Catira
24 fevral 2017

Pensionerlar plastik kartochkalarga qaytmoqda

Andijonda pensiya pullarini vaqtida ololmagan pensionerlar yana plastik kartochkadan foydalanishga o‘tmoqda.

Joylardagi pensiya jamg‘armalari bo‘limlari oldida har kuni tumonat odam.

Pensionerlar orasida yoshi 80 ni qoralab qolgan keksalar ham, nogironlar ham bor.Ular pensiya pullarini olishda qiyinchiliklarga duch kelgani bois naqd puldan voz kechishga qaror qilganlar.

“1 fevraldan to‘liq naqd pulda pensiya olamiz deb quvongandik”, deydi onaxon F.Yusupova.

“Ammo mana fevral oxirlayapti, xaliyam pul olganimiz yo‘q. Har kuni pochta oldida janjal, to‘polon, ozgina pul keladi, tugab qoladi, bitta pochtaga ko‘pi bilan 3 mingta pensioner qarar, nahotakam 3 mingta pensionerni pensiyasiga pul yetkazib berishomasa. Har oy pochtani eshigi oldida sarg‘ayib o‘tiramanmi, undan ko‘ra pensiyamni plastikka o‘tkazib ketay, deb o‘yladim.

“Odamlar portalga yozganakan, pensionerlarga naqd pul berilsin deb poshshoimiz gapirdi televizorda. Xo‘p, rahmat, ammo lekin zahirada milliardlab puli bor davlatimiz hatto bir oy yolchitib pensiya beromasa, bu qanaqa gap axir? Odamlar qiynalib ketishdi-yu!”, deydi Eltuz suhbatdoshi.

Shu yilning 2 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilingan. Unga muvofiq barcha turdagi pensiyalar mamlakatimiz hududida hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda berilishi ko‘zda tutilgandi.Qarorda oyning 27 sanasigacha pullar to‘liq tarqatib bo‘linishi yozilgan.Biroq pochta xodimlarining aytishlaricha, bu ketishda keyingi oygacha ham pensiyalarni tarqatishga ulgurishmaydi. Chunki pensionerlarning xali ko‘pchiligi pul olgani yo‘q. Pochta xodimlari buni banklardagi naqd pul muammosi bilan bog‘lashmoqda.

“Bank qancha pul chiqarsa shuni obkelib tarqatamizda bizam”, – deydi ismi sharifini aytishni istamagan pochta xodimlaridan biri.

“Qari chollar, kampirlar, ertalab sahardan chiqvolishadi, “bugun pul kelmadi” desak ham umid qilib kutib o‘tirishadi. Bankda bo‘lgan-bo‘lgan naqd pul srazu pensionerlarga chiqarilyapti, lekin pul yetkazib bo‘lmayaptida”.

Tadbirkorlar esa kunlik naqd tushumni inkassatorlar keli olib ketib qolayotganidan nolishadi.
“Hozir bankka naqd pul topshiradigan tadbirkorlar ham dod deyapti, -. – Inkassator kelib, masalan 50 ming topshiradigan bo‘lsak, o‘sha pulni o‘rniga tushgan tushumni hammasini inkassa qilib olib ketib qolyapti. Pensionerlarga naqd pul yetmayotganmish”, deydi Eltuz bilan suhbatida tadbirkor O. Hasanov.

Bundan bir necha kun oldin maxalliy “Uzreport”telekanalida pensiya pulini olish shaklini pensionerlarning o‘zlari belgilashi haqidagi axborot tarqatildi. Telekanal saytidagi axborotda yozilishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq mablag‘larni plastik kartalarga o‘tkazish ixtiyoriy ravishda fuqarolarning Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limlariga topshirgan arizalariga binoan ko‘chiriladi. Shundan so‘ng Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limi fuqaroning arizasida ko‘rsatilgan mablag‘larni bankka o‘tkazadi. Ko‘pchilik fuqarolar bu voqealar yuzasidan turlicha fikr-mulohazalarini aytmoqdalar.

“Odamlarga pul bermay ozgina qiynasang, o‘zlari plastikni xohlab qoladi, deganimi bu? – deydi 78 yoshli otaxon M.A. – Agar bu shunchaki o‘yin bo‘lsa, biz qariyalardan boshqa odam qurib ketganmidi o‘yin qilishga. Oyning boshidan beri ko‘chadan beri kelmaymiz. Pochtaga yugur, uyga kir,ozgina isinib olib,yana pochtaga yugur. Naqd puliyam qurib ketsin, plastigiyam”.

Pensiya pullarining to‘liq yoki bir qismini plastik kartaga o‘tkazish uchun fuqaro Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining o‘zi istiqomat qilayotgan joydagi bo‘limiga murojaat qilishi lozim. Shu sabab endi pochta bo‘limlari qolib odamlar pensiya jamg‘armasi bo‘limlari oldida navbatda turmoqdalar. Bo‘lim xodimlaridan biri har bir vakil kuniga 100 tadan 200 tagacha pensionerni qabul qilayotganini bildirmoqda.

Rassom Elsevar
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 oktyabr 2020
Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi ishchi-xodimlari shifoxonada koronavirus kasalligi bilan og‘rigan bemorlar yotganidan norozilik bildirishmoqda.  Shifoxonada ishlovchi hamshiralardan birining ...
29 noyabr 2017
28 noyabr kuni O‘zbekiston iqtisodiyot vaziri 61 yoshli Galina Saidova hamda O‘zbekiston tashqi savdo vaziri 57 yoshli Elyor G‘aniev ...
13 mart 2019
O‘zbekiston prezidentining mamlakatda katta hajmda achchiq qalampir yetishtirib, keyin uni xorijga eksport qilish orzusi birinchi yildanoq sarobga aylanishiga sabab ...
7 dekabr 2020
Rassom Kirpi karikaturasi
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...