Namanganda telefonni olaman deb yana ikki kishi hojatxonada o‘ldi
Namanganning Pop tumanida 25 mart kuni mobil telefonni hojatxona chuquridan olmoqchi bo‘lgan ikki kishi o‘ldi.
Voqea kechqurun soat 22.00 larda Bobur ko‘chasidagi 14-uyda uyda sodir bo‘ldi.
O‘sha uyda yashovchi 26 yashar B.Rahmatov mobil telefonini hojatxona chuquriga tushirib yuboradi. Uni olish uchun 25 yoshli E.Niyozovni yordamga chaqiradi. U arqon yordamida Rahmatovni chuqurga tushiradi, shu yerda u hushidan ketadi.
Rahmatovni qutqarish uchun uning izidan tushgan E.Niyozov ham hushidan ketadi.
Shundan so‘ng ikkovlonni qutqarish uchun B.Rahmatovning 65 yoshli otasi H.Rahmatov ham hojatxona chuquriga tushadi va u ham hushini yo‘qotadi…
IIV tarqatgan xabarga ko‘ra, bu uchala shaxs O‘zR FVV xodimlari tomonidan hojatxona chuquridan chiqarilgan paytda Niyozov va kichik Rahmatovning voqea joyida halok bo‘lgani aniqlangan.
O‘zbekistonda bunday voqea ilk bor kuzatilayotgani yo‘q, «Eltuz» nashri xabar qilganidek, 2017 yilining iyulida uch kishi ayni shunday ayanchli o‘lim topgan edi.
O‘shanda Samsung-Galaxi mobil telefonini hojatxona chuquriga tushirib yuborgan namanganlik ayol yollagan ikki ishchi va ularni qutqarmoqchi bo‘lgan vrach is gazidan halok bo‘lgandi.
«Bu odamlarning sichqonchalik fahmi yo‘q!» deya o‘shanda bu manzarani rassom Tuz achchiq sarkazm bilan aks ettirgan edi. Ahmoqona fojia ayni viloyatda bir yil o‘tmay takrorlandi.
Rassom Tuz
Eltuz.com