MXXning sobiq raisi Inoyatov prezident maslahatchisi bo‘ldi
MXXning sobiq raisi Rustam Inoyatov prezidentning siyosiy-huquqiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi etib tayinlangan.
O‘zbekiston prezidentining MXX va prokuratura xodimlari ishtirokida 31 yanvar kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida Inoyatov ishdan bo‘shatilgan, uning o‘rniga shu vaqtgacha Bosh prokuror bo‘lgan Ixtiyor Abdullaev tayinlangan edi.
1995 yilning 26 iyunidan beri O‘zbekiston MXX raisi lavozimini egallab kelgan 74 yoshli Rustam Inoyatovning mavqei Karimov o‘rtadan ketishi bilan zaiflashgani haqida «Eltuz» 2016 yilda yozgan edi.
2016 yil 27 avgustigacha, ya'ni Karimovning miyasiga qon quyulguniga qadar, O‘zbekistonning so‘nggi 25 yili davomidagi mutlaq rahbari Islom Karimovgagina bo‘ysunib kelgan MXX idorasi va uning raisi qo‘lida asosiy boshqaruv richagi qolgani, «Eltuz» suhbatlashgan mulozimlarga ko‘ra, Mirziyoev xavotiriga sabab bo‘lgan.
Hozirda ishdan olingan Rustam Inoyatov nafaqat KGB/MXX, balki mustaqil O‘zbekiston hokimiyat tizimlari tarixida o‘z kursisida eng uzoq o‘tirgan amaldor sifatida tarixda qoldi.
Eltuz.com