Asosiy mavzular
18 sentyabr 2020

RTdan va'z: Mirziyoevning uchinchi renessansi

Yaxshilik, ezgulik va odamlarga qayishish haqida gapirgim keldi bugun. Ko‘zlarimga xunuk dunyoni ham go‘zal ko‘rsatadigan rangli ko‘zoynak taqqim keldi. Dunyoda yaxshilar yo‘q deganlar yanglishadi. Bir qop kurmak orasida guruch ham uchraydi.

Va'zda she'r kam bo‘lsin, deyishibdi. Mushtariy istagi men uchun aziz, ammo tegramizdagi hayotni shoirdan ko‘ra teran kim aks ettira oladi? Masalan, Halima Xudoybderdievaning mana bu satri:

“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.

O‘tgan jumadan buyon qanchadan-qancha odam o‘ldi. Sudyalar, doktorlar, hatto Toshkent viloyati imom xatibi ham. Men o‘qigan ilk kitob – “Oq kema”ni tarjima qilgan ulug‘ mutarjim Asil Rashidov ham olamdan o‘tdi.

Qo‘ng‘irot tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Kuanishboy Akimov va Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i mayor Doniyor Jabborov koronavirusdun o‘ldi. 

Shuningdek, Xorazm viloyati 1-klinik shifoxonasi shifokori Baxtiyor Qilichevni ham korona olib ketdi. Xuddi urush xabarlariga o‘xshaydi.

Noming o‘chsin, korona! Endi boshlanganida “korona bizga yuqmaydi, chunki biz qo‘y yog‘iga osh yeymiz”, deyishuvdi ba'zi polvonlar. Katta gapirguncha katta tishlasang bo‘lmasmidi, taqsir.

Lekin baribir bu kunlarga yetib kelganlar bor. Ulardan biri men. O‘lganim yo‘q. Ëv qo‘lida taslim ham bo‘lganim yo‘q.

Senga mendan xabar bersalar,
“U yiqildi, charchab”, – desalar,
Yo‘q, ishonma, bag‘rim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas, yaqin ko‘rsalar.

Senga mendan xabar bersalar,
“U Vatanni sotdi”, – desalar,
Yo‘q, ishonma, jonim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas, meni sevsalar.

Yurtdan ketdim yurtni, seni deb,
Men kurashdim qonli har damda.
Yurtni, seni qo‘limdan bersam,
Nima qolar menga olamda?
Senga mendan xabar bersalar,
“Musa o‘ldi endi”, – desalar.
Yo‘q, ishonma, bag‘rim!
Bu so‘zni –
Do‘stlar aytmas, meni sevsalar.

Musa Jalil

Xabarlarga o‘tsak.

XABARLAR

Tom boshida mojaro. Parkentlik 61 yashar tog‘a tomda lo‘mboz qo‘yayotgan edi. Shu payt pastda 67 yashar chol kelib, undan qarzini so‘radi. “Davay, qarzni ber”, dedi boboy. 

Lo‘mbozchi tog‘aning jahli chiqdi. Tomdan turib cholning boshiga g‘o‘la irg‘itdi. Miyasining qatig‘i chiqib ketgan chol reanimatsiyaga yotqizildi. Lo‘mbozchi tog‘a qamoqda.
+++
Samarqand. Farhod degan shaharchada amnistiyaga tushib qaytgan bitta sobiq zek o‘z bolasini 5-qavatdan tashlavordi.
+++
Namanganda “Moskvich” haydovchisi 51 yashar vatandoshini bosib o‘ldirdi. Dunyodagi eng o‘limtik mashina shu mahsikavush.
+++
Raqamlarni yaxshi ko‘raman. Bir vaqtlar televidenieda ishlaganimda jurnalist og‘am Ro‘zimboy Hasan “Raqamlar” degan teleloyiha yozib keluvdi. Masalan 27 raqami. Bu Karimovning lavozimda o‘tirgan 27 yili. Ëki aholi cho‘ntagidagi pulning 27 foiz oshgani.

Har holda aholi o‘zining boyiganini televizordan bildi.

O‘zbekistonda aholi yalpi daromadining 27 foiz oshgani haqida “O‘zbekiston 24” telekanali xabar berdi.

Yaxshi niyat – yarim mol. Bekor ishlamay o‘tirsak ham daromadimiz oshibdi. Umuman, dunyo bir dunyo raqamlardan iborat bo‘lib qoldi. Shu ko‘rayotgan tasviringiz ham raqamli tasvir. Bu raqamlarni yurtdoshim joriy qilganidan sevinib, suvutlarga chiqib ketaman.

RAQAMLAR

Xorazmiy 0 raqamini “kashf qilgan” va hozir arab raqamlari deya yuritiladigan sanoq tizimiga “asos solgan”, deya yozilishi bilan aqllilar dod-voy solib: “Yo‘q, bu tizim Xorazmiygacha hind qabilalarida mavjud bo‘lgan”, deyishadi.

Xo‘p, bu borada barcha olimlar ittifoq bo‘lgan vikipediya nima deydi:

“Hind sanoq tizimini xorazmlik olim Abu Ja'far Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy butun dunyoga bildirgan va bu tizimning asosiy tizim sifatida dunyo matematika ilmida joriy qilinishiga erishgan. Xorazmiy bu tizimni ommalashtirish uchun  “Hind sanoq tizimi haqida” nomli kitob yozgan. Bu kitob ortidan butun islom dunyosidagi matematik olimlar faoliyatida va hozirgi Ispaniya hududida 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 0 tizimi joriy bo‘lgan. Hozirga kelib dunyo faqat shu sanoq tizimidan foydalanadi”.
 
Xorazmiy dunyodagi barcha sanoq tizimlari (Xitoy, Rim, qadimgi Bobil raqamlarini) solishtirib ko‘rib, it topmas joydagi oz sonli hind qabilasi ishlatadigan sanoq tizimi yaxshi ekanini aniqlagan. 

(Bu tizim shaklidagi uchburchaklar soniga ko‘ra ishlaydi. Masalan, 1 raqamida bitta uchburchak bo‘lgan. 8 raqami esa hozirgi kabi, faqat ikkita yumaloq o‘rniga ustma-ust turgan ikki uchburchakdan iborat. Sovet pochtasi konvertlari ustiga  indeks yozilishida original hind raqamlaridan foydalanilgan edi).

Bitta sanoq tizimini topib, butun dunyoga yoyish olamshumul ilmiy jasorat emasmi? Nega biz Amerikani ochgan kashfiyotchi deya Kolumbni ardoqlaymiz? Amerika turuvdi-ku okeanning nariyog‘ida. Kolumb Amerika diyori borligini boshqalarga bildirgani uchun kashfiyotchi sanaladi. 

Al Xorazmiy ham shunday. Insof yuzasidan aytishim kerak, xorazmlik yana bir olim Al-Beruniy  (Xorazmiy asaridan ilhomlanib) hind sanoq tizimi haqida traktat yozgan (bu traktat bugungacha yetib kelgan).

Beruniyning bu kitobi Misr, Markaziy Osiyo va Eronda o‘nlik sanoq son tizimining yoyilishiga sabab bo‘lgan. Demoqchi bo‘lganim, Xorazmiyning bugungi sanoq tizimini dunyo amaliyotiga tatbiq etishdagi rolini kichraytirmaylik.  

Albatta, Xorazmiy hech narsa qilmay, faqat “Kitabul muxtasar val-jabr va-l-mukabala”ni yozganida ham barcha davrlarning eng buyuk olimi bo‘lib qolaveradi. Chunki har bir smartfon ichida Al-Xorazmiyning algoritm tizimi o‘tiribdi.

Raqamlar haqida gapirayotgandik. O‘zbekiston prezidenti mamlakatimizda uchinchi renessansga poydevor qo‘yilayotganini aytdi. Mana bu ko‘rayotganimiz manzara prezident aytgan uchinchi renessansning aynan o‘zi bo‘lsa kerak.

(Video Buxorodagi urush)

Anovi oq kiyimli erkakning aylantirib tepganini ko‘rib ko‘zim yayradi. O‘zbek jamiyati kuchni tan oladi. Kuchli nohaq bo‘lsa ham unga ta'zim qiladi. Jamiyatda o‘qituvchi yoki olim emas, balki qamoqxona noziri, o‘g‘ri, qonundagi o‘g‘ri, prokuror, sudya, militsiya boshlig‘i kabi qudrat sohiblari izzatda.

Norinlik qiz ikki vovchikni urib, umuman turmaydigan qilib qo‘yganidan keyin jamiyat bu qizga qarab “O‘O‘O‘O‘O‘O‘”, dedi. Agar anovi ikki hezalak bu qizni urib, maykasini yirtib, sazoyi qilganida butun jamiyat o‘sha ikki hezalakka qarab “O‘O‘O‘O‘”, derdi. 

O‘rmonda hayvonlar juftlashish oldidan bir-biri bilan urishadi. Jangda g‘olib kelganning oldiga urg‘ochi hayvon borib to‘nqayadi. Muqoyasani siz qiling. Men esa finjondan qahva xo‘plab, taxayyul qilib, sizga bir ip uchi bersam.

Ëki bir boshdan aytib beraqolay. Norinlik qizning ikki vovchikni nokaut qilgani va bo‘q yegan samarqandlik qiz hikoyasi Mirziyoevga yetib bordi. Yillardan beri shakllangan odatga ko‘ra, Ziroat kennayi ijtimoiy media va xalqaro radiolardagi xaypona mavzularni dayjest qilib ishdan kelgan eriga yarim tunda bo‘lsayam aytib beradi. (Endi boshqa ishi bo‘lmaganidan keyin…) 

Norinlik sportchi qiz voqeasidan Mirziyoev o‘ta ta'sirlandi. Juma kuni soat tungi 2 da bitta tugmani bosib, Bobojonovga telefon qildi. Bobojonov ham prezident qachontelefon qilarkan deb uxlamay o‘tirgan chog‘i, yarim sekundda trubkani ko‘taradi. “Yest”, deydi Bobojonov.

Ana shundan keyin vazirlik tizimida osmon uzilib yerga tushadi, yer yorilib zamoriq chiqadi. Sportchi qizga ish ochgan tergovchining onasini vazirlikning barcha darajadagi zobitlari og‘izda itarib chiqadi.

(Tasdiqlanmagan ma'lumotga ko‘ra, Namangan IIB boshlig‘i tergovchini tagiga bosib urib tashlagan, deyishdi). Xullas, ishni qo‘sh qo‘llab Bobojonovga yetkazishadi. Kasbi yurist bo‘lgan va uzoq vaqt prokuraturada ishlagan Bobojonov ishning tufta ekanini bir o‘qishda tushunib yetadi. 

Yirtib, Namangan IIB boshlig‘ining betiga otadi. Tergovchilarga intizomiy chora ko‘riladi. Norin tumani IIB boshlig‘i o‘zi borib, sportchi qizga ish yopilganini aytadi. 

Ana shundan keyin uyiga horg‘in qaytgan Namangan IIB boshlig‘i hovlisining o‘rtasida turgan chelakni ko‘tarib, ichidagi suvning deyarli yarmini ichib qo‘yadi. Pogoni yulinmagani uchun Shohimardon pirimga bir qora qo‘chqor ataydi.

Koreys er orzusi

Joriy haftada yana bir video tarqaldi. Unda karis erjonlarga tegib olish uchun navbatda turib, karis tilida gapirish, ovqat qilishni o‘rganayotgan o‘zbek qizlari aks etgan. “Eltuz” blogeri Mirza Anvar aka bu videoni sharhladi:

“Shu qizlarga O‘zbekistonda yaxshi yashash uchun sharoit yo‘qligidan majbur bo‘lishyapti itga-bitga tegib ketishga. O‘qiy desa, hamma yoq pul bo‘lib ketgan, ishlay desa, ish yo‘q, erga tekkani bilan o‘ziga o‘xshagan bir qashshoqqa tegadi. U er ham bir, ikkita tug‘dirib, haydab yuboradi….

Kelajakda bir yorug‘ umid ko‘rinmaganidan keyin nima qilsin?! Tavakkal qilib karisga tegadi. Bir-ikki yil yashab, ajrashib ketsayam, besh-olti so‘mlik bo‘lib qolishni umid qilishadi, bechoralar!

Bir sinfdoshim kasal bo‘lib o‘lib qoldi. Orqasida beva xotini, uch qizi, bir o‘g‘li qoldi. Oradan besh-olti yil o‘tgach, eshitsam, katta qizi karisga tegibdi. Xotini bechora bir ahvolda yurar edi. 

Eshitishimga qaraganda, qizi yuborgan pullarga dang‘illama uchastka quribdi. O‘g‘liga qimmatbaho moshina olib beribdi. Qo‘lida dollar o‘ynaydigan bo‘lib qolgan, deyishdi tanishlarim…

Lekin baribir o‘zbek qizlarining karis-parisga tegishi odamning yuragini kuydirib yuboradi!..

Lekin nima qilishsin axir?!..”

Shu o‘rinda sizdan kichkina bir iltimosim bor. Shu videoga layk qo‘yib, qo‘ng‘iroqchani bosib, obuna bo‘lsangiz.

Va'z ichida reklama ko‘paydi, degan e'tirozlar ham bor. Animatsiya (multfilm) qilish vaqt va pul ketadigan jarayon. Va'z nega kechikdi, deganlar uchun javob. Yilning dekabrigacha “Eltuz”ning yutubdagi kanalini reklamasiz taqdim qildik. 

Hech bo‘lmaganda yarimta odam yordam qilganida yana reklamasiz taqdimot davom etar edi. Joriy yilning may oyidan boshlab kanalni reklama uchun ochishga majbur bo‘ldik. O‘z armiyasini boqa olmagan xalq o‘zga armiyani boqadi, degan gapdi oldin aytuvdim. Jamiyat bir-biri bilan gazeta (OAV) orqali gaplashadi. O‘ris TV yoki o‘ris tashviqot matbuoti muloqot emas.

Shu o‘rinda bir ertak aytib beray, ikkinchisini va'z oxirida aytaman.

QIROLNING XODASI

Bir  qirol bo‘lgan ekan qaysidir tepaning ortida. O‘sha qirolning saroyi ikki qavatli edi. Qirol ikkinchi qavatda yashardi. Qirolning oldiga arz qilib kelganlar birinchi qavatdagi kotib va boshqa mulozimlar chig‘irig‘idan o‘tishi kerak. 

Buni bilgan qirol o‘z derazasiga uzun bir xodani suyab qo‘yibdi. Arzi borlar saroyning ortiga o‘tib, derazani xoda bilan taqillatishar ekan. Qirol derazadan qarab, o‘sha arzchining muammosini “shessekund”da hal qilib berarkan. 

Hamma muammolar “shessekund”da hal qilinaverib, hech kimning muammosi qolmabdi. Hech kim qirolning derazasini taqillatmay qo‘yibdi. Oylar, yillar shu tariqa o‘tibdi. Qirol qo‘lidagi smartfonini kavlab o‘tirsa, birdan deraza taqillabdi. 

Qirol qarasa, bitta eshak kelib, yelkasini xodaga qashlab turibdi. Qirol mol do‘xtirini eshakdan xabar olishga tushiribdi. Mol do‘xtiri qarasa, eshakning yelkasini  yag‘ir bosgan ekan. U eshshakni davolab, yag‘iridan xalos qildi. 

Qirol esa eshakning egasini toptirib, “nega jonivorga qaramading”, deb do‘xtirning haqini to‘lattirib, yana jarima qilib jazoga ham tortibdi.

Qissadan hissa mana budir. Matbuot – qirol derazasini taqillatadigan xoda. Bu xoda hatto eshaklarga ham foyda keltiradi. “Eltuz”ning yutubdagi kanalini ziyorat qilish kabi savobli ishni har kim har kuni qilishi joizdir.

BUYuK KYeLAJAK HAQIDAGI TUSh

Kecha kechqurun g‘ijduvonlik muallima opaning bolalarni masjiddan qaytargan audiosini eshitib, chuqur g‘ussaga cho‘mib, uxlab qolibman.

Ertalab tursam, maktablarda qizlarga hijob kiyishga izn  bo‘libdi. Sevinib ko‘chaga chiqsam, bir so‘ri odam maktablarda qizlar alohida, erkaklar alohida o‘qisin, deb miting qilayotgan ekan. “Yashasin!” deb ularga qo‘shilib baqirdim. 

Ertasiga maktablar qizlar va erkaklar uchun alohida qilindi. Mana, bo‘larkan-ku, deb sevindim. Maktablarda biologiya fani o‘qitilmay, o‘rniga “mustajob duolar” degan fan qo‘yildi. “Urra”, dedim. 

Ertasiga shaxmatni taqiqlashdi. Indiniga kofirlarga juzya solig‘i solish haqida davlatimiz rahbarining buyrug‘i chiqdi. Hamma o‘g‘rilar “Paxtakor” stadioniga olib kelinib, oshpichoq bilan o‘ng qo‘li chopildi. 

Ajab bo‘lsin. Yana o‘g‘irlik qilsa, narigi qo‘li ham chopiladi. Qatortoldagi jalaplarni toshbo‘ron qilib o‘ldirish uchun Gagarin haykalining oldiga olib kelishdi.

Shu yerda muammo chiqdi. Bu haykalning nima keragi bor, degan. Gagarin haykalining bo‘yniga arqon solib ag‘darib tashlashdi. Keyin jalaplar toshbo‘ron qilindi. Ana endi hammasi tartibga tushdi. 

Navoiy kutubxonasini yoqvoraylik, deyishganida yo‘q dedim. Ichidagi kitoblarni qayta ishlab, hojatxona qog‘ozi ishlab chiqaraylik desam, ular yo‘q dedi. Chunki kesak bilan orqaa artilishi bilzarurat ekan. 

Xullas, Navoiy kutubxonasidagi kitoblarni qayta ishlab, karton ishlab chiqarish kerak, degan masalada murosaga kelindi.

Mashinalar ichidagi antifrizlarni to‘kib tashlashga buyruq chiqdi. Chunki ular tarkibida alkogol mavjud. Sartaroshlarga odekolon ishlatish man qilindi. 

Ayollarning bodring va baqlajon sotib olishi va “Tashmore” yoki Chorvoqda cho‘milishi ham taqiqlandi. Eng ma'qul ish ayollarning mashina boshqarishi taqiqlangani bo‘ldi. Avariya kamaydi. 

Burqa va paranji chimmat katta miqdorda Xitoyda tiktirilib, ayollar orasida tekin tarqatildi. Hozir maxsus politsiyaga ishga kirvoldim. Namoz o‘qilayotgan paytda ko‘chada yurgan benamozlarni ushlab, “Panelniy”ga qamash bilan shug‘ullanamiz. 

Gulday hunar. Eng muhimi, paxta o‘rniga ko‘knori ekishga izn bo‘ldi. Charsning quvvati bilan gavdamiz g‘oz bo‘ldi. Yuzda chimmat, boshda salla, g‘oz yuramiz gerdayib. Qo‘limizda qora bayroq – kelajak esa porloq…

Birdan uyg‘onib ketib, bu gaplarning tush ekanidan o‘kinib yig‘ladim.  Bu ummat g‘arib keldi va g‘arib ketajak. Saodat asrini ko‘rishdan benasibmiz. Men yig‘lamay kim yig‘lasun…

Tushimni taqvosi kuchli qoriga aytib bersam, umuman xayrli tush, faqat musulmonlar uchun gera yoki ko‘knor ishlab chiqarish joiz emas, dedi. Qolgani umumiyatla ahli kitob uchun uyg‘un, iloyim tushing o‘ng, topganing oltin, ko‘rganing to‘y bo‘lsin, dedilar.

BIZNING O‘RNIMIZDA BO‘LGANINGIZDA NIMA QILARDINGIZ?

Shu kunlarda prezident kuyovining lashkari safidaman, degan mushtumzo‘rlar odamlarni qon qaqshatib, puliyu molini olishayotgan ekan. Ayniqsa, Andijonda Hasan Ergashev degani o‘tganning o‘rog‘ini, ketganning ketmonini olayotgan ekan.

Prezident kuyovi “reyderlik yo‘li bilan palonchining biznesini tortib olibd” desam, bitta aqlli “kuyovning o‘rnida bo‘lsang sen ham tortib olarding, dedi. Oldin Gulnoraning o‘g‘irligini yozganimda bu troll “uning o‘rnida bo‘lganingda sen ham o‘g‘irlarding 8 milliard”, degandi. 

Bir kattaroq akamiz Afg‘onistonda tarjimon bo‘lib ishlaydi. O‘sha akamiz afg‘onlarga qarab, “Nega bachchabozlik qilasizlar” desa, “agar bachcha tekin bo‘lsa, sen ham jon deb qilasan-ku», deyishibdi afg‘onlar. 

Davom etamiz. Mabodo kuyov o‘z moshinasida ko‘chadagi bir bechora piyodani ezg‘ilab bosib o‘ldirib ketdi, deb aytsam nima deysan. Men uning o‘rnida bo‘lsam piyodalarni bosardim, deysanmi, g‘alcha.

Umuman, trollar ikkiga bo‘linadi. Oddiy trollar va yollanganlar. Ëllangan trollarda miya bo‘lmaydi. Shunaqa gaplar. Kuyovlarni tanqid va hajv tig‘i birla tilka-pora qilamiz. Bizning o‘rnimizda bo‘lsangiz nima qilardingiz?

Qo‘ying tepadagi mushtumi kattalarni o‘z holiga, va'da qilgan ertakni aytib bering, demoqda mushtariylar.

YaXShILIKNING TAGI TYeShIK

Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib, uning otini so‘rab olib, minib ketganicha qaytib kelmabdi. Bir qarindoshi kelib, gilamlarini so‘rab olib badar ketibdi. 

Notanishlar kelib, idish-tovoqlarni so‘rab olishibdi. Oxirida bir odam kelib, uyingni menga ber, desa yaxshi odam uyini ham bervoribdi.

Uysiz qolgan yaxshi odam dunyo kezishga qaror qilibdi.  Yo‘lda ketayotsa, uchta odam qumloq yerni chopayotgan ekan. Odamlar unga qarab, “Ey darvish, shu yer bizga otamizdan meros qoldi. Ammo qumloq yer, nima eksak ham bitmayapti”, deyishdi. 

Yaxshi odam “otangiz nima deb vasiyat qilgan edi?” deb so‘rabdi. “Uchovlon bir bo‘lib, mendan meros yerni ag‘daringlar, kam bo‘lmaysizlar, deya vasiyat qiluvdi”, deyishibdi odamlar.

Yaxshi odam yerning o‘rtasiga borib hassasini tiqqan ekan, qattiq narsaga tegibdi. “Shu yerni qazinglar”, debdi yaxshi odam.

Odamlar qazisa, xum to‘la oltin chiqibdi. Odamlar bu oltindan bir qismini chorsiga tugub, yaxshi odamga berishibdi. Yaxshi odam olmabdi va yo‘lida davom etibdi.

Yo‘lda ketayotsa, daryoda katta bir baliq suvdan yarmi chiqqanicha suzolmay turgan ekan. Baliq yaxshi odamga yolborib, “men nega barcha baliqlar kabi suza olmay qiynalib yotibman”, deb so‘rabdi.

Yaxshi odam qarasa, baliqning suzgichlari orasiga tosh kirib qolgan ekan. Yaxshi odam bu toshni hassasi bilan kavlab olib, qirg‘oqqa qo‘ygan ekan, baliq bemalol suzib ketibdi. 

“Ey yaxshi odam, sen meni hayotga qaytarding. Suzgich qanotlarim orasiga kirib qolgan tosh oddiy tosh emas, balki qimmatbaho olmos edi. Ol uni”, debdi baliq.

Yaxshi odam bo‘lsa, “menga olmos ne kerak”, deya kattagina qimmatbaho olmosni daryoga irg‘itib yuborib, yo‘lida davom etibdi.

Yo‘lda u bir och arslonni ko‘ribdi. Arslon holsiz yotar edi. “Ey yaxshi odam, holdan toyib, yurishga ham madorim qolmadi, buning chorasi nima”, debdi Arslon.

Yaxshi odam qarasa, arslon ochlikdan qiynalgan.

“Sen yaxshilab ovqatlanishing kerak. Ammo sahroda biror bir tirik jon ko‘rinmaydi sen yeydigan. Yaxshisi meni yeyaqol”, debdi yaxshi odam.

Arslon bir irg‘ib yaxshi odamning ustiga o‘zini otdi va uni yeb, qornini to‘yg‘azdi.

Yaxshilikning tagi teshik degani shumi?

AXLOQ KODI

Poezd ketyapti. Qarshisidan 5 odam chiqdi. Dastakni burib, yo‘lni o‘zgartirish mumkin, u holda poezd faqat bitta odamni bosadi. Siz dastakni burarmidingiz? Siz chamamda “ha”, deb javob berdingiz. 


Ikkinchi versiya. Poezd ketyapti. Qarshisidan poezd urib yuborishi mumkin bo‘lgan 5 odam chiqdi. Siz ko‘prik ustida turibsiz, yoningizda yana bir odam bor. Agar uni poezd tagiga itarib yuborsangiz poezd to‘xtaydi va siz 5 odamning hayotini saqlab qolasiz. Siz bu odamni itarib yuborgan bo‘larmidingiz?
 
Bu safar chamamda siz “yo‘q”, deb javob berdingiz. 99% odam shunday javob beradi. Normal odam sovuqqonlik bilan yonidagi odamni poezd tagiga tashlab o‘ldirishi mumkin emas. Bunday qilishingizga nima xalaqit beradi?
 
Odamlarga o‘rnashgan axloqiy kod xalaqit beradi.

Biroq ayni axloq kodi ayrim odamlarda, ba'zan esa butun bir millatda izdan chiqishi mumkin. Masalan, o‘tgan asrning 70-yillarida Kombodja diktatori bo‘lgan Pol Pot kasallar, keksalar va xunuk odamlar bo‘lmagan ideal jamiyat qurishni istadi. Uning ortidan o‘zi kabi axloqi tuban shaxslardan iborat armiya ergashdi va ular qisqa vaqt mobaynida 3 millionga yaqin odamning yostig‘ini quritishdi.

Nasihat qilishni sevmayman, ammo birovlarning nasihatini jon deb eshitaman. Mana bu nasihat Usta Gulmatdan.

Usta Gulmat nasihatlari

Ayog‘ing tortmog‘on yerga aylanib bormog‘on yaxshi,
Diling tortsa, balodin ham benasib qolmog‘on yaxshi.
Chiqimg‘a duch kelar ersang ertani tez ro‘kach qilg‘il,
Bugungi ul tekin oshni keyinga surmog‘on yaxshi.
Ziyofatlar esa xil-xil, ishtahangkim esa karnay,
O‘zing yalg‘on sipo aylab, tortinib turmog‘on yaxshi.
Ko‘p o‘ylanma bu ne'matlar haloldanmu haromdan deb,
Uzumni jimgina kavshab, bog‘ini so‘rmog‘on yaxshi.
Vale yak bor berib avqot, sani du bor talar bo‘lsa,
Oningdek sullaning aftin umrbod ko‘rmog‘on yaxshi.
Fikr birla yashab Gulmat o‘ta noyob o‘git aytmish:
Birovdin olg‘oning maqbul, birovg‘a bermog‘on yaxshi.

Usta Gulmatning 2 raqamli bu g‘azali xum ichidan topilib, 1979 yilda marhum Anvar Obidjon tarafidan qayta tiklangan. (Ulug‘ demokrat shoir usta Gulmatni o‘qish haftaligi davom etadi. Sahifani kuzating).

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz








Tag‘in o‘qing
7 avgust 2021
Barchaga marhabo. “Eltuz”chilar dam olishdan qaytyapti birin-ketin. Ishni boshlashdan oldin soatlarni to‘g‘rilab olsak.  1. Rassom TUZ O‘zbekistonda majburlab vaktsinatsiya ...
16 noyabr 2020
Mayli, nonko‘rga chiqaring, mayli, dushmanga va mayli, provokatorga. Lekin men hozir shunchaki faktlarni konstatatsiya qilmoqchiman. Ushbu rasmga qarang. Kimdadir ...
19 dekabr 2016
Bosh vazir Abdulla Aripov yetakchiligidagi komissiya «Xalq qabulxonalari»ni ochishi lozimligi aytiladi prezident Mirziyoevning farmoyishida. Karimov an'analari ortidan borayotgan Mirziyoev ...
27 yanvar 2021
Darvozani tambalamagan ekanman. Chiroq yo‘q edi. O‘rnimda cho‘zilib, ko‘zimni yumib yotgandim. To‘satdan hovlimdan ayollarning bir-biri bilan gaplashgan ovozi eshitildi ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...