Asosiy mavzular
4 may 2017

Bosh muammo matbuotning yakka hukmdorga qaramligida emasmi?

O‘rislar «jivuchiy» deydi. O‘zbekchada «yashovchan», «chidamli» deb tarjima qilinadi ko‘pincha. «Moslashuvchan» deb o‘girish ham mumkin. O‘zbek matbuotiga nisbatan shu muqobili qo‘llansa, to‘g‘riroq bo‘ladi nazarimizda.

Tarixni titkilasak, aslida o‘zbek jurnalistikasi Abdulla Qodiriy davrida bir tish ko‘rsatgandi. Qodiriy o‘z fel'etonlari bilan matbuotning kuchini namoyish etgandi. Keyin esa to Gorbachyovning qayta qurish va oshkoralik zamonigacha bu tishni qurt yeb, o‘tmaslashtirib qo‘ydi.

Oshkoralik zamonida hali chirib bitmaganini ko‘rsatgan bu tishni keyin Islom Karimovning omburi sug‘urib oldi. Shavkat Mirziyoevning «xalq ichiga yurishi» qari kampir kabi ko‘cha gaplaridan nariga o‘ta olmayotgan o‘zbek matbuotining yangi tishi chiqishi jarayonini boshlab bergan ko‘rinadi.

Lekin qariyalarda chiqqani kabi yangi tish go‘dakning sut tishi kabi nozik bo‘ladimi yoki suyakni ham g‘ajish qudratiga erishadimi, hozircha bu haqda aniq gap aytish qiyin.

Muammo shu muammoning yaratuvchilari muhokamasida

Sovet davrining so‘nggi kunlarida «o‘z-o‘zini tanqid» iborasi juda keng tarqalgandi. «O‘zbekiston» telekanalida mamlakat ommaviy axborot vositalarining bugungi ahvoli muhokama qilingan «Muloqot vaqti» ko‘rsatuvi ana shu aqidani esga soldi.

Bu ko‘rsatuv juda ko‘plarda matbuotning uyg‘onayotgani haqida umid uchqunlarini uyg‘otgani bor gap. Uni juda ko‘pchilik ko‘rdi. Birgina yutubda shu kungacha 26 ming kishi tomosha qildi.

Ko‘rsatuvda o‘zbek matbuotining bugungi ahvoli, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar, mavjud muammolar ko‘tarildi, o‘ziga xos yechimlar taklif etildi.

O‘zbek matbuoti xalqdan uzilib qolganini mustaqil jurnalistlar ko‘p yillardan beri aytib keladi. Ana shu gaplari uchun o‘zbek jurnalistikasining, aslida hukmron doiralarining «himoyachilari»dan dam-badam tepki yeyishlar ham ko‘p bo‘lgan.

Zamonning zaylini qarangki, ko‘rsatuvda O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimov shu paytgacha mahalliy hamkasblarimiz inkor etib kelgan bu haqiqatni tan olib qo‘ydi. Faqat bu haqiqatni mustaqil jurnalistlar emas, «portal va prezidentimizning xalq qabulxonalarini tashkil etgani ko‘rsatib bergani»ni bildirdi.

«Xalq qabulxonalari aslida biz edik-ku. Biz o‘z vazifamizni bajarmay qo‘ydik», deya qo‘riq ochdi mahalliy jurnalistlar darg‘asi.

Ammo u nega bunday bo‘lib qolganini aytgisi kelmadi. Sabablari, ildizlariga to‘xtalib o‘tirmadi. Sabablari ko‘rsatilmagan muammoni yechib ham bo‘lmasligini S.Hakimov yaxshi bilishi mumkin. Lekin sabablari, ildizlari ochib tashlansa, «orqa» ham ochilib qolishini u juda yaxshi bilishiga shubha yo‘q.

Shuning uchun «hozir biz ertaga qarab qadam qo‘yishimiz kerak», deya gap bilan muammo ildizlarini tilga olishdan o‘zini olib qochdi.
S.Hakimovning so‘zini o‘zini «darg‘a»lardan deb biladigan boshqa bir jurnalist Safar Ostonov ilib ketdi. Uning gapini eshitib, o‘zbek jurnalistikasining botqoqqa botishi sabablarini anglagandek bo‘lasiz.

Nima emish, matbuotning ikkita vazifasi bor emish. Birinchisi, davlatning, hukumatning, prezidentning siyosatini xalqqa yetkazish. Ikkinchisi, xalqning dardini, muammosini hokimiyatga yetkazish.

Ikkinchisiga qo‘shilish mumkin. Ammo bu jurnalist matbuotning vazifasini hukumatning tashviqotchisi sifatida ko‘rayotganiga nima deysiz?

Shu paytgacha tashviqotchilikni birinchi o‘ringa qo‘yib kelgan S.Ostonov gazeta o‘qimay qo‘ygani uchun xalqni ayblashiga sal qoldi. Uning aytishicha, hozir obunaning 99,9 foizi tashkilot va idoralar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shuning uchun agar biror vazirlik, viloyat yoki idorani tanqid qilib qo‘ysangiz, obuna kasod bo‘ldi deyavering, degan xulosa chiqdi uning so‘zlaridan.

Aslida bu mantiqsizlik ekanini ko‘rsatuvda ishtirok etayotganlarning birortasi yurak yutib ayta olmadi. Ura-uraga to‘lib ketgan, xalq dardini aytmaydigan gazetaga kim ham obuna bo‘lardi, deydigan mard topilmadi.

Safar Ostonov esa egardan tushay demadi. Gazetalarda ma'naviy, ma'rifiy, axloqiy mavzulardagi yaxshi maqolalar chiqayotgani, kamchilik faqat tanqidiy, tahliliy materiallar berilmayotganiga ekanini ta'kidladi.

«Biz tanqidiy, tahililiy maqolalarimizni ko‘paytirsak, muammolarga o‘rin qolmasdi, gazetalarimizning nufuzi oshardi», deya tantanavor ruhda yakunladi u o‘z nutqini.

Tan olish kerak, davra to‘rida o‘tirganlar orasida nisbatan salmoqli fikrlar bildirgan faqat «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Shuhrat Rizaev bo‘ldi. U gapning indallosini aytib: «Madaniy (balki ma'naviy demoqchi bo‘lgandir) saviyamiz taklif etilayotgan mavzuni to‘laqonli ochib berishga yetarli bo‘lmayapti», dedi.

Sh.Rizaev matbuotimizning nochor ahvoli, tanqid yo‘qligi gazetxonlarning fikri o‘sishiga imkon bermayotganini ochiq tan oldi va so‘nggi vaqtlarda so‘z boyligimizdan «to‘rtinchi hokimiyat» iborasi tushib qolayotganini e'tirof etdi.

«Sovet davlati tanqidni bo‘g‘a-bo‘g‘a tanazzulga uchradi. Biz shuni bilgan holda nega bu tarixdan to‘g‘ri xulosa chiqara olmaymiz», deya savol tashladi olim, ammo studiyada bu savolga javob yangramadi.

Sa'dulla Hakimov tanqidiy, tahliliy materiallar yo‘qligiga sabab sifatida kadrlarni o‘qitishning, malakasini oshirishning yagona bir chuqur ishlab chiqilgan tizimi yo‘qligini aytar ekan, malaka oshiradiganlarga Ashurali Jo‘raev, Safar Ostonov kabilar saboq berishi taklifini o‘rtaga tashladi.

Shuning uchun ko‘rsatuv davomida o‘zbek matbuotining erkinlikka chaqirganlarning o‘zi kim, degan savol yuzaga chiqdi.

Avvalo, muammoning yechimini shu muammoni yaratganlarning o‘zi bilan muhokama qilish qanchalik mantiqli ekanini tushunish qiyin. Masalan, S.Ostonov bosh muharrirlik qilayotgan «O‘zbekiston ovozi» gazetasidan nimalarni olish mumkin. O‘rkachsiz tuya-ku bu gazeta.

«Xalq so‘zi» gazetasining bosh muharriri o‘rinbosari Shuhrat Jabborov yosh jurnalistga mustaqil fikr yuritish yo‘lini ko‘rsata olib, unga ibrat bo‘lishiga ishonasizmi?

Ashurali Jo‘raev rahbarlik qilgan «Mushtum» jurnali qani bugun? Uning o‘tkir satirasi, fel'etonlari qani?

Bu toifa o‘zbek matbuotiga qanday rivojlanish yo‘lini taklif etishini Shuhrat Jabborov aniq ko‘rsatib berdi.

«Bitta gapni aytmasam shu yerdan keta olmayman. Prezidentimiz xalq dardini tinglashda hammamizga ibrat bo‘lyapti. Biz mana shu ibratdan ilhomlanyapmiz», dedi u.

Mana asl maqsad. Bu jurnalistning studiyaga kelishidan maqsad ham aslida matbuotimiz muammolariga yechim topish emas, balki navbatdagi maddohlik uchun minbardan foydalanib qolish bo‘lganini ko‘rsatmaydimi shu gaplar?!

Yuqorida mazkur ko‘rsatuvni yutub orqali minglab foydalanuvchilar ko‘rganini bildirgan edik. Ular tomonidan bildirilgan ayrim fikrlarni keltirsak, mavzumiz yanada to‘liqroq ochiladi nazarimizda.

«Odamlarda uyat bo‘lmasa chatoq ekan. Bu uyatsiz basharalarga qarang, 25 yil hech narsani ko‘rmaganga solib, yalab-yalab semirib yashadi bular. Jurnalist emish. U yoqda xalq nima bo‘lsa bo‘ldi…», deb yozdi Ozodbek Erkinbekov.

BIGG BROTHER esa «bularning ichida kuchli jurnalistning o‘zi yo‘q. Kuchlilari qamalib ketgan yoki chet ellarga chiqib ketgan. Bular qo‘rqoq ikkiyuzlamachilar xolos, kattalar qanaqa qo‘shiq aytsa, o‘shanga o‘ynaydiganlar. Agar siyosat yana o‘zgarib tanqid to‘xtatilsa, bular yana og‘ziga talqon solib oladi», deya fikr qoldirgan.

Tahlili yo‘q «Tahlilnoma»

Prezidentning «Axborot»ni tanqid qilishi ortidan O‘zbekiston telekanallarida bir ijobiy o‘zgarish kuzatilayotgani haqida ko‘p gapirilyapti. Lekin bu o‘zgarishlar shunchalik sezilarlimi?

Biz mahalliy TVda eng nufuzli hisoblanadigan «Tahlilnoma» ko‘rsatuvi (30.04) misolida bu masalani o‘rganishga urindik. Afsuski, shakliy o‘zgarishlardan boshqa birorta mazmuniy o‘sishga ko‘zimiz tushmadi.

Eng e'tiborlisi, «Tahlilnoma»da tahliliy desa bo‘ladigan birorta lavha yo‘q. AQSh ma'muriyati vakili bilan uchrashuv, prezidentning Janubiy Qozog‘istonga amaliy tashrifi, Jizzax viloyatiga safariga oid hisobotmonand lavhalar, sudlov, Xotira va qadrlash kuni, kitobxonlik, Toshkentdagi xalqaro san'at festivali mavzularidagi materiallar bilan to‘ldi ko‘rsatuv.

Xalq qabulxonalari haqidagi go‘yoki tahliliy lavha namoyish etildi. Ammo unda so‘nggi vaqtlarda bu qabulxonalardan ko‘ngli to‘lmayotganlar ham bo‘layotgani tilga olingani yo‘q. Ko‘rsatuvdagi intervyu ham umumiy gaplardan iborat bo‘ldi.

Endi shakliy o‘zgarishlarga to‘xtalsak. Ko‘rsatuv boshlovchisi Georgiev tasmasining o‘zbekona ko‘rinishini ko‘ksiga taqqan holda efirni olib bordi. Intervyuga kelgan amaldorning ko‘ksini ham shunday tasma bezab turgandi.

Boshlovchining efirni olib borish usuli Kremlning mashhur tashviqotchisi Dmitriy Kisilyovning «Vesti nedeli»dagi boshlovchilik usulini beixtiyor esga solib yuborganini aytmasak bo‘lmas. Uning qo‘l harakatlari, efirda o‘zini tutishi, gap ohangi xuddi qo‘yib qo‘ygandek KisilTVnikidek.

Tan olish kerak, D. Kisilyov, o‘z fikrlarini tomoshabinga yetkazish uchun ishontiradigan asoslar o‘ylab topadi, tahlili ham o‘rtacha statistik tomoshabinni qanoatlantiradi.

Ammo mahalliy kisilyovsimonlarning bu darajaga yetishiga hali ancha qovun pishig‘i borligi yaqqol ko‘rinib turdi.

Yana bir shakli o‘zgarish shuki, boshlovchi «Tahlilnoma»ni tik turgan holda olib bormoqda. Bunga esa ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari allaqachon o‘z baholarini berib bo‘ldi.

«Bizga yangiliklarni qanday holatda yetkazishlari muhim emas. O‘tiribmi, turibmi yoki yotib olibmi, asosiysi, haqiqatni gapirishsin», deya fikr bildiradi bir foydalanuvchi.

Ikkinchisi esa «Boshqalar kosmosni egallab, Marsni tadqiq qilmoqda. «Axborot»ni tik turib olib borish esa bundan ham zo‘r kashfiyot. Endi yaxshi bo‘lib ketamiz shekilli», deya zaharxanda qildi.

Xalqning ko‘zini ochish o‘rniga prezidentning ko‘zini bog‘lashga bo‘layotgan bu urinishni ko‘rib hatto taniqli diktor Muslimbek Yo‘ldoshev ham chidab tura olmay, «Forish tumanidagi fermer xo‘jaligida bitta tovuq ikkita tuxum qilganini turib gapirdi nima-yu, o‘tirib gapirdi nima?!» deb istehzo qildi.

Zamonga moslashayotgan telekanallar

Uzr, tanqidga berilib ketib, ba'zi ijobiy o‘zgarishlar haqida gapirish sal bo‘lmasa yoddan ko‘tarilay debdi. Ha, ijobiy o‘zgarishlar ham bor.

Masalan, prezidentning hududlarga tashrifini yoritishda unga hamrohlik qilayotgan amaldorlarga ham mikrafon tutilyapti. Ya'ni faqat prezident ko‘rsatilmay, amaldorlar o‘z sohasiga oid loyihalar bo‘yicha ma'lumotlar beryapti.

«Mening yurtim» telekanali esa turli media yig‘ilishlardan batafsil ko‘rsatuvlarni efirga uzatmoqda.

Esingizda bor, avvalgi prezident davrida tashqi siyosat tugul boshqa barcha masalalar bo‘yicha ham faqat uning o‘zi gapirardi. Hozir esa xalq boshqa siyosatchilar ham borligini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Xususan, Xalqaro press klubda O‘zbekiston tashqi siyosatiga bag‘ishlab bo‘lib o‘tgan tadbirga oid ko‘rsatuvda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoevning ochiq-oydin chiqishlari efirga uzatildi.

S.Safoev raqobatbardosh investitsion muhit yaratilmaganini, bank sektori ishi qoniqarsizligini, konvertatsiya muammosini, O‘zbekistonda investitsion iqlim radikal o‘zgartirishga mujtojligini tan oldi.

A.Komilov esa xorijiy gazeta va jurnallarda 4-5 ta maqola chop etish orqali (bunday maqolalar reklama sifatida pul to‘lab chiqarilishi sir emasdi) O‘zbekiston imijini ko‘tarish mumkin emasligini, diaspora bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘q qo‘yilganini e'tirof etdi.

Bir qancha o‘zgarishlarga qaramay, hali O‘zbekiston OAV to‘g‘ri yo‘lni topib oldi, jurnalistikaning asosiy vazifalari va funktsiyalariga rioya qilishga qaytdi, deb aytishga hali erta ko‘rinadi nazarimizda.

Bizningcha, hozir ular yangi prezidentga moslashish davrini boshdan kechiryapti, xolos. Ko‘pchilik «Axborot»da Chilonzor va Olmazor tumanlaridagi kommunal soha qattiq tanqid qilinganini ro‘kach qilib, fikrimizga qarshi bo‘lar.

Katta ishonch bilan aytishimiz mumkinki, mazkur ko‘rsatuvlar aslida yana o‘sha yuqorining buyurtmasi bilan tayyorlangan. TV ham prezident kabi xalq manfaatini o‘ylay boshladi, degan taassurot uyg‘otishga qaratilgan harakat bu deyish uchun asoslar yetarli.

Mahalliy jurnalistlar bizning fikrlarimiz dastlabki xulosalar ekanini, yaqin kelajakda puchga chiqishini ko‘rsatib bersa, xursand bo‘lar edik.

Ular hozirgi moslashuv jarayoni tez kunlarda jurnalistikaning asosiy vazifalari va funktsiyalarini bajarishga jiddiy kirishish yo‘lidagi bir bosqich ekanini isbotlasa, quvonchimiz ikki karra oshadi.

Ishoning, haqiqiy jurnalistikada hamkasblarning yutug‘i ularni o‘z vazifasini bajarmayotganlikda ayblab kelayotgan erkin qalam sohiblarining mag‘lubiyati hisoblanmaydi.

Bahodir Sharif

O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 avgust 2020
O‘limidan bir-ikki yil burun ham Karimovning o‘lgani haqida har xil xabarlar tarqalgan. Jumladan, 2015 yili 17 noyabrga o‘tar kechasi ...
5 oktyabr 2017
Prezident Mirziyoev 30 sentyabr kuni Maktabgacha ta'lim vazirligini tuzish haqidagi farmonni imzoladi. Farmonda, mamlakat bo‘ylab bog‘chalar sonini ko‘paytirish, maktabgacha ...
14 mart 2016
Bugungi kunda istalmagan shaxs deya qaralayotgan O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning 75 yosh yubileyi hukumatning og‘zaki qaroriga ko‘ra o‘tkazilmasligi ...
29 noyabr 2021
Shvetsiya bosh vaziri o‘z mamlakatida xizmat mashinasiga ega yagona siyosatchi. Qolgan mulozimlar ishga o‘z mashinasi, velosipedi yoki tramvayda boradi. ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...