Catira
26 oktyabr 2017

Jinsiy “kompliment”

Oktyabr oyida jinsiy zo‘ravonliklar G‘arb mamlakatlari ommaviy axborot vositalarida eng ko‘p muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylandi.

O‘zbekistonda esa aksincha, bu haqda arz qilgan ayol shikoyati uchun jazolanishi mumkin.

Nuz.uz nashri Qashqadaryoda yuz bergan voqea haqida maqola chop etdi. Unda yozilishicha, ayolning jinsiy shilqimlik haqidagi arizasini tekshirish uchun borgan komissiya bu holatni «xushomad», ya'ni «kompliment», deb baholagan. Sud esa ayolni tuhmatchiga chiqarib, jarimaga tortgan.

Mojaroga Shahrisabz aroq-vino zavodida ish yurituvchi bo‘lib ishlaydigan ayolning yuqori turuvchi tashkilot – «O‘zvinosanoatxolding» rahbariyatiga yozgan arizasi sabab bo‘ldi. Arizasida u kabinetda yolg‘iz qolganida korxona direktori S.Ro‘ziev uning bilagidan ushlab, «Toshkentga birga dam olib kelish»ga taklif qilganini bildirgan.

Aslida S.Ro‘ziev zavodga direktor bo‘lib kelganidanoq ayolning e'tiborini qozonishga harakat qilib kelgan. Oxir-oqibatda esa yuqoridagi kabi surbetlikka borgan.

Bu taklifni qat'iy rad etgan ayolning shikoyat arizasini tekshirgani kelgan komissiya esa S.Ro‘zievning xatti-harakatlarini «xushomad qilish» sifatida baholagan.

Ayolning O‘zbekiston prezidentining virtual qabulxonasiga qilgan murojaati ham e'tiborsiz qoldirildi.

Bunday vaziyatda uning o‘z sha'nini himoya qilish harakatidan qaytmasligiga ko‘zi yetgan direktor «eng yaxshi himoya – hujumdir» naqliga amal qilib, ayolni tuhmatchilikda ayblab sudga berdi.

Sud esa ayolni bir zumda javobgarga aylantirib, unga eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima to‘lash jazosini tayinladi.

E'tibor qaratish mumkin bo‘lgan jihat shuki, sudda da'vogarning guvohi sifatida qatnashgan tuman xotin-qizlar qo‘mitasi vakilining ham o‘zining asosiy vazifasi – xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishni «esdan chiqarib», «jabrdiyda» erkakning tarafida bo‘lgani tushunarsiz.

Shuningdek, ishni sudda ko‘rishga tayyorlagan profilaktika inspektorining da'vogar erkakning guvohlarini ko‘rsatib, ayolning guvohlariga e'tibor qaratmagani ham shubhali.

Butun dunyoda, xususan, O‘zbekistonda ham ishxonalarda ayollarga «xushomadgo‘ylik» qilish illati chuqur ildiz otgan.

Ammo inson huquqlari qaror topgan davlatlarda bu kabi xatti-harakatlarga qonuniy baho beriladi. Aksar hollarda ayolning sha'ni himoya qilinishiga erishiladi.

Gollivudning mashhur prodyuserlaridan biri bo‘lmish Xarvi Vaynshteynning ko‘p yillar davomida ayollarga qilgan «xushomad»lari bugun uning taqdirida salbiy burilish yasagani so‘zimizning isbotidir.

O‘zbekistonda esa bir ayolning o‘z sha'nini qonuniy himoya qilish harakatlari uning o‘zining aybdor sifatida baholanishiga olib kelgani hali mamlakatda jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish ibtidoiy darajada ekanidan dalolat beradi.

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 avgust 2022
Taniqli siyosat arbobi va shoir Muxammad Solih suhbatining davomida sevimli ayoli Oydin xonim bilan kechirgan hayoti, birga Islomni qabul ...
30 oktyabr 2019
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda paxta dalasida bir yigitning bir ayol bilan og‘zaki janjali aks etadi. Janjal davomida yigit ayolga ...
25 oktyabr 2023
Qarshi shahrida Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tayotgan yig‘ilishda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar ...
17 noyabr 2016
Internet va media sohasi O‘zbekistonda dunyoda eng keskin nazorat qilinadigan davlatdir. «Freedom House» har yili o‘tkazadigan Dunyo bo‘yicha Internet ...
Bloglar
30 aprel 2024
1990 yilning 30 aprelida mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ilk demokratik partiya – «Erk»ning ta'sis qurultoyi bo‘lib ...
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...