Asakalik tadbirkor bozorini sherigi tortib olganini aytmoqda
Asakalik tadbirkor Sirojiddin Najmiddinov tuman markazida tashkil qilgan «Tasanno Omad Lyuks» savdo majmuasini sherigi Anvar O‘rinboev tortib olinganidan shikoyat qilmoqda.
Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Namangan viloyati sudi joriy yilning 13 avgust kuni bundan avvalgi sudning Najmiddinovni «Tasanno Omad Lyuks» MChJ ta'sischilari safidan chiqarish haqidagi qarorini o‘z kuchida qoldirdi.
2019 yil 19 may kuni iqtisodiy ishlar bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi jamiyatning yana bir ta'sischisi Anvar O‘rinboev foydasiga qaror chiqargan. Uning ishtirokisiz o‘tkazilgan majlis bayonnomalari va shartnomalarini haqiqiy emas, deya topgan. Sirojiddin Najmiddinovni 167-modda (o‘zganing mulkini o‘zlashtirish) bo‘yicha ayblagan edi.
Najmiddinovning «Eltuz»ga bildirishicha, u savdo majmuasi tashkil etish maqsadida sherigi Alisher Tolipov bilan birga 2011 yilning avgust oyida «Tasanno Omad Lyuks» MChJni tashkil qilgan. Anvar O‘rinboev jamiyatga keyin kelib qo‘shilgan.
«Men jamiyatning nizom jamg‘armasini shakllantirish uchun jami 1.800.000 so‘mni o‘z yonimdan to‘ladim. 2011 yili nizom jamg‘armasi 10.000.000 so‘mga oshirildi. O‘rinboevning ulushi 45 foiz, meniki 55 foiz etib belgilandi. Ammo u tag‘in o‘z ulushini to‘lashdan bosh tortdi. Men o‘zim uchun 4.000.000 O‘rinboev uchun 3.000.000 so‘m to‘lashga majbur bo‘ldim», deydi Najmiddinov «Eltuz» muxbiriga.
«Tasanno Omad Lyuks» MChJning bir qancha xizmatchilari ham Anvar O‘rinboevning bozor majmuasi qurilishida mutlaqo ko‘rinmagani, mablag‘ ham qo‘shmaganini tasdiqlashadi.
«Anvar degani majlis yig‘ilishlariga kelgani ham yo‘q. Hech kim uni tanimaydi ham. Chunki u 20 yildan beri Toshkentda yashaydi», deydi shirkat omborchisi Boltaboy Dilmurodov.
Sirojiddin Najmiddinov o‘z «sherigi» Anvar O‘rinboevning sud, prokuratura idoralaridagi tanishlarini pesh qilib, shantaj yo‘li bilan jamiyatning 45 foiz ulushiga egalik qilgani, keyinchalik esa sudning uni egalik huquqidan mahrum qilish qarorini olishga erishganini iddao qiladi.
«Jamiyatni oyoqqa turg‘azishga, 500 o‘ringa mo‘ljallangan bozor majmuasi qurilishiga 7 yil umrim, harakatim, pul mablag‘larim ketdi. Endi qurib bitkazilganida hammasini yo‘qotdim. Endi men hech kimman», deydi tadbirkor «Eltuz» nashriga bergan intervyusida.
«Eltuz» nashri muxbiri hozircha Asakadagi «Tasanno Omad Lyuks» MChJga ega chiqayotgan Anvar O‘rinboev bilan bog‘lana olgani yo‘q. Demak, mavzu mulk mojarosidagi ikkinchi taraf uchun ochiq qoladi.
Eltuz.com