Catira
25 aprel 2018

Bir haykal 10 yilda 4 marta joy almashtirdi

Karimov davrida shahar chekkasiga chiqarib tashlangan Shomahmudovlar haykali yana eski joyiga qaytarilmoqda. Haykallar 9 may kuni «Istiqlol» (sobiq «Xalqlar do‘stligi») maydoniga qaytariladi va qisqa bir tarixiy davrda to‘rtinchi bor qayta o‘rnatiladi.

1982 yili Rashidov davrida o‘rnatilgan haykallar kompleksi ilk bor 2008 yili «Otchopar» bozori yaqinidagi chekka bir joyga ko‘chirilgandi.

2017 yilning aprelida esa haykallar «Do‘stlik» (sobiq Bobur nomidagi) istirohat bog‘iga ko‘chirib o‘rnatildi.

Ko‘chirish chog‘ida Shomahmudovlarning bolg‘asi, sandoni va 15 yetim bolasidan bittasi yo‘qolib qolgani va keyinchalik topilgani haqida «Eltuz» nashri xabar bergandi…

Roppa-rosa bir yil o‘tib, 2018 yilning apreliga kelib, “Istiqlol” san'at saroyi oldidagi maydonda rekonstruktsiya ishlari boshlab yuborildi.

Bu xabarni Toshkent shahri hokimligi rasmiy sayti ham tasdiqladi.

Adashgan haykallar

“San'at asari o‘laroq, men bu haykal majmuasini hech qachon qabul qila olmaganman, balki bu mening ichimdagi sotsialistik realizmni qabul qila olmaslik hissining ko‘rinishidir ehtimol”, degan edi Muhammad Solih «Eltuz» muxbiriga bergan intervyusida. https://eltuz.com/video/199834/ Muhammad Solih ko‘chishni orzu qilgan “Adashgan haykallar” badihasini yozgan edi.

“Non do‘koni oldidagi odamlarday qatorlashib turgan” haykallarning qachon va nima uchun “bu yerga kelib qolishganligini” o‘zlari ham bilmasliklarini u o‘sha paytda sovet davriga xos sarkazm bilan tasvirlagan.

“Nega bu yerda Bayron emas, Pushkin o‘tiribdi?” degan savolga uning xayoliy qahramoni “Chunki men uning muxlisiman!” deya qitmirlik bilan javob beradi.

Bu so‘zlar oq qayinlarni sog‘ingan Pushkin orzusiga zid…

“Agar haykallardagi shiddat yolg‘on bo‘lmasa, bizning ko‘zimizni aldamagan bo‘lsa, ular o‘zlari turgan supadan bir kuni, shubhasiz, tushadi va xohlagan tomonga ravona bo‘ladi…”

Bu gaplar 40 yil burun aytilganiga ko‘pchilikning aqli bovar qilmaydi. Chunki Pushkinni yoki Shomahmudovlarni joyidan qo‘zg‘atish u paytda hech kimning xayoliga ham kelmagandi.

“Bu maqola aslida haykallarni ko‘chirish haqida emas, ularni keltirgan rus istilochilarining ketishini orzu qilib yozilgan edi”, deydi Muhammad Solih.

Sovet davrini qo‘msagan o‘zbekistonliklar ramzi

Toshkentlik tahlilchi Anvar Nazirning fikriga ko‘ra, keyingi yillarda yodgorliklarni ko‘chirilishi va qayta tiklanishi sovet va rus qadriyatlariga qaytilayotganini anglatadi.

Anvar Nazirning «Eltuz»ga bildirishicha, Shomahmudovlar haykal sovet davrini qo‘msagan o‘zbekistonliklar uchun ramzga aylangan.

Shomahmudovlar haykalidan tashqari, tahlilchi ilgari buzilgan, «rusiyzabon omma shovqinidan so‘ng esa davlat hisobidan Toshkentning markaziga ko‘chirilib, endi davlat hisobidan katta mablag‘ evaziga qaytadan tiklanayotgan» rus general-gubernatori Kaufman qurgan binoni misol keltiradi.

«Rossiyaparast doiralarning bunga javoban: “Kaufman qurgan binoni Shavkat Mirziyoev o‘z shaxsiy qarori bilan tikladi va bu buyuk gubernatorning xotirasini abadiylashtirish!” degan gaplar bilan og‘izlari yumilmayapti», deya pisanda qiladi Anvar Nazir.

Shu bilan birga, «Madaniyat vazirligi Abdulla Qodiriy uy-muzeyi yaratilishiga davlatda mablag‘ yo‘q, deb aytishga tili bordi», deya ta'kidlaydi tahlilchi o‘z blogida.

Kaufman «o‘zbeklar ko‘proq paxta bilan band bo‘lsa, kamroq siyosiy va boshqa mavzularga vaqti bo‘ladi”, degan so‘zlari bilan mashhur bo‘lgan mustamlakachi ekanini ta'kidlar ekan, tahlilchi «Sh.Mirziyoev Shomahmudovlarda to‘xtamasligi zarur», deya kinoya qiladi.

«Leninga yuzlab haykallar qo‘yilgan edi bizda, yana Marksga va Buxoroni qirgan Frunzega, «bosmachilarni» qirgan Kuybishevga, Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Munavvarqorilarning boshini yegan Stalinga ham, ana shu «tariximizning buyuk shaxslarining» haykallarini ham, albatta, tiklasin!» deydi Anvar Nazir.

Haykallarning ko‘chirilishi – mantiqsizlik

Haykaltarosh va kandakor rassom Omon Aziz «Eltuz»ga bergan suhbatida O‘zbekistonda Shomahmudovlar haykalining qayta-qayta ko‘chirilishini mantiqsizlik, deya atadi.

«Ularning boshqa ishi yo‘qmi, degan savol tug‘iladi», dedi «Eltuz» muxbiriga bergan intervyusida 76 yoshli haykaltarosh.

Shomahmudovlar kompozitsiyasi 1982 yili Dmitriy Ryabichev tomonidan yaratilgandi.

Amerikada yashayotgan ijodkor Omon Azizning so‘zlariga ko‘ra, sovet davrida butun Toshkent haykaltaroshligi Shapiro bilan Ryabichev ixtiyoriga o‘tib qolgandi.

80-yillarda Abdumo‘min Boymatov, Damir Ro‘ziboev kabi o‘zbek haykaltaroshlarining urush mavzuidagi asarlari tanlovga qo‘yilganini eslaydi, jumladan, haykaltarosh.

«Abdumo‘min akaning «Sen yetim emassan» kompozitsiyasi o‘sha Ryabichevnikidan ko‘ra yaxshiroq edi. Xuddi shoshmaqom musiqasini eslatardi, betakror edi», deydi Omon Aziz «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

Ryabichevning beqiyos san'atkor ekanini e'tirof etarkan, san'atkor sifatida haykalning ayrim nuqsonlarini sanaydi.

«Masalan, men erkakning nima uchun tikka turganini bilmayman. Lekin bolalar yaxshi topilgan», deydi Omon Aziz. Shunga qaramay, u bu haykallarni hech qaerga ko‘chirmaslik kerak, degan fikrda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
25 may 2020
Gulnora Karimovaning qizi va o‘g‘li o‘zbek tadbirkorlarini «amneziya» (unutish kasalligi)ga chalinganlikda ayblashdi. So‘nggi ikki haftada turli yillarda Gulnora Karimova ...
23 sentyabr 2023
«Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiyaning Verbovo mudofaa liniyasini yorib o‘tdi va oldinda yanada kattaroq zafarlar kutilmoqda», dedi «Tavriya» qo‘shinlarining tezkor-strategik ...
15 iyun 2019
Mana, hafta aylanib, siz bilan yana  yuzlashdik. Bu hafta ham voqealarga boy bo‘ldi. Xalq bankining Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani ...
11 sentyabr 2020
Yaxshi erkaklar qanday ko‘payadi? Sarlavhani eshitib yuzingizga tabassum yugurdi har holda. Tabassum haqida gapirsam.  Tabassum artilleriyadan ham, otliq askarlar ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...