Asosiy mavzular
16 aprel 2021

Ivanqishloqdan kim xabar oladi?

Mo‘risidan tutun chiqar, 

Qatlamasi butun chiqar.

Yetti kelin yugurib chiqar,

Ramazon, omin!

Mana, azizlar, o‘lmagan qul, yana oylar sultoni Ramazonga yetdik. 

Endi bemalol mashinani qulflamay, bozor oldida qo‘yib ketavering. O‘g‘ri urmaydi, milisa jarima yozmaydi. Bozorga borib nisholda olsangiz, tarozidan urmaydi. 

Hech kim, ayniqsa, vaziru vuzarolar aldamaydi. Chunki bu oyda shaytonlar arqonlab qo‘yilgan. Ammo O‘zbekiston deb atalmish baxti qarolar mamlakatidagi shaytonlarni boylashga arqon yetarmikin? 

Qisqa xabarlardan keyin kelgan yeridan davom ettiraman.

Rasmdagilar er-xotin. Islom Karimovning ko‘zlari baxtdan chaqnab turgan nevarasi Maryam (Lola Tillaevaning qizi) 7 yil oldin Amerikaga kelganida 14 yoshda edi. Mana, bo‘yi yetib, ergayam tegdi. To‘y Las-Vegasda bo‘ldi. 

Elvis Presli ko‘rinishidagi nasroniy habash nikohni qayd qildi. Maryam barcha o‘zbek qizlar nuqul orzu qiladigan uzun to‘y ko‘ylak kiydi. Oq ko‘ylakka rosa ko‘p munchoqlar taqilgan. 

Kuyov bo‘lsa XXL o‘lchamdagi bitta oq futbolka va keng-mo‘l kalta ishton (shortik)da zavjai halolini, anaqa, tan mahramlikka qabul qildi. 

Mulla va uch so‘m pulga hojat yo‘q. Bu eskilik qoldiqlari boboyning …istonida qolib ketgan. Kuyov bolaning ismi Amiran Shirinovich Sardorov.

Millati kurd. Yazidlardan bo‘ladi. Taniqli yutuber. Puli ko‘p. Maryam Amirandan 13 yosh kichik. Lekin baxt yoshdamas – boshda. Ikki yosh baxtli bo‘lsin. 

Ammo negadir men tarafga uchib kelayotgan shippaklarni ko‘ryapman, xolos. Nega qarsaklar yo‘q? Bola otasi yoki nabira bobosi uchun javob bermaydi. O‘zbek xalqini ezg‘ilab, tepkilab taraqqiyotdan ortda qoldirgan diktator Karimovning nabirasi Maryamning kurd yutuberiga tanmahram bo‘lgani ko‘plarning g‘ashiga tekkanday ko‘rindi. Lekin nega biz buni ellashtirishimiz kerak?

Birinchidan, Amiran o‘z taqdirini o‘z qo‘li bilan yaratgan millioner yutuber. Faylasuf, yozuvchi. Pulini o‘zi topgan. Shu ma'noda, u Lolaning o‘zi va eri Temur Tillaevdan yuz baravar obro‘li.

Ikkinchidan, Maryamning uni qulog‘igacha sevib qolgani ko‘rinib turibdi. Ro‘za oyida to‘y qilib, “shampanskiy” ichdi. Nega qori aka nikoh o‘qimadi, degan savollarga o‘rin yo‘q. 

Ikki yosh ajriqday bir-biriga tarmashib ketsin. Quyonday (yoki nonxo‘rak, ya'ni suvarakday) bolalasin. Hayotning zavqini chiqarsin. Eng yaxshi sharoblarni ho‘plab, eng yumshoq go‘shtlardan gazak qilsin.

+++

Namangan viloyati prokuraturasining 12 aprelda ma'lum qilishicha, 5-sinfda o‘qiydigan qizni kanalga tashlab o‘ldirganlikda gumonlanayotgan F.Q. jinoyat ishi doirasida qo‘lga olindi.

Rasman bildirilishicha, 5 aprel kuni kechqurun o‘quvchi M.A. maktabga ketganicha uyga qaytmagan. Qidiruv ishlari natijasida qizaloqning jasadi 6 aprel kuni Katta Namangan kanali ko‘prigi ostidan tashqi tan jarohatlarisiz topilgan.

Dastlabki tergov harakatlari natijasida qizning kelinoyisi bo‘lgan F.Q. M.A.ni 5 aprel kuni soat 10:30da maktabdan olib chiqib ketgani ma'lum bo‘lgan.

Tergov jarayonida F.Q. qizaloqni Chortoq tumani, Navoiy MFY, Ulug‘bek ko‘chasidan oqib o‘tgan Katta Namangan kanaliga olib borib, suvga itarib yuborgani aniqlangan. 

+++

Bu millatga nima bo‘lyapti o‘zi, deya hayron bo‘la ko‘rmang. Timsoh ko‘zyoshi ham to‘kmang. Borimiz shu – 34 million biomassa!

Andijon viloyatida 3 oylik chaqaloqni 700 dollarga sotmoqchi bo‘lgan G‘. ismli ayol va O. ismli erkakka sud hukmi o‘qildi. Ikki farzandning onasi “kimdan ekani noma'lum bo‘lgan chaqalog‘ini” sotishga uringan. Unga bu ishda O. ismli erkak ko‘maklashgan.

Sud hukmi bilan O. ismli erkak 5 yilga kesildi. G‘.ga chaqaloq farzandi borligi va eri yo‘qligini hisobga olgan holda 2 yil muddatga shartli qamoq belgilandi.

Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga qaraganda, 2017-2020 yillarda O‘zbekistonda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 185 ta holat aniqlangan. Bu O‘zbekistonda yiliga 60 ta bola sotuvga qo‘yiladi, degani. 

O‘zbekday bolasevar millat yo‘q, deb maqtanish bo‘yicha jahon chempionimiz. Birov tanqid qilsa, chiyillab yuboramiz. Shessekundda gey va xalq dushmaniga chiqaramiz. Yana o‘zbek bola sotmaydi, deb yoqa yirtamiz. 

Yana dengiz qirg‘og‘ida o‘lgan suriyalik bolakay Aymanga atab qo‘shiq kuylaymiz. Yana she'r o‘qiymiz “Bola dunyoni tebratadi”, deya. Sal og‘irlik qilsa, o‘z farzandimizni bitta buzoqning narxiga mijja qoqmay sotib yuboramiz. Bolajon millatmiz! Bravo!

Amerika kinolarida bir go‘dak bolani qutqarish uchun dunyo ostin-ustun qilinadi. Bolada huquq bo‘ladi. Hatto yovuzlik saltanati rahbari bo‘lgan  bolsheviklar lideri Lenin ham yozuvchi Gerbert Uels bilan suhbatida SSSRda yagona imtiyozli qatlam bolalardir, degan. Pele futbol bilan xayrlashayotib, “Bolalarni seving!” degan ko‘zda yosh bilan.   

O‘zbekiston ham bola huquqlari bo‘yicha konventsiyani imzolagan mamlakat. Ammo bolada huquq bo‘lishi mumkinligini hatto o‘zini aqlli, o‘qimishli deb hisoblaganlar ham bilmaydi (eshakka muhabbat qo‘yishning asorati bo‘lsa kerak). 

Bular bolasini “ehson” qiladi. Olib chiqib sotadi. Eng yomoni, bu mikroblar aqllilik qilib, “Ha, endi bolaning o‘ziga yaxshi bo‘ladi”, “Bolasi yo‘q odam yaxshi niyatda olibdi”, deb bola tujjorligini oqlaydi. 

Bu hayvonlar to‘dasini bitta joyga yig‘ib, ustiga atom bomba tashlash kerak. Yarim soat o‘tib, yana bir atom bomba shularga bonus. Shunda bashariyat va kurrai zamin bulardan birato‘la qutulardi.

Toshkent. Shayxontohur. 22 yoshli Doston o‘z tanishi Alisherni pichoq bilan so‘yib tashladi. Alisher go‘rda. Doston qamoqda. 

Saylov reklamasiga Rossiya polittexnologlari kirib keldi. O‘ris TVda gapirgan Umurzoqov biz Rossiya bag‘riga intilamiz, dedi. So‘nggi 4 yilda Rossiya orqa bog‘chasiga aylantirilgan mustamlakadan reportajda o‘zbek mulozimlarning mustaqillik dushmani, o‘g‘ri va xoin ekani yaqqol ko‘rinib turdi.

Shu o‘rinda bir tarixiy chekinish qilsam. 2010 yilning dekabrida Tunisda xalq qiyom qilib, mamlakat prezidentini ag‘darib tashlagandi. Xalq g‘alayoniga mudhish hodisa sabab bo‘lgandi.

Soliqchilar aravada meva sotuvchi 28 yoshli yigit Muhammad Buaziziydan mevalarini tortib oladi. Qiyinchilik va adolatsizlikdan to‘ygan Muhammad o‘zini soliqchilar ko‘z o‘ngida yoqib yuboradi. Xalq g‘azabga keladi va bir oy ichida prezidentni hokimiyatdan ag‘daradi. 

Ko‘rib turganingiz videoda ham o‘xshash manzara. Faqat hodisa oradan 10 yil o‘tib O‘zbekistonning Olmaliq shahrida bo‘lmoqda. Videoni qo‘yishdan hech qanday g‘arazli maqsad ko‘zlangani yo‘q.

“Tuz og‘a, qizishmang, bularning bo‘lari bo‘lgan. Siz Gagarin kabi ko‘kdan boqing muammolarga”, deyishdi. Bu yozgan odamning gapiga ishonsak, birinchi kosmonovt o‘zbek bo‘lgan ekan. Qo‘ng‘irot urug‘idan. Oti Sharif usta. Xivadagi Kaltaminor ustidan uchib G‘ovuk ko‘lning yonida qo‘ngan. Shu qo‘ngan yerning oti “usta qo‘ndi”. 

Ikkinchi kosmonavt esa xonqalik. Ismi Yeltak ota. Asl kasbi firibgar. Odamlarni aldab, pulini uxlatgan. Xonning amri bilan zambarakning o‘qiga boylab otilgan. Durvadik degan joyga borib tushgan. Lekin tushgan paytda o‘lganmi yo tirikmi, bu haqida tarix jim. Uchinchi kosmonavtning oti Gagarin. U 12 aprel kuni fazoga uchgan.

“Osmonga uchdi Gagarin, Yerga tushdi Gagarin”. Ushbu shig‘irni yozgan rassom Tuzga ofarin! Shu koinot haqida o‘ylasam, she'r yozgim keladi. Yaxshisi, o‘tgan yili 59 yoshida olamdan o‘tgan buyuk shoir Abduvali Qutbiddin misralarini o‘qisam. Rahmatli bilan do‘st edik to‘qsonlarning boshida. 

Bizdan xafamisiz, sarvim, xomushsiz,

Kunduzi parisiz, tunda oqqushsiz.

Ruhi ravonimiz sizga baxsh etdik,

Izingiz yoniga labni naqsh etdik.

Puflasangiz o‘chdik, silasangiz oqdik,

Ufq naryog‘iga imladingiz, boqdik.

Qonimizni to‘kdik barmog‘ingizga,

Ko‘nglimizni urdik tirnog‘ingizga.

Yot desangiz, yotdik suvdek jimirlab,

Bir-bir o‘ynadingiz ko‘zlarimizda.

Shivir-shivir qildik sizga shivirlab,

Tosh bosib qo‘ydingiz so‘zlarimizga.

Qalqidik, yulduzga uzatsangiz qo‘l,

Chor-atrof rasvodir, bezatmadingiz.

Tinchlandik, boshi berk bo‘lsa hamki yo‘l,

Biz hamon xastamiz, tuzatmadingiz.

Bizdan xafamisiz, sarvim, xomushsiz,

Shudring oqartirdi yuzlarimizni.

Muztog‘ni eritgan muqaddas tushsiz,

Qaytaring, titragan bo‘zlarimizni…

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Birlashgan MFY aholisi Xidirnazar Allaqulov partiyasiga imzo yiqqan talaba Abdurahmon Ikromovni sazoyi qildi. 

Uni odamlarni aldaganlikda ayblab, tavba qilishga majburlashdi.

Bu holatga munosabatni yozuvchi Rahimjon Rahmatdan eshiting:

“Gemorragik isitma,  o‘lat,  kuydirgi kabi o‘ta og‘ir yuqumli  kasalliklarning  tabiiy o‘choqlari bo‘ladi va ular bu joyda yuz, ikki yuz, uch yuz yilgacha bemalol yashayveradi hamda vaqti-vaqti bilan muayyan sabablarga ko‘ra, odamlar orasida tarqaladi. 

Xo‘sh,  nima demoqchiman? 

Olomon fe'lida ham o‘ta og‘ir yuqumli kasallikka o‘xshash jaholat bor va bu narsa ham qulay sharoitda xuruj qiladi. 

Masalan, millat oydinlari qatag‘on etilgan mash'um 37-yillarni olaylik. 

O‘sha paytlarda yurtimizning qishloq, shaharlarida, ishxonalarda,  idoralarda Qodiriy, Cho‘lpon kabi “millat dushmanlari”ga qarshi nafrat majlislari o‘tkazilgan, qarg‘ashlar bo‘lgan. 

Nafrat majlislarida cho‘lponlarimizni qarg‘agan, nomlarini balchiqqa belagan olomon bugun ham tirik va ertaga ham o‘lmaydi, xohlagan payti chin millatparvar ziyolilarimiz ustidan axlat ag‘darishga tayyor. 

Qo‘rqsam, shu olomondan qo‘rqaman. 

Qo‘rqsam, shu olomonga qo‘shilib qolishdan qo‘rqaman”.

Aziz do‘stlarim, bir paytlar O‘zbekistonda televizorlar oq-qora bo‘lgan davrda televizion miniatyuralar teatri bo‘lardi. Ergash Karimov chiqardi. Shu hajviyalarnni eslab, mana bu intermediyani yozuvdim. Voqea bizning kunlarda bo‘lib o‘tadi.

Eshakchi qishlog‘idan reportaj

Jurnalistikani bitirgan, ammo “mentalitet”ni “mintalitet” deydigan, labi shishirilgan Dilpuz qishloqdan reportaj olib bormoqda:

Muxbir: Yaratganning inoyati va shafoati, ziroati uchinchi renessansga yo‘l ochgan shu kunlarda investitsiyalar kirib-chiqib, turizmga quchoq ochib yangilangan O‘zbekistondagi islohotlar nuridan obod qishloqda turibmiz. Suhbatdoshimiz Tuyoqboy ota. Assalomu alaykum, hoji bobo.

Boboy: Men hoji emasman, navbatim kelmadi, pulim ham yo‘q. Qolaversa, araq ichaman.

Muxbir: Hukumatimiz boshlig‘i Abdulla G‘aripga aytamiz, sizni hojiga yuboradi.

Boboy: Hojigamas, hajga. Ammo so‘xliklarga o‘xshab qamoqqa yubormasa bo‘ldi. Keragi yo‘q, hozir baribir karantinga yopilgan. Hojilar to‘plangan joyda kasal ko‘p bo‘ladi. 

(Dilpuz qo‘lini qaychi qiladi). 

Muxbir: Bu yog‘ini kesib tashlaymiz. (Tomog‘ini qirib gapiradi). Piru badavlat otaxonimiz, 30 yil oldingi hayot bilan hozirgini solishtirganda qanday yutuqlarga erishganingizdan baxtiyormisiz?

Boboy: 30 yil oldin hech narsam yo‘q edi. Hozir ham hech narsam yo‘q. 30 yil oldin prokuror o‘g‘ri edi, hozir ham o‘g‘ri.

Muxbir:  Demak, hayot hozir yaxshi demoqchisiz?

Boboy: Men unaqa demadim, qizim. Nega labing shishib ketdi? Ari chaqdimi?  

Muxbir: Hozir, mana, yaxshi yashayapmiz demak. Ko‘zingiz o‘tkir.

Boboy: Qizim, 30 yilni qo‘y. To‘rt yil oldin kartishka arzonmidi, deb so‘ra.

Muxbir: Kartoshka, poliz mahsulotlari hozir mo‘l-ko‘l demoqchisiz-da?

Boboy: Yo‘q, hozir qimmat. U paytda bodringlar diringlagan edi. Hozir sulayib yotibdi. Handalaklar… Sen, qizim, ko‘kragingni bekitib ol, shamollab qolmagin. Ësh narsa. O‘zing ayt-chi, hozirgi hayotning nimasi yaxshi?

Muxbir: Hozir, otaxon, muhtaram ziroati bilan mamlakat ochildi. Biz hamma narsani, hamma narsani bo‘lmasayam, mana, metro poezdining eshigi ochiq qolganini baralla gapiryapmiz. Oldin bu haqda gapirib bo‘lmasdi.

Boboy: Nega? Oldin ham hammasi yomonligini bilardim. Lekin oldin metroning eshigi yurayotib ochiq qolmasdi.

Muxbir: Bu qishloqning oti oldin Eshakchi edi, muhtaram sharofati bilan qishloqning oti Nurafro‘z bo‘ldi. Otaxon, qishloqning oti o‘zgargandan keyin yashash yaxshilandimi?

Boboy: Qachon bilan solishtirsam?

Muxbir: Masalan, 40 yil oldin bilan.

Boboy: Qirq yil avval?..  Ha, osmon bilan yercha farqi bor.

Muxbir: Mana, ko‘ryapsizmi, aziz tomoshabin, muhtaram ziroati bilan qishloq hayoti o‘zgardi.

Boboy: Albatta o‘zgardi. 

Muxbir: Shuni gapirib tashlang, otaxon. 34 million odam tilini osiltirib qarab turibdi sizga. 

Boboy: U vaqtda gugurt kam ishlatardik. Chunki gaz yarim metr bo‘lib yonib turardi. Vodoprovoddan suv shovillab kelardi. Farroshning oyligiga besh qop un kelardi.

Muxbir: Lekin otaxon ma'naviyat va uchinchi renessans yo‘q edi u paytda.

Boboy: Bor edi, faqat u ishni Yaltaga borib qilib kelardik. Kampirdan bekitib.

Muxbir: Qaysi ishni?

Boboy: O‘sha ma'naviyat deganini-da. Bir safar Maxfiratni olib borardim, bir safar Ma'naviyatni.

Muxbir: Yanagi saylovda siz albatta… 

Boboy: Xidirnazarga ovoz beraman.

(Dilpuz qo‘lini qaychi qiladi – kesib tashlaymiz). 

Muxbir: Hamma Rossiya elchixonasi uyushtirgan yarmarkaga borganda, men bechorani shu qoloq qishloqqa, noshukur boboyning oldiga, yerning kindigidan pastiga yuborishdi, blin. Ishi yurishmagan odamman. 

Boboy: Yig‘lama, qizim.

Muxbir: Otajon, survorgim keladi bu yerlardan. Chet davlatga borib yashagim keladi. Hamma meni toptaydi. Hamma mening ustimda ishlagisi keladi.

Boboy: Chet davlatda nima qilasan, qizim. Daraxt bir joyda ko‘karadi. 

Muxbir: Demak, bizning davlatimiz yaxshi. Shunday demoqchisiz-a?

Boboy: Ëmon.

Muxbir: Nega?

Boboy: O‘g‘ri ko‘p

Muxbir: Ilgari o‘g‘ri yo‘qmidi?

Boboy: Ilgariyam hamma o‘g‘ri edi. O‘zim zavoddan chigit o‘marib, mol boqardim.

Muxbir: Unda nega yomon bugungi tuzum?

Boboy: Oldin o‘g‘rilar “o‘g‘riman”, derdi. Hozir bosh vazirman, deydi. Ha, mo‘ylovingga si….ay! Kal! 

Muxbir: So‘kish joyini bipillatamiz. Orqadagi eshaklarning orqa ikki oyog‘i orasidan chiqib turgan qora xodaning ustini bijillatamiz. Sizga baribir boshqa odam ovoz beradi. Dublyaj qilamiz. Xidirni hech kim ro‘yxatga olmaydi. Shu eshaklarning orasida chirib yotavering. Men kelasi haftada amirlikka ketaman. 

Boboy: U qora xoda emas, qizim.

Muxbir: Bilaman. Ma'naviyatga zid narsa u.

Boboy: Amirlikka o‘sha narsa uchun ketyapsan-ku, qizim.

Muxbir: E, boring-ey. Qoloq odam ekansiz. Baxtiy, yig‘ishtir karam sho‘rvani. Ketdik. Rossiya elchixonasidagi furshetga kech qolmaylik. Boshqa kelmaymiz obod qishloqqa.

Shunaqa gaplar. Bularni men o‘zim to‘qib yozdim. Ammo Ivanqishloqdagi voqea haqiqiy:

“Men Samarqand viloyatining Jomboy tumanida yashayman. Men yashaydigan joy boshi berk ko‘cha. Bor-yo‘g‘i 29 ta xo‘jalik bor. Shundoqqina tuman hokimligidan 800 metr joyda joylashgan. 

Lekin na asfalt ko‘rgan u bechora tarixda, na davlat tarafidan biror marta tosh to‘kib ta'mirlab berilgan. Ko‘p yildan beri sektorgayu xalq qabulxonasi, hokimlikka – to‘rt tomonga yuguraman. 

2020 yili “Obod qishloq” dasturiga kiritildi, dedi. Lekin pandemiya tufayli ushbu dastur davom etmayapti, dedi. Keyin dekabrda yana borsam, 2021 yilda kirgizamiz dedi, ana endi 2022 yilgi dasturga kirgizamiz deb yotibdi bu kazzoblar.

Ko‘chamizning nomi ham ajoyib, Ivanqishloq ko‘chasi. Viloyat hokimligining telegram messenjeriga ham 2 yildan beri murojaat tashlayman, endi murojaatlarim ham yig‘ilib, dasta-dasta bo‘lib ketdi. 

Shu ko‘chamizga Ivanqishloq deb emas, bir durustroq nom berib, asfalt qilib beringlar, bor-yo‘g‘i 400 metrli boshi berk ko‘cha, shundoqqina hokimlikning tumshug‘i tagida, bir e'tibor qilinglar shunga, deyapman. Lekin hech bir natija yo‘q-da”.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Tag‘in o‘qing
26 sentyabr 2016
23 sentyabr kuni prezident vazifasini vaqtincha ijro etuvchi Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan qonun O‘zbekistonda eng yirik moliyaviy piramida qurgani ...
6 aprel 2018
Toshkent shahri bosh imom-xatibi 60 yoshli Anvar Tursunov xalq orasida 16-gorbolnitsa deb aytiladigan Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish respublika ilmiy ...
1 noyabr 2018
Prezident Mirziyoevning farmoniga ko‘ra, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonda cho‘chqa go‘shti va yog‘i eksport qilishdagi cheklovlar olib tashlandi. ...
13 noyabr 2020
Hazratim, ochlikdan o‘ldim, yegani non ber menga, Kofir o‘lg‘ayman agar desamki, bahmon ber menga. Moshu bug‘doyu guruch berkim, shular ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...