Asosiy mavzular
8 avgust 2024

Suv muammosi, majburiy obuna  va qurigan chinor… – EP172

Eltuz Portaliga kelgan navbatdagi beshta maktub O‘zbekistonning Toshkent, Surxondaryo, Xorazm va Namangan viloyatlaridan. Dastlabki murojaat Toshkent viloyatidan kelgan. Poytaxt tumanining Chuvalachi mahallasiga hanuzgacha ichimlik suvi tarmog‘i yetib bormagan.

“Toshkent tumani Chuvalachi MFY Mahorat ko‘chasidan yozyapmiz. O‘tgan yili mahallamizda ichimlik suv ta'minoti bo‘yicha muammo borligi haqida hurmatli Prezidentimizga murojaat yo‘llagan edik. “Toshkent suv ta'minoti” MChJ tomonidan 2023 yil 23 may kuni berilgan javob xatida mahallamizda ichimlik suv tarmog‘ini o‘tkazish ishlari amalga oshirilayotgani ma'lum qilingan edi. Boshqa bir xatda hududda “Obod qishloq” dasturi asosida qurilish ishlari olib borilayotgani, qurilish 2023 yil yakunida tugashi va shundan keyin hudud suv bilan ta’minlanishi aytilgan… Lekin hanuz muammo hal etilgani yo‘q” deya yozmoqda Chuvalachi turg‘unlari.

Keyingi shikoyat Surxondaryo viloyatidan. Termiz shahrining Shodlik mahallasida daraxtlar qurimoqda.

“Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shodlik mahallasidan murojaat yo‘llayapmiz.  Amir Temur ko‘chasining boshlanishida, 6-9-uylar oldidagi chinor, archa va mevali daraxtlar quriyapti. Ikkita mevali daraxt butunlay qurigach, kechasi kesib ketishdi. Bu daraxtlar yo‘l chetidagi qor, yomg‘ir suvlari uchun qo‘yilgan beton ariq atrofida ekilgan, qor, yomg‘ir suvlari ana shu ariqchaga oqar edi. Shuning evaziga daraxtlar o‘sib katta bo‘ldi. Daraxtlarning qurishi sababi shuki, 2023 yil yoz chillasida hokimiyat va mahalla xodimlari hashar ishlari olib bordi. O‘shanda yo‘l yoqasidagi beton ariqchalar tuproq bilan yopilib, daraxtlarga suv kelmay qoldi. O‘shanda shu yerda yashovchi aholi ariq ko‘milishiga qarshilik bildirdik, lekin hokimiyat vakillari e'tiborga olmadi. Ariqlar ochilishi va daraxtlarni saqlab qolish uchun kerakli choralar ko‘rilishini so‘raymiz” deya yozmoqda termizliklar.

Navbatdagi murojaat Namangan viloyatidan. Davriy nashrlarga majburiy obuna bo‘yicha idoralarga topshiriqlar berilmoqda.

“Namangan viloyati Chust tumanidan murojaat yo‘llayapmiz. Hokimlik buyrug‘i bilan fuqarolar mahalliy va respublika davriy nashrlariga majburiy obuna qilinmoqda. Bu bo‘yicha idoralarga reja ham belgilangan. Nashrlarga majburiy obuna tashkil etish qonunchilikka to‘g‘ri keladimi?” deya yozmoqda namanganliklar.

Xorazmliklarni esa boshqa savol o‘ylantimoqda. Maktablarda “Prokurorga savol” deb yozilgan qutilar o‘rnatilar ekan.

“Xorazm viloyatidan murojaat qilyapmiz. Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig‘i maktab direktorlariga “Prokurorga savol” deb yozilgan qutilar  o‘rnatish bo‘yicha topshiriq beribdi. Har bir maktabda bo‘lishi kerak ekan. Shu to‘g‘rimikan? 21-asr texnologiya va axborot-kommunikatsiya rivojlangan davrda kim, qaerga va qanday qilib murojaat qilishni biladi-ku…” deya yozadi xorazmlik obunachi. Lekin Eltuzning uzoq yillik tajribasi, texnologiya va axborot kommunikatsiyalari qanchalik rivojlanmasin, O‘zbekistonda xalqning dodi hukumat tepasidagilarga xanuzgacha yetib borishi qiyin kechayotganini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun «prokurorga savol» kabi yozuv yozig‘liq qutilar, bochkalar, qoplar va ularni tashiydigan eshak aravalar har bitta maktab, har bitta idora va har bitta qishloqda bo‘lishi kerak deb hisoblaymiz.   

Va nihoyat so‘nggi murojaat poytaxt viloyatining Quyichirchiq tumanidan. Tag‘in rasvo yo‘llar haqidagi doimiy yo‘lovchilar hasrati.

Yomg‘ir yog‘sa yo‘ldagi chuqurlrda  o‘rdaklar bemalol suzadi, ko‘lmaklarda baliq boqsa  bo‘ladi. Bu ayanchli manzara Toshkent shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Quyi Chirchiq tumani Gul qishloqning manzarasi.

Yo‘l qurilganiga 50 yildan oshgan. Ammo to‘liq tamirlash ishlari shu vaqtga qadar amalga oshirilmagan. Qishloq aholisi har ikki yilda bir amallab ichki  yo‘llarni epaqaga keltirishga harakat qiladi. Ammo eskini tuzatguncha aqling ketadi. Tashqi yo‘llar esa davlatning randalangan byudjetidan nomigagina tamirlanib, hisobot uchun rasm tushirib ketiladi. Yomg‘ir yoqqanidan keyin esa yo‘llar yana o‘ydim-chuqur bo‘lib qoladi.

Yo‘limizni tamirlab bering deb bormagan yerimiz qolmadi. Oxiri sizlarga chiqishga majbur bo‘ldik. Tuman hokimi har ikki yilda o‘zgaradi. Boshida bir qop vada beradi, bajarguncha ishdan ketadi. Viloyat hokimiga ham bir guruh ziyolilar chiqdik. Ammo halicha ijobiy yechim bo‘lmadi. Yo‘l qurilish kattalari esa keyingi yil dasturga kiritilgan, deyishdan boshqasiga yaramayapti. Keyingi yili qachon kelishini hech kim bilmaydi? Bu yerda bizni hech kim eshitmayapti, so‘ng sizlarga yozishga majbur bo‘ldik. “Yeltuz” da chiqqan xabarni zora  tepadagilan ko‘rib, poytaxtdan uncha uzoq bo‘lmagan qishloq yo‘llariga ham etibor qaratishsa.

 Yangi O‘zbekistonning eski yo‘llari  obod bo‘lishini intizor kutayotgan turg‘unlarning sabri tugagan. Hatto davlat rahbarining bu yo‘llardan o‘tishini va shu bahonada yo‘llari ham obod bo‘lib qolishidan ham ularning umidi bor. Chiqmagan jondan umid, deya ular Eltuz portali orqali  mutasaddilarga murojaat qilishda davom etishayapti.

Va bu sizga yetkazganimiz bugungi so‘nggi maktub edi. Eslatamiz, eltuz portali telegramdagi alohida sahifadir. U erga xatlar uchun maxsus bot o‘rnatilgan. Eltuz kelayotgan shikoyatlar, videomurojaatlar, takliflar va ularga yozilgan javoblarni ham chop qilishga intiladi. Eslatib o‘tamiz, ayni soniyalarda kanalimiz obunachilari soni 664 ming nafarga yetdi.  Kanalimizga obuna bo‘ling. Agar ko‘rsatuvimizni qo‘llab quvvatlamoqchi, yoki ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz super raxmat tugmachasini bosing.  Sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
24 mart 2017
23 mart kuni futbol bo‘yicha Jahon chempionatining saralash bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi Suriyaga yutqazdi. Ancha sust kechgan o‘yin yakunida ...
30 avgust 2019
Co‘nggi yillarda muzey va galereyalardagi saroy san'atiga muxolif ko‘cha tasviriy san'ati ancha rivoj topdi. Bu san'atni tijoratga aylantirish va ...
1 iyul 2022
Qullik zehniyati nima degani, bilasizmi? Birgina qorni uchun ajnabiyga tobe bo‘lgan xalqda qullik zehniyati bor. Misol uchun, «Mustaqillik bizga ...
8 sentyabr 2016
Sahnaga chiqish ilinjida bir vaqtlar Karimovni madh etgan xonanda, o‘z videomurojaatida endi Karimov sistemasi, shogirdlari va vazirlarini maqtab ko‘klarga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...