RTdan va'z: Tepalarimizni qaytarib olaylik
Hafta aylanib, yana sizlar bilan yuzma-yuz bo‘lganimdan mamnunman, azizlar.
Hafta ichida kim qadri uchun, yana kimdir qorni uchun yig‘ladi. Kimdir yig‘ib qo‘ygan puli mashina olishga yetmaganidan dod soldi. Mashina narxi oshganidan kimningdir aqli shoshdi. Kimdir esa yo‘l qoidasini buzgani uchun kelgan jarima summasi kattaligidan nolidi.
Kimdir 8 martda hech kim sovg‘a qilmadi, deya yig‘i-sig‘i qildi. Kimdir koronavirus bois Italiya safari ibtol bo‘lganidan xafa bo‘lsa, kimdir tibbiy niqob sotib boyib ketganidan xursand.
Dard ko‘p – darmon yo‘q, armon ko‘p – imkon oz. Ko‘ngil saroyi bo‘m-bo‘sh – kutilgan sulton yo‘q. Bu gaplar haqida odatdagidek xabarlardan keyin gaplashamiz.
Mahalliy xabarlar
“UzAvto Motors” shirkati 9 martdan avtomobillar narxini oshirdi. Endilikda kambag‘al o‘zbeklar minishni orzu qiladigan Damas DLX rusumidagi avtoulov narxi 80 million so‘mga yaqinlashdi. Biroq oddiy aholi cho‘ntagi ko‘tarmaydigan Tracker, Trailblazer, Equinox, Traverse va Tahoe kabi avtomobillar narxi o‘zgarishsiz qoldirildi.
Qalbaki xalqaro diplom bilan Samarqand «Ipak yo‘li» universitetiga prorektor bo‘lgan Azamat Akbarovga jinoyat ishi ochildi. Akbarovning aybi sudda tasdiqlansa, u minimal ish haqining ellik baravarigacha jarima yoki olti oydan ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Bir guruh o‘zbek faollari 11 mart kuni Shveytsariya hukumati va mas'ul idoralariga marhum prezidentning katta qizi Gulnora Karimova o‘g‘irlagan aktivlarni O‘zbekistonga shaffof va hisobdorlik asosida qaytarishni so‘rab chaqiriq yo‘llashdi.
Faollarning tashvishli chaqirig‘iga Gulnora Karimovaning prezident Mirziyoevga yo‘llagan, 25 fevralda ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan maktubi orqali sizgan o‘g‘irlik pullarning imi-jimida hukumatga qaytarilishi haqidagi ma'lumotlar sabab bo‘ldi.
Chet el xabarlari
Saudiya Arabistonida koronavirus tarqalashiga qarshi cheklovlar joriy etildi. Cheklovlar namoz o‘qish muddatlarida aks etdi. Masjidlarga oziq-ovqat mahsulotlari kiritish va masjidda ro‘za tutish, shuningdek, Saudiya Arabistoniga ba'zi davlatlar fuqarolarining kirishi taqiqlandi, ular orasida O‘zbekiston ham bor. O‘zbekistondan umraga borgan 240 nafar ziyoratchi qaytarildi.
Koronavirus bois Eronning Turkmaniston bilan chegarasi yopildi. O‘zbekistonlik fura egalari Eron chegarasidan o‘tkazilmayapti. «Ozodlik» xabariga ko‘ra, ular 20 kundan buyon antisanitariya holatida yashashayotgani, biroq koronavirusga chalinmaganini aytishmoqda.
Amal qo‘nsa agar chivin boshiga…
9 mart kuni bosh vazir Abdulla Aripov selektor o‘tkazganida biror muammoni hal qilar, degan umidvor o‘yga botuvdim. Benzinida izo-oktan, elektrida amper, shakarida shira, sovunida ko‘pik, ovqatida go‘sht oz bo‘lgan, gazi Xitoyga sotilib, tezak yoqadigan bu millat dardi haqida gapiradi, deb o‘yladim.
O‘zimizning ahmadboylardan ortib, Ispaniyadagi firibgar ahmadboylar to‘riga tushib, 50 ming dollardan puli uxlatilgan 300 nafar anqov vatandoshimiz dardini aytadi, deb o‘yladim.
“Mashinani nega qimmatlatding” deb «O‘zavtosanoat» kattasiga do‘q qiladi, deb kutibman-a men ahmoq!
Yo‘q, bularning hammasi qolib, «respublika bo‘ylab 300 dan ziyod joy nomlarini o‘zgartiramiz», desa bo‘ladimi bosh vazir.
Voy, billiard.
Toshkentning Bektemir tumanidagi Chivintepa degan joy nomi vaziri a'zam Aripov janobi oliylari ta'biga yoqmabdi.
O‘zim kal, ko‘nglim nozik, deyishadi-ku.
Amal qo‘nsa agar chibin boshig‘a, kunda kelar Semurg‘ oning qoshiga, degan ekan mashoyixlar…
Tepalar – jangu jadal nishonalari
Umuman, Karimov o‘lib, Mirziyoev degan sobiq bosh vazir mavjud konstitutsiya talabini buzib prezident kursisiga ketini svarka qilganidan keyin asrlar davomida shakllangan joy nomlarini o‘zgartirishga g‘ayrat bilan kirishib ketdi.
Bu to‘ramning nazarida To‘ytepa Nurafshon, Bo‘z esa Bo‘ston deb qayta nomlansa, olam guliston bo‘larmish.
Sovet davrida hamma yoqni Leninobod qilgan komsomol odamning gapi bu. O‘zi lyustratsiya haqida qonun qabul qilib, sobiq komsomol yetakchilariga eshak bozorida pattachilik qilishdan boshqa ishni taqiqlab qo‘yish kerak.
Falon tepalikni olish uchun uch kun, pismadon tepalikni olish uchun bir hafta jang qilindi, degan gaplarni urushga oid kitoblarda o‘qib, kinolarda ko‘rib, hayron qolar edim.
O‘zi bir tepa bo‘lsa, shunga shunchami deb. Ammo harbiylarning aytishicha, tepani olgan odam mamlakatni nazorat qilarkan.
Andijonda Mingtepa degan tuman bo‘lgan. Bu tumandan chiqqan Dukchi eshon 1898 yil 17 mayda Chor istilochilariga qarshi qurolli qo‘zg‘olon ko‘targan.
O‘sha yili Dukchi eshon tor-mor qilinib, dorga osilganidan keyin oqposhsho Mingtepa to‘pga tutilib, yer yuzidan yo‘q qilinsin, deya farmon bergan.
Sal o‘tib, bu farmon bekor bo‘lib, tuman omon qolgan. Turkistondagi saroy ulamolari oqposhshoning bu ishi “ulug‘ marhamat bo‘ldi”, deya Mingtepaning nomi o‘zgartirilib, Marhamat deb qo‘yilishini tavoze bilan so‘rashgan.
Hozir ham Andijondagi bu tuman nomi Marhamat. Poshshoning marhamatiga sig‘inadigan bu ruhi siniq, umurtqasiz qavm poshsho ag‘darilganidan 100 yil o‘tsa ham o‘z tepasining nomini qaytarmoqchi emas.
Turkistonning qadim O‘ratepasi nomi Istaravshonga almashtirilganda ham hech kim g‘iring demadi.
Bir mamlakat keksa, jafokash,
Qadim davlat, qumlar o‘lkasi,
Ne-ne mashaqqatlar chekmagan,
Uning o‘sha yag‘ir yelkasi.
Yalpoq-yassi tepalar uning
Ajin bosgan peshanasidir.
Bunda har bir tepalik, jarlik,
Jangu jadal nishonasidir,
deya yozgan edi o‘zbekning jafokash shoiri Egam Rahim.
O‘zbekni toptash osonmi?
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon qaroriga ko‘ra, kelib chiqishi turkcha bo‘lgan joy nomlari forscha nomlarga o‘zgartirilganiga ham rasmiy Toshkent jimgina rozi bo‘ldi.
Masalan, yahudiylarga oid biror joy nomi o‘zgarsa, Isroil dod-voy soladi odatda. Shu bois, yahudiylarning chetdagi go‘ristonlaridan bitta g‘isht nariga siljimaydi. Kimdir siljitib ko‘rsa, qiyomat qo‘padi.
O‘zbek shoiri G‘afur G‘ulom “Men yahudiyman” deb she'r yozgan bo‘lsa-da, o‘zbeklar yahudiy emas. Shu bois, ularning qadr-qimmatini bemalol toptasa bo‘laveradi.
Imomali Rahmon 2016 yili imzo chekkan qarorga ko‘ra, Tavildara tumani – Sangvorga, Jirg‘atol – Laxshga, Jiliko‘l – Do‘stiga, Qumsangir – Jayhunga, Qayroqqum – Gulistonga, Chkalov – Bo‘stonga, G‘onchi tumani – Devashtichga, Qayroqqum suv ombori esa Tojik dengiziga o‘zgartirilgan edi.
Qishloqlar, tumanlarning asli kelib chiqishi turkiy bo‘lgan tarixiy nomlari ham o‘zgartirildi.
Jumladan, Nov tumaniga Spitamen, Taboshar shahriga Istiqlol nomi berildi.
Ming yillik tarixiy nomga ega bo‘lgan geografik joylar nomi sobiq sovxoz direktori istagi bilan yo‘q qilindi.
Tarixchi o‘lkashunoslar Jiliko‘l, G‘onchi, Qumsangir kabi joylar nomlari bir necha yuz yilliklarga borib taqalishini aytadilar.
Dushanbe shahri yaqinidagi Yangibozor tumaniga sobiq ittifoq paytida Orjonikidzeobod, mustaqillik yillarida esa Kofarnihon, undan keyin Vahdat nomlari berilgan. Shuningdek, poytaxtga yaqin barcha turkiy nomdagi Ko‘ktosh, Oqjar, Boldirg‘on, Itoq, Gulmozor, Jarboshi, Beshkapa, Sultonobod qishloqlari ham Guliston, Bo‘ston singari nomlarga o‘zgartirilgan.
Turkiy o‘zakli joy nomlarini o‘zgartirishni istaganlar qo‘shni Tojikistonni boshqarayotganlarning irqchi elitasida ko‘p bo‘lsa-da, hukumatning bu siyosatiga Tojikistonning ichida ham qarshilar oz emas.
Hatto aqlli donishmandlar O‘zbekistondan ko‘ra Tojikistonda ko‘proq deb ham o‘ylayman. Har holda urishib, o‘z haqini talab qilgan jangovar qo‘shni xalq.
Mayli, qo‘shni davlatning ichki ishi deya qolaylik bu holatni. Qozonchining erki bor qaydan quloq chiqarsa.
O‘zingdan chiqqan baloga – qayga borasan davoga?
O‘tgan yili Mirziyoev Andijondagi Bo‘z tumani nomini Bo‘ston deb o‘zgartirgan edi.
Bu kishiga yoqmabdi bo‘z. Bo‘zchi belboqqa yolchimasa ham bo‘zchining xotiniyu qizlari atlas ishton kiyib yurisharkan qadimda.
Rasman kambag‘al davlat maqomiga biz Mirziyoev davrida erishganimizni va jahon hamjamiyatiga «sadaqa bering» deb qo‘l cho‘zib turganimizni ham unutmaylik. Itning nomi Marjon qo‘yilganidan it ham, marjon ham yig‘lagan ekan.
Bo‘z nomini Bo‘ston qilganimiz bilan yo‘llar asfalt bo‘lib qolmaydi. Bu yo‘llarda yuradigan mashinalarning qimmatligidan mashinalarning o‘zi hurkib, tormoz bo‘lib qolmoqda.
Bundan oldin “aqlli” prezident Karimovga oybolta bo‘lib, odamlarni qaqshatib, buyuk kelajak prorabi bo‘lgan Mirziyoev «To‘ytepani Nurafshonga aylantiring!» deb amr bergan edi.
Mirziyoev amrini shotirlari “shessekundda” vojib qilishdi.
Aqli tovuqdan boshqa narsaga yetmaydigan parlament degan yig‘noq o‘ylab ham o‘tirmay, To‘ytepaning nomini yarim fors, yarim arabiy Nurafshon degan chuchmal jumlaga almashtirdi-qo‘ydi.
Bilgichlar “parlament emas, Shavkat Mirziyoev almashtirdi nomni” deya asosiy ZIËN manbaiga diqqatimizni qaratishmoqda.
Bu gap ham to‘g‘ri. O‘z vaqtida Gulnora Karimovaning xalqaro shirkatlarga mobil telefon chastotalarini berish bilan bog‘liq pora oldi-berdi janjallarida figurant bo‘lgani ortidan ishdan quvilgan va Mirziyoev kelgach, piligi ko‘tarilgan montyor Aripov tarixiy nomlar ahamiyatini qaerdan ham bilsin.
Zar qadrini zargar bilar, chilangar neni bilar.
Ammo qolganlar-chi? Masalan, hukumatning o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, Chernobilda nurlanmaydigan abadiy turg‘uni Xayriddin Sultonov bir paytlar millat dardi haqida kitoblar raqam qilgan edi-ku.
Nega u jim?
Tepalar uchun jang qilmay qo‘ygan, o‘zligidan, turkligidan uyaladigan ruhiy majruh bu chuvrindilarga baribir ko‘rinadi.
Birov chiqib, nega deb so‘ramadi. So‘ramaydi ham.
Qovurg‘asi yuz yil burun sindirilgan va poshsho marhamatiga mo‘ltiraydigan qavmdan ne ta'ma.
Majruhlik kompleksi, deydi buni psixologlar. Ya'ni onasi «G‘uncha» kinoteatri oldida xonim sotgan, otasi hojatxona pattachisi bo‘lgan odam boyib bosar-tusarini bilmay, gallyutsinatsiyaga chalinar ekan.
Xuddi shu odam onam aslzoda, otam amirzoda, bobom qushbegi avlodidan deya tarixchilarga pul berib, shajara kitobini ham yozdirganini bilaman. «Ming dollar bersa, Napoleon Bonapartning jiyani deb ham yozib beraman», deydi Fanlar akademiyasining tarixchi akademigi.
Ortiqxo‘jaev aytganidek, “lyubaya biznes xorosha”, ammo «Qariysan, qartasan, asl naslingga tortasan», degan maqol bor. O‘zi maqol ham ko‘payib ketdi bugungi va'zda.
Shunday aslzodalardan biri, sobiq bosh prokuror Rashidjon Qodirov hozir turmada karam sho‘rvaga bo‘lka non to‘g‘rab ichib o‘tiribdi. Shkonkani artish, parashani tozalash kabi ishlarga ham qo‘li kelishibdi bu aslzoda sobiq prokurorning.
Chivintepaga osilma!
Gap tepalarimiz haqida edi. Chivintepa Aripovga, To‘ytepa esa Mirziyoevga yoqmabdi.
Germaniyada juda ko‘p joy nomlari berg, ya'ni tepa degan so‘z bilan tugaydi. Amberg degan shaharcha ham bor. Ko‘pchilik nomlar nemis tilida ham xunuk eshitiladi. Ittepa, Bo‘qtepa, Kultepa va hokazo. Eshakqishloq degan joy ham bor Germaniyada. Ammo Angela Merkel xonim bu tepalarni «nomi yoqmavotti, o‘zgartiriluuu» deb selektor o‘tkazmaydi. Mabodo Merkel opa shu gapni o‘zaro suhbatda aytsa ham «xalte klape arshlox» degan dashnom gap eshitadi. Chunki tarixiy nomlar xunuk yo chiroyli bo‘lmaydi. Ular qanday bo‘lsa, shunday. Darvoqe, Istanbulda Moltepa degan kotta tuman bor. O‘zbek hizbchi va vahhobiylari uy kira qilib yashaydi o‘sha Moltepada. Hech kimning ko‘ngliga kelgan joyi yo‘q.
9 mart kuni Aripov o‘tkazgan selektor majlisda ko‘chadagi reklamalarning ruscha yozilganiga ham e'tiroz bildirildi.
O‘zbekistonda 30 yildan beri “ko‘chadagi reklamani o‘rischa yozmaylik”, deb amaldorlaru yozg‘uchilar g‘ingshib keladi. Ammo hech narsa o‘zgarmaydi. O‘zgarmaydiyam. Chunki biznes monopolist asbobini ko‘ndalang qo‘ygan qonunga.
Bitta misol aytsam. Turkiyaga Suriyadan millionlab qochqin arablar kelgani ortidan ular do‘kon va yemakxona ochib, arabcha peshlavhalar osib qo‘ya boshlashdi. Bir qarasangiz hamma yoqni arabcha yoziq bosib ketdi.
Baladiyalar (hokimiyatdagilar) qaror chiqarib, arabcha yoziqli “lyuboy biznes”ni taqiqladi. Bir kunda (!) barcha arab yozuvli peshlavhalar lotin yozuvliga almashdi. Do‘kon egalari kosmik tezlikda peshlavhalarni turkchaga almashtirib tashadi. Chunki qonun ustivor. Chunki bajarmasa, otning kallasiday ishtrop to‘laydi. Umuman, polis kelib tirishtiradi u arabni.
Gap aylanib, yana qonun ustivorligi mavzusiga keldi. Lekin o‘g‘ri qarisa so‘fi, g‘ar qarisa otinoyi bo‘ladigan mamlakatda qonun ustivorligi haqida gapirish bo‘riga «qo‘zichoqni yema» deyish bilan teng.
Qornimga emas, qadrimga yig‘layman. Ey, bosh vazir, Enam yaxshi qishlog‘ining nomini o‘zgartirma. Chivintepaga osilma. Ota-bobolarimizdan qolgan tepalarimizni tinch qo‘y.
Qo‘lingdan kelsa, iqtisodni to‘g‘rila. Hayotni farovon qil. Chet eldan keladigan import mashinaga boj solishni kamaytirsang, «O‘zavtosanoat» mashinalari o‘z-o‘zidan arzonlaydi. Xalqqa yaxshi bo‘ladi.
Shu xalq to‘lagan soliqdan oylik olib o‘tirgan mulozimsan. Xitoyga yordam jo‘natguncha, Enam yaxshi qishlog‘idagi maktabni ta'mir qil. Lo‘lidan botir chiqsa, o‘z kapasiga o‘t qo‘yar ekan. Sen kim bo‘libsanki, Chivintepa nomini o‘zgartirsang.
Bu gaplarimni el eshitmasin deb «Eltuz»ni bloklab qo‘yibsan. Faqat rahbar odamning ovozi chiqsin. Mutaxassis va bilgichlar mum tishlasin, deya istaysan. Mayli, hech kim eshitmasa ham aytaman. Tepalarimizni qaytarib olaylik.
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak.
Rassom Tuz