Jamalaning g‘alabasidan keyin «Yevronigoh» Ukrainada o‘tdi
Ukrainalik qo‘shiqchi Jamala o‘tgan yili «Yevronigoh» qo‘shiq tanlovida g‘olib chiqishi ortidan 2017 yilgi qo‘shiq tanlovi Ukrainada o‘tdi.
13 may kuni Kievda yakunlangan tanlov finalida, bu safar Portugaliyalik Salvador Sobral g‘olib bo‘ldi, ikkinchi o‘rin Bolgariyani tamsil qilgan rossiyalik Kristian Kostovga nasib etdi.
O‘tgan 2016 yil mayida musiqa tanlovi o‘tgan Stokholm ko‘chalarida mashinalariga ukraina bayroqlarini ilib, Jamalaning qrimtatarlarini o‘z yurtlaridan deportatsiya qilinishi haqidagi «Men bu yerda yashay olmadim» qo‘shig‘ini barala qo‘yib kezayotgan, raqs tushayotgan ko‘plab shved yoshlarini ko‘rish mumkin bo‘lgan edi.
Qrim tatarining xalqaro qo‘shiq tanlovidagi g‘alabasi ayni paytda ijtimoiy tarmoqdagi rossiyaparast qatlamning nafrati va o‘zga millatlar yutug‘iga toqatsizliklari bilan qarshilanayotganini ham kuzatish mumkin.
Masalan bu yil Ukrainada o‘tgan qo‘shiq tanlovi ham syurprizlarsiz bo‘lmadi. Final chiqishida Jamala qo‘shiq kuylayotganida rus prankeri va provakator jurnalist Vitaliy Sedyuk sahnaga chiqib publikaga ketini ochib ko‘rsatdi va shu zahoti u politsiya tomonidan qo‘lga olindi.
Ukraina prezidenti 13 may kuni Donetsk viloyatidagi otishmada to‘rt nafar tinch fuqaroning qurbon bo‘lgani bois «Yevronigoh» final tanloviga tashrifini bekor qildi.
Ukrainada o‘tgan «Yevronigoh» qo‘shiq tanloviga 30 million yevro sarflangani aytiladi. Biroq mablag‘ miqdori masalan Bokuda o‘tgan tanlovga nisbatan deyarli ikki baravar kamdir.
Eltuz.com