Asosiy mavzular
29 mart 2019

RTdan va'z: Bizni yemirguvchi illatlar haqida

Bizni yemirguvchi illatlar haqida gapirsam. Bu kalimani yuz yil oldin Mahmudxo‘ja Behbudiy aytgan edi. Mavzuga kirishdan oldin avvalgi safar eshitgan plastinkani yana tinglasak…

Maxtumquli g‘azalini Komiljon Otaniyozov qo‘shiq qilib aytyapti. Bu qo‘shiqni eshitgan Hindiston bosh vaziri Komiljon Otaniyozovga fil sovg‘a qilgan. Moskva zooparkidagi fil aslida Komiljon akaga hadya qilingan fil avlodi.

Qo‘shiqda va'daga vafo haqida gapiriladi. Buning teskarisi esa xiyonat va aldov…

Manmanlik

Bizni kemirguvchi illatlardan biri – manmanlik. Agar kimdir bozorga pattachi bo‘lsa, burnidan qurt yog‘iladi. Zolimga aylanadi. Umuman, zehniyatda ko‘rilgan narsa shuki, kimki boshliq bo‘lsa, qamchisidan qon tomadi. Qo‘l ostidagilar esa laganbardorga aylanadi. Nega shunday? Buni bilmayman.

Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd

Rasmdagi ayol Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd. U Myunxendagi konferentsiyada odamlar orasida o‘tirganida tanishmadiyam. U majlis zalidagi el qatori oddiy o‘rindiqda o‘tirardi.

Munozaralar paytida qo‘l ko‘tarib savol bermoqchi bo‘ldi. Majlis moderatori unga qarab, o‘zingizni tanishtiring, dedi. Bu zarifa ayol o‘rnidan turib, «Men Estoniya prezidentiman», dedi. Zalni yengil tabassum qopladi. Bo‘lar ekan-ku devday tansoqchilaru shotirlarsiz yursa ham.

Bir paytlar O‘zbekiston ham Estoniya ham bitta davlat a'zosi edik. SSSRdagi 15 respublikadan biri edik. Bugun Estoniya Yevropa Ittifoqi a'zosi va shengen tarkibida. Lekin estonlar sovet davrida mustaqillik uchun faol kurashgan edi. Balki niyati yo‘ldosh bo‘lib shu kunlarga yetdimikin. Mayli, men uchun bu ayol eng go‘zal siyosatchi va nafosatu zakovat tajassumi. Qo‘shiqda aytilgani kabi – «odobini, ibosini ko‘ring…».

Mayda o‘g‘irlik

Bizni kemirguvchi illatlardan yana biri – mayda o‘g‘irlik. Kinolarda bonkani o‘margan o‘g‘rini ko‘rsam, ruhan bonka egasi emas, balki o‘g‘ri tarafida bo‘laman. Ammo o‘zi kabi qashshoqning og‘zidagi bir burda nonini tortib olgan kalamushdan nafrat etaman.

Bu voqea o‘tgan yil 20 dekabrda bo‘lgan ekan, bugun aytib berishdi. Rossiyaning Chelyabinsk degan olis joyida ishlaydigan vatandoshimiz yangi yilni bola-chaqam bilan kutay deb Namanganga kelayotgan edi. Toshkent aeroportidagi ber-berlardan omon o‘tgan bu yigit sovg‘a-salom to‘la chamadoni bilan taksi kira qiladi.

Taksichi unga «Ikkita odamning pulini bersangiz, yakka o‘zingizni olib ketaman», deydi.

Namanganga yaqinlashgan paytda mashina to‘xtaydi. «Mashina buzildi. Orqaga o‘tib itarvoring», deydi sho‘pir mijozga.

Ko‘ngli toza hamyurtimiz shartta tushib, mashinaning ortidan itaradi. Shu payt bagajnigida yigitning chamadoni, salonda paltosi turgan mashina gaz berib mingga qo‘yib qochib ketadi.

Ikki kundan keyin o‘g‘ri qo‘lga olindi. Ammo Rossiyadan O‘zbekistonga mehmonga kelgan hamyurtimizning tirriq bo‘lgan ta'bi yaxshilanmadi. O‘g‘ri qamaldi. Shartli jazo olib, yana taksi minib yuribdi. Amnistiya bo‘ldi, avf qo‘llandi, deymiz.

Chiqib kelayotganlar farishtaday ko‘rinadi bizga. Aslida o‘g‘ri, kazzob, firibgar ko‘pi. Chiqa solib yana birovni qaqshatadi. Odatda statistika hujjatlaridagi o‘mardi, o‘g‘irladi, degan so‘zlar uncha ta'sir qilmaydi. Ammo birov ko‘z yosh bilan sizga hikoya qilsa, odamning ko‘ngli cho‘kar ekan. Shu bechora mardikor o‘zbekni qaqshatib chamadonini olgan ham o‘zbek. Shu vodiyning bolasi. Koshki shu chamadonni o‘margani bilan boyib bitib ketsa ekan.

Yana bu o‘g‘ri qo‘lga olinganida qarindoshlari kelib arizani qaytib ol¸ payg‘ambar ham kechirgan, deb dag‘dag‘a qilgani ortiqcha bo‘lgan.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 sentyabr 2016
Nemis OAVlarida O‘zbekiston prezidenti vafotiga oid e'lon qilingan maqolalarda, asosan, Karimovning qattiqo‘llikka asoslangan uzoq yillik hukmronligining ziddiyatli merosi, bu ...
1 yanvar 2022
Qadrli Eltuz kanali ko‘rarmanlari va obunachilari. Cizlarni avvalo kirib kelayotgan yangi 2022 yil bilan tabriklamoqchimiz. O‘tgan 2021 yil O‘zbekiston ...
1 avgust 2019
O‘zbekiston ham sharmandali ravishda uyg‘ur qardoshlarimizga bo‘layotgan Xitoy hukumati zulmini qo‘llab chiqqan 50 ta davlat qatoriga qo‘shildi. Adolatdan, o‘z ...
14 mart 2016
Maxbuslar hech qachon oziq ovqatni to‘liq olmaydi. Albatta olib qolishadi. Masalan, kiritgan choy, shakar-qand, sigaretlaringizni yarmini maxbusga beradi. 159 ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...