Tuzilajak partiyaning ikkinchi yig‘ilishiga ham to‘sqinlik qilindi
1 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda yangi tashkil etilayotgan «Haqiqat va taraqqiyot» partiyasi lideri Xidirnazar Allaqulovning omma oldida chiqishi aks etgan video paydo bo‘ldi.
«Eltuz»ga ma'lum bo‘lishicha, voqea Yunusoboddagi hovlilardan birida bo‘lib o‘tgan. Allaqulovga ko‘ra, u yerda partiyaning rejalangan yig‘ilishi kimligini ochiqlamagan rasmiy shaxslar tomonidan to‘xtatilgan.
«Navbatdagi yig‘ilishimiz sub'ektiv omillar, tashqi kuchlar tomonidan barbod qilindi, uyda o‘tkazilgan dastlabki yig‘ilishimizning barbod etilgani, hovliga belgilangan ikkinchi yig‘ilishimizning ham barbod qilingani uchun men sizlardan uzr so‘rayman», dedi mahalliy bloger va jurnalistlar qarshisida chiqish qilgan Allaqulov.
Allaqulovning bildirishicha, shu kuni ichki ishlar xodimlari partiya tashabbus guruhi vakillariga, xususan, xonanda Dadaxon Hasan va jurnalist Baxtiyor Karimning ham partiya yig‘ilishida qatnashishiga to‘sqinlik qilishgan.
Jurnalist Baxtiyor Karimning mashinasini yo‘l-patrul xizmati xodimlari 2017 yilgi qandaydir qoidabuzarlikni bahona qilib to‘xtatishgan, Dadaxon Hasan esa Allaqulovga uni uchastka noziri tashqariga chiqmasligini aytib ushlab o‘tirganini aytgan.
Joriy yilning 17 oktyabrida O‘zbekistonning turli viloyatlaridan bir guruh ziyolilar Toshkentda yig‘ilgan. Bu yig‘in “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial demokratik partiyasi ta'sis majlisi oldidan bo‘lib o‘tgan edi.
Yangi tuzilishi rejalashtirilayotgan partiya tashabbuskorlari orasida jurnalist, huquqshunos, iqtisodchi, faylasuf, general-mayor, inson huquqlari faollari bor.
Partiyaning ta'sis majlisini o‘tkazish uchun partiya faollari sentyabr oxirida prezident nomiga ariza yo‘lladi. Unda karantin sharoitida sanitariya talablari saqlangan holda partiya yig‘ilishini o‘tkazish uchun ruxsat so‘ralgan.
Tashabbuskorlar rahbari sifatida ko‘rilayotgan iqtisod fanlari doktori, professor Xidirnazar Allaqulov partiya tuzishda mamlakatda mavjud qonunlar asosida harakat qilayotganini ta'kidlab keladi.
Eltuz.com