Asosiy mavzular
21 iyun 2019

RTdan va'z: Prokurorlar ham yig‘laydi

Xushxabardan boshlasam gapimni. Rossiyalik oligarx Usmonov Toshkentdagi maktab devorini oqlab beradigan bo‘ldi. Mallades, brat. Ashnaqa bo‘sin!

Xonqa don kombinati omborchisi osilgan holda topildi. Kombinatda reviziya rastratani tekshirmoqda. Omborchi ham, sirlar ham ko‘mildi.

Gulnora Karimova qamoqda kasal bo‘libdi. Oyog‘i shishib, qon bosimi oshgan. Kayfiyatiyam chatoq. Malikaga rahm qiling, azizlar.

17 iyun Sergeli tumanining Saxovat mahallasidagi 25-uyda yashagan 18 yashar qiz o‘z uyida osilgan holda topildi. Sevgi, hijron azobi yoki hin kinosini ko‘rgan bo‘sla kerak.

Dunyo xabarlarini elakdan o‘tkazib ko‘rsangiz, bolasini sotadigan millat o‘zbek ekaniga guvoh bo‘lasiz. Qarshida chaqalog‘ini 1000 dollarga sotayotgan ayol 15 iyun kuni qo‘lga olindi. Toshkentda farzandini 9 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan er-xotin ushlandi.

Ichki ishlar vazirligi 2019 yilning olti oyi davomida bola sotish bo‘yicha kamida sakkizta holat aniqlanganini bildirdi.

Rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda 2017 yilda 305 ta farzandni sotuvga qo‘yish holati qayd etilgan. Jumladan, ularning 72 nafari bola, 61 nafari yangi tug‘ilgan chaqaloqlardir.

Samarqand tug‘ruqxonasida bir kunda beshta chaqaloq o‘ldi. Onaga begona jasad berildi. Tirik bolani sotvorishgani gumon qilinmoqda. Bu gaplarni gapirib turib, tishlarim g‘ijirlayapti.
Yana bular o‘zlariga «bolajon xalq» deb ot qo‘yib olishgan. Bu xabarlarni eshitganlar endi puli bo‘lmagandan keyin bolasini sotib yeydi-da, deydi. 

Ikkinchi jaxon urushi davrida Leningrad shahrida qamalda qolgan onalar bolasining o‘ligini tovada qovurib yegani haqidagi mudxish epizodlar tarixga kirgan. Endi u paytda Leningrad fashist qamalida edi. O‘zbekistonni kim va qaysi dushman qamal qildi? Shu gaplarni yozib taxayyul qilib tursam, jurnalist Jamshid Shomurodov kechirimli bo‘laylik, deya fikr bildiribdi.

Kechirimli, kechirimli, kechirimli bo‘laverish kerak.

Toki o‘tgan ham, ketgan ham shunchaki ko‘ngilxushlik uchun ketingga bir tepib o‘tsin.

Toki yeb turgan yarimta noningni tortib olishsin.
Toki xonadoningda begonalar xo‘jayinlik qilsin.
Toki odam sanalma, daydi itdan qadrsizroq bo‘l.
toki… deya zaharxanda qiladi o‘rtoq Shomurodov. Eh, o‘rtoq Shomurodov, bo‘ynidan boylangan itdan nimani kutasiz.

Qo‘ylar nazarida cho‘pon eng ulug‘ inson. It esa qo‘ylarni qo‘riqlaydigan sodiq himoyachi. Bo‘ri esa qo‘ylar nazdida dushman. Aslida munday olib qarasangiz, cho‘pon har kuni qo‘yning go‘shtini yeydi, it esa suyagini g‘ajiydi. Bo‘ridan yuz marta ko‘p qo‘y go‘shti iste'mol qiladi bu ikkalasi. Ammo qo‘ylar bilmaydi buni. Qo‘yday yuvvosh xalqimiz bor, deyishadi yurtboshilar.

Bo‘rini gapirsang, qulog‘i ko‘rinadi deyishadi. Odam odamga bo‘ri bo‘lgan Toshkent shahrida bo‘ri paydo bo‘lgani haqida erinmagan hamma yozdi. Ana, bo‘ri shaharda yuribdi, deyishdi. Keyin bo‘rini ushlab o‘ldirishdi. Bittasi ketmon sopi bilan boshiga soldi, boshqasi oyog‘iga o‘roq bilan  urdi.

Toshkent shahri hokimligi xodimi hammadan kech keldi, ammo shundoq ham hushsiz yotgan bo‘rining boshiga armatura bilan soldi. Soladi-da! Hokimlikdan oladigan oyligini oqlash kerak-ku. 

Toshkentdagi bo‘ri «osiyo bo‘risi», «eron bo‘risi» yoki «hind bo‘risi» deya ataladi.  Bo‘rining bu turi Isroilda Qizil kitobga kiritilgan. Normal jamiyatda bu bo‘ri uxlatadigan dori solingan o‘q otib neytrallashtiriladi. Vahshiylar o‘lkasida esa armatura bilan urib o‘ldiriladi bu jonivor.

Shu hafta ichida Toshkentdagi daydi mushuklarni ushlab, bo‘g‘ib o‘ldirishdi. Terisidan palto tikishsa kerak prezidentning qizlariga, vallohi a'lam.

Umuman, yovvoyi hayvonlar, bechora jonivorlarni qiynab o‘ldirayotgan mamlakatga o‘xshadi O‘zbekiston.

Bundan oldin echkiemar va ayiqni o‘ldirishdi. Baliqlar uvildiriq qo‘yayotgani bois ov taqiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, Xorazmda ulkan laqqalarni tutib olib, pishirib yeb tashlashdi. Siz daryodagi laqqalarni aytasiz, hokimiyatdagi semiz laqqalarni ham tutishdi.

Avvaliga Bosh prokuratura O‘zbekiston DXXning sobiq raisi Ixtiyor Abdullaev va Oliy sud raisining sobiq o‘rinbosari Dehqonov qamoqda ekani va jinoyati tergov qilinayotganligini ochiqladi.

Shu o‘rinda «Eltuz» birinchi bo‘lib bu haqda xabar berganini maqtanib qo‘ysam. Abdullaev qamaldi, u tergov qilinmoqda, deganimizda hukumat betini bez qilib, Abdullaev kasal bo‘lgani uchun ishdan ketdi, xolos, deb turuvdi. 

Bosh prokuror Otabek Murodov ham ishdan bo‘shatildi. Murodov qamoqda degan gaplar ham yuribdi. Otabek Murodov bosh prokuror bo‘lgan paytda prokuratura matbuot uchun maksimum ochiq bo‘ldi.

Prokuratura matbuot kotibasi Surayyo Sattorova mediayulduzga aylandi. Poraxo‘r prokurorlar qamaldi.

Yangi tayinlangan bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev esa naftalin hidi keladigan, siyib kelish uchun ham kattalardan rusxat so‘raydigan qovoqkalla. Nig‘matilla kabi samaotvodchining kelishi salbiy holat.

Prezidentning kadrlar siyosati tupikda. Mana, qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin emas, qirq kunda chiqdi. 

Hafta ichida buyuk yozuvchi va shoir Muhammad Solih kitobini musodara qilgan tergovchi bu kitoblarni ularning egasi shoir Mahmud Rajabga qaytarib berdi va uzr so‘radi. Lekin Komil Allamjonov rahbarligidagi idora «Adabiyot gazetasi» muharriri Baxtiyor Karimovga dag‘dag‘a qilib, Muhammad Solih nomini gazetaga yozma, dedi.

Bizda maxfiy ro‘yxatda MS.

Shu o‘rinda xushxabar. Surxondaryo hokimligi Suriyadagi terrorchilar safidan  qaytib kelgan ayolga ikki xonali kvartira berdi. Bunga qo‘shib baxmal yostiq va ko‘rpa-to‘shak ham beribdi. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘yinchoq ayiq, Ëshlar ittifoqi puflab shishiradigan o‘yinchoq cho‘chqacha ham sovg‘a qilishdi. 

Suriyadagi terrorchilar safidan qaytgan ayolga tahsin va olqish. Faqat o‘rtoq prezidentga bitta savol bor. O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi moddalar yuzasidan. Masalan, 150-modda: Urushni targ‘ib qilish. 151-modda: Agressiya, bosqinchilik urushini rejalashtirish yoki unga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, shu harakatlarni amalga oshirishga qaratilgan fitnada qatnashish. 154-modda: Yollanish. 155-modda: Tayyorlanayotgan yoki sodir etilgan terrorchilik harakatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar va faktlarni xabar qilmaslik.

O‘rtoq prezident, agar bu moddalar O‘zbekiston hududida bekor qilingan bo‘lsa, bilaylik. Qonun ustuvormi yoki sizning xohish-xarxashangiz! Ijro hokimiyati xizmatchisi sifatida sizning xohishingiz qonundan ustun bo‘la olmaydi. Jasliq qamog‘ida qanchasi shu moddalar bilan qamalib yotibdi. Ularni ham chiqarib, uy-moshin, ko‘rpa-to‘shak bering. 

Uslubga rioya qilgan holda gap so‘nggida rivoyat. Xullas, o‘ylanib qarasam, bizning oila ijtimoiy tarmoq kirmagan dunyodagi so‘nggi yacheykaga aylanibdi. Oila men, xotinim, qaynonam va to‘rtta bolamdan  iborat. Bolalarning uchtasi qiz, biri o‘g‘il. Xullas, oila kengashida virtual dunyoga qo‘shilish haqida qaror qabul qildik va buning uchun oila byudjetidan moliya ajratdik. Avvaliga 7 dona smartfon sotib oldik. Uyga vayfay o‘rnadik. Faysbuk, Instagram va Telegramda “Bizning oila” degan sahifa ham ochdik. Bundan tashqari, har bir oila a'zosi feysbukda bittadan sahifa ochdi. Endi bizning oilaning yetti a'zosi qo‘lidagi telefonga tikilib o‘tiradigan bashariyatning bir qismiga aylangan edi.

Avvaliga yaxshi ketdi. «Bizning oila» degan sahifamizda musaffo osmon, hovlimizdagi shaftoli va anjir pishgani, dasturxonimdagi tortdan tortib, novvotgacha ko‘z-ko‘z qilib qo‘yildi. Ko‘rgan ko‘z yayradi. Ammo birdan qandaydir feyk akkauntlar orqali oilamizning butun sirlari ochila boshladi. Masalan, katta o‘g‘lim uydagi moshinani obqochib, bamperini urib sindirib qo‘yibdi. Buni menga bildirmasdan remont qilib qo‘yishgan ekan. “Sinchalak” degan akkaunt egasi buni fosh qildi. “Qaqildoq” degan yuzer esa uyda mehmonlar uchun atalgan konfet to‘la bonka qaerga yashirilganini fosh qildi. Shundan keyin bir pasda bonkani topib, ichidagi shikalatlarni yeb yutishdi. “Sotti” degan yuzer esa qaynanam uydagi produktalarni bizdan bekitiqcha qiziga berib yuborayotgani videosini telegramga qo‘yvorsa bo‘ladimi. Janjalni kattasini o‘zim qildim.

Men qilaman o‘ttiz – qaynona qiladi to‘s-to‘s. Birdan “Hoji ona“ degan yuzer mening ishdagi ishqiy sarguzashtlarimni yozib, doston qilsa bo‘ladimi. Yer yorilmadi, yerga kirmadim. Xullas, ijtimoiy tarmoq bois oilamizning osmoni musaffo emasligi, dasturxondagi to‘kin-sochinlik aslida ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emasligi va yana qator illatlar o‘rtaga chiqdi. Oilamiz barbod bo‘lish yoqasiga keldi. Favqulodda kengash chaqirdik. Men so‘z olib, uyimizga internet oshkoraligi kirib kelmagan paytda naqadar baxtli va farovon bo‘lganimizni ko‘zimda yosh bilan so‘zlab berdim. Xotin ham, qizlar ham,  o‘g‘lim va hatto qaynona ham meni qo‘llab, oshkoralik va so‘z erkinligining go‘riga g‘isht qalashdi.

Kengash qaroriga ko‘ra, smartfonlar ichidan sim kartalarni chiqarib, tandirdagi olovda yoqib yubordik. Telefonlarni ko‘tarasiga sotvordik. Uydagi vayfayni ham o‘chirdik.  Vayfay uskunasi ham tandirdagi olov ichra jizg‘anak bo‘ldi. Oila byudjetidan pul ajratib, bizning hovlimiz radiusidagi saytlar va telefon signallarini blok qiladigan blokirator uskuna sotib oldik. 
Shundan keyin osmonimiz yana musaffo bo‘ldi, yuzimizga kulgi, qalbimizga huzur, dasturxonimizga to‘kinlik qaytib keldi. Qamoq osmoni to‘rtburchak bo‘lib ko‘rinsa ham tinchlikka nima yetsin.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Video: https://youtu.be/B4qmjI4R54c

Rassom Tuz
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 noyabr 2020
 “Eltuz” O‘zbekistondagi eng mashhur erotik bloger, Asalxoniy taxallusi bilan tanilgan 30 yoshli Asal Xo‘jaeva bilan suhbatlashdi. Suhbatdosh intim blogerlik va jinsiy xizmat ...
15 yanvar 2018
Prezident Mirziyoev 10 yanvar kuni o‘zbek elchilari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida elchixona xodimlari ortidan poylab yuradigan «murda»larni qaytarib olishini aytdi. ...
27 oktyabr 2023
Azizlar mana xafta aylanib yana sizni yo‘qlab turibman. Xabar oldingmi bemordan, qarindosh, do‘st, musofirdan? Birovni yo‘qlasang dildan, ziyorat ham ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga diqqat qaratadi va eplaydi, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...