Catira
24 aprel 2019

Adliya vazirligi faollashayotgan fuqarolik jamiyatini javobgarlik haqida ogohlantirdi

Adliya vazirligining o‘z telegram kanali orqali yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish yoxud o‘tkazish tartibini buzish javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi haqidagi ogohlantirishi O‘zbekistondagi erkinlashishga harakat qilayotgan fuqarolik jamiyati uchun o‘ziga xos chaqiriqdir.

Vazirlik o‘z ogohlantirishida bunday harakatlar tashkilotchilari ham, ularga sharoit yaratib bergan fuqarolar ham javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida eslatib o‘tgan.

Sharoit yaratish deganda bunday tadbirlar qatnashchilariga binolar yoki boshqa mulk (aloqa vositalari, ko‘paytiradigan va boshqa xil texnik uskunalar, transport)ni berish yoki shunday tadbirlarni o‘tkazish uchun boshqa sharoitlarni yaratish tushuniladi.  

Garchi bu ogohlantirish Toshkentda 9 may kuni “Barhayot polk” aktsiyasini o‘tkazish masalasiga bog‘lanayotgan bo‘lsa-da, mohiyatan o‘z huquqlarini talab qilib ruxsatsiz turli yig‘inlar o‘tkazishi mumkin bo‘lgan fuqarolarga ham taalluqlidir.

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri hokimligi “Barhayot polk” aktsiyasini o‘tkazishga ruxsat bergani haqida xabarlar tarqalgandi.

Keyinroq poytaxt IIBB hokimlikning bunday tadbir o‘tkazishga ruxsat berganiga oid ma'lumotga ega emasligi haqida bayonot e'lon qilngan.

Lekin mohiyatan Adliya vazirligining ogohlantirishi aslida so‘nggi vaqtlarda faollashgan fuqarolik jamiyatiga qaratilgandek ko‘rinmoqda.

Jumladan, yaqinda fuqarolik jamiyati faollari bir qancha xalqaro tashkilotlar vakillari, diplomatlar, tadbirkorlar ishtirokida mamlakatdagi “buz-buz”lar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Rasmiylar ishtirok etmagan bu yig‘ilishda fuqarolarga tegishli ko‘chmas mulklarni buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar muhokama etildi.

Aynan shu mavzu keyingi vaqtlarda O‘zbekiston rasmiylarining og‘riqli nuqtalaridan biri bo‘lib turibdi. Hatto xalqaro miqyosda bu jarayondagi qonunbuzarliklar haqida gapirila boshlandi.

Bundan avvalroq Sergeli tumanida qurilgan ko‘p qavatli turar joy egalari ipoteka to‘lovi miqdori oshib ketganidan norozi bo‘lib, parlament oldida ruxsat etilmagan yig‘inga to‘plangani xabar qilingandi.

Avvaliga uylarning bir kvadrat metri 2,8 millionga baholanib, keyin narxlar 4,3 million so‘mgacha oshirilgani aholining norozilik sifatida turli yig‘inlar va uchrashuvlar o‘tkazishiga sabab bo‘lgani haqida ijtimoiy tarmoqlar bong ura boshladi.

Adolat izlab Senatga kelgan aholini tinchlantirish uchun hukumat ancha ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi. Turli darajadagi uchrashuvlar tashkil etilib, uylar narxi asossiz o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida va'dalar berilmoqda.

Albatta, aholi vakillarining o‘z huquqlari himoyasi uchun bunday chiqishlar qilishi hukumatga ma'qul kelyapti, deb bo‘lmaydi.

Qolaversa, faollarning yig‘ilishlar o‘tkazib, amaldorlarga yoqmaydigan mavzularni ularning burni tagida muhokama qilishi ham ular uchun yoqimsizdir.

Shuning uchun Adliya vazirligining yuqorida tilga olingan ogohlantirish bilan chiqqani aynan shunday holatlarning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 fevral 2018
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xodimi 23 fevral kuni telefonda «Eltuz» muxbiriga sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirovning hibsga olinmaganini, ...
11 yanvar 2018
1 yanvardan Toshkent shahrining davlat byudjetidan mablag‘ bilan ta'minlanadigan bolalar bog‘chalarida to‘lov narxlari 24,3 foizgacha qimmatladi. Davlat byudjetidagi maktabgacha ...
8 noyabr 2024
– Mana xafta zuvv etib aylanib, yana siz bilan yuzma yuzman.  MS: Ovong og‘o, bugun beshlanjiy gun. Gurungni sizdan ...
3 aprel 2024
Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi sudyasi Jinoyat kodeksining 168- (firibgarlik), 28, 211-(pora berish) moddalarining tegishli qismi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...