Anjancha bitkoin
Andijonda bitkoin yaratish bilan shug‘ullanadigan yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Bu ishning boshida “Kubikoin” korxonasi turgani, loyihaning qiymati esa 1,2 million dollar ekani ma'lum qilindi.
Andijon viloyati hokimining bir ish kunidan reportaj tayyorlagan kun.uz sayti bitkoin yaratadigan loyiha haqida boshqa tafsilotlarni yozmagan.
Ammo shu yozilganining o‘zi ham mavzuni tushunganlar uchun ancha qiziq tuyuladi. Zero, hech kim yoki birorta markaz tomonidan boshqarilmaydigan elektron (raqamli) pullar, ya'ni kriptovalyutalar masalasida hatto dunyo hukumatlarining ham qarashlari turlicha.
Aksar davlatlar kriptovalyutalarning muomalada bo‘lishini taqiqlagan, ba'zi mamlakatlargina ming ikkilanishlar ortidan ularning savdosiga ruxsat bergan.
Internetni bir titkilab ko‘ring, bitkoin va uning tavakkalchiliklari haqida qoplab yozilgan. Birgalikda kriptovalyuta yaratish takliflarining esa sanog‘i yo‘q.
Kriptovalyutalar bilan firibgarlik qilish imkoniyatlarining kengligi sabab bu masalada hukumatlar ham ehtiyotkorlik bilan ish tutishni ma'qul ko‘radi.
Bugun bitkoin dunyoning eng qimmat kriptovalyutasi hisoblanadi. Balki shuning uchundir O‘zbekiston raqamli pullar olamida o‘z baxtini sinashga qaror qilganiga sabab?
Lekin masalaning yana bir tomoni bor. Ya'ni kriptovalyuta yaratish jarayoni professionallar tilida aytganda, mayning deyiladi.
Mayning fermalari o‘nlab, yuzlab kompyuterlar tizimi bo‘lib, ularning ishlashi uchun ulkan miqdorda elektr energiyasi talab etiladi.
Bitta mayning ferma uncha-muncha katta korxonani ta'minlaydigan elektrni “eb” qo‘yadi.
Bir so‘z bilan aytganda, mayning fermaning uskunalari juda qimmat, samarasi esa past. Har qanday yangi mayning ferma Xitoyning elektr stantsiyalari bazasida qurilayotgan megavattlab quvvatli mayning klasterlari bilan raqobat qilishiga to‘g‘ri keladi.
Masalaning ayni shu jihati “Anjanja bitkoin”ning kelajagiga shubha uyg‘otadi. Shuning uchun xalqni, o‘nlab korxonalarni elektr bilan ta'minlash muammo bo‘lib turgan bir paytda bitkoinga balo bormi, degan savol tug‘ilishi tabiiydir.
Bugun xalq hatto yozda ham elektrga zor. Qishni-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Momolarimizning jinchirog‘i qaytganiga ancha bo‘ldi bu yurtga.
Agar haqiqatan ham Andijonda shunday “innovatsion” loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lsa, uning istiqboli porloq, deb aytib bo‘lmaydi. Zero, bu shubhalarni tug‘diradigan sabablarning ayrimlarini yuqorida keltirib o‘tdik.
Yana bir mulohaza. Yangi texnologiya deb, innovatsiya deb bunday ko‘pik loyihalarga pul tikish o‘zi shunday ham investitsiyalardan qiynalayotgan mamlakat uchun kerakmikin?
To‘g‘ri, hokim shunday innovatsiya qilyapman deb, garchi buni o‘zi tushunmasligi mumkin bo‘lsa ham, yuqorining olqishini olishi turgan gap.
Balki shuning ortidandir, hatto Andijonning hokimi mustaqillik arafasida ordenli ham bo‘ldi. Mana shu ordenni olishiga “Anjancha bitkoin”ning ham hissasi bo‘lsa ne ajab?!
“Eltuz”ning O‘zbekistondagi hamkori