Catira
19 avgust 2019

Muhammad Solihni o‘qish jinoyat sanalgan yurtda…

Yonidan Muhammad Solih kitoblari chiqqani uchun bosimga uchrayotgan shoir Mahmud Rajab tergovi respublikada o‘tgan hafta kechgan quyidagi voqealar fonida davom etdi.

19 avgust kuni Toshkentda «A-lya Joxa!» rusumidagi «Lyubaya biznes xorosha» shirkati ro‘yxatga olindi.

16 avgust kuni Shovot tumanida yashovchi tadbirkor Bunyod Sapaev Yangibozor tumani ichki ishlar bo‘limida tergovchilar tomonidan ayovsiz kaltaklandi.

15 avgust kuni Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahabov hokimlik binosi oldida tasvir olayotgan Kun.uz muxbiriga tashlanib, uning videouskunasini sindirib tashladi.

14 avgust kuni o‘zi ishlayotgan korxona boshlig‘ining otxonasini tozalashdan bosh tortgani uchun manzil koloniyasi mahkumi Tohirjon Komilov kaltaklandi.

13 avgust kuni IIB xodimlari Toshkent viloyatning Oqqo‘rg‘on tumani dehqon bozorida o‘z savdo joylari tortib olinayotganidan norozi bozorchi ayollarga qarshi kuch ishlatdi.

«Eltuz» nashri 14 avgust kuni Xorazm viloyati IIB tergov boshqarmasi katta tergovchisi U.Yo‘ldoshev ekspertiza xulosasining ko‘zdan kechirish qismidan norozi bo‘lgan Mahmud Rajabning iltimosnomasini rad qilgani haqida bildirgan edi.

Rassom Tuz o‘xshash holatlarni o‘z karikaturasida aks ettirdi va ayni voqealar asnosida IIV rahbari Po‘lat Bobojonovga xat yozdi.

Rassom Tuzning IIV rahbariga maktubi

«Bu maktubni sizga yozayotgan paytimda xorazmlik adabiyot ixlosmandlari viloyat IIB binosi oldida norozilik piketi o‘tkazib turibdi.

Ularning talabi o‘ta oddiy. Kitob o‘qigani yoki sumkasidan badiiy kitob chiqqani uchun qilinayotgan tazyiqlarga nuqta qo‘yilishini istashadi.

Xorazm viloyatida kriminogen vaziyat yomonlashgan bir paytda tergov boshqarmasi «kim Muhammad Solihning she'rini o‘qidi», degan «jinoyat» taftishi bilan oylab shug‘ullanishi uyat, isnod va isrof.

Mashina o‘g‘rilari, kissavur va firibgarlik bilan bog‘liq o‘nlab jinoyatlar ochilmay yotibdi.

Qotillik, nomusga tegish kabi jinoyatlar chandon urchigan bir paytda davlat pulini behuda sovurib, kim nima kitob o‘qidi, deya tergovchilarni band qilishi kulgili emasmi, janob general.

«Siyosiy politsiya» bo‘lishning samarasizligini tushunasiz. Kitob o‘qigan odamning bolasisiz. Shu yurt shoiri Mahmud Rajab shu millatning ulug‘ shoiri Muhammad Solihning badiiy asarini o‘qigani jinoyat emasligini mendan ham yaxshi tushunasiz.

Kalendarga qarang, 2019 yil deb yozilgan, 1937 emas.

Janob Po‘lat Bobojonov, soliqdan kelgan pulni behudaga sovurmang.

Davlat pulini jinoyatchilikni kamaytirishga¸ qotil va kissavurlarni ushlashga sarflang.

Men sizni tushunadigan odam deb bilib erinmay bu satrlarni yozdim.

Internet asrida «falonchi pistiyon kitob» o‘qibdi deb odamlar ta'qib qilinadigan mamlakat ochiq shaffof mamlakat emas.

Shoirlarni kitob o‘qigani uchun tergov qiladigan davlat erkin emas.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 may 2024
Rassom Tuzga yuborilgan bu iddaoli maktubni qanday bo‘lsa shundayligicha nashr qilishga qaror qildim. Maktub anonim emas. Uni kimdan kelgani ...
16 iyun 2016
Farg‘ona viloyatning ta'lim muassasalari direktorlari ikkitadan olishi kerak bo‘lgan “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiorining ...
17 avgust 2022
Shu kunlarda xalqaro sanktsiyalar degan jumla matbuot mundarijasida. Sanktsiyalar – haddan oshganlarni jilovlaydigan jazo tizimi. Nafaqat birovning yurtiga bostirib ...
18 oktyabr 2022
O‘zbekiston «Erk» Demokratik partiyasi lideri bilan bilan qilingan suhbat 2018 yil yozilib, ba'zi sabablarga ko‘ra e'lon qilinmagan edi. Eltuz ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...