Catira
26 oktyabr 2017

Jinsiy “kompliment”

Oktyabr oyida jinsiy zo‘ravonliklar G‘arb mamlakatlari ommaviy axborot vositalarida eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylandi.

O‘zbekistonda esa aksincha, bu haqda arz qilgan ayol shikoyati uchun jazolanishi mumkin.

Nuz.uz nashri Qashqadaryoda yuz bergan voqea haqida maqola chop etdi. Unda yozilishicha, ayolning jinsiy shilqimlik haqidagi arizasini tekshirish uchun borgan komissiya bu holatni «xushomad», ya'ni «kompliment», deb baholagan. Sud esa ayolni tuhmatchiga chiqarib, jarimaga tortgan.

Mojaroga Shahrisabz aroq-vino zavodida ish yurituvchi bo‘lib ishlaydigan ayolning yuqori turuvchi tashkilot – «O‘zvinosanoatxolding» rahbariyatiga yozgan arizasi sabab bo‘ldi. Arizasida u kabinetda yolg‘iz qolganida korxona direktori S.Ro‘ziev uning bilagidan ushlab, «Toshkentga birga dam olib kelish»ga taklif qilganini bildirgan.

Aslida S.Ro‘ziev zavodga direktor bo‘lib kelganidanoq ayolning e'tiborini qozonishga harakat qilib kelgan. Oxir-oqibatda esa yuqoridagi kabi surbetlikka borgan.

Bu taklifni qat'iy rad etgan ayolning shikoyat arizasini tekshirgani kelgan komissiya esa S.Ro‘zievning xatti-harakatlarini «xushomad qilish» sifatida baholagan.

Ayolning O‘zbekiston prezidentining virtual qabulxonasiga qilgan murojaati ham e'tiborsiz qoldirildi.

Bunday vaziyatda uning o‘z sha'nini himoya qilish harakatidan qaytmasligiga ko‘zi yetgan direktor «eng yaxshi himoya – hujumdir» naqliga amal qilib, ayolni tuhmatchilikda ayblab sudga berdi.

Sud esa ayolni bir zumda javobgarga aylantirib, unga eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima to‘lash jazosini tayinladi.

E'tibor qaratish mumkin bo‘lgan jihat shuki, sudda da'vogarning guvohi sifatida qatnashgan tuman xotin-qizlar qo‘mitasi vakilining ham o‘zining asosiy vazifasi – xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishni «esdan chiqarib», «jabrdiyda» erkakning tarafida bo‘lgani tushunarsiz.

Shuningdek, ishni sudda ko‘rishga tayyorlagan profilaktika inspektorining da'vogar erkakning guvohlarini ko‘rsatib, ayolning guvohlariga e'tibor qaratmagani ham shubhali.

Butun dunyoda, xususan, O‘zbekistonda ham ishxonalarda ayollarga «xushomadgo‘ylik» qilish illati chuqur ildiz otgan.

Ammo inson huquqlari qaror topgan davlatlarda bu kabi xatti-harakatlarga qonuniy baho beriladi. Aksar hollarda ayolning sha'ni himoya qilinishiga erishiladi.

Gollivudning mashhur prodyuserlaridan biri bo‘lmish Xarvi Vaynshteynning ko‘p yillar davomida ayollarga qilgan «xushomad»lari bugun uning taqdirida salbiy burilish yasagani so‘zimizning isbotidir.

O‘zbekistonda esa bir ayolning o‘z sha'nini qonuniy himoya qilish harakatlari uning o‘zining aybdor sifatida baholanishiga olib kelgani hali mamlakatda jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish ibtidoiy darajada ekanidan dalolat beradi.

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 may 2019
O‘zbekiston Oliy sudi joriy yilning 16 aprel kuni junalistlar Bobojonovlarning uylari musodara qilinishi haqidagi sud qarorlari ustidan arizani «qanoatlantirmaslik» ...
21 may 2018
«Eltuz»ning Andijon shahridan olgan ma'lumotlariga ko‘ra, viloyatda institutlar soni bittaga kamaydi. 4 ta oliy ta'lim dargohidan biri – Andijon ...
12 sentyabr 2024
Tepadagi bir-biriga o‘xshash ikki rasm dunyoning ikki nuqtasida suratga olingan: Uyg‘ur xalki himoyachisi Rushan Abbos 2018 yili Xitoyda izsiz ...
8 yanvar 2024
2019 yilning iyulida internetda taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st “Pufak” sarlavhali maqola e'lon qildiyu, Aripovu, Ortiqxo‘jaevlarning xeyt kompaniyasi nishonishga aylandi. Yozuvchi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...