Asosiy mavzular
20 sentyabr 2019

Josuslikda ayblangan surxondaryolik oila adolat izlamoqda

2013 yilning 2 mayida Termizdagi qurilish firmasi rahbari bo‘lgan 60 yashar Abdug‘ani Erdonov o‘z mashinasida quruvchilariga ovqat olib ketmoqda edi. Yo‘lda uni DAN xodimi to‘xtatadi va undan sal narida turgan «Neksiya»ga o‘tirishini so‘raydi. U begona mashinaga o‘tirgach, boshiga zarba berishadi. Abdug‘ani hushidan ketadi. Shu kundan boshlab Abdug‘ani Erdonov hamma narsasini – erkinligini, oilasini, sog‘lig‘ini va qonunga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi.

«Otamni va oilamizning 12 a'zosini 2013 yili Tojikiston foydasiga josuslik va diversiyada ayblab sud qilishdi. Otamni kaltaklashdi, natijada u ko‘rish qobiliyatini yo‘qotdi. Qamoqning dastlabki kunlari uni allaqanday xususiy uyda saqlashdi. Bu IVS yoki SIZO emas edi. U yerga MXX xodimlari kelib, to jinoyatlarni o‘z bo‘yniga olmaguncha otamni qiynashar edi. Bu jinoyatlarni u yoki bizning oilamizdan biror kishi sodir etmagan. Bu avval boshidan uydirma ish edi. Buni Surxondaryo viloyati MXX rahbari bo‘lgan Nodir To‘raqulovning o‘zi o‘ylab topgan bo‘lsa kerak», deydi Rahmonali Erdonov «Eltuz» nashriga bergan intervyusida.

Erdonovlar oilasining 12 nafar a'zosi ustidan ochilgan jinoyat ishiga MXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i Nodir To‘raqulov rahbarlik qilgan edi.

To‘raqulov bu oilani butkul yakson etish uchun hamma ishni qildi va u qilgan shafqatsizliklar odamni hayratga soladi.

Abdug‘ani Erdonov qamalgach, uning xotini va qizi majburan Tojikistonga surgun qilinadi. Nabiralari esa onasidan mahrum qilinib, O‘zbekistonda qoladi.

Oradan besh yil o‘tib, Zumrad voyaga yetmagan uch farzandi bilan qo‘shilishga muvaffaq bo‘lganini aytmoqda.

«2014 yili ichki ishlardagi Asom degan bola keldi. Majburladi. Chiqasan dedi, so‘kdi, har xil gaplar gapirdi. Yosh bolalarim bor, qaerga chiqaman, dedim. Mana shunday hujjat tayyorlab, majbur qildi qo‘l qo‘yishga. Kichik o‘g‘lim bir yoshga to‘lgan kuni chiqib ketdim», deydi Zumrad Erdonova.

Erdonovlar O‘zbekistondagi harbiy qismlarning manzillarini to‘plaganlikda ayblanishgan.

Jumladan, 2014 yilning aprelida internetda Erdonovlar ishi haqidagi “Tojikiston: och bo‘lsak-da, 30 kumush tangaga xoinlar yollaymiz” sarlavhali rus tilidagi maqola paydo bo‘ladi.

Maqolada O‘zbekiston hududida terrorchilik harakatlari tayyorlagan tojik diversantlarining keng tarmog‘i fosh etilgani iddao qilingan edi.

Tergov mashinasi Tojikiston foydasiga harakat qilgan josuslar rolini o‘ynashga mahkum oila a'zolarining taqdirini vayron qilishda davom etadi.

«Oilamizning 12 nafari, jumladan, akalarim va jiyanlarim Abdug‘ani, Ravshan, Erkin, Begali, Mo‘min Tojikiston foydasiga josuslikda ayblanib, uzoq yilga qamoq jazosiga xukm qilindi. 2013 yili 11 yilga qamalgan qarindoshimiz Xadicha Xo‘jamurodova ayni paytda ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tamoqda. U hibsga olingandan so‘ng uch farzandi Tojikistonga deport qilingan edi. Dilfuza Qurbonova va Gulchehra Qurbonova esa ayollar qamoqxonasida bir yil o‘tib olamdan o‘tishgan», deydi Rahmonali Erdonov.

Joriy yilning iyulida Erdonov Jasliq qamoqxonasidan Sheraboddagi manzil koloniyasiga ko‘chirildi.

Besh yil Jasliqda bo‘lgan Erdonov sog‘lig‘ini yo‘qotdi. Jinoyat ishidagi yovuzlarcha qilingan qonunsizliklarga qaramay, yopiq harbiy sud hukmi bilan u yana 10 yil manzil koloniyasida qoladigan bo‘ldi.

Bir vaqtlar Surxondaryoning qudratli shaxslaridan bo‘lgan MXX polkovnigi Nodir To‘raqulovning o‘zi hozir hibsda saqlanmoqda. Biroq u uydirgan jinoyat ishi hamon o‘z kuchida qolmoqda va u panjara ortiga tashlagan odamlar esa qamoqda muddat o‘tashmoqda.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 avgust 2018
Shvetsiyaning Telia transmilliy kommunikatsiya kompaniyasi sobiq boshqaruvchilari 4 sentyabr kuni O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnoraga pora berishgani ...
3 iyul 2020
Yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilishmi? O‘zbekiston paxta sektorini xususiylashtirish jarayonidagi xatarlar Power Briefs turkumining O‘zbekistondagi paxta sektorini xususiylashtirish jarayonida asosiy ...
6 dekabr 2021
Germaniyadagi O‘zbekiston inson huquqlari forumi rahbari Umida Niyozova 4-5 dekabr kunlari O‘zbekistonda fermerlar bilan uchrashdi. «Eltuz» ilgari xabar qilganidek, ...
13 yanvar 2017
13 yanvar kuni Andijon viloyat xo‘jalik sudi Soliq boshqarmasining andijonlik tadbirkor ustidan da'vosini qondirib, uning mulkini musodara qilish va ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...