Maktab polidagi prezident surati va suv muammosi… – EP159
Eltuz Portaliga kelgan navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona, Navoiy va Namangan viloyatlaridan. Dastlabki maktub Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan. Bog‘i shamol mahallasida besh kundan buyon tomorqa ekinlari va aholi suvsiz qolmoqda.
«Assalomu alaykum hurmatli Eltuz.
Biz Surxondaryo viloyati Denov tumani Bog‘i shamol mahallasi Yangi davr ko‘chasida istiqomat qilamiz. Bizning fuqarolarimiz 5 kundan buyon ichimlik suvisiz qolmoqda. Suvning pulini tuo‘laymizu lekin motor kuysa mutasaddi tashkilotlar o‘z xizmat vazifasini bajarishga oqsab qolishadi. Mutasaddi tashkilot rahbari murojaatlarimizni ko‘rib chiqmaydi. Sizdan iltimos shu xabarni kanalingizga yoritsangiz. Mabodo suv tashkiloti rahbarlari o‘qishar.» deya yozmoqda denovliklar.
Qo‘shni Qashqadaryo viloyatida ham shu ahvol. Qarshidagi Taraqqiyot mahallasida bir yildan buyon ichimlik suvi yo‘q. Navbatdagi shikoyatni o‘qiymiz.
«Qashqadaryo viloyat Qarshi shahar Taraqqiyot MFY dan yozmoqdamiz.
Mahallamizga 2023-yil obod mahalla davlat dasturiga kirib toza ichimlik suvi quvuri yotqizish ishlari amalga oshirildi. Ammo mana 1 yildan oshiq vaqt o‘tdiki ichimlik suvidan darak yo‘q. Har oy ichimlik suviniyam 150 ming so‘m atrofida sotib olamiz.
Viloyat suv oqava Unitar Korxonasi mutasaddilaridan so‘rasak, mahalla bizga xat bermagan deyapdi. Ammo vaholanki MFYgp yangi saylangan rais faqat shahar hokimini soliqlar tushumini yoptirish bilan ovora.
Kun issiq, sotib olinadigan suvga talab oshgan. Oxirgi paytlarda kechalari uy oldilariga yangi o‘rnatilgan suv hisoblagichlarni ham kesib o‘g‘irlab ketish kuzatilmoqda. Mahalla raisi hatto mahalla boshidan o‘tgan yangi asfalt qilingan yo‘ldan qolgan 10 metr chala ishniyam menga farqi yo‘q qabilida faoliyat olib bormoqda.
Asli Koson tumanidan bo‘lgan bu shaxs mahalladagi bo‘sh turgan yerlarni o‘z tanishlariga xujjatlashtirmoqda. Hali bu boshlanishi. Bu postni o‘zi ko‘rayotgan bo‘lsa vijdonini it yemagan bo‘lsa halol ishini ko‘rsatsin. Bo‘lmasa bu safar kimga yer sotib nima qilgani familiyasigacha aytamiz» deya g‘azabga minishmoqda qarshiliklar.
Yuqorida o‘qiganimiz Surhondaryo va Qashqadaryodagi suv muammosiga oid norozilik maktublari edi, ayni hududdagi Xisorak suv omborida esa o‘tgan hafta cuv toshqini yuz bergan,
Shahrisabz tumani hokimi va Qashqadaryo viloyati FVB boshlig‘i videomurojaat bilan chiqib, bu O‘zbekistonda doimiy bo‘lib turadigan holat, suv omboridagi ortiqcha suv dalaga qochiriladi, vahima qimanglar, deya aholini tinchitishga urinishgan edi. Ayni xududdagi suv muammolarini qanday izohlash mumkin. Qaerdadir ortiqcha suv cho‘lga oqiziladi, qaerdadir ekin maydonlari va aholi suvsiz qoladi. Yana bu hududlarga Rossiyaning Atom Elektrostantsiyasini qurishmoqchi. Suvga muammolari hal etilmagan yurtda qoloq bir mamlakatning Atom stantsiyasi qurilishi qanchalik to‘g‘ri. Nafaqat O‘zbekistonning janubi, balki butun mamlakatda shu ahvol. Navbatdagi maktub Farg‘ona viloyatining Konchilar mahalla fuqarolar yig‘inidan.
“Farg‘ona tumani Konchilar MFYdan murojaat yo‘llamoqdamiz. “Nurafshon” sanatoriysi aholining suvini o‘zlashtirib oldi, natijada xalq suvsiz qoldi. Aslida, ushbu ichimlik suvi 1994 yilda Chimyon hududidagi to‘qimachilik kombinati uchun chiqarilgan edi. Kombinat qurilishi bitmay, suv aholi tasarrufiga berilgan edi. Suvni aholiga qaytarishda viloyat va respublika mutasaddilaridan amaliy ko‘mak so‘raymiz” deya yozadi farg‘onaliklar. Namanganliklarni esa chiqindilar makoniga aylanayotgan istirohat bog‘i tashvishga solmoqda.
“Namangan shahriga Gullar bayramiga kelgandik. Bobur bog‘i bekatida chiqindi yig‘ilib turibdi. Bunday vaziyatda sayyohlarni jalb qilib bo‘ladimi?” deya Eltuz portaliga video yo‘llagan Eltuz obunachisi. Navoiylik prezident jonkuyarini esa maktab ta'miri uchun ishlatilgan eski plakatlar g‘azablantirmoqda.
«Navoiy viloyati Tomdi tumani 1-maktabda remont boshlandi. Poldagi suratni ko‘ring, Yurtboshimizga “hurmat”mi bu? Devorga surtilgan ohak, prezidentimizning ko‘ziga tomsa nima o‘ladi” deya yozadi Tomdi tumani turg‘uni.
Ochig‘ini aytsam prezident Mirziyoevga bu bilan jinam urmaydi. Oshig‘ich g‘ayrat solib, uning suratlari va targ‘ibot shiorlarini kosmik tirajda ishlab chiqarayotgan bosmaxona egalariga ham. Garchi bunday keraksiz matoxdan maktab ta'miri uchun foydalanish, qurilish materiallari taqchil bo‘lgan O‘zbekiston sharoitida eng oqil usul. Lekin Stalin davri chaquvini eslatuvchi bunday murojaatdan so‘ng maktab ta'miriga chaqirtirilgan bo‘yoqchi, yoki majburiy mehnatga jalb qilingan bechora o‘qituvchini ichkariga apkirib ketishlari mumkin. Bu bir ham taxmin xolos…
Va bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifadir. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz super raxmat tugmachasini bosing. Sog‘ bo‘ling.