RTdan va'z: Podshohlar qaerda uxlaydi?
Yil o‘tub, yillar o‘tub tobora loyg‘a botamiz,
Iblisning suprasinda vahdat mayini totamiz.
Onamiz, balki gumroh, balki so‘qirdir otamiz,
Ko‘r bizim ahvolimiz, g‘aflatda qanday yotamiz.
Joyi kelg‘on chog‘ida vijdonni pulg‘a sotamiz!
(Rauf Parfi O‘zturk, 1994 yil)
Men bir vaqtlar televidenieda ishlaganimda birdan boyib ketgan kambag‘al odamning dabdabaga o‘chligini ko‘rgandim. Mana, men bir paytlar Shovotda yurgan qashshoq edim, endi eshakda emas, «Mersedes»da yuraman, chaylada emas, koshonada yashayman, deb bong urgisi kelardi ularning.
Bilgan odamlar esa buni ko‘rib, ko‘rmaganning ko‘rgani qursin¸ ot minmagan ot minsa, chopa chopa o‘ldirar¸ to‘n kiymagan to‘n kiysa, qoqa-qoqa to‘zdirar, deyishardi.
Har doim men nega odamlar boylik va ortiqcha hashamatdan emas, qashshoqlikdan uyalib, iyzo yeganini tushunmaganman.
Shved yozari Astrid Lindgren ertagi qahramoni Karlson tomda yashaydi. Putin esa milliard dollarlik saroyda uxlaydi. Hojatxona bo‘qini artadigan supurgisi 700 yevro.
Turkiya prezidenti oltin unitazli saroyda yurt so‘raydi. Uning xotini kilosi 6000 yevrolik oq choy ichadi. Kommunistlarning rahbari Lenin chaylada yashab kartoshkani cho‘qqa ko‘mib yegan.
Choyni qandsiz ichgan. Qandni bolalarga bo‘lib bergan. Liviyaning o‘ldirilgan rahbari Muammar Kaddafiy lattadan bo‘lgan chodirda yashardi rahmatlik.
O‘zbekiston rahbari Baytqo‘rg‘ondagi dachada, AQSh rahbari Oq uyda yashaydi. Namangan rahbari esa temir konteynerni o‘ziga uy qilib oldi. Har kim mavqeiga yarasha-da endi.
Qisqa xabarlar
Muz saroyi¸ siti¸ go‘riston qurib kasalini chet elda davolatadigan hukumat «tez yordam»ga 150 ming so‘m to‘lashga og‘rinibdi. Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari muovini Abdulla Abdisalomovichning aytishicha, tez tibbiy yordam mashinasining bitta xonadonga borib-kelish xarajati hozirgi kunda 150 ming so‘mga tushyapti va bu davlat byudjetiga qo‘shimcha yuklama ekan.
Yuklanadi-da endi yuklama bo‘lganidan keyin. Rahmonning berganini shayton qizg‘anibdi, degani shumi?
Pop tumani “Yuqori Xonobod” MFY novvoyxonasida qimorxona ochgan 41 yashar Arabjonni olib kirib qo‘yishdi.
Forish. Kattasoy qishlog‘ilik erkak o‘z do‘stini g‘o‘la bilan urib o‘ldirib, o‘ligini maktab bog‘iga ko‘mib qo‘ydi. Singlisiga gap otgani uchun. Erkak qamoqda, do‘sti go‘rda, singlisi motamda.
19 fevral kuni soat 19:40 lar atrofida Jizzax shahri Islom Karimov ko‘chasida avariya bo‘ldi. Ikki kishi reanimatsiyada yotibdi. Ko‘chaning nomi bexosiyat.
Turkmaniston kunchiqaridagi g‘ordan shu paytgacha fanga noma'lum maxluq topildi. Olimlar bu maxluqqa Gurbanguli deb nom berishmoqchi.
Sal uzunroq xabarlar
Xorazmning Turkmanistonga tutash Shovot tumani. 2021 yilning 15 fevrali. Nomi Guliston bo‘lsa ham cho‘listonga o‘xshash joy. Soat tungi 3.
Atrof zim-ziyo qorong‘u. Shoqollar sovuqdan uvillaydi. 30 yashar Doniyor derazani yoritgan fara yorug‘idan uyg‘onib ketdi. Uy oldiga «Damas» kelib to‘xtagan edi.
Doniyor derazadan qarasa, «Damas»dan singlisi tushib kelyapti. Doniyorbek egniga kurtkasini ilib ko‘chaga chiqdi. «Damas»ning oldiga borib, 36 yashar haydovchi Xursandbekni sudrab tushirdi.
«Yarim oqshomda singlim bilan q..q yeb yuribsanmi», degan Doniyor haydovchini tepkilay boshladi. «Og‘a» deb baqirgan singlisiga «Ichona gir opongni s..y g‘or», degan Doniyor yerda yotgan xodani olib, Xursandning boshiga soldi.
Xursandning boshi tarvuzday yorilib, qatig‘i chiqib ketdi. Ikki minutdan keyin Xursand til tortmay o‘ldi. «Damas»chi go‘rda. Qotil qamoqda. Singlisi motamda.
Bu xabarni respublikadagi 12 shahar aynan bizda bo‘lgan, deyishdi. Ammo bu Mirishkor tumanida yuz bergan. Amerika kinolaridagi kabi.
Mirishkor tumanida yashovchi amaki yuziga xotinining qora paypog‘ini kiyvolib, pichoq va miltiqqa o‘xshatib yasalgan temir quvur va o‘g‘lining o‘yinchoq to‘ppnchasi bilan qurollangan holda “Progress gaz servis” MChJga qarashli avtomashinalarga gaz quyish shoxobchasining operator xonasiga bostirib kirdi.
«Yerga yot hammang, pul davlatniki, jon sizlarniki», deb baqirdi.
Shoxobcha operatorlari darhol yerga yotib olishdi. Bahonada mizg‘ib olamiz, deb o‘ylashdi.
N.R. va M.S. degan operatorlar boshini sal ko‘taruvdi, «e, onang bilan jinsiy aloqa qilay», degan mazmunda so‘kib ularning boshini temir quvur bilan urib g‘urra qildi.
So‘ng M.S.ni pichoq bilan qo‘rqitib, kassadan 505000 so‘m pulni olib, voqea joyidan qochdi. O‘sha payt N.R. paypog‘iga yashirgan telefonini olib, sekin milisaga telefon qildi.
Milisayam qachon gop stop bo‘lar ekan deb kutib o‘tirgan shekilli.
Shest sekundda gop stopchini orqasidan quvib ushlab oldi.
Basharasidan qora paypoqni yechib ko‘rishsa, yaqinda yosh itlar kafilikka olib qo‘yvorilgan eski mijoz ekan.
«E, o‘l san, qachon tuzalish yo‘liga o‘tasan», deb milisalar yana yosh itlarga tilpon qilishdi.
Gop stopchi bu paytda haliyam pul to‘la qopni ushlab turar edi.
Ber menga, deb pulni sanashdi. To‘g‘ri chiqdi. O‘g‘ri qamoqda (hozircha), pul davlat kissasida. Milisa bachalarga medal berishadi kelasi kuzda.
«Biz bilgandik, biz kutgandik», degan so‘zni dunyo lug‘atiga kiritgan xorazmlik qiz sahnaga qaytdi. Endi baxtimiz tugal bo‘ladi.
1-Video
Sahnaga qaytgan yulduzimizni qarsaklar bilan kutib olamiz. Xorazmlik folbin Ruxsora Masharipova. 22yoshda. Albatta, uning kutgani yoshlar ongida vojib bo‘ldi. Ayniqsa, bu ruhiy tashxis quyidagi videoda yaqqolroq ko‘zga tashlanadi.
2-Video
Yaqinda o‘zbek akademik olim va faollar bilan vebinarda qatnashdim. Vebinarda men O‘zbekistondagi korruptsiya haqida gapirdim. Qatnashchilar buni muhokama qilishi kerak edi. Demak, bu muhokama mana qanday kechdi.
Marmar saroy
Asosiy ma'ruzachi: O‘zbekiston rahbariyati Angrenda marmardan saroy qurdirmoqda.
Akademik: Urug‘-aymog‘i, tanish-bilishi yalaqilari hammasidan teshib chiqsin.
Olim: Og‘zidan laxta-laxta qon kelsin.
Biologiya o‘qituvchisi: Ertaga bu tog‘ut qiyomatda javob beradi.
O‘qituvchi: O‘sha marmarning tagida o‘ligini ko‘rmasam, ikki yuzim qaro bo‘lsin.
Akademik: Iloyim yetti pora Qur'on ursin.
Faol: Ularni ho‘kiz shoxida turgan yer yorilib yutvorsin.
Olim: Og‘zidan laxta-laxta qon kelsin.
Akademik: Arvoh ursin.
Shu yerda muhokamaga ajratilgan vaqt tugadi. Kofe-breyk boshlandi. Keyin yana o‘zbek jamiyatining eng zakiy vakillari bilan muhokama va munozarli tahlilni davom ettiramiz.
QANI DXX?
«Podrobno.uz» nashri shanba kuni Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinganini maqtab yozibdi. Har kuni Kreml siyosati haqida og‘zidan bol tomib yozadi bu agent sayt.
Bu o‘risparast sayt O‘zbekiston mustaqilligiga xavf solmoqda. Qani DXX? Qani davlatchilik? Nega hech kim ko‘rmayapti? O‘zbekistonni Rossiyaga nima evaziga va qachon sotishdi?
Agar rahbarlar sotqinlik qilgan bo‘lsa, Konstitutsiyaga ko‘ra, bu manqurt rahbarlar jazolanishi kerak. Ey, ko‘zingni och! 1000 yil oldingi Chingizxon emas, Toshkent markazida shovinistik gazeta nashr qilayotgan Kreml agentlari real DUShMAN. Aripov degan o‘risparast kalni qozonda qaynatib sovun yasash kerak.
Svat ili brat?
To‘yga to‘yona bergan odam diqqat markazida bo‘ladi: «Bergan to‘yonasini qara. Ziqna. Qurumsoq». Butun xalq ertadan kechgacha tinmay o‘ylaydigan super ritaul to‘ydagi odamning xatti-harakati jamoatchilik tarafidan rentgen qilinadi.
Artistga qancha qistirdi? Qistirdimi o‘zi? Dasturxonda shunchaki ko‘rgazmaga qo‘yilgan bananni yedi. Yeb tashadiya jallab, ochopot. Chaqilishi kerak bo‘magan pistalarni bezbetlarcha chaqib tashadi. Ikkita olma va qand-qursni cho‘ntagiga sovoldi va hokazo.
Endi saviya shu. Boshqasi yo‘q. Bu saviya (aslida saviyasizlik) tarmoqqa ham ko‘chib o‘tdi. Kecha Qashqadaryo hokimi bir kelin-kuyovga choynak sovg‘a qiluvdi.
Ortidan qiyomat qo‘pdi: «Vaay kelib-kelib padarka qilgan narsasini qara-ya. Yer yorilmadi, yerga kirib yumronqoziq bo‘lmadim».
Bu parazit¸ ochopat¸ tekinxo‘r, cho‘pchakdan boshqa ilmi yo‘q¸ yerning yumaloq ekanini ham bilmaydigan taviyalar to‘dasi nazarida hokim kamida «Spark»ning (yoki uyning) kalitini berishi kerak emish.
Nega? Kim u kelin-kuyov. Svat ili brat? Nari borsa, 9 oydan keyin bolalab, «tekin uy bering», deb keladigan potentsial yo‘qsil. Qashshoq ko‘paytiradigan printer.
Ularning uylanishi uchun iqtisodiy asosi yo‘q. Bu kuyov yo‘l ochilsa, Rossiyaga qarab ketib, o‘sha yoqda yo‘q bo‘p ketadi yo o‘ligi keladi. Kelin bo‘lsa, «yolg‘iz onaman, yordam bering», deya idorama–idora tilanchilik qiladigan bezbetga aylanadi.
Zoyir aka o‘z maoshidan choynak oldi, degan yaxshi gumonda bo‘lamiz. Chunki Qashqadaryo viloyati hokimligi byudjetida yangi kelin-kuyovga to‘yana, degan grafa yo‘q.
Marhamat qilib Zoyir aka chaynakning chekini tarmoqqa qo‘ysin. Topgani faqat to‘yga buyurib, umri qarz to‘lash va qashshoqlikda o‘tayotgan piyplga battar bo‘ling, deyman.
Iloyim Zoyir aka sizlarni ariqqa tushirsin¸ tosh ko‘tartirsin. Siz shunga loyiqsiz. Choynak sovg‘a sizga, sholpillab qoladi. Kurva kokain gapning qisqasi.
Fiziklar vs liriklar
Tarix takarrurdir. Bugun o‘zbeklar orasidagi she'riyat muhimmi yoki texno taraqqiyot kerakmi, degan bahs menga 1959 yili dunyoning oltidan birini larzaga solgan bahslarni eslatdi.
Fiziklar va liriklar jangi deya tarixga kirgan bu munozara sovet gazetasida chiqqan bir maqola ortidan alanga olgandi.
1959 yil 11 oktyabrda Igor Poletaev degan bilgich muhandis bizga fiziklar (aniq fan mansublari) kerakmi yoki liriklarmi (shoir, musiqachi va rassomlar), degan mazmunda maqola chiqardi.
Bundan 9 kun oldin – 1959 yilning 2 oktyabrida yozuvchi (men sevgan adib!!!) Ilya Erenburg «Otvet na odno pismo» (Bir maktubga javob) degan maqola chiqargandi. Maqolaning qisqa mazmuni mana bunday:
Pedinstitut talabasi Nina yozuvchi Erenburgga o‘z to‘shakdoshi Yuriydan shikoyat qiladi. Muhandis Yuriy sevgilisi Ninaning adabiyot va nafis san'atga bo‘lgan qiziqishiga bepisand qaraydi.
Tasviriy san'at ko‘rgazmalari va kontsertlarga borishni istamaydi. Blok degan shoir (mashalloh, yaxshi shoir!!!) misralarini chepuxa deb ataydi.
Yuriyga ko‘ra¸ taraqqiyot uchun aniq fanlar muhim. Yangi atom davri uchun liriklar emas, balki fiziklar kerak. Ilmiy taraqqiyot aniq fanlarga asoslanadi…
Ëzuvchi Erenburg Ninaning bu xatini o‘qib, uning fizik jazmanini tavqi la'nat qiladi. Erenburg nazarida san'atni sevmaydigan muhandisdan temir odam – robotning farqi yo‘q. U ishqi yo‘q kesakdir, xolos, deydi.
Ëzuvchi Erenburg fiziklar poliziga kesak irg‘itdi.
Fiziklar esa Erenburgni ulkan toshlar bilan bombardimon qilishdi. Chunki yopiq labaorotoriyalarda atom quroli yasalayotgan¸ insonni kosmosga uchirish gizli tarzda tayyorlanayotgan payt edi.
Bu inqilobni minglab injenerlar yelkasida ko‘tarib ketayotgan edi. Qandaydir yozg‘uvchi Erenburgning olimlarga shak keltirgani ko‘plarga yoqmadi.
Fiziklar va liriklar urushiga xamirturush bo‘lgan Poletaev o‘sha vaqtda harbiy qurollar yasovchi institutda muhandis polkovnik rutbasida edi.
Poletaev kibernetika dohiylaridan biri edi. Erenburgning pisandasi bu muhandisning jon-jonidan o‘tib ketdi.
«Naxotki ilm qayoqdagi cho‘pchakdan ham past ko‘rilsa»
O‘sha kuni muhandis Poletaev uyda yolg‘iz edi. Xotini va qizi onasinikiga ketgandi. Poletaev yozuv mashinkasida o‘z fikrlarini yozishdan oldin «Kolibri» degan nemis mashinka temir qopqog‘ini mehr bilan siladi.
«Bu mashinkani qandaydir Tolstoy emas, balki amerikalik fizik olim Kristofer Shoulz o‘ylab topgan-ku», deya o‘ziga dalda berdi Poletaev.
Shundan so‘ng u uch varaq qilib faqat aniq ilm-fan insoniyatni taraqqiyotga eltishi haqida yozdi.
Poletaev kibernetika va raqamli texnologiya bois tamaddun chumoliday emas, balki fil qadamlar bilan rivojlanishi haqida yozganida aholi hali kerosinkada ovqat pishirar, olis qishloqlarga elektr yetib bormagan ham edi.
Ammo Poletaev qandaydir shoirlar ilhomi bilan simlarda elektr toki paydo bo‘lmasligini bilardi.
Poletaev maktub ostiga muhandis I. Poletaev deb imzo qo‘ydi.
Ish joyi va harbiy unvonini yozmadi. Xatni konvertga solgan Poletaev ko‘ngli xotirjam holda ko‘chaga chiqib, maktubni pochta qutisiga tashlab keldi.
Bir hafta o‘tib Poletaevning maktubi gazetada bosildi.
Bu xuddi osmonda guldurmomo guldirab chaqin chaqnaganday effekt berdi.
Mamlakatning yarmi «lirik» Nina tarafini olsa, yarmi «fizik» Yuriy tarafida edi.
Poletaevning maqolasi antisan'at utilitarizmi emas, balki millat va davlat e'tibor berishi kerak bo‘lgan ustuvor yo‘nalish haqida edi.
Agar qandaydir Absattor shig‘ir yozdim¸ men shoirman¸ men taraqqiyot g‘ildiragiman, sen esa oddiy muhandissan, deb fizik olimni kamsitsa, u nohaq.
Agar hukumat ilm markazlari yoki laboratoriyalar qolib, qaerdagi shubhali avliyolarga mozoru go‘riston qurish uchun byudjet pulini sarflasa, shig‘ir yozgan tirranchaga byudjetdan «Spark» sovg‘a qilsa, bu ham yomon.
Qovoq kalla rahbar nima deb aljisa, chapak chaladigan shoirlar ichburug‘dan qirilib o‘lib ketsa, ne a'lo.
Xullas, fizik va liriklarning 1959 yili boshlanib bir yarim yil davom etgan bahsiga kosmonavt Gagarinning «Poexali» degan hayqirig‘i nuqta qo‘ydi.
1961 yili dunyoda ilk bor bortiga inson bor kema kosmosga parvoz qildi. Bu parvozni shoirlar emas, balki muhandis olimlar amalga oshirdi. Parvoz hujjatlarda shartli ravishda O‘zbekistondagi «Toshkent 1» deb atalgan markazdan muvofiqlashtirildi.
Bu ishni o‘sha yozuvchi Erenburg la'natlagan yuriylar amalga oshirdi. Darvoqe, kosmonavtning oti ham Yuriy edi.
Hammadin birinchi bo‘lib shoir O‘ljas hoji Sulaymonov shlyapasini yechib insonni fazoga uchirgan ilmga ta'zim qildi.
«Insonga sajda qil, zamin» degan she'r minglab nusxalarda varaqa shaklida chop qilinib, uchoqlardan tashlandi.
Ming mulladan bir ko‘prik yaxshi, degan maqol bor Xorazmda.
Millat qo‘yajak haykal
Ëmon shoirga qarindoshlari¸ yaxshi shoirga davlat¸ buyuk shoirga esa millatning o‘zi haykal qo‘yadi. Buyuk shoir Rauf Parfining Toshkentning Minor qabristonidagi g‘aribgina qabrini ko‘rib¸ shu yerga shoirning haykalini qo‘ysak, degan fikr keldi.
Adiblar xiyoboniga haykal qo‘yish uchun hukumat qarori kerak. Qabristonga esa qarorsiz ham haykal qo‘ysa bo‘ladi. Xullas, bu fikrni Dilbarxon va boshqa san'atsevarlar bilan maslahat qildim.
Buyuk shoir haykalini, albatta, buyuk haykaltarosh yasashi kerak. Eng buyuk o‘zbek haykaltarosh (buni barcha rassomlar tasdiqlaydi) Azamat aka Hatamovdir.
Sherobodlik bu og‘amiz Piterdagi san'at akademiyasini xatm qilgan, o‘zi ham apachi hindulariga o‘xshaydi. Asli Sherobod bilan Poshxurt o‘rtasidagi qishloqdan.
Xullas, Azamat akaga biz hurmat qiladigan og‘alar chiqib tushuntirdi. Azamat aka ishni boshladi. Mana bu esa xamir uchidan patir. Ko‘rib fikr bildiringlar. Qabristondagi qabr joylashgan joy faqat byust bo‘lishini taqozo qiladi.
Xalq shoiri
1999 yil. Mustaqillik bayrami arafasida hukumatning Rauf Parfiga O‘zbekiston xalq shoiri unvonini berish to‘g‘risidagi qaroridan hamma xursand bo‘lgan edi. Uning o‘zidan boshqa….
Umrida unvon olmagan shoir uni qutlayotgan do‘stlariga «unvonini boshimga uramanmi», deb javob berardi.
Rauf Parfi o‘sha kuni muxbir do‘stim Pahlavonga mana bunday degan edi:
«Xalq zulmdan qon qusayotgan bir paytda bu unvon men uchun haromdir!».
Oradan bir kun o‘tib, prezident Karimov unvonlarni egalariga tantanali ravishda topshirgan, ammo hukumat va prezidentning e'tibori uchun qulluq qilayotganlar orasida Rauf Parfi yo‘q edi…
O‘zbekiston xalq shoiri unvoni ham uning kitoblarini chiqarishga yordam berolmadi.
Rauf Parfiga norasmiy taqiq qo‘yilgandi.
Hech kim, yaqin do‘stlarining aytishicha, hatto prezident devonidagilar ham uning buyuk shoirligini inkor etishmas, ammo mustaqillikdan keyin nomi «qora ro‘yxat»da bo‘lgan shoirning kitobini bosishga ham jur'at qilishmas edi.
Bu qanday kahkashon, bu qanday iqlim?
Aldandimmi tug‘ilib? Rostmi? Yo yolg‘on?
Ey, mening parishon, ey sho‘rlik xalqim,
Bag‘rim, qachon tug‘ilasan sen, qachon?!
Qorayib tirkashar o‘z muztar ko‘lkam,
Izillar so‘zimning ma'yus jarangi.
Vizillar muzlarga burkangan ko‘klam,
Ochiq poyonlarning bayonsiz rangi.
Sovuq qorong‘uning oppoq sadosi,
Bo‘g‘zimda bo‘g‘ilar musiqam, unim.
Hajr saharidir hijron sahrosi,
Al-vido kunimdir tug‘ilgan kunim.
Ay sen, ona xalqim, loylarga botdim,
Pilla halovatning g‘ilofidan chiq!
So‘yilgan sag‘rimga zahrolud qotdim,
Kamolot so‘qmog‘i naqadar achchiq.
Tiriklar! Yondirmang eski ma'voni,
Suvlarga bostirmang. Tiriklik bitar.
Havoni qizg‘anmang, ozod havoni,
Tuproqni bulg‘atmang. O, Shiva, yetar!
Yerga qo‘ying meni. Onamdir tuproq,
Topinib o‘payin onamning izin.
Onamning yuzini, oy yuzida dog‘.
Yashin bering menga, chatnayin o‘zim,
Menga dengiz bering, daryolar urfoq.
Nafas bering menga, beringiz So‘zim.
Izg‘irdim sargardon men sizni izlab,
Tovonimni teshdi sirabon yomg‘ir.
O‘zimni la'natlab, sizimni sizlab,
O‘lmay turib o‘ldim, siz uchun oxir.
Yonib aytdim, cheksizlikning cheki bor,
Cheksizlikning cheklariga yetarmen.
Mendan rozi bo‘ling, tiriklar, do‘st-yor,
Bir chimdim mehringiz olib ketarmen
(Rauf Parfi O‘zturk)
27 sentyabr ulug‘ shoir Rauf Parfi tug‘ilgan kun. O‘sha kuni O‘zbekistonda shoirga haykal tikiladi. Haykalni hukumat emas, xalq qo‘yadi!!!
Haykalni o‘zbeklardan yetishgan ulug‘ rassom¸ Rauf Parfining do‘sti Azamat Hatamov yasaydi. Bronzadan bo‘lgan haykal qimmat turadi. Ammo shoirimiz shunga loyiq. Biz zarur mablag‘ni albatta yig‘amiz!!!
Mana bu Germaniyadagi hisob raqami:
DE20 3002 0900 3910 0610 82
Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!
Rassom Tuz