Video
28 noyabr 2019

«Begona» 2-qism. Muhammad Solih hayoti haqidagi film

Turkiyada yashayotgan taniqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi.

Muhammad Solih hayoti haqidagi sizga taqdim etilayotgan film o‘zbek yozuvchisi va dramaturgi, muxlislariga «O‘zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan «Oq bino oqshomlari» filmi va «Kunlar» romani bilan tantilgan Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurilla Otaxonov) loyihasi asosida tayyorlandi.

«Eltuz» nashri ko‘p qismdan iborat suhbatning 2-kismini e'tiboringizga havola qiladi.

G‘ARIB DARAXT

Odamlar kabi men dunyoni kezib,
yoza olmadim-ku sheriy turkumlar,
chunki ota yurtdan chiqqanim sezib,
tark etarlar meni hijo, ruknlar.
Chunki kelishi-chun ko‘zlarimga yosh,
paydo bo‘lishi-chun ilhom yurakda,
menga juda zarur achchiq bir quyosh,
keskin kontinental iqlim kerakdir.
Shunday ekan, dengiz qirg‘oqlaridan,
yashil o‘rmonlardan menga so‘z ochma,
men yolgiz Turkiston tuproqlarida
o‘sa oladigan g‘arib og‘ochman…

1994 y.

N.M: Endi mana askarlikdan keyin, demak, boshqa bir bosqichga o‘tilgan. Siz hozir sanagan chet el yozuvchilari deyapsiz, hammasi nasr, ya'ni prozaik. Shu ma'noda, balki siz nasrga ham qiziqqandirsiz yoki nasr yozdingizmi?

M.S: Haqiqatdan ham men she'rdan ko‘proq nasr o‘qidim. Butunlay va nasrda men o‘quvchi sifatida ko‘proq professional edim shoirlikka qaraganda, she'rga qaraganda. Lekin she'r mening uchun bir ekspressa edi, she'r oniy bir holatni ifodalash uchun eng yaxshi format edi. Qisqa va uriladigan bir zarba bu she'r edi. Ammo romanga mening unaqa irodam yo‘q edi. Lekin romanni men yaxshi tasavvur qilaman, romanni yaxshi tahrir qila olardim. Nasr o‘sha paytda, xususan, 70-yillarda o‘sha birinchi menga qattiq ta'sir qilgan proza nasr Frans Kafka bo‘lgan. Yozuvchi Frans Kafkani o‘qib, men haqiqatdan chin ma'noda ichimda bir zilzila yashaganman, ya'ni tush va o‘ng orasidagi bir hayot. Bu tushmi yoki o‘ngda yuz berayotgan real voqealarmi, ikkisi aralash. Bilib bo‘lmaydi va qo‘rqinchli, ayni paytda jozibali, ayni paytda yetishib bo‘lmaydigan bir ruhiy holat, anglatish mumkin bo‘lmagan bir ruhiy holat. Kafkaning butun hikoyalari, butun romanlari mana shu g‘aroyib bir psixologik platformada aytilgan va bu meni hayratga solgan. 71-yil o‘qiganman. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakulteti 2-kursida edi, esimda bor. 71-yil 2-kursga o‘tgan yilim va o‘shanda Kafkani o‘sha kutubxonada ilk kashf qildim. Esimda bor, o‘sha qora jildli, ustida qizil rangda Frans Kafka deb yozilgan ruscha kitob edi. U kunga qadar men hikoyalar yozib yurganman o‘zimcha, she'r ham yozganman, hikoyalar ham yozib yurardim. Keyin Kafkani o‘qib va novellalarining kichkina pritchalarini, o‘sha simvolik kichkina muxtasar hikoyachalarini tarjima qildim o‘sha paytda. Keyin «Evrilish» qissasini ham o‘sha paytda tarjima qilganman. Talaba paytimda tarjima qilganman. Bu narsa katta bir o‘zgarish yasadi zehniyatimda. Ya'ni adabiy zehniyatimda va boshqacha ifoda qila boshladim, she'rdayam boshqacha, ya'ni klassik ifodalar meni qanoatlantirmas edi. O‘sha 72-73-yillarda mening uslubimda keskin burilish yasaldi. Buni ba'zilar G‘arbga taqlid dedi. U yerda G‘arbga taqlid yo‘q, tashbeh o‘xshashliklari, ohang o‘xshashliklari bo‘lishi mumkin yoki format o‘xshashliklari bo‘lishi mumkin, ammo G‘arb yo‘q. Hozir, mana, bugun aytayaptiki, Muhammad Solihning she'rlari juda sodda, xalqchil hatto deyapti ba'zilar. Haqiqatdan ham qarasangiz, mening juda ko‘p kinoyalarim xalq iboralariga qo‘yilgan. Yorug‘ bo‘ldi oyning o‘n beshi, Qolgan o‘n beshi ham yorug‘ bo‘ldi-ku degan, masalan, hammasi shunga o‘xshagan. Bu bir kinoya she'rlar, ammo boshqa bir nuqtai na'zardan. Nuqtai na'zarning o‘zgarishi, ya'ni kinochilar aytsa yoki fotografchilar aytadigan bo‘lsa, rakurslarning o‘zgarishi bo‘lgan.

Bugungacha iddao qilib aytaman: o‘zbek adabiyotshunosligi adabiyotimizga loyiq bir shaklda yoki saviyada ishlayotgani yo‘q, ishlagani ham yo‘q. Jadidlarning adabiyotini ura-ura qilib bosdik. Tabiiy, u yerdagi aytilgan g‘oyalar haqida yuzaki bo‘lsayam tahlillar bo‘ldi, lekin ularning ham ijodiga teran bir shaklda, ular haq qilgani shaklda haligacha bizning adabiyotshunosligimiz va biz, ya'ni bugun o‘zini shoir deb atayotgan mutafakkir insonlar haliyam u teranlikka inganimiz yo‘q.

N.M: Men ham bu haqida ko‘p o‘ylayman. Adabiyotshunosligimizni yerga urmagan holda, lekin baribir adabiyotdan orqada, tushuntirishlari juda sodda deb o‘ylayman, jo‘n. Shoir bunday demoqchi, bu satrda bunday demoqchi, deb yo buni yoniga tushib olib turib, buni tahlil qilish bu boshqa narsa. Buni tushuntirishga harakat qilish, o‘zi ham xato yo‘lga kirgan bo‘ladi va o‘quvchilarni ham, demak nima demoqchi ekan, deydi. Bu narsa hatto o‘zingizning oxirgi she'rlaringizga munosabatda ko‘rindi. Taniqli bir adabiyotshunos, mashhur adabiyotshunos va nozik joylarigacha adabiyotni tushunishni da'vo qiladigan va tushunadigan, inson ustozimiz Ibrohim G‘ofurov, “She'ringizni tushuntirib bering!” degan sarlavhada juda bir shov-shuv bo‘lgan maqola yozgandi.

M.S: Ammo u menga yordam berdi, u menga reklama rolini o‘ynadi va uning maqolasidan keyin men ko‘plar uchun yaxshi ma'noda emas, yomon ma'noda bo‘lsayam, meni ancha reklama qildi, xalqqa tanitdi.

N.M: Ya'ni o‘sha she'rni tushuntirish degani o‘zi, menimcha, kerak emas narsa.

M.S: Bu endi 80-yillarning boshi edi, ammo 70-yillarning oqovasini ular targ‘ib qila boshlagandi. Ya'ni bizning chiqqan kitoblar. 77-yil birinchi kitobim chiqdi, “5-chi fasl” degan kitob. Ibrohim G‘ofurov o‘sha she'r ixlosmandlari orasida, adabiyotchilar orasida eng zukkosi Ibrohim G‘ofurov edi. Ibrohim G‘ofurov “She'ringizni tushuntirib bering!” der ekan, naqadar samimiy edi. Bu ham bahstalab mavzu. Balki u maxsus buni yozdi-ki, insonlar diqqatini tortish uchun. Ya'ni men husnizonim, ya'ni Ibrohim aka haqida o‘ylasam, shunday deb aytaman. Ikkinchi bir ehtimol, unga buyurilgan bu narsa, “Muhammad Solihni she'rlari juda g‘amgin. Nega bu odam Gamlet kabi iztirob chekayapti? Bizning zamonamizdan xursand emasmi bu? Nega bunday bu g‘amgin? Buni tartibga chaqirib, bir qulog‘ini cho‘zib qo‘y!” deb unga topshiriq bo‘ldi, degan shubhayam menda bo‘lgan.

Chunki keyingi chiqqan «Olis tabassum soyasi» degan kitob ko‘ziga tushgan bo‘lsa kerak, 86-yil chiqqan kitob, 84-yil u bosmaxonaga berildi, ammo chiqmay turdi. Chunki esingizda bo‘lsa, Ra'no Abdullaeva paytida bizni taqiqlab qo‘yishdi, qora ro‘yxatga kirdik. Chunki o‘sha paytda bu kitob to‘xtab turdi va 86-yil chiqdi. Bu kitob taqriz uchun yana o‘sha “She'ringizni tushuntirib bering!” maqolasining muallifiga, ya'ni Ibrohim G‘ofurovga berilgan, ichki taqriz bu. Bilasiz, nashryotda ichki taqriz bo‘ladi, bu degani KGBning nazorati ostida yoziladigan narsa va ularga bir nusxasi beriladi buning. O‘sha taqrizda Ibrohim G‘ofurov 57 ta she'rga “Bu she'ringizning mazmunini tushuntirib bering!” ayni menikiga yozilgani kabi yozilgan. Va 57 ta she'rga har bittasiga men izoh yozganman. “Bu she'rimda bunday demoqchi edim, u she'rimda bunday demoqchi edim”. Bu o‘sha «Olis tabassum soyasi»da. Lekin kitobning mana hozir ochib qarang o‘shani. Agar sovet nuqtai-nazaridan qaraydigan bo‘lsak va she'rning tashbehini va o‘sha metafora sistemasini injalab, undan chiqadigan she'riy xulosalarni qiladigan bo‘lsak, hammasi antisovet she'rlar. Eng qizig‘i, butun antisovet she'rlar sovet paytida bosildi, keyin bosilgani yo‘q, hozir ham bu she'rlarni bossa, bugungi Mirziyoev rejimi bosmaydi. Shuning uchun ham Mahmud Rajab va o‘sha qizimiz Nafosat Olloshukurovani bular olib borib, olib kelishayapdi. Shuning uchun ham kitobimiz bugun O‘zbekistonga kirmayapti, kirishi mumkin emas. Chunki u potentsial, she'rdagi u zaryad doim yashaydi. Qaerda zulm bo‘lsa, u she'r o‘zining vazifasini bajaraveradi. Bu she'rlarda shu zaryad bor. Kechirasiz, bu maqtanchoqlik bo‘lib ketayapti. Men buni ochiq va yalang‘och shaklda aytayapman. O‘shaning uchun bunaqa ko‘rinishi mumkin. Men shunday deb o‘ylayman.

N.M: Yo‘q, bu tabiiy. Chunki yozuvchi ham, shoir ham, agar u haqiqiy chinakam iste'dodli bo‘lsa, ataylab mana shu kelajakni ham, keyingi avlodlarni ham mos keladigan, deb yozmaydi. To‘g‘ridagini yozadi va u tarix takrorlansa, o‘sha zamonga ham to‘g‘ri keladi. Javob beraveradi.

M.S: Ya'ni she'rlarning yashashi, umri uning ichidagi samimiy zaryadiga bog‘liq, ya'ni potentsialiga bog‘liq, samimiyatga bog‘liq. Samimiy yozgan bo‘lsangiz, u ishlaydi, doim ishlaydi.

N.M: Shu ma'noda, masalan, o‘zi she'rdan qo‘rqish, adabiyotdan qo‘rqish bu foydasiz, samarasiz narsa, deb o‘ylayman men. Chunki adabiyot, agar teran adabiyot bo‘ladigan bo‘lsa, bu faqat foydaga ishlaydi. Qancha teran bo‘lsa, shuncha xalqimizni saviyasini ko‘tarishga xizmat qiladi bunday adabiyot. Mana, adabiyot haqida gaplashayapmiz, chunki birlamchi Sizni bu dunyoga kelishdan, Sizdan ko‘zlangan, Sizdan kutilgan narsani men birlamchi adabiyot, deb bilaman. Eng katta xizmatingiz ham shunda, deb bilaman va keyin, mana, hozir so‘zlaringizda bir nechta marta “antisovet, mustamlakachilikka qarshi” degan iboralar o‘tdi. Mana shu antisovet bo‘lishi uchun, mustamlakachilikka qarshi bo‘lishi uchun, biz aslida mustamlaka holatida ekanligimizni anglashdan boshlanadi bu. Agar biz kimligimizni va hozir qanday holga tushganimizni anglamagan insonda bu tuyg‘u bo‘lmaydi. Shu qachondan paydo bo‘lgan sizda, masalan, xolbuki Siz ham maktabda o‘qigansiz, menimcha oktyabrchi bo‘lgansiz, komsomol ham bo‘lgandursiz, pioner ham bo‘lgandursiz. Kommunist bo‘lmagan bo‘lsangiz ham, ammo Sovetni o‘sha bolalik bosqichlaridan o‘tilgan bu narsa.

M.S: Men juda yaxshi ko‘rganman pioner bo‘lishni, ammo komsomol bo‘lishni emas. Chunki komsomol bo‘ladigan paytda men boshim buzila boshlagan, ammo pioner bo‘lishni juda yaxshi ko‘rganman. Chunki galstukni juda sevardim, galstuk shunaqa shiqir-shiqir qilib bog‘lanardi, chiroyli bo‘lib, qizil bo‘lib yonib tursa, bog‘lashni ham qoidasi bor edi, uni taqardim va judayam sovet pioneri edim men judayam sovetlashgan. O‘sha 12, 13 yoshlarimda Otamurod degan do‘stimiz bilan u mendan 3 yosh katta edi, u 15 yoshlarda, men 12 yoshlarda edim, biz pesa qo‘yar edik, boy va batrak degan pesa. “Sen Beksan”, – der edi, “Bek”, – deyish menga haqorat edi. “Meni Bek dema!” – deb urushardim bolalar bilan. Ya'ni shu qadar Sovetni nima qilardik, chunki bek demak mushtumzo‘r demak, zolim demak, butun haqsizlikni eng makoni bek bo‘ladi, shuning uchun meni bek desa darrov urushardim bolalar bilan. Keyin bu pesada ham men batrakni o‘ynar edim, u boyni o‘ynar edi. Qattiq sovetlashgan va Sovetning mafkurasi yuragimgacha singan bir bola edim armiyaga ketayotganda va mening uchun eng sevimli shoir Lermontov edi. Navoiyni o‘rgana olganim yo‘q, ammo Lermontov tarjimalarini men yoddan bilar edim juda ko‘p. Xususan, Hamid Olimjonning tarjimalari, boshqalar mana bu yaxshi tarjima qilingan o‘sha rus shoirlarining tarjimalari yaxshi edi o‘sha biz o‘qigan paytda. Bir sovet o‘smiri sifatida men armiyaga ketdim. 18 yoshda armiyaga chaqirildim va biz avval Chorjovdan bir karantin o‘tib, keyin Chop shahriga bordik Ukrainaga va u yerdan Vengriyaga bizni tashladilar. Armiya hayotim Vengriyada boshlandi va 4 oydan keyin biz Chexoslavakiyaga kirdik. 68-yil 21-avgust kuni men o‘sha 18 yarim yosh va yosh yigitcha o‘laroq boshimga temir qalpoq kiyib, qo‘limga “Kalashnikov” olib, belimda granatalar bilan Chexoslavakiyani biz ishg‘ol qildik. Men o‘sha yerda ilk marta bir millat nim,a ozodlik nima va ozodlik uchun kurash nima ana o‘sha yerda ko‘rdim. Slovaklarning o‘z ozodliklari uchun qo‘lida qurolsiz kurashini ko‘rib, men hayratga tushganman. Bizni qo‘limizda “Kalashnikov” bor, ba'zilarni o‘ldirayapmiz, ammo ular tikka hech qanaqa qurolsiz kelib, bizga varaqalarini tarqatib ketaverardi, qo‘rqmas edi o‘lishdan. Ilk marta men xalq qurolsiz ham ozod bo‘lishi mumkin, agar unda shunday ozodlikka iroda bo‘lsa.

N.M: O‘sha paytda Praga Bahori nomi bilan u Sovetga qarshi katta harakat boshlangan edida.

M.S: Ha. 68-yilda sovet qo‘shinlari Chexoslavakiyani ishg‘ol qildi, chunki ularda o‘sha sotsializmni taftish qilish siyosati boshlandi. Sotsializmga qarshi qarashlar o‘sha paytdagi ularning raxbarlari Dubchik Slovakiyada va Svaboda Chexiyada ikkita lider butunlay sotsialistik lagerdan chiqib ketish uchun harakat boshladi u yerda. Ana undan qo‘rqqan Kreml, o‘sha paytdagi Brejnev darrov qo‘shin kiritdi va bu qo‘shinlarning avangardida bizning razved batalon, bizning diviziya Vengriyadan kirdi. Bu tarafdan sovetlardan Odessa polki kirdi, ya'ni ikkita uchta diviziya kirdi va biz Chexoslavakiyani ishg‘ol qildik. O‘sha ishg‘ol qilgan armiyaning bir nafari edim.
Ilk marta shu armiyada 18, 19 yoshimda rus shovinizmi bilan yuzma-yuz keldim. Rus shovinizmini ko‘rdim va rus millati bor ekanligini tanidim, sovet millati emas, rus millati bor ekanligini tanidim va o‘zbek millati bor ekanini o‘sha armiyada tanidim. Men o‘zbekligimni bilardim, tabiiy. Ammo bir millat men rus emasman, men sovet ham emasman, mening millatim o‘zbek degan ilk tuyg‘ular o‘sha armiyada keldi. U yerdagi rus askarlarining rus bo‘lmagan askarlarga qilgan zulmini ko‘z oldimda ko‘rdim va bu menga buyuk bir saboq bo‘ldi. Ya'ni rus shovinizmi mening milliy shuurimni ochgan muallimim desa bo‘ladi. Rus shovinizmi bo‘lmasa edi, men o‘zbek milliyatchisi bo‘lmas edim. Men u yerga sovet o‘smiri bo‘lib armiyaga ketdim, u yerdan o‘zbek milliyatchisi bo‘lib qaytdim. Uyga kelganimda men g‘irt milliyatchi edim. Hatto irqchi edim, ya'ni ruslarga bo‘lgan nafrat shunday shakllandi-ki, 2 yil ichida endi bunga butunlay qarshi kurashish kerak, har qanday yo‘l bilan, degan fikr. O‘sha 20 yoshimda men shakllangan bir milliyatchi bo‘ldim.
N.M: Bevosita siz bir sovet nimani biz ideal deb yurgan tuzumni mustamlakachi ekanligini ko‘rgansiz. Ya'ni Chexiyadagi munosabat tinch aholini qirish, boshqa qilish, demak, dunyoqarashni o‘zgarishiga sabab bo‘lgan, shu qiziq. Chunki o‘sha milliyatchilik ruhi va mustamlakachilikka qarshi tuyg‘ular keyingi she'rlaringizda hammasida ham balqib ko‘rinadi. Balki sezilmas, balki zimdan tagiga ham olingan gaplar bilan uni tushungan tushunadi va bu siz boya aytgan o‘sha sovet paytida chiqqan antisovet Turkiston g‘oyasi, turkchilik, milliyatchilik g‘oyalari ham sovet paytida chiqqan she'rlar, bu o‘sha tagiga yashiringanligi uchun ham sezmay qolgandir ,ko‘rmay qolgandir bo‘lmasa bitta…..
M.S: Ko‘rgan bo‘lsa ham, indamagan. Men shunday deb o‘ylayman. Chunki mening uslubim juda ochiq edi, lekin metofaraning o‘zining qonun-qoidalari bor. Metofara doim gizli, ayni zamonda ochiq. Bu ikkisini his qiladigan odam she'rni tushunadi. Masalan, bitta kapalakni mutlaqo boshqa bir, Siz o‘zingizning hissingizga o‘xshatsangiz uni tushunish uchun ozgina she'riy did kerak va ozgina she'riy tarbiya ham kerak. O‘sha she'riy tarbiyali insonlar ko‘pchiligi hali siz aytgan majozlarni, siz aytgan metofarik sistemaning qaerga olib borayotganini ko‘rgan bo‘lishi mumkin, ammo indamagandir.
N.M: Sizdagi o‘sha askarlikkacha bo‘lgan davringiz bilan askarlikdan keyingi o‘zgarish, balki, haligi maktab paytida boy bilan batrak rolini o‘ynaganda batrak rolini tanlaganingiz va batrak bo‘lishni sharaf deb bilish va boy bo‘lishni uyat deb bilganligingiz keyinchalik o‘zgarganingizni ko‘rsatadigan bir narsa. Sizni bir she'ringiz bor edi mashhur: Yo‘qolsin boylar, yashasin yo‘qsillar dedik, yo‘qsillar yashayapdi. Endi mana butunlay bu, bu kinoya bilan o‘sha davringizga munosabat ham deb bilsa bo‘ladi va o‘zgarganingizni yaqqol ko‘rsatadigan bir timsol. Ya'ni boyning yo‘q bo‘lishi, boyga munosabatni ham o‘zgarishi, umumiy yo‘qsilga olib kelib qo‘yish, fikriy yo‘qsil ham hatto, faqat bu …
M.S: Yo‘qsillikni olqishlagan bitta davlat biz edik.
N.M: Shunday. Moddiy yo‘qsillik ham mayli desak, lekin fikriy yo‘qsillikka ham olib keldi bu narsa va uni hali asoratidan qutula olmayapmiz. Shularga bo‘lgan qalbdagi isyonlar she'rlarda ko‘rindi. Shu she'rlardan bir ikkita o‘qib bersangiz yaxshi bo‘lardi, o‘sha zamonda yozilgan.
M.S: Ho‘p. She'rning nomi “Mendan uzur so‘rar yozganim”
Gadoga tiz bukkanday Doro,
Mendan uzur so‘rar yozganim.
Uni ichimdagi fuqaro,
Tongda olib ketar osgani.
Birpasdan so‘ng sachraydi ko‘kka,
Hali xech kim ko‘rmagan bo‘yoq.
Men kechmagan fuqaro to‘kkan,
Bir qoshiq qon bir qoshiq siyoh.

Bunda esa qaltirar aqlim,
Xatolarni shoshilinch artib.
Tashqarida tong va yot iqlim,
Va begona kunlar tartibi.

N.M: Bu qachon yozilgan?
M.S: Bu 77-yil yozilgan.
N.M: Qaysi to‘plamda chiqqan edi?
M.S: Bu, menimcha, shu 80-yil chiqqan «Oq ko‘ylaklar» degan to‘plamda bosildi. Men yana bitta she'rni o‘qib beray. Shu ruhdagi, bu 78-yil yozilgan. «Hali paydo bo‘lmadi janub». Bu o‘sha 80-yillada uyg‘onish deb aytgan davrimizning she'ri deb bilaman o‘zimcha, o‘shaning debochasi deyish mumkin.

Hali paydo bo‘lmadi janub,
Hali uxlab yotar kunchiqar.
Mening tongim otdi o‘rtanib,
Yarim tunda otib junjiqar.

Uyg‘ondingmi iloj yo‘q hayxot,
Birdan ko‘zlar uyqudan tonsa.
Endi qo‘llaringni sen uyg‘ot,
Qulog‘ingni uyg‘ot, – sen tongsan.

G‘aladonga yashir xatongni,
Qo‘ygin umum gunohga qo‘shib.
Va ayt neni kuylasin tongning,
Ko‘ksidagi yop-yolg‘iz qushi.

Bu ham bemahal uyg‘ongan xo‘roz, ya'ni o‘sha paytda bir individning milliy ruhining uyg‘onishi deb bilaman qo‘pol qilib aytganda ya'ni. Tong yarim kechada otdi, umum tong otgani yo‘q, ammo sen o‘zing tongsan.
Yoki, masalan, keyin ERK partiyaning ismi bo‘ldi, ammo ilk erk haqida yozilgan narsalar. 74-yilda yozilgan bitta she'r. “Erk” so‘zi butun yoshlik paytidan bizning she'rlarni hammasidan kechadi. Hammasi fojeali bir obrazda kechadi, ammo bu yerda bir kinoyaviy she'r. Va bu yerda aytiladi-ki, ozodlik shunday bo‘lishi kerak, ozodlik birovni tuzatish emas.
Unga ham xato qilishga bir imkon ber, u ham xato qilsa, darrov tuzatib, kommunistik stroyga kiritib hammasini bir xil haligi sherenga qilib, tuzib yashashga qarshi bo‘lgan bir she'r deb bilaman buni.

Farosatli davra

Tong otdi lekin gullar uyg‘otmadi
uyquchi toshni,
(o‘zlari uyg‘ondi ammo toshni uyg‘otmadi, uchlasin dedi ya'ni biz kabi ular sezgir ema,s ular tosh uxlasin mayli dedi)
Ular shivirlashdi yeldan ham sekin,
Bir-biriga sassiz silkitdi boshin.
Maysaning uchiga chiqib chumoli,
Qo‘lini ko‘ziga qilib soyabon
Uzoq kuzatdi bog‘ning shimolin,
Kimningdir yo‘liga tikildi nolon
Erk deb yurganlari ehtimol shudir,
Jilmaya bilganlar darrov jilmaydi.
Farosatli davra bu yerda shudring
Bebaxt yulduzligin abad bilmaydi.

Zamonaviy til bilan aytsa liberal bir sharoit…
N.M: Hozir gapingizni bo‘ldim, o‘zimni majburlab to‘xtatsam ham shu tushuntirib bering, degim kelib ketayapti.
M.S: Avval isyonkor bo‘lib, keyin sekin-sekin undan qaytgani va o‘zining e'tiqodidan qaytgan bir shoirning kichkina, muxtasar biografiyasi haqida she'r bu. “Zinapoya” deyiladi.
Zinapoya

Chaqmoqday yalt etdi yangi bir fikr,
Shiddat tikon gulday barq urdi.
O‘rnidan turdi yorishdi nimqorong‘u tafakkur,
To‘qnashuv deb yozdi qog‘ozga.
O‘ylash mumkin emas edi, afsus o‘ylandi.
Ustidan chizildi to‘qnashuv,
Yoniga yozildi yuzma-yuz.
O‘ylash o‘lim bilan baravar edi.
Lekin u qo‘rkmadi, yuzma-yuzning ham
Uchrashuv, deb qo‘ydi yoniga.
Endi o‘ylash o‘lim, degan gap emas,
Endi u mutlaqo xotirjam.
Bir-bir bosib, xiromon yurib,
Uchrashuv visolning yoniga keldi.

Ya'ni avvalgi to‘qnashuv, visolga aylandi.
N.M: Bir maqolangizda ko‘zim tushgan edi, men biron marta Lenin haqida yozmadim degansiz. Agar xotiram pand bermasa aynan shu lafz bilan aytilgan edi. Sovet paytida ham shunday bo‘lishi mumkinmidi, shunday deyish ham mumkinmidi? Masalan, Lenin haqida yozmaslik mumkinmidi?
M.S: Mumkin edi. “Nega shunday mumkin bo‘la turib, insonlar Lenin haqida yozishga majbur bo‘ladi?” deb doim hayratga tushar edim va buni biz eng yaqin do‘stlar bilan, Cho‘lpon Ergash bilan, Rauf Parfi bilan va Miraziz A'zam akamiz bilan, hayotdalar bugun, bularni doim gaplashganmiz. Ya'ni “Imkoni bo‘la turib, nega insonlar shu Lenin haqida yozishga majbur? Birov, KGB hech qachon kelib turib: “Lenin haqida yoz! Bo‘lmasa o‘lasan!” demagan. Insonlar unga yaxshi ko‘rinish uchun doim, ya'ni qichiydigan joyini bir yil oldin qashib qo‘yish falsafasi sohibi insonlar darrov buni yozib chiqargan doim. Masalan, men yozganim yo‘q va hech narsa bo‘lgani yo‘q, meni o‘ldirishmadi ham. Doim menga bunday g‘ilay qaragan KGB si ham, boshqasi ham. Ammo meni majbur qilgani yo‘q, “Nega yozmading?!” – deb.

Tabiiy, ular imo-ishora bilan doim gapirgan menga, yaxshiroq, buni boshqacharoq qiling, deb. Ammo bu narsani aytgan sari men yanayam o‘jarligim kuchaygan. Hatto eng yaxshi shoirlarimiz ham ba'zi paytlarda o‘sha ba'zi she'rlarida beixtiyor Lenin deb yuborgan. Men o‘zimni omadli hisoblayman. Mana shu kasallikdan meni asradi va hayotimda hech bir zamon na kommunizm kalimasini qo‘lladim, na Lenin, na boshqa sovet mafkurasining o‘sha yorliqlarini hech qachon she'rimga kiritmadim. Maqolalarda qo‘lladim faqat tanqid uchun. Lenin ismini ham, boshqasini ham ularni tanqid uchun qo‘lladim, lekin she'rimda hazil she'rlarimda ham yo‘q bu narsa.

N.M: Meni qiziqtirayotgan narsa masalan o‘zbek adabiyotidan o‘zingizga bir ustoz deb bilganingiz bormi yoki bir ustoz deb bilasizmi kimnidir? Ya'ni shoir bo‘lmasligi mumkin, bir fikriy tomondan boshqa tomondan, qaysi tomondan bo‘lsayam, shu o‘zbek adabiyotidan?


M.S: Bir shaxsni ayta olmayman, ammo zehniyat o‘laroq jadidlar menga yaqin ruhan. Bir shaxs sifatida Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat ham Munavvar qori. Ammo ustoz o‘laroq men ularning asarlaridan ko‘ra zehniyatini menga ta'sir qilgan, deb hisoblayman.
Ularning dunyoqarashini tayanch yonimda haligidaqa meni qo‘llab turgan ularning zehniyati, ijodlari emas. Men ijodlariga tanqidiy qarashim mumkin professional o‘laroq. Ular o‘zining professional o‘laroq … Lekin, masalan, aynan Cho‘lponga taqlid qilaman yoki unga taqlid yoki ta'sir menda bo‘lmagan, to‘g‘risi. Cho‘lponni she'rlarini juda sevganman, ammo menga ta'sir qilgan faktorlar o‘tgan asrning o‘zbek adabiyotida yo‘q. Tashqaridan ham o‘sha: menga yoqqan shaxslar yo‘q. Masalan, prozaik sifatida yoki nosir sifatida Kafkani yaxshi ko‘raman, ammo Kafka menga ustoz emas, ustozlik qilmagan hech qachon, lekin ta'sirlanaman.
Ularning ba'zi joylari meni o‘zimga ichimda o‘xshagani uchun ularni olaman, ya'ni o‘zimda bor bo‘lgan narsalar ularda ham ko‘rsam, men ular bilan o‘zimni yaqin his qildim va ularni ustoz his qildim. Ulardan lekin olganim yo‘q, o‘zi aslida faqat men emas, hammada ham shunday bo‘ladi, o‘zida bor narsalarni ular uyg‘otadi xolos. Ular – indikator, ular turtki, ya'ni ular – impuls, ya'ni sizdagi bor narsani ular uyg‘otadi, xolos. Sizda yo‘q narsani uyg‘ota olmaydi.
N.M: Mana ziyolilar, jadidlar haqida gapirdik. Bu – muhim masala, bizning tariximiz uchun ham, adabiyotimiz uchun ham. Juda katta va eng muhim bosqichlardan biri mana shu oradan 40 yillar o‘tib, o‘zbek adabiyotida mana siz tengqur bo‘lgan 50-yillar avlodi deymiz, bir avlod shakllandi. Bu avlod yuzaga keldi, shaxsini bo‘lmasa ham, g‘oyaviy tomondan ularga yaqin bo‘lgan qatlam paydo bo‘ldi. Bu biz uchun, adabiyotimiz uchun ham juda katta bir ko‘tarilish bo‘ldi, yuksalish bo‘ldi, deb o‘ylayman va bu qatlamni fikrlari hech qancha vaqt o‘tmasdan meva bera boshladi. Mana, 80-yillarga kelganidan keyin ijtimoiy hayot qaynadi. Ayniqsa, qayta qurish va oshkoralik siyosatini e'lon qilganidan keyin birdaniga shu qatlam markazga chiqib qoldi. Shu ma'noda, demak, o‘sha jadidlarni ruhi, ularning g‘oyasi, ularning dardi shu keyingi 50-yillarda tug‘ilganlarni qalbida yana boshqatdan kurtak otdi, deb o‘ylayman. Va sizlar mana endi shu keyingi davrni, shu qayta qurish davrini bir siyosiy jihatdan ham, ijtimoiy jihatdan ham bir peshvosiga aylandilaring. Bu avlodni ham imtihon sinab berdi, deb o‘ylayman. U mashhur o‘sha xat, hali qayta qurishdan oldin bo‘ldi u, 84-yilda qayta qurishni balki ertaroq boshlab berdi.
M.S: Yo‘q, qayta qurish haqida gap ham yo‘q edi.
N.M: Gap ham yo‘q edi*da, shuni ertaroq boshlagan katta bir akt voqea bo‘ldi o‘sha. Bu burilish nuqtasi, deb o‘ylayman men. Bizni zehniyatlarimizdagi yangi bir tomonga burilish nuqtasi.
M.S: Ya'ni milliy harakat 84-yilda boshlangan.
N.M: O‘sha xat nega tug‘ildi, u davrga ozgina baho bersangiz, xat tashabbuskorlari kim edi va bunday keyingi oqibatlari haqida qisqacha gapirib bersangiz.
M.S: 84-yilga kelib, umuman butun Sovet ittifoqida qandaydir bir hurriyat havosi esa boshladi, zimdan ammo qat'iy bir ko‘rinadigan shaklda esa boshladi. Bu birinchi navbatda adabiyotda, boshqa qo‘shiqlarda umum madaniy tadbirlarda ko‘rina boshladi.
80-yil boshidan boshlab va esingizda bo‘lsa, o‘sha paytda Reygan prezident edi. Reygan qayta qurish faqat Sovet Ittifoqida emas, Amerikada ham qayta qurish bor edi. Sharqiy Ovro‘pa o‘lkalarida ham qayta qurish ruhi boshlangan edi. Gorbachyov butun bir jarayonning bir natijasi o‘laroq o‘rtaga chiqdi aslida. Ya'ni o‘sha ruhning bir farzandi o‘laroq Gorbachyov o‘rtaga chiqdi. Va biz ham ular bilan bog‘liq bo‘lmagan holda yoki ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ongli ravishda emas mana shu jarayonning bir ko‘rinishi sifati bizning harakat ham o‘rtaga chiqdi.
80-yillarning boshidan boshlab, biz Rauf Parfi akamiz, ustozimiz, do‘stimiz o‘zining xotiralarida aytadi, 81-yilda biz Solih bilan Boltiqbo‘yiga borganda yashirinib kitob o‘qirdik, deb ba'zi audiolarida aytib ketgan eshitdim men.
Haqiqatdan ham 81-yildan boshla,b biz Boltiqbo‘yiga juda aktiv qatnay boshlaganmiz va men ko‘proq borganman. Parfi biz bilan ikki marta borgan, ammo men yilda ikki marta mutlaqo borar edim. U yerda bizning do‘stimiz Uldis Berzinsh degan bugungi Latviya xalq shoiri, katta olim poliglot 12 ta til biladi, o‘zbek tilini ham juda yaxshi biladi, turkolog. “Dada Qo‘rqut”ning tarjimoni, juda mashhur bir inson, klassik ya'ni. Biz uning uyida qolardik, biz juda yaqin do‘st edik, u mening she'rlarimni ham, Rauf Parfining she'rlarini ham Latish tiliga tarjima qilgan.
Qur'oni Karimni ham arabchadan tarjima qilgan Boltiqbo‘yidagi yagona inson. 80-yillarning boshlarida Soljenitsinni men Moskvada o‘qiganman, ammo yashirincha qo‘lyozmasini, kitoblarini keyin biz Berzinsh Uldisning uyida o‘qirdik.
Parfi ham u yerda tanishdi Avtorxanov bilan, Soljenitsыn bilan. Parfi u yerga yashirinib, borib qaltirab-qaltirab, o‘qir edi bechora u yerda yotib. Haligi Latviya sharobi bo‘lar edi, uni o‘rtaga qo‘yib. Darvish yillarimiz edi u. Olloh Rahmat aylasin. Ya'ni bizning o‘sha siyosiy harakatlar o‘sha 80-yilning boshlarida aslida boshlangan.
Parfi ham doim bizga bunda o‘rtoq edi, ammo Parfi bizga nisbatan ko‘proq shoir sifatida davom etdi. Lekin hech qachon bizning g‘oyamizdan tashqarida qolmadi. Parfi bizning partiyada ishlamagan bo‘lsa ham, oxirigacha o‘zining “Erk”chiligini aytdi, “Erk”chiman dedi, hech qachon yashirgani ham yo‘q va qo‘rqqani ham yo‘q.
U o‘sha sinov davrini o‘tgan shoirlardan bittasi edi, mutafakkirlardan bittasi edi. Olloh rahmat qilsin! Mard edi, ya'ni oliyjanob edi, lekin ko‘plar uni o‘sha ichkilikni sevgani uchun tanqid qiladi, bunga o‘zi javob beradi.
Lekin men uni fazilatlarini aytishga mukallafman va yaxshi tarafini aytay, yomon tarafini Alloh o‘zi kechirsin. Ya'ni bizning milliy harakatimiz, aytmoqchiman-ki, 80-yillarning boshlarida shu boshlandi. Unga tayyorgarlik, zehniyatimizdagi o‘sha o‘zgarishlar va 84-yilda bu amaliy bir formatga o‘tdi. Va 84-yilda o‘sha paytda O‘zbekiston kompartiyasining ideologiya kotibi bo‘lgan Ra'no opa Abdullaeva, Moskvaning buyrug‘i bilan va o‘sha milliy kayfiyatni KGBsi tez ilg‘ab oldi va buni oldindan hali rivojlanmasdan turib bostirish uchun tezda ular ideologiya kotibini ishga solib Abdullaevaga buyruq berdi. Va KGBning mushketyori Laziz Qayumov degan olim bor edi, «G‘oyaviylikning bosh mezoni» degan «Sovet O‘zbekistoni» gazetasida maqola bosdi. 84-yil esimda bor. Ya'ni o‘sha maqolada bizga o‘xshagan o‘sha vatan xoinlarini u maqolada ism bermasdan urdi bizni.

Ya'ni tug‘ilib, uyg‘onib kelayotgan fikrni oldindan bo‘g‘ish uchun qattiq harakatga kirishdilar va bizga qarshi faqat adabiyotda emas tarjima qilgan kitoblarda ham Xudo, farishta, payg‘ambar va boshqa kalimalarni tahrir qilib tashladi. Xatto Shekspir tarjimalaridan ham Xudo, farishta, degan so‘zlarni olib tashlashgacha ham bordi. Buni Moskvani buyrug‘i bilan Abdullaeva qildi. Bu bosqiga qarshi norozilik kayfiyatida bo‘lgan insonlar to‘planib, mana shu xatni yozishga qaror qildik. Bu xatni men qalamga oldim, ruscha yozdim.

U paytda Chernenko KPSSning Bosh sekretari edi. Androv o‘lganidan keyin Chernenko bo‘ldi. Chernenko shu qadar obro‘siz inson bo‘lgan-ki, o‘shani uchun biz uning nomiga yozganimiz yo‘q shikoyatni, «Politbyuroga maktub» deb yozdik va maktubda shunday narsalar bor edi: «Bizning milliy qadryatlarimizga hujum boshlandi va shu qadar absurd holatga keldi-ki, xatto Shekspirdan tarjimalardan va xatto rus yozuvchilaridan ham qilingan tarjimadan o‘sha so‘zlar olib tashlana boshlandi. Ayni zamonda xotinlarning boshidagi ro‘molini yechib ola boshladilar, masjidning ustidagi yarim oyni olib o‘rniga o‘roq bolg‘a qo‘yishgacha bordi» – degan gaplar bor edi.

Ya'ni «bu narsani to‘xtatishni biz talab qilamiz, bu milliy qadryatlarga hujumni biz millat sifatida qabul qilmaymiz» – degan radikal bir xat edi u. Bu xat 84-yil dekabr oyi boshida qo‘l qo‘yish uchun yozuvchilarga eshikma-eshik yurib, bizning ukalar, do‘stlar hammasi xizmat qilishdi. Rahmat ularga! Hamma iloji boricha qo‘l qo‘yishga harakat qildi, 57 yoki 58 kishi qo‘l qo‘ydi o‘sha paytda esimda bo‘lsa. Bu xatni 85-yilga borib, yanvar oyida yubordik, ikki oy davom etdi qo‘l qo‘yish. Eng qizig‘i shu-ki, o‘sha Sovet paytida 57 ta odam qo‘rqmasdan bu narsaga qo‘l qo‘ydi.

Ya'ni xalqda bir jasorat ruhi paydo bo‘lgan edi. Milliy bir ruh uyg‘ongan edi va ulardan 3 tasi keyin qaytib oldi, 1 tasi ayol kishi Qoraqalpog‘istondan yozuvchi, 2 tasi Hayriddin Sultonov va Erkin A'zamov. May oyida xatga javob, Gorbachyovning adminstratsiyasidan keldi. Gorbachyov u paytda yangi saylangandi.

Xatga javob ham Abdullaevaning o‘ziga kelgan. Keyin bizni Abdullaeva, ruscha aytganda, gilam maydonga chaqirib, yuzga yaqin odamni chaqirib, bizga qarshi boshqa bir guruhni tayyorladi. Bu guruhni ichida Shayhov haligidaqa o‘rtada turgan yozuvchilar bor-ku , uni ichida Tohir Malik ham bor edi. Ya'ni o‘rtada mo‘tadil yozuvchilarni chaqirib, bizga qarshi qo‘ymoqchi bo‘ldi.
Lekin ularning ko‘pchiligi u yerga borib, masalani eshitganidan keyin, biz tarafga o‘tib ketdi. Ya'ni ruhni qarang: sizni ideologiya sekretari chaqirayapti va u yerda: “Mana bularni qoralang, bular vatan xoinlari!”- deyapti. Ular: “Yo‘q, unday emas, biz ham bunga qo‘shilamiz!” – deb, ular ham biz tarafga o‘tib ketdi. Bu juda katta shov-shuv bo‘ldi, esingizda bo‘lsa. Yoshlarning obro‘si xalq ichida birinchi marta ma'lum bir saviyaga ko‘tarildi. Bo‘lmasa, bizni yosh bola, deb yurishardi doim, biz bilan hisoblashishmas edi. Birinchi bizning siyosiy chiqishimiz mana shu “Politbyuroga maktub” bo‘ldi va keyingi butun qurilgan harakatlarning tamalida o‘sha maktub yotadi.

N.M: O‘sha maktub, hali she'ringizda aytganingizdek, yot iqlimga qarshi yozilgan maktub. Yot iqlimga qarshi va ular belgilagan kun tartibiga qarshi yozilgan xatga o‘xshaydi va u “Politbyuroga maktub” deb mashxur bo‘lib ketdi. Va mashxurligining bitta nimasi, masalan, o‘sha xatga imzo chekkanlar, men «Yoshlik jurnali»da adabiy tanqid bo‘limida ishlar edim, qora ro‘yxatga kirib, bu ismlar chiqmasligi kerak, mabodo, maqolalarda, she'rlarda chiqmasligi kerak, deb ro‘yxatlarga kirgan edi. Endi esimizda bor, shu juda nima bo‘lgan. O‘sha xat sizlarni va sizlarning orqangizdan kelayotgan ijodkorlarni yangi bir bosqichga oldi. Bu yangi bosqichda, ya'ni kim qanday kutib olgan bo‘lsa, o‘sha bir xizmat qildi deyman. Ya'ni yangi bosqich nima edi? Bu qayta qurish va oshkoralik siyosati munosabati bilan butun SSSR hududida boshlangan bir uyg‘onishni va o‘sha uyg‘onishdagi harakatlarni boshlanish nuqtasi bo‘lishi bilan juda qimmatli va qadrlidir.

M.S: Shunday!

(Davomi bor)

Tag‘in o‘qing
21 yanvar 2019
Bugun prezident Mirziyoev Berlinda. Men so‘nggi 10 yilni o‘tkazgan va menga Islom Karimov mustabidligidan boshpana bergan sevimli shahrimda.  O‘zbekiston ...
26 may 2017
«Oila va jamiyat» gazetasi (24.05) «Kasbingizga sadoqatlimisiz?» sarlavhali maqolada marhum prezident Islom Karimovga sadiqligini bildirib, horijga chiqib ish izlayotgan ...
8 oktyabr 2021
Bu 20-asrning eng buyuk o‘zbek shoiri Muxammad Solih yozgan she'rdan iqtibos edi. Bir vaqtlar Gdlyan «O‘zbeklar o‘g‘ri» deganda, O‘zbekistondagi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...