Asosiy mavzular
20 mart 2024

Tog‘ ortidagi maktab, gaz ballon va yerto‘laning badbo‘y hidi – EP129

Salom qadrli muxlislar, Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta maktubni o‘qib eshittiramiz. Xatlar yog‘ilishda davom etmoqda. Ularning har biri chuqur o‘rganishni, demak uzluksiz mehnatni talab qiladi. O‘rtada hamisha mablag‘ bilan bog‘liq muammo bor. Va sizda uni bartaraf etish imkoni bor.

Eltuzning yutub kanalida rahmat tugmasi ochildi. Ekranning pastki qismida joylashgan dollar belgisi aks etgan knopka orqali siz qo‘lingizdan kelgancha sponsorlik yordami jo‘natishingiz mumkin. Boriga baraka. Kim uchundir arzimasday ko‘ringan 20 qurush hayriya biz uchun yangi imkoniyatlar yo‘lini ochadi. Xozircha biz ham Eltuzning yangi sponsorlari guruhi uchun syurprizlar hozirlash haqida o‘ylayapmiz. Ularga atagan dastlabki sovg‘amiz, alohida pleylistdagi yuztaga yaqin, boshqalar uchun yopiq bo‘lgan videolarni ochish imkoniyati bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, Eltuzning Yutub kanalida ikki yarim mingga yaqin video joylangan.

Xatlarni o‘qishda davom etamiz. Dastlabki maktub Qashqadaryodan.  Dehqonobodning Baqatu qishlog‘ida yashovchi bolalar tog‘ osha maktabga qatnab qiynalishmoqda.

 “Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Baqatu qishlog‘ida yashovchi ota-onalar nomidan murojaat qilyapmiz. Qishlog‘imiz chekka, tog‘li hududda joylashgan. Bolalarimiz tog‘ oshib, 38-maktabga borib keladi. Ayniqsa, 1-2-sinf o‘quvchilariga maktabga qatnash juda qiyin bo‘lyapti. Sel kelishi mumkin, kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Ota-onalar xavotirda o‘tiramiz. Ta'lim mas'ullari “bola soni yetishmaydi” deb bahona qilishmasin, iltimos. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevdan amaliy yordam so‘raymiz” deya yozmoqda dehqonobodlik ota onalar.

Keyingi maktub ham Qashqadaryodan. Shahrisabzda uch yil burun gaz balloni uchun tarqatilgan kartalar xanuz ishlatilmagan

 “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidan murojaat qilyapmiz. 3 yil oldin bizlarga tuman gaz idorasi tomonidan suyultirilgan gaz uchun plastik kartalar tarqatilgandi. Har doim shu karta orqali gaz balon sotib olishimiz va bundan keyin gaz tarqatish xodimlari naqd pul olmasligi aytilgandi. Buni qarangki, oradan 3 yil o‘tsa-da, qo‘limizdagi kartalarni bir marta ham ishlatmadik. Mahallalarga kelayotgan balonni 25 ming so‘mdan naqd pulga olyapmiz. Bu kartalar ishlamasa nega chiqarilgan? Ular uchun ham davlatimiz qancha mablag‘ sarflagan-ku…” deya yozmoqda Shahrisabzlik gaz iste'molchisi.

Keyingi murojaat Samarqandning Toyloq tumanidan. Videoda A-377 yo‘l ta'miri aks etgan.

video

Talon-toroj uchun sudlangan shaxslar yana tizimda ishlashi mumkinmi? Keyingi shikoyat ham Qashqadaryodan.

“Qashqadaryo viloyatidan murojaat qilyapmiz. Viloyat gaz ta'minoti va filiallardagi ayrim xodimlarga talon-toroj va o‘zlashtirish jinoyatlarini sodir etgani uchun sudlar tomonidan turli jazolar qo‘llangan. Shunga qaramay, ayrim xodimlar hanuz gaz ta'minoti tizimida ishlab kelmoqda. Bu sud qaroriga bepisandlik emasmi? Muhtaram Prezidentimiz aytganidek, qonun ustuvor, jazo muqarrar bo‘lish kerak emasmi? Vakolatli tashkilotlardan holatni nazoratga olishlarini so‘raymiz”.

Va so‘nggi murojaat Namanganning Davlatobod tumanidan. Mustaqillik mahallasida ikki oy burun quvur yorilib hammayoq sasib ketgan.

«Assalomu alaykum ELTUZ jamoasi!

Namangan viloyati, Davlatobot tumani Mustaqillik mahalla fuqarolar yig‘inidan murojaat qilyapmiz.

Davlatobot tumani Mustaqillik 50-uy er to‘lasida kanalizatsiya quvurlari yorilib ketganiga 2 oydan o‘tdiki, hali hamon ta'mirlab berishmayapti.

Yer to‘ladan kanalizatsiya quvurlari yorilib ketganiga juda ham yomon badbo‘y hidlar chiqib yotibdi.

Manashu murojaatimizni eltuz kanalida chiqarib bering, oldindan rahmat!» deya yozadi Eltuz obunachisi.

Va bu sizning e'tiboringizga bugun havola etganimiz beshta murojaatning so‘nggisi edi.

Ko‘rsatuvimizga kelayotgan izohlarda ko‘pincha biz bilan qanday bog‘lanish mumkinligi to‘g‘risida so‘rashadi. Yana bir bor eslatamiz. eltuz portali interaktiv tarzda telegram kanalida alohida sahifa shaklida ochilgan. Murojaatlar uchun u erga maxsus bot ham o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham e'tiboringizga taqdim etishga intiladi. Kun davomida biz bilan qoling. Kanallarimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimiz yoqqan bo‘lsa raxmat tugmachasini bosib, Eltuz muharririni hursand qiling. Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
22 oktyabr 2020
Milliy ishlab chiqarishni rivojlantirish degan bahona, niqob yordamida monopollarimiz qonimizni so‘rib yotibdi. Tashqaridan iste'mol mollari olib kirishga xohlagan odamga ...
15 dekabr 2017
14 dekabr kuni HRW tadqiqotchisi Stiv Sverdlov O‘zbekistondagi rasmiy matbuotning ikkiyuzlamachiligi haqida maqola chop qildi. Podrobno.uz saytida 5 dekabrda ...
27 aprel 2017
Hukumat «Bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Bu qonun kuchga kirsa, hukumat ...
9 noyabr 2021
O‘zbekiston rasmiylari mamlakatda afg‘on qochqinlari borligini rad etishmoqda. Huquq faollari esa, o‘z navbatida, ularning soni yuzlab ekanini aytishmoqda. Termiz ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...