Asosiy mavzular
26 mart 2020

Munavvarqori. Millat mash'alasining so‘ndirilishi

«Vaqt mashinasi» rukni ostidagi bugungi hikoyamiz Rossiya istibdodi ostidagi Turkistonda ijtimoiy tanglik hukmron bo‘lgan davr – o‘tgan asr boshlarida yangi zamonaviy maktablar ochib, avlodlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan ilk muallim Munavvarqori Abdurashidxon hayoti va qismati haqida.

Sovet davrida bu insonning nomini ham tilga olishga ruxsat berishmasdi. Xo‘sh, nega, degan savol tug‘iladi. Chunki avlodlar shu tariqa uning millatni yorug‘likka yetaklovchi bir mash'ala bo‘lgani va uning kimlar tomonidan so‘ndirilgani haqida bilgan bo‘lishardi.

Bu haqda eslamaslikka intilishning yana bir sababi shundaki, Munavvarqorining qatl qilinishiga sababchi bo‘lganlar bugun ham ulug‘lanmoqda, ularning izdoshlari hamon hokimiyatning yuksak pog‘onalarida iqtidorda qolishmoqda. 

Munavvarqori Abdurashidxon haqida ko‘plab maqolalar, asarlar yozilgan bo‘lsa-da, uning shonli va fojeali hayoti hali ham yaxshi o‘rganilmagan.

«Eltuz» nashri o‘zbekistonlik tarixchi Ixtiyor Esonov maqolalari asosidagi ikkinchi ko‘rsatuvni taqdim etadi. 

Jadidlar harakati asoschisi

Munavvarqori Abdurashidxon 20-asrdagi o‘zbek ziyolilarining ma'naviy otasi, ularni ulug‘ ishlarga ilhomlantirgan ustozi va tayanchi bo‘lgan.

U 1878 yilda Toshkent shahridagi Darxon mahallasida ziyoli o‘qituvchi oilasida tavallud topdi. Eshonquli dodxoh qo‘lida tahsil oldi. Keyin Buxorodagi Mir Arab madrasasida o‘qidi.

O‘zi tug‘ilib o‘sgan Darxon mahallasidagi masjidga imomlik qildi. Umuman olganda, Munavvarqori har tomonlama yetuk, ham dunyoviy, ham diniy bilimlarga ega bo‘lib voyaga yetdi.

O‘rta Osiyodagi jadidlar harakati asoschilaridan biri bo‘lgan Munavvarqori nafaqat bu bilimlarning egasi, balki olimi, ijodkori ham edi.

Munavvarqori Abdurashidxon Turk va Sharq dunyosi adabiyoti bilan birga G‘arb dunyosi adabiyoti va madaniyati bilan ham chuqur tanishgan dastlabki o‘zbek ziyolilaridan biri edi.

Munavvarqori Abdurashidxon chor Rossiyasi istibdodidan ezilayotgan Turkistondagi umumiy holat ko‘lamini bor bo‘yicha his qilgan va bunga qarshi kurashish zarurligini anglagan millatning dastlabki ziyolilaridan ham edi.

Chirkin feodal tuzumda rivojlanmay qolib ketgan, ustiga-ustak, Rossiya imperiyasi mustamlakasiga aylangan millatni qutqarish chorasini izlagan ziyolilarimiz darg‘alaridan biri ham aynan Munavvarqori bo‘ladi.

Ilk muallim

Munavvarqori Turkistonni istiqlolga, hurriyatga olib chiqish uchun eng avvalo ta'lim tizimini mutlaqo o‘zgartirish va ommaga bilim yetkazish zarurligini anglaydi.

Shu maqsadni ko‘zlab u 1901 yilda o‘z uyida yangi uslubdagi, ya'ni yevropacha jadidlar uslubidagi maktabni ochadi.

Bu maktabda o‘qitish uslublari o‘sha davr eski maktablaridagidan mutlaqo farq qilar, Yevropadagi zamonaviy dunyo tamoyillariga moslashtirilgan edi.

Ammo eng muhim xususiyati – u yerda, din va qadriyatlarni saqlagan holda millat an'analari asosida ta'lim berish ko‘zda tutilgandi. Bu millat ta'limini modernizatsiya qilish ham edi aslida.

Keyinchalik bunday maktablar boshqa joylarda ham ochiladi. Ulardan nafaqat yuqori bilim va malakalarga ega bo‘lgan shaxslar, balki millat, jamiyat muammolarini anglaydigan va ularni bartaraf etish yo‘llarini tushunadigan shaxslar yetishib chiqadi.

Bu yo‘lda kurash boshlagan Munavvarqori Abdurashidxon o‘zi ochgan maktab uchun yangi o‘quv dasturlarini ham yaratishni ko‘zlaydi. Shu asosda dastlabki jadidlar o‘quv dasturi – “Birinchi muallim”ni ishlab chiqadi.

Mazkur qo‘llanma o‘sha davr ta'limidagi haqiqiy inqilobiy o‘zgarish yasagan edi. Dasturda Munavvarqori grammatika, alifbo o‘qitilishi uslublarini yoritgandi.

Birozdan keyin Munavvarqori ikkinchi uslubiy dastur – “Ikkinchi muallim”ni yaratdi. Bu dasturda u o‘quvchiga xat yozish, o‘qish uslublaridan tashqari, oilaviy munosabatlar, odob-axloq, etika normalari qanday bo‘lishi kerakligini tushuntiradi.

Buyuk ajdodimiz faqat shu dasturlar bilangina chegaralanib qolmaydi. U shuningdek, matematika fani uchun o‘quv qo‘llanmasi yozadi. Diniy ta'lim uchun esa “Tajvid al Qur'on” asarini yaratadi. Geografiya va ijtimoiy-tabiiy fanlarga dastur sifatida “Yer maydoni” o‘quv qo‘llanmasini ishlab chiqadi va nashr qildiradi.

Hamza, Elbek, Oybek, Akmal Ikromov, Abdulxay Tojiev, Salimxon Tillaxonov, Qayum Ramazon, Bahrom Haydariy, Mannon Uyg‘ur va millatning boshqa ko‘plab fan, adabiyot, san'at, siyosat arboblari aynan Munavvarqori Abdurashidxonning yangi uslubida o‘qib ta'lim olishgan, yetuk shaxslarga aylanishgan.

Afsuski, Munavvarqori shogirdlarining ko‘pchiligi o‘z ustozlarining aziz nomini tiklashda biror tayinli ish qila olishmadi. Chunki sovet mafkurasi, sovet siyosati shu darajada qo‘rqinchli va dahshatli edi.

Jamg‘arma va milliy matbuot tamal toshi

Munavvarqori 1909 yilda “Xayriya jamiyati” uyushmasini tuzadi. Bu hozirgi ta'lim va fanni rivojlantirishga yo‘naltirilgan jamg‘armalarga o‘xshash tuzilma edi.

Munavvarqorining maqsadi yangi uslubdagi maktablarni ko‘paytirish va ongli, dunyoqarashi keng millat farzandlarini tezroq ko‘paytirish bo‘lgandi.

Afsus, jadidchilik O‘rta Osiyoga, umuman, turkiy dunyoga juda kech kirib kelgan edi.

Bu harakatlar avvalroq shakllanganida edi, ehtimol O‘rta Osiyo, turkiylar tarixi butunlay boshqacha ko‘rinishda bo‘lardi.

Munavvarqori va boshqa ziyolilar bu islohotlarda juda kech qolishganini yaxshi tushunishardi.

Shuning uchun ham ular shoshayotgan edilar. Munavvar qori shaxsan bosh bo‘lib jadidlar harakatini birlashtiruvchi “Turon” jamiyatini tuzdi. 1906 yilda “Xurshid” gazetasini nashr qildirdi. 1907 yil u “Najot”, “Kengash” gazetalariga muharrir bo‘ldi.

Lekin haqiqiy shuhrat unga 1914 yilning 4 aprelida asos solingan “Sadoyi Turkiston” gazetasi bilan kelgan edi. 

«Sadoi Turkiston» – jadidlarning ijtimoiy-siyosiy, adabiy badiiy gazetasi bo‘lib unga Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev muharrirlik qilgan. Haftada bir marta 4 sahifada bosilgan.

Tarix fanlari magistri Nargiza To‘raevaning tadqiqotlariga ko‘ra, Munavvarqori Abdurashidxon, Abdulla Avloniy, Abdurauf Muzaffarov birgalikda gazeta o‘zagini tashkil qilishgan. Gazeta qiyofasini belgilaydigan asosiy maqolalarni ham shular yozishgan.

«Sadoi Turkiston» yurtparvarlik, millatparvarlik, ma'rifatparvarlik kabi olijanob g‘oyalarni izchil targ‘ib qilgan, Turkiston istiqloli va istiqbolining ma'naviy-axloqiy negizlariga daxldor muammolarni dadil ko‘tarib chiqqan.

«Sadoi Turkiston» o‘sha davrdagi milliy matbuot nashrlari safida oldingi o‘rinda turadi. Gazeta faoliyati moddiy qiyinchiliklar tufayli to‘xtagan (jami 66 soni chiqqan).

Ilk o‘zbek teatri va “Turk o‘chog‘i” jamiyati

Munavvarqori nafaqat mamlakatdagi ta'lim va ilm-fan sohasida, balki o‘zbek san'ati, madaniyati, siyosati tarixida ham o‘chmas iz qoldirgan.

Xususan, o‘zbek teatrini tashkil qilgan insonlardan biri ham aynan Munavvarqori hisoblanadi.

Aynan uning sa'y-harakatlari natijasi bo‘lgan, dramaturg Abdulla Avloniy boshchiligida tuzilgan “Turon” truppasi 1913 yildan 1924 yilgacha faoliyat yuritgan.

Ijodiy guruhning tashkiliy va targ‘ibot ishlarida Munavvarqori Abdurashidxonning o‘zi ham faol ishtirok etadi. Truppaning ilk spektakli 1913 yilning 8 avgustida Shayx Xovand Tohur bog‘ida «Tomosha kechasi” sifatida o‘tkaziladi. Qayd etish kerakki, o‘sha paytda Turkiston o‘lkasining boshqa bironta shahrida milliy teatr jamoasi yo‘q edi.

Bolsheviklar turkiy xalqlar ko‘zini ochish vositasi ekanini bilib, keyinchalik bu truppani yo‘q qiladi va o‘z mafkurasini tarannum etuvchi teatrga aylantiradi.

Munavvarqori 1917 yilgi inqiloblarni zo‘r hayajon va katta umid bilan kutib oladi. U fevral inqilobidan keyin butun Markaziy Osiyo xalqlarini birlashishga, Turkiston demokratik xalq respublikasini tuzishgachaqiradi, shu g‘oyani tinmay ilgari suradi.

Turkiston, Qo‘qon muxtoriyatini qo‘llab-quvvatlaydi. 1918 yilda barcha ziyolilar va siyosiy arboblar uni bir ovozdan Turkiston davlat universitetiga rektor qilib saylashadi.

1918 yil Munavvarqori “Turk o‘chog‘i” ilmiy-ma'rifiy jamiyatiga asos soladi. U Turkiston xalqlarini mustaqil, o‘z davlatlarining egasi sifatida ko‘rmoqchi edi.

Qatag‘onlarning boshlanishi va yashirin faoliyat

Afsuski, bolsheviklarning qo‘li baland keldi. Hali endigina o‘sib kelayotgan nihol misoli bo‘lgan jadidlar harakati o‘zining yaratilish davridayoq mag‘lubiyatga uchraydi. Agar uning rivojlanishiga bir oz muddat berilganida edi, u qudratli emanga aylanar va hech qanday bolsheviklar boltasi uni chopib qulata olmasdi.

Turkiston ozodlik harakati mag‘lubiyatga uchray boshlagach, 1917-20 yillarda Munavvarqori “Milliy ittihod”, “Milliy istiqlol” kabi yashirin jamiyatlar tuzadi va ularni boshqaradi.

Munavvarqoridan tashqari, tarixchi Ixtiyor Esonov o‘rgangan manbalarida ko‘rsatilishicha, yashirin jamiyatlar faoliyatida Ashurali Zohiriy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev, Said Ahroriy va boshqalar muhim rol o‘ynashgan.

Keyin bolsheviklar qatag‘onlari boshlanadi. Ular hokimiyat tepasiga kelganidayoq boshlangan qatag‘onlarning dastlabki to‘lqini dahshatli edi.

Munavvarqori o‘zining mustaqillik g‘oyalaridan bir qadam ham chekinmagani bois, qatag‘onning ilk qurbonlaridan bo‘ldi. Zero, bolsheviklar uning qiyofasida ulkan xavfni ko‘rgandilar.

Shuning uchun u 1937 yilda, ya'ni qatag‘onlarning ikkinchi to‘lqini chog‘ida emas, 1929 yildayoq hibsga olingan va ikki yil NKVD zindonlarida tergov qilingan.

Uni NKVD jallodlari ne ko‘yga solishgani noma'lum. Ammo 1931 yil Moskvadagi tergov izolyatorida Munavvarqori Abdurashidxon otib o‘ldirilgani ma'lum. Xalqimizning buyuk farzandi Munavvarqori Moskvadagi Vagankova qabristoniga dafn etilgan.

Nima uchun bolsheviklar uning jasadini ham boshqa o‘zbek ziyolilariniki kabi noma'lum joylarga ko‘mib yubormagan ekan, deb o‘ylab qolaman.

Balki bu ularning bunday ulug‘vor bilim egasini, o‘z xalqi baxt-saodati, kelajagi uchun kurashgan tolmas kurashchining irodasini buka olmaganidandir.

Ehtimol, qatl etilgan Munavvarqorining rus tuprog‘ida insoniy dafn etilishi, otilgan kuni uning yaqinida bo‘lgan shaxslar qo‘lidan kelgan eng so‘nggi iroda, hurmat belgisidir.

Batrakdan chiqqan sarkotib

Aynan Munavvarqori hibsga olinib, otilib ketgan davrda yana bir o‘zbek “qahramoni” Usmon Yusupovning siyosiy karerasi yuksalmoqda edi. Bu mutlaqo tasodif emas edi, albatta.

O‘rta Osiyodagi jadidlar va Turkiston ozodligi harakatida bo‘lgan ziyolilar qatlamiga qarshi kurashda birgina rus tilida gapiruvchi inqilobchilar va mafkurachilarning o‘zi kamlik qilardi.

Buni bolsheviklar yaxshi tushunardilar. Mahalliy aholi orasidan bolsheviklarga va ularning mafkurasiga qulday xizmat qiladigan namoyondalar kerak edi.

Bolsheviklar o‘zlari tomonga o‘tgan Fayzulla Xo‘jaev, Akmal Ikromov kabi asli jadid va aksariyat Munavvarqori izdoshlari bo‘lgan shaxslarga baribir to‘liq ishonmasdilar. Keyinchalik qatag‘onlarda bu o‘z isbotini ham topadi.

1927 yildan keyin hokimiyatni to‘liq qo‘lga olgan Stalin va bolsheviklar elitasi uchun faqat sovet mafkurasiga sadoqatli, o‘l desa o‘lib, ot desa otadigan manqurt, lekin liderlik qobiliyati bor kadrlar kerak edi.

Usmon Yusupov Stalinbop aynan shunday kadrlardan biri edi. Agar uni kashf qilishmaganida, baribir millat ichidan shunga o‘xshagan boshqasi topilishi aniq edi.

Usmon Yusupov 1901 yilning 1 martida Farg‘ona vodiysining Marg‘ilon uezdi Kaftarxona qishlog‘ida kambag‘al batrak oilasida tug‘ilgan.

Bolaligi moddiy yetishmovchilik va mashaqqatli mehnat ostida o‘tgan Usmon Yusupovning ko‘ngli boylar va ziyolilarga qarshi nafrat bilan to‘lib toshgan edi.

Ehtimol Usmon Yusupovga o‘xshagan yoshlar ham o‘z davrida jadidlar maktablarida o‘qiganlarida edi, bolsheviklar o‘zbek xalqi ichidan bunday jallodlarini yarata olmagan bo‘lar edilar.

Ehtimol Turkiston xalqlari uzoq yillar kechirgan uqubatlar baxtsiz bolalikning uni yetishtirgan jamiyatga qarshi achchiq mevalari hamdir.  

Biroq Yusupov tarafdorlari uning mehnatkash, ajoyib tashkilotchi rahbar bo‘lganini iddao qilishadi. Bu haq gap.

Yusupov 1918 yili paxta tozalash zavodiga ishchi bo‘lib joylashadi. Zavodda u partiya tashkiloti ishlarida faol qatnashib, ko‘zga ko‘rinib qoladi. Yigitchada boshqaruvchanlik va talabchanlik xususiyatlari yaqqol sezilardi.

1926 yilda u Toshkent okrugi kasaba uyushmalariga rais bo‘lib saylanadi. 1928 yildan Toshkent okrugi kommunistik (bolsheviklar) partiyasi bo‘limi kotibi. 1929 yildan O‘zbekiston KP(b)si qo‘mitasi kotibi, 1931 yildan VTsSPS O‘rta Osiyo byurosi raisi bo‘ladi.

1936 yildan O‘zbekiston SSR oziq-ovqat sanoati xalq komissari. 1937 yildan to 1950 yilgacha O‘zbekiston SSR Kompartiyasi markazqo‘mining birinchi kotibi, ya'ni respublika rahbari, to‘g‘rirog‘i, Kreml noibi etib tayinlanadi.

Usmon Yusupov Stalin o‘limidan 10 kun o‘tgach O‘zbekiston markazqo‘mi sarkotibi lavozimidan bo‘shatiladi.

1950 yildan 1953 yilning 15 martigacha SSSR paxtachilik vazirligining birinchi vaziri bo‘lgan.

Ctalinning sadoqatli quli

Xo‘sh, minglab begunoh insonlar, millat oydinlari, ziyolilar, siyosatchilarni ayovsiz qatl qildirgan Iosif Vissarionovich Stalin Usmon Yusupovga nisbatan uzoq yillar nega bunchalik marhamat ko‘rsatdi?

Bu savolning javobi oddiy – Usmon Yusupov Stalinning sadoqatli quli, O‘rta Osiyodagi eng ishongan vakili, sevimli shogirdi edi.

Bejiz Usmon Yusupovga 1937 yilning 30 iyulida NKVDning 00447-son qarori bilan maxsus uchlik (osobaya troyka) guruhiga boshchilik qilish topshirilmagandi.

Aynan shu uchlik xalqning eng yaxshi qatlamini – jadidlarni va boshqa ziyolilarni ommaviy qatag‘on qilishda bosh-qosh bo‘lgan.

Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosirlarni o‘limga buyurgan manfur uchlikka Yusupov rahbarlik qilgan.

Yanada achinarli jihati o‘zbek jamiyatining mana shu qotillarga haliyam ehtirom, hurmat bajo keltirib yurganidir. Bu odamning nomini ulug‘lash shahid ketgan jadidlar, millat oydinlari, qolaversa, qatag‘onga uchragan millionlar ruhiga haqoratdir.

Usmon Yusupovning qatag‘onlaridan zada bo‘lganlar Kremlga imzosiz xat yuborishadi. Balki bu ham manfur tuzumning bir nayrangidir. Chunki 1946 yili Stalin Kremlda Usmon Yusupovni shaxsan o‘zi Siyosiy byuro a'zolari oldida tergov qiladi.

Uning taqdiri qil ustida turgandi. Zero, bu manfur tuzum o‘zining itday sadoqatli mulozimlarini ham, sodiq xizmatkorlarini ham ayamasligi aniq edi.

Biroq Usmon Yusupovning yonini olgan Markazqo‘m kotibi Patolichev uni Stalin qahridan qutqarib qoladi.

Aslida bolsheviklar O‘rta Osiyodan kelgan dunyoqarashi nisbatan tor bu paxtakorga past nazar bilan qarardilar va Stalinning bu erkatoyiga unchalik ishonishmasdi.

Stalin o‘limidan o‘n kun ham o‘tmay uning Kreml olimpidan tepib yuborilishiga ham ehtimol sabab shudir. Xrushchyovning roli katta bo‘lsa kerak.

O‘zbekistonga qaytgan Usmon Yusupov 1955 yilgacha O‘zbekiston SSR Vazirlar kengashi raisi lavozimini egallab keladi. Xrushchyov hokimiyati kuchaygach esa u Toshkent viloyati Boyovut tumani (hozirgi Sirdaryo viloyati)dagi 4-sovxozga direktor qilib jo‘natiladi.

Bir paytlar O‘zbekistonni boshqargan, SSSR vazirlaridan biri, SSSR Oliy Soveti prezidiumi a'zosi bo‘lgan odamning chekka bir sovxozga badarg‘a qilinishi kimga kerak bo‘lgan ekan?

Usmon Yusupov 1959 yilda nafaqaga chiqariladi. Ammo bu serg‘ayrat odam 1962 yilda yana rahbarlikka qaytib, Yangiyo‘l tumanidagi “Xalqobod” kombinati direktori lavozimiga o‘tadi.

Usmon Yusupov 1966 yil 7 may kuni Yangiyo‘lda o‘lgan, Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn etilgan.

Hozir ham Usmon Yusupov xotirasini ulug‘lamoqchi bo‘layotganlarga yana bir eslatma.

Usmon Yusupov 6 ta Lenin ordeni, 1 ta “Qizil bayroq” ordeni, “Faxriy belgi” nishoni va kommunistik partiya kashf qilgan boshqa ko‘plab mukofotlar egasidir.

Eng dahshatlisi, ana shu mukofotlarning bir qismi unga millat oydinlarimizni yo‘q qilib, mahv etgani uchun, qolgan qismi esa o‘zbek xalqini qizil imperiya manfaati yo‘lida qullarcha ishlatgani uchun berilgan.

Ixtiyor Esonov
tarixchi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 mart 2017
Keyingi 2 oy mobaynida Andijon shahrida oltita pichoqbozlik qayd qilingan. Andijon shahar Ichki Ishlar boshqarmasining o‘tgan payshanba maxalliy nashrlarga ...
21 yanvar 2021
«Eltuz» 21 yanvar kuni satira yo‘nalishidagi to‘rt minuntlik yangi animatsion filmni taqdim qildi. Bunda o‘zbek fermerlarining xonavayron bo‘lishiga sabab ...
13 noyabr 2020
“Ug‘ur” degani eski turkchada “muvaffaqiyat”, “omad” degan ma'no beradi.  Ug‘ur hali uch yosh ekan, ishchi oilaning farzandi o‘laroq Iskanderundan Germaniyaga ketdi. Bu 1965 yil edi. Onasi va otasi ...
17 avgust 2021
The Economist nashri 15 avgust kuni «Tolibon»ning Afg‘onistondagi g‘alabasi va hukumatning tezda taslim bo‘lishi tahliliga bag‘ishlangan maqola chop etdi. ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...