi, sug‘urta, va notariusni ham monapoliyalashtirib olgan.

Bechora xalq bir so‘mlik moshinani o‘n so‘mga olayotgani yetmaganday nizomlaridan tashqari ortiqcha qo‘ldan taxlab olgan soxta jadvallarini asos qilib eng kamida 700 ming dan olib o‘tirishibdi. Bunaqa firmalarga talangan, reklama va birinchi xarajating deb ko‘rsatilgan xarajatlar rasmiylashtirish yarmiga kelganda ikki baravar oshib ketganligidan ortiqcha qarzlari ko‘paymoqda.

Vaholangki shu fuqaro olayotgan kredit ham foizi kichkina emas albatta. Mana aynan qaerdan kelmoqda kreditni vaqtida qaytarmasligu, kambag‘allikni kamaytirish o‘rniga ko‘paytirish. Bu firmalarning muttaxamchiligining orqasidan banklarimizga fuqaro va xalqimizning ishonchi yo'qolib bormoqda.Firmaning monapoliya deganimga asos shuki, Qashqadaryoda ham ishlayman degan firmalar bor, nega aynan Samarqand viloyatidan to‘rtta firma ishlaydi, manam tadbirkorman 2020-yilda ishlash taklifini bildirganimda taklifimni qabul qilishmagan».

Keyingi shikoyat maktubini Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida yashovchi obunachimiz yo‘llamoqda.  U yerda chiroq yo‘q. Ko‘cha zim ziyo, hammayoqni achchiq tutun bosgan. Maktub mazmuni Rossiyaga va Xitoyga ketgan gaz o‘rniga xalqqa sotilgan ko‘mir dudi kabi achchiq.

Sifatsiz ko‘mir dudi kabi achchiq hasrat

«Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida mana 20 yildirki sovuq tushdi deguncha svet o‘chishni boshlaydi Mana bugun xam tarki odat amru mahol deganidek yana o‘chdi.

Gazniku gapirmasa ham bo‘ladi 15 yilcha bo‘ldi gaz turbalari kesilib yo‘q bo‘lib ketdi. Jilla qursa oldindan pulini to‘lab qo‘yayotgan svetni berishsa bo‘ladiku. Ko‘cha zim ziyo, hammayoqda achchiq tutun, birov ko‘mir yoqqan, birov o‘tin. Bu turishda buvisinikida bo‘ladi ekologiya yaxshi. Battar bo‘lsa bo‘ladiki yaxshi bo‘lmaydi. Odamlar daraxtlarni kesib yoqmoqda, ko‘mir esa qimmat – 2000so‘m.

«Konstitutsiya meniki, konsititutsya bizniki» deb ko‘t yirtgan yallachiyu, allachi, yaloqi maddohlar, endi ayting, elektr energiyasi muommosi kimniki, yana o‘sha qora xalqnikimi?

Iltimos hurmatli va hurmatsiz mutasaddi tashkilotlar vaziyatni nazoratga oling. Odamlarda norozilik kuchayib bormoqda. Keyin kech bo‘lishi mumkin,» deya yozadi Buvaydalik obunachi.

Keyingi maktub ham gaz muammosiga oid, Samarqand viloyatining Payariq tumanida yashovchi arzgo‘y, gaz idorasi yangi yil sovg‘asi sifatida va'da qilgan ballonni kutmoqda.

“Gaz idorasi xodimi o‘zi va'da qilgan ballonni qachon olib keladi?”

 “Samarqand viloyati Payariq tumanidan murojaat qilyapman. 7 noyabr kuni kechasi 23:30 larda mahallamizga gaz ballon tarqatildi. Ammo menga berilgan ballon yaroqsiz chiqdi. Bu masalada viloyatga murojaat qildim. Chelak gaz idorasi xodimi uyga kelib, qo‘shnimizdagi ortiqcha gaz ballonni menga berib ketdi. Telegramimga gaz xodimi tashakkurnoma yoki video qilib rahmat ayting, ertaga sizga yana ballon berib ketaman deya ovozli xabar yuborgan edi. Endi so‘rasam, ustimdan kulib, yangi yilga sovg‘a sifatida berib kelaman dedi. Gaz idorasi xodimining bu harakatini qanday baholash mumkin?” – deya yozadi payariqlik arzgo‘y.

Keyingi maktubni Toshkent viloyati Piskent tumani tibbiyot birlashmasidan yo‘llashgan. Ular birlashmaga pullangan rakovina narxi o‘z narxidan bir necha bor qimmat ko‘rsatilganini iddao qilishmoqda.

 “Toshkent viloyati Piskent tumani tibbiyot birlashmasiga “Axmed lyuks komfort” korxonasi qurilish va santexnika mahsulotlari yetkazishi haqida 995 million so‘mlik shartnoma tuzilgan. Ammo ro‘yxatga e'tibor qaratilsa mahsulotlar narxi qimmat ekanini ko‘rish mumkin. Masalan, bitta rakovina 3,6 million  so‘m deb ko‘rsatilgan. Holbuki, 380 ming so‘mga ham rakovina topish mumkin ekan. Mahsulotlar narxi nega qimmat ko‘rsatilgan? Vakolatli idoralar tegishli tartibda tekshirishini so‘raymiz”.

Va nihoyat so‘nggi shikoyat Farg‘onaning Quva tumanidan. Go‘zal MFY Tinchlik ko‘chasidagi namunali uylarda yashayotgan fuqarolari, uy haqini to‘lay olmasligini aytib, hasratidan o‘t chiqmoqda. “Bank uy narxini oshirmoqchi, ammo uni to‘lashga qurbimiz yetmaydi” deyishmoqda ular.

“Bank uy narxini oshirmoqchi, ammo uni to‘lashga qurbimiz yetmaydi”

“Farg‘ona viloyati Quva tumani Go‘zal MFY Tinchlik ko‘chasidagi namunali uylardan murojaat qilyapmiz. Prezidentimiz tomonidan kam ta’minlangan oilalar uchun qurilgan namunali va arzon “dom”lardan olganmiz. Uyni olganimizga 5 yil bo‘ldi. Bizga boshida 20 yillik to‘lov grafigini chiqarib berishgan, uy tannarxi 90 million so‘m, krediti bilan 270 million so‘m bo‘lgan. Endilikka bank vakillari uy pulini oshiryapti. Bundan esa biz norozimiz. Maoshimiz bir million ham bo‘lmasa, chiroqqa, gazga, suvga to‘laymizmi yo oshgan narxda uygami? Issiqlik ko‘chib kelganimizdan beri ishlamaydi. Suv motor bo‘lmasa, tepaga chiqmaydi. Muhtaram Prezidentimizdan ko‘mak so‘raymiz”.

Bu Eltuz portaliga kelgan va bugun sizga yetkazganimiz so‘nggi shikoyat edi.

Ko‘rsatuvimizga kelayotgan izoxlarda ko‘pincha biz bilan qanday bog‘lanish. Qanday qilib bizga murojaat qilish mumkinligi to‘g‘risida so‘rashadi. Bilmaganlar uchun yana bir bor eslatamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u yerga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling.  

Tag‘in o‘qing
23 iyul 2018
Toshkent shahri IIBB narkotiklar tarqatish ishi bo‘yicha ayblanayotgan tadbirkor Jahongir Umarovga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. IIBBning ...
29 oktyabr 2015
Amerika – “Sehrli diyor”da yashash ishtiyoqida bo‘lgan o‘zbekistonliklar bir oy mabaynida o‘z omadlarini sinab ko‘rishlari mumkin. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ...
2 aprel 2016
Endilikda O‘zbekistonda ayg‘oqchilik qilish uchun SNBa yollanish shartmas, aholi ko‘p to‘plangan joylarda biror odamning davlatga qarshiligidan gumoningiz bo‘lsa kifoya. ...
24 iyun 2016
Istanbul politsiyasiga ko‘ra, 23 iyun kuni tushlik paytida Istanbulning Yenibosna mavzeida O‘zbekistonlik tadbirkor (balki mulozim) O.Ye. yo‘lto‘sar qaroqchilar hujumiga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...